Шогирдлик

Kimnidir shogirdlikka tanlashdan oldin inobatga olinishi kerak bo‘lgan 9 ta omil

Томонидан ​Mark Dever | Марк Девер

​Mark Dever Vashington (Kolumbiya okrugi) dagi Kapitol Hill Baptist Jamoatining katta cho‘poni va 9ta Belgi (9Marks) prezidentidir. Uni Twitterda @MarkDever nomi ostida topishingiz mumkin. | ​Марк Девер Вашингтон (Колумбия округи) даги Капитол Ҳилл Баптист Жамоатининг катта чўпони ва 9та Белги (9Маркс) президентидир. Уни Тwиттерда @МаркДевер номи остида топишингиз мумкин.
Мақолалар
05.03.2021

Ikkita jamoat a’zosini tasavvur qiling. Keling ularni Bob va Bill deb chaqiramiz. Bob Muqaddas Kitobni o‘rganish talabasi. U hamma narsa haqida Muqaddas Kitobda nima deyilganini bilishni yaxshi ko‘radi. Agar undan so‘rasangiz, u hatto Uchbirlik ta’limotini ham tushuntirib bera oladi. Uning ba’zi harakatlari uni masihiy ekanligini ko‘rsatmasligi mumkin. Aslida, uning hayotini ko‘rib, uni umuman masihiy deyolmaysiz. Lekin, u Muqaddas Kitobni yaxshi biladi!

Keyin Bill ismli jamoat a’zosi bor. Bill buni hammaga oshkor aytmasada, u Muqaddas Kitobni uncha ko‘p o‘qimaydi. U “yaxshi” bo‘lishni xohlaydi, albatta. U boshqalarni sevishga harakat qiladi. Lekin, Bill Isoning kim ekanligi yoki jamoat nima ekanligi haqida an’anaviy ta’rif berishga qiynaladi. U axloqiy masalalarni ham unchalik yaxshi ta’riflab berolmaydi. Lekin, u boshqalarning hayotida ko‘rgan xudbinlik, faqat o‘zini o‘ylab yashashdan boshqacha hayot kechirishga intiladi. U o‘zi haqida “Muqaddas Kitob bilimdoni” yoki “ta’limoti puxta yigit” deb emas, “munosabati yaxshi (muomalali) yigit” deb o‘ylashni yaxshi ko‘radi.

Bu ikkisidan qay biri sizga o‘xshaydi?

Bob odamlar bilan munosabatga ko‘proq e’tibor berishi, Bill esa, haqiqatga ko‘proq e’tibor berishi kerak. Va albatta, ikkalasi ham Isoga ko‘proq e’tibor berishlari kerak, chunki Iso Xudo Kalomining haqiqatlarini ham, Xudo xalqining hayotlarini ham sevadi.

Jamoatning shogirdlik xizmati har ikkala turdagi odamlarni Isoga yanada yaxshiroq ergashishiga yordam berishi kerak. Iso, “Kimda-kim Menga ergashishni istasa, o‘zidan kechsin va o‘z xochini ko‘tarib, ortimdan yursin”, deydi (Mark 8:34). Bob o‘zidan kechishi va odamlarni ko‘proq sevishi orqali Isoga ergashishi lozim. Bill buni Xudoning Kalomini ko‘proq sevish ustida ishlashi orqali amalga oshirishi lozim. Shogird bu shunchaki Masihga ergashishini ma’lum qilgan odam emas. Shogird bu Masihga rostdan ham ergashadigan odamdir.

Boshqalarga ustozlik qilish haqidagi har qaysi suhbat mana shu narsadan, ya’ni Isoga ergashish nimani anglatishini eslashdan boshlanishi kerak. Ustozlik qilish bu boshqalarga Isoga ergashishga yordam berishdir. Ustozlik qilish bu shaxsni qabul qilish, ta’lim berish, tuzatish, namuna ko‘rsatish, sevish, o‘zimizni pasaytirish (kamtarlik), maslahat berish va ta’sir ko‘rsatish orqali unga ruhiy yaxshilik qilishga intiladigan munosabatdir.

Unda biz qanday ustozlik qilamiz? Biz Bobga o‘z imonini hayoti orqali ko‘rsatishi ustida ko‘proq ishlashga va Bilga Xudo Kalomini tushunish ustida ko‘proq ishlashga aynan qanday yordam bera olamiz?

Bu faqatgina cho‘ponlarga beriladigan savollar emas. Muqaddas Kitob barchamizga bu kabi ishni qilish vazifasini beradi. Yuhanno bizga bir-birimizni sevishimizni aytadi (2-Yuhanno 5). Pavlus bizga bir-birimizga dalda berish va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashmizni aytadi (1-Sal. 5:11). Shu bilan birga, u bir-birimizga yo‘l-yo‘riq berishimizni aytadi, zero biz har bir kishini Masihda yetuk yolda ko‘rishni xohlaymiz (Kol. 1:28). Ibroniylar maktubi muallifi bir-birimizni sevgiga va xayrli ishlarga qanday chorlashga e’tibor qilishimizni aytadi (Ibr. 10:24).

Siz qaror qilishingiz kerak bo‘lgan birinchi masala, bu kim bilan vaqt o‘tkazishdir. Sizda hafta davomida faqatgina shuncha vaqt bor. Siz jamoatdagi hammani shogird qilib ololmaysiz, shu sababdan, kimga vaqt sarflashni qanday qaror qilasiz?

Bizga Muqaddas Kitob yordam beradi, quyida inobatga olish lozim bo‘lgan to‘qqizta omil keltirilgan va ehtimol, xuddi shu tartibda.

  1. OILA A’ZOSI

Pavlus Timo‘tiyga yozgan maktubida shunday deydi: «Zero, o‘z qarindoshlariga, xususan oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilmagan kishi imonni inkor etgan bo‘ladi. U imonsizdan ham battardir» (1-Tim. 5:8).

Muqaddas Kitobdagi ushbu parchada va qolgan joylarda yozilishicha, har birimiz o‘z oilamiz a’zolari uchun maxsus majburiyatga egamiz. Xudo bir umrlik munosabatlar beradi va hissiyotlar hamda g‘amxo‘rlik uchun tabiiy zamin yaratadi. O‘sha tabiiy hissiyotlar va majburiyatlar Masih yo‘lida ham ishlatilishi kerak. Ayniqsa, siz aynan shu olila a’zolaringiz bilan yashayotgan bo‘lsangiz va ayniqsa, xuddi ota-onalarga bolalari uchun yoki er-xotinlarga bir-birlari uchun majburiyatlar berilgani kabi Kalom sizga ular uchun qandaydir maxsus majburiyat bergan bo‘lsa bir-biringiz uchun mas’ulsiz. Bu munosabatlar sizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng muhim ustoz-shogirdlik munosabatlaridir.

  1. RUHIY HOLAT

Siz masihiy bo‘lmagan do‘stlaringizga xushxabar aytishingiz kerak albatta, lekin ularni masihiylar sifatida shogirdlikka olish foydasizdir. Pavlus bizlarga shunday deydi: “Qalbida Xudoning Ruhi bo‘lmagan insonlar Xudoning Ruhi o‘rgatganlarni rad qiladilar. Ular uchun bu haqiqatlar tentaklikday ko‘rinadi, bu haqiqatlarni ular tushuna olmaydilar. Zero, bu haqiqatlarni faqatgina Xudoning Ruhi yordami bilan tushunsa bo‘ladi” (1-Kor. 2:14). Siz masihiy insonni shogirdlikka olishingiz kerak.

  1. JAMOATGA A’ZOLIK

Ibroniylar kitobidan olingan quyidagi yo‘l-yo‘riqlarga e’tibor bering:

Xudoning kalomini sizlarga o‘rgatgan ustozlaringizni xotirlanglar. Ularning bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida fikr yuritinglar. Imonlariga taqlid qilinglar. … Jamoatdagi boshliqlaringizga quloq solinglar, aytganlarini qilinglar. Axir, ular imon yo‘lida sizlarga posbonlik qiladilar, Xudoning oldida sizlar uchun hisobot beradilar. Ularga itoat qilsangiz, ular o‘z ishini xursandchilik bilan bajaradilar, bo‘lmasa, o‘lgan kunidan qiladilar. Bundan sizga nima foyda bo‘ladi?! (Ibr. 13:7, 17)

Shubhasiz, bu oyatlar bizni o‘z jamoatimizdagi yetakchilarga alohida e’tibor berishga undaydi. Bundan tashqari, ustoz-shogirdlik munosabatlarining odatiy usullari bitta jamoat nisbiy konteksti ichida yaxshi ishlaydi.

Bizda o‘z jamoatimizga nisbatan kattaroq javobgarlik bor – bu ham ularga yordam berish va ham ulardan yordam olishdir. Bitta jamoatning a’zolari bitta oqsoqollik tuzilmasiga ergashadilar va bo‘ysunadilar. Ular bir xil imon e’tirofi va jamoat ahdini tan olishadi. Ular asosiy va ikkinchi darajali masalalarda bir xil ta’limot olishadi. Ular bir-birlarini, hech bo‘lmaganda, haftada bir marta ko‘rishadi. Mana shu sabablar tufayli, ustoz-shogirdlik munosabatlarini bitta jamoat konteksti ichida qurish maqsadga muvofiqdir.

Bundan tashqari, agar do‘stingiz nosog‘lom jamoatga qatnayotgan bo‘lsa, siz ustozlik qilish orqali ularning ruhiy hayotiga zarar yetkazayotgan bo‘lishingiz mumkin. Qanday qilib deysizmi? Sizning ruhiy yordamingiz uni Kalomni ta’lim bermaydigan jamoatga qolishiga sharoit yaratishi mumkin. Bu mutlaq qoida emas, lekin shunchaki, do‘stingizni sog‘lom jamoatga qo‘shilishga ilhomlantirsangiz, yaxshiroq bo‘ladi. Masihiylar faqatgina sizga emas, butun tanaga muhtojlar.

  1. JINS MASALASI

Kalomda jins masalasiga ehtiyotkorlik bilan qaraladi. Misol uchun, Pavlus Titusga shunday: deydi, “Yoshi katta ayollarga ham tayinla, ular sharafli hayot kechirsinlar. G‘iybat qilmasinlar, mayxo‘rlikka ruju qo‘ymasinlar. Har qanday xayrli ishda ibrat ko‘rsatib, kelinlarga pand–nasihat qilsinlar, ularga o‘z erlari va farzandlarini sevishni, vazmin, iffatli, ro‘zg‘orga jonkuyar, mehribon, erlariga bo‘ysunadigan bo‘lishni o‘rgatsinlar. Shunda hech kim Xudoning kalomini yomonlamaydi” (Titus 2:3–5).

Men jamoat joylarida erkak va ayollarga ta’lim beraman. Bundan tashqari, hammamizning ota-onamiz va ko‘pchiligimizda opa-singillarimiz, aka-ukalarimiz yoki turmush o‘rtog‘imiz bor, ya’ni qarama-qarshi jins vakillariga ta’lim berish oilalarimizning ajralmas qismidir. Jamoatda esa, biz erkaklar va ayollar bilan birgalikda ahdlashamiz va oilaviy do‘stlarimiz bor.

Lekin, normal va maqsadga yo‘naltirilgan ustoz-shogirdlik munosabatlariga kelganda, erkaklar erkaklar bilan ayollar ayollar bilan ustoz-shogirdlik munosabatlarini olib borishi to‘g‘ri bo‘ladi. Biz jinsning Xudo tomonidan berilgan reallik ekanligini tan olamiz va unga realistik hamda hurmat bilan munosabatda bo‘lishga intilamiz. Biz jamoatdagi har bir kishini sevishimiz va bir vaqtning o‘zida, noto‘g‘ri yaqinliklardan saqlanish uchun mehnat qilishimiz kerak.

  1. YOSH MASALASI

Kalomda jins masalasiga ehtiyotkorlik bilan qaralgani kabi, u yosh masalasiga ham xuddi shunday yondashiladi. Biz yuqorida tilga olgan Titus parchasida yosh ayollar (kelinlar) yoshi katta ayollardan ta’lim olishlari ta’kidlangan. Yana bir joyda Pavlus Timo‘tiyga uning yoshi tufayli hech kim uni kamsitishiga yo‘l qo‘ymaslikni aytadi, lekin xuddi shu maktubda Timo‘tiyni yoshi kattalarni hurmat qilishga ilhomlantiradi (1-Tim. 4:12; 5:1).

Odatda o‘zingizdan yoshroq shaxsga ustozlik qilasiz. Shunday bo‘lsada, Muqaddas Kitobda yoshroq kishi yoshi kattaroq kishiga istisno tariqasida ta’lim berganiga doir ko‘plab misollar bor. Va albatta, ulg‘ayganimiz sari, o‘z tengdoshlarimizdan va hatto o‘zimizdan yoshroq  kishilardan ham kamtarlik bilan ta’lim olishda o‘sishimiz kerak. Aks holda, biz ustozlarsiz qolib ketamiz! Shaxsan men, yigirma yoki o‘ttiz yoshdagi do‘stlarimdan, hatto yetmish yoki sakson yoshdagi keksalardan o‘rganganimdan ko‘proq narsa o‘rganganimni payqayman.

  1. SIZDAN BOSHQACHAROQ

Xushxabar sabab turli toifadagi odamlarning birdamligi uning qudratini yaqqol namoyon etadi. Efesliklar maktubida yozilgani kabi “Masih tufayli hammamiz (yahudiylar va g‘ayriyahudiylar) bir Ruh orqali Otamiz Xudoning huzuriga kira olamiz” (Efes. 2:18). Yahudiylar va g‘ayriyahudiylarni bo‘lib turgan ajratish devori xochda qulagan.

Endi, mana shu shaklan bo‘lingan xalqlarning birlashishi orqali Xudoning donoligi namoyon bo‘ldi (Efes. 3:10). Va albatta, jamoatning etnik, iqtisodiy, ta’lim darajasi va boshqa turdagi bo‘linishlarga qaramasdan birlikka erishishi “sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan katta bir olomon. . .turli xil xalq, qabila, elatu millatlarga mansub bo‘lgan bu odamlar” birgalikda Xudo taxtining oldida turib Unga sajda qilish kuni qanday bo‘lishini qisman namoyon etadi (Vahiy 7:9–10).

Shunday qilib, amalda bu nimani anglatadi?

Siz shogird qidirar ekansiz, albatta, o‘rta yoshli onalar bir-birlariga do‘stlarcha yordamlashishlari; turmush qurgan yosh juftliklar birgalikda vaqt o‘tkazishlari va yigirmadan o‘ttiz yoshgancha bo‘lgan bo‘ydoq erkaklar birgalikda ulfatchilik qilishlari kerak. Bunday guruhlar umumiy narsalarga ega, Xudo ulardan guruhdagilarni o‘stirish uchun foydalanadi.

Lekin, shu bilan birga, universitet talabasi bilan birga vaqt o‘tkazganda yoki bolalar va yoshlar bilan ishlaganda yoki Angliya, Braziliya, Koreyadan kelgan chet elliklarga yordam berganda yoki, agar siz yosh oq tanli erkak bo‘lsangiz, yoshi kattaroq Afro-amerikalik erkak bilan ko‘rishganda nimalarni o‘rganishingiz mumkinligiga e’tibor bering.

Xudo bizlardan boshqacharoq bo‘lgan odamlar orqali O‘zi haqida o‘rgatadigan narsalar naqadar ko‘p! Bizning birligimizda – faqatgina, bir-birimizni yaxshi ko‘rish birligi emas, balki bir-birimizdan o‘rganish birligida xushxabar naqadar yorqin namoyon bo‘ladi!

  1. O‘RGANISHGA CHANQOQ

Hikmatlar kitobi bilimga chanqoq farzandni qayta-qayta maqtaydi, tanbeh, pand-nasihat va maslahatdan nafratlanadigan axmoqdan esa o‘zini chetga olishga undaydi. Bundan tashqari, Kalomda, Xudo “kamtarni to‘g’rilikka boshlaydi, kamtarin insonni O‘z yo‘liga o‘rgatadi” (Zabur 24:9; Hikm. 11:2) deb yozilgan. Shuning uchun, Butrus shunday ko‘rsatma beradi: “Hammangiz – yoshmisiz, qarimisiz, o‘zingizni kamtar tutib, bir–biringizga xizmat qilinglar. Zero, Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyat ko’rsatadi” (1-But. 5:5).

Sizda o‘rgatishga hech narsa yo‘q deb va sizdan hech narsa o‘rganolmayman deb o‘ylaydiganlarga nimadir o‘rgataman deb bekorga vaqt sarflamasligingiz kerak. O‘rganishga chanqoqlarga ta’lim bering. O‘zingiz ham o‘rganishga chanqoq bo‘lishga harakat qiling.

  1. BOSHQALARGA TA’LIM BERISHDA ISHONCHLI

Pavlusning Timo‘tiyga aytgan so‘zlarini eslang: «Sen ko‘p shohidlar huzurida Xushxabar haqida ta’lim berganimni eshitgansan. Endi bu ta’limotni boshqalarga ham o‘rgatishga qobiliyati bor, ishonchli odamlarga topshirgin» (2-Tim. 2:2).

Biz hammaga ta’lim berishimiz kerak, ayniqsa, ta’lim olib, ta’lim beradigan va o‘z navbatida ular ham boshqalarga ta’lim beradigan odamlarga ta’lim berishimiz kerak. Biz kerak bo‘lsa, shogirdlar orttiramiz, lekin biz haqiqatdan ular ko‘payishni xohlaymiz. Biz shunchaki, keyingi avlodga murabbiylik qilayotganimiz yo‘q, biz kelajakdagi barcha avlodlarga yetishishga harakat qilyapmiz!

  1. YAQINLIK VA VAQT JADVALI 

Nihoyat, ishonasizmi yoki yo‘qmi, Muqaddas Kitobda vaqt hamda bizning band ish jadvallarimiz ham inobatga olingan. Pavlus shunday yozadi: «Demak, hali fursat bor ekan, hammaga, ayniqsa, Masih xonadoniga tegishli bo‘lganlarga yaxshilik qilaveraylik» (Gal. 6:10). Vaqtimizni eng foydali bo‘lgan narsalarni bajarishga sarflashga bizni da’vat etadigan bunga o‘xshash bir qancha oyatlarni topish mumkin (masalan, Efes. 5:16).

Ushbu oxirgi omil donolik bilan qilinadigan masalasidir. Lekin, umuman olganda, bo‘sh vaqtlari sizning vaqt jadvalingizga mos keladigan shogirdlarni topishni tavsiya bergan bo‘lar edim. Bundan tashqari, siz qayerda yashashingiz va ishlashingizni hamda oilangiz, ish va jamoat oldidagi vaqt yuzasidan majburiyatlaringizni ham inobatga olishingiz kerak. Xudo sizni qandaydir ilojsiz narsani qilishga chaqirayotgani yo‘q.

Albatta bularning barida, Xudo bajarishimiz uchun xayrli ishlarni oldindan tayyorlab qo‘yadi (Efes. 2:10). Rahmdil Samariyalik voqeasiga o‘xshab, U ba’zan, odatda siz vaqt sarflayman deb o‘ylamagan odamlarni yo‘lingizdan chiqazadi. Ehtimol, bu sizning ishxonangizda ishlaydigan yoki farzandlari sizning farzandlaringiz qatnaydigan sport musobaqasida ishtirok etayotgan jamoatingiz a’zosi bo‘lishi ham mumkin. Yoki kimningdir turmush o‘rtog‘i tashlab ketgan va uni yupatish sizning bo‘yningizga tushib qolgan bo‘lishi ham mumkin. 

Umumiy qilib aytganda, kim bilan birgalikda vaqt o‘tkazish borasida donolik va yaxshilab o‘ylab qaror qiling, lekin bilingki, ba’zan, Rabbimizning uzoqni ko‘ra bilishi bizning barcha rejalarimizdan ustun keladi. Xudoga olqishlar bo‘lsin, bu bizni Unga bog‘liq holda saqlaydi!

HAMMASINI UMUMLASHTIRSAK

Bob va Bill esingizdami? Faraz qiling, sizning vaqt jadvalingiz sizga ikkalasiga ham emas faqat bittasi bilan vaqt sarflashga imkon beradi. Qanday qilib tanlaysiz? Albatta, bu haqda ibodat qilishingiz kerak, lekin bunda aniq to‘g‘ri javob yo‘q. Agar siz, ularning ikkalasi bilan ham vaqt o‘tkazolmasangiz, o‘zingizni aybdor his qilmasligingiz kerak. Mana shu sababdan ham, bizda Masihning tanasi bor.

Ehtimol siz, Bob bilan vaqt o‘tkazishga qaror qilarsiz, chunki uning vaqt jadvali siznikiga mosroq kelyapti, yoki u sizning mahallangizda yashaydi yoki xotiningiz uning xotini bilan yaxshi do‘st. Siz Bill bilan vaqt o‘tkazishga qaror qilishingiz mumkin, chunki kelasi yozda u Kolimbiyaning poytaxti Bogotaga ko‘chib ketyapti, u boshqalarga ta’lim berishda ishtiyoq ko‘rsatyapti va u Bogotaga borib boshqalarga ta’lim berishi uchun siz unga ta’lim berishingiz kerak. Qaysi qaror oqilona bo‘lishidan qat’iy nazar, ibodat qiling, donolik so‘rang va keyin uni bajarishga kirishing.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, siz vijdonan bitta shaxsga ustozlik qilyapsizmi yoki to‘rtta shaxsgami, bundan qat’iy nazar, o‘zingiz ruhan o‘sayotganingizga ishonch hosil qiling va keyin atrofingizdagilarga o‘sishga yordam bering. Ikkalasi ham muhim va bir-birini to‘ldiradi.

* * * * *

Muharrirning izohi: Ushbu maqola Mark Deverning yangi Shogird orttirish: qanday qilib boshqalarga Isoga ergashishga yordam berish [Discipling: How to Help Others Follow Jesus (Crossway, 2016)] nomli kitobidan olingan. Nashriyotdan ruxsat olgan holda foydalanilgan.

 

Кимнидир шогирдликка танлашдан олдин инобатга олиниши керак бўлган 9 та омил

Иккита жамоат аъзосини тасаввур қилинг. Келинг уларни Боб ва Билл деб чақирамиз. Боб Муқаддас Китобни ўрганиш талабаси. У ҳамма нарса ҳақида Муқаддас Китобда нима дейилганини билишни яхши кўради. Агар ундан сўрасангиз, у ҳатто Учбирлик таълимотини ҳам тушунтириб бера олади. Унинг баъзи ҳаракатлари уни масиҳий эканлигини кўрсатмаслиги мумкин. Аслида, унинг ҳаётини кўриб, уни умуман масиҳий деёлмайсиз. Лекин, у Муқаддас Китобни яхши билади!

Кейин Билл исмли жамоат аъзоси бор. Билл буни ҳаммага ошкор айтмасада, у Муқаддас Китобни унча кўп ўқимайди. У “яхши” бўлишни хоҳлайди, албатта. У бошқаларни севишга ҳаракат қилади. Лекин, Билл Исонинг ким эканлиги ёки жамоат нима эканлиги ҳақида анъанавий таъриф беришга қийналади. У ахлоқий масалаларни ҳам унчалик яхши таърифлаб беролмайди. Лекин, у бошқаларнинг ҳаётида кўрган худбинлик, фақат ўзини ўйлаб яшашдан бошқача ҳаёт кечиришга интилади. У ўзи ҳақида “Муқаддас Китоб билимдони” ёки “таълимоти пухта йигит” деб эмас, “муносабати яхши (муомалали) йигит” деб ўйлашни яхши кўради.

Бу иккисидан қай бири сизга ўхшайди?

Боб одамлар билан муносабатга кўпроқ эътибор бериши, Билл эса, ҳақиқатга кўпроқ эътибор бериши керак. Ва албатта, иккаласи ҳам Исога кўпроқ эътибор беришлари керак, чунки Исо Худо Каломининг ҳақиқатларини ҳам, Худо халқининг ҳаётларини ҳам севади.

Жамоатнинг шогирдлик хизмати ҳар иккала турдаги одамларни Исога янада яхшироқ эргашишига ёрдам бериши керак. Исо, “Кимда-ким Менга эргашишни истаса, ўзидан кечсин ва ўз хочини кўтариб, ортимдан юрсин”, дейди (Марк 8:34). Боб ўзидан кечиши ва одамларни кўпроқ севиши орқали Исога эргашиши лозим. Билл буни Худонинг Каломини кўпроқ севиш устида ишлаши орқали амалга ошириши лозим. Шогирд бу шунчаки Масиҳга эргашишини маълум қилган одам эмас. Шогирд бу Масиҳга ростдан ҳам эргашадиган одамдир.

Бошқаларга устозлик қилиш ҳақидаги ҳар қайси суҳбат мана шу нарсадан, яъни Исога эргашиш нимани англатишини эслашдан бошланиши керак. Устозлик қилиш бу бошқаларга Исога эргашишга ёрдам беришдир. Устозлик қилиш бу шахсни қабул қилиш, таълим бериш, тузатиш, намуна кўрсатиш, севиш, ўзимизни пасайтириш (камтарлик), маслаҳат бериш ва таъсир кўрсатиш орқали унга руҳий яхшилик қилишга интиладиган муносабатдир.

Унда биз қандай устозлик қиламиз? Биз Бобга ўз имонини ҳаёти орқали кўрсатиши устида кўпроқ ишлашга ва Билга Худо Каломини тушуниш устида кўпроқ ишлашга айнан қандай ёрдам бера оламиз?

Бу фақатгина чўпонларга бериладиган саволлар эмас. Муқаддас Китоб барчамизга бу каби ишни қилиш вазифасини беради. Юҳанно бизга бир-биримизни севишимизни айтади (2-Юҳанно 5). Павлус бизга бир-биримизга далда бериш ва бир-биримизни қўллаб-қувватлашмизни айтади (1-Сал. 5:11). Шу билан бирга, у бир-биримизга йўл-йўриқ беришимизни айтади, зеро биз ҳар бир кишини Масиҳда етук ёлда кўришни хоҳлаймиз (Кол. 1:28). Ибронийлар мактуби муаллифи бир-биримизни севгига ва хайрли ишларга қандай чорлашга эътибор қилишимизни айтади (Ибр. 10:24).

Сиз қарор қилишингиз керак бўлган биринчи масала, бу ким билан вақт ўтказишдир. Сизда ҳафта давомида фақатгина шунча вақт бор. Сиз жамоатдаги ҳаммани шогирд қилиб ололмайсиз, шу сабабдан, кимга вақт сарфлашни қандай қарор қиласиз?

Бизга Муқаддас Китоб ёрдам беради, қуйида инобатга олиш лозим бўлган тўққизта омил келтирилган ва эҳтимол, худди шу тартибда.

  1. ОИЛА АъЗОСИ

Павлус Тимўтийга ёзган мактубида шундай дейди: «Зеро, ўз қариндошларига, хусусан оила аъзоларига ғамхўрлик қилмаган киши имонни инкор этган бўлади. У имонсиздан ҳам баттардир» (1-Тим. 5:8).

Муқаддас Китобдаги ушбу парчада ва қолган жойларда ёзилишича, ҳар биримиз ўз оиламиз аъзолари учун махсус мажбуриятга эгамиз. Худо бир умрлик муносабатлар беради ва ҳиссиётлар ҳамда ғамхўрлик учун табиий замин яратади. Ўша табиий ҳиссиётлар ва мажбуриятлар Масиҳ йўлида ҳам ишлатилиши керак. Айниқса, сиз айнан шу олила аъзоларингиз билан яшаётган бўлсангиз ва айниқса, худди ота-оналарга болалари учун ёки эр-хотинларга бир-бирлари учун мажбуриятлар берилгани каби Калом сизга улар учун қандайдир махсус мажбурият берган бўлса бир-бирингиз учун масъулсиз. Бу муносабатлар сизда бўлиши мумкин бўлган энг муҳим устоз-шогирдлик муносабатларидир.

  1. РУҲИЙ ҲОЛАТ

Сиз масиҳий бўлмаган дўстларингизга хушхабар айтишингиз керак албатта, лекин уларни масиҳийлар сифатида шогирдликка олиш фойдасиздир. Павлус бизларга шундай дейди: “Қалбида Худонинг Руҳи бўлмаган инсонлар Худонинг Руҳи ўргатганларни рад қиладилар. Улар учун бу ҳақиқатлар тентакликдай кўринади, бу ҳақиқатларни улар тушуна олмайдилар. Зеро, бу ҳақиқатларни фақатгина Худонинг Руҳи ёрдами билан тушунса бўлади” (1 Кор. 2:14). Сиз масиҳий инсонни шогирдликка олишингиз керак.

  1. ЖАМОАТГА АъЗОЛИК

Ибронийлар китобидан олинган қуйидаги йўл-йўриқларга эътибор беринг:

Худонинг каломини сизларга ўргатган устозларингизни хотирланглар. Уларнинг босиб ўтган ҳаёт йўли ҳақида фикр юритинглар. Имонларига тақлид қилинглар. … Жамоатдаги бошлиқларингизга қулоқ солинглар, айтганларини қилинглар. Ахир, улар имон йўлида сизларга посбонлик қиладилар, Худонинг олдида сизлар учун ҳисобот берадилар. Уларга итоат қилсангиз, улар ўз ишини хурсандчилик билан бажарадилар, бўлмаса, ўлган кунидан қиладилар. Бундан сизга нима фойда бўлади?! (Ибр. 13:7, 17)

Шубҳасиз, бу оятлар бизни ўз жамоатимиздаги етакчиларга алоҳида эътибор беришга ундайди. Бундан ташқари, устоз-шогирдлик муносабатларининг одатий усуллари битта жамоат нисбий контексти ичида яхши ишлайди.

Бизда ўз жамоатимизга нисбатан каттароқ жавобгарлик бор – бу ҳам уларга ёрдам бериш ва ҳам улардан ёрдам олишдир. Битта жамоатнинг аъзолари битта оқсоқоллик тузилмасига эргашадилар ва бўйсунадилар. Улар бир хил имон эътирофи ва жамоат аҳдини тан олишади. Улар асосий ва иккинчи даражали масалаларда бир хил таълимот олишади. Улар бир-бирларини, ҳеч бўлмаганда, ҳафтада бир марта кўришади. Мана шу сабаблар туфайли, устоз-шогирдлик муносабатларини битта жамоат контексти ичида қуриш мақсадга мувофиқдир.

Бундан ташқари, агар дўстингиз носоғлом жамоатга қатнаётган бўлса, сиз устозлик қилиш орқали уларнинг руҳий ҳаётига зарар етказаётган бўлишингиз мумкин. Қандай қилиб дейсизми? Сизнинг руҳий ёрдамингиз уни Каломни таълим бермайдиган жамоатга қолишига шароит яратиши мумкин. Бу мутлақ қоида эмас, лекин шунчаки, дўстингизни соғлом жамоатга қўшилишга илҳомлантирсангиз, яхшироқ бўлади. Масиҳийлар фақатгина сизга эмас, бутун танага муҳтожлар.

  1. ЖИНС МАСАЛАСИ

Каломда жинс масаласига эҳтиёткорлик билан қаралади. Мисол учун, Павлус Титусга шундай дейди, “Ёши катта аёлларга ҳам тайинла, улар шарафли ҳаёт кечирсинлар. Ғийбат қилмасинлар, майхўрликка ружу қўймасинлар. Ҳар қандай хайрли ишда ибрат кўрсатиб, келинларга панд–насиҳат қилсинлар, уларга ўз эрлари ва фарзандларини севишни, вазмин, иффатли, рўзғорга жонкуяр, меҳрибон, эрларига бўйсунадиган бўлишни ўргатсинлар. Шунда ҳеч ким Худонинг каломини ёмонламайди” (Титус 2:3–5).

Мен жамоат жойларида эркак ва аёлларга таълим бераман. Бундан ташқари, ҳаммамизнинг ота-онамиз ва кўпчилигимизда опа-сингилларимиз, ака-укаларимиз ёки турмуш ўртоғимиз бор, яъни қарама-қарши жинс вакилларига таълим бериш оилаларимизнинг ажралмас қисмидир. Жамоатда эса, биз эркаклар ва аёллар билан биргаликда аҳдлашамиз ва оилавий дўстларимиз бор.

Лекин, нормал ва мақсадга йўналтирилган устоз-шогирдлик муносабатларига келганда, эркаклар эркаклар билан аёллар аёллар билан устоз-шогирдлик муносабатларини олиб бориши тўғри бўлади. Биз жинснинг Худо томонидан берилган реаллик эканлигини тан оламиз ва унга реалистик ҳамда ҳурмат билан муносабатда бўлишга интиламиз. Биз жамоатдаги ҳар бир кишини севишимиз ва бир вақтнинг ўзида, нотўғри яқинликлардан сақланиш учун меҳнат қилишимиз керак.

  1. ЁШ МАСАЛАСИ

Каломда жинс масаласига эҳтиёткорлик билан қаралгани каби, у ёш масаласига ҳам худди шундай ёндашилади. Биз юқорида тилга олган Титус парчасида ёш аёллар (келинлар) ёши катта аёллардан таълим олишлари таъкидланган. Яна бир жойда Павлус Тимўтийга унинг ёши туфайли ҳеч ким уни камситишига йўл қўймасликни айтади, лекин худди шу мактубда Тимўтийни ёши катталарни ҳурмат қилишга илҳомлантиради (1 Тим. 4:12; 5:1).

Одатда ўзингиздан ёшроқ шахсга устозлик қиласиз. Шундай бўлсада, Муқаддас Китобда ёшроқ киши ёши каттароқ кишига истисно тариқасида таълим берганига доир кўплаб мисоллар бор. Ва албатта, улғайганимиз сари, ўз тенгдошларимиздан ва ҳатто ўзимиздан ёшроқ  кишилардан ҳам камтарлик билан таълим олишда ўсишимиз керак. Акс ҳолда, биз устозларсиз қолиб кетамиз! Шахсан мен, йигирма ёки ўттиз ёшдаги дўстларимдан, ҳатто етмиш ёки саксон ёшдаги кексалардан ўрганганимдан кўпроқ нарса ўрганганимни пайқайман.

  1. СИЗДАН БОШҚАЧАРОҚ

Хушхабар сабаб турли тоифадаги одамларнинг бирдамлиги унинг қудратини яққол намоён этади. Эфесликлар мактубида ёзилгани каби “Масиҳ туфайли ҳаммамиз (яҳудийлар ва ғайрияҳудийлар) бир Руҳ орқали Отамиз Худонинг ҳузурига кира оламиз” (Эфес. 2:18). Яҳудийлар ва ғайрияҳудийларни бўлиб турган ажратиш девори хочда қулаган.

Энди, мана шу шаклан бўлинган халқларнинг бирлашиши орқали Худонинг донолиги намоён бўлди (Эфес. 3:10). Ва албатта, жамоатнинг этник, иқтисодий, таълим даражаси ва бошқа турдаги бўлинишларга қарамасдан бирликка эришиши “саноғига етиб бўлмайдиган катта бир оломон. . . турли хил халқ, қабила, элату миллатларга мансуб бўлган бу одамлар” биргаликда Худо тахтининг олдида туриб Унга сажда қилиш куни қандай бўлишини қисман намоён этади (Ваҳий 7:9–10).

Шундай қилиб, амалда бу нимани англатади?

Сиз шогирд қидирар экансиз, албатта, ўрта ёшли оналар бир-бирларига дўстларча ёрдамлашишлари; турмуш қурган ёш жуфтликлар биргаликда вақт ўтказишлари ва йигирмадан ўттиз ёшганча бўлган бўйдоқ эркаклар биргаликда улфатчилик қилишлари керак. Бундай гуруҳлар умумий нарсаларга эга, Худо улардан гуруҳдагиларни ўстириш учун фойдаланади.

Лекин, шу билан бирга, университет талабаси билан бирга вақт ўтказганда ёки болалар ва ёшлар билан ишлаганда ёки Англия, Бразилия, Кореядан келган чет элликларга ёрдам берганда ёки, агар сиз ёш оқ танли эркак бўлсангиз, ёши каттароқ Афро-америкалик эркак билан кўришганда нималарни ўрганишингиз мумкинлигига эътибор беринг.

Худо бизлардан бошқачароқ бўлган одамлар орқали Ўзи ҳақида ўргатадиган нарсалар нақадар кўп! Бизнинг бирлигимизда – фақатгина, бир-биримизни яхши кўриш бирлиги эмас, балки бир-биримиздан ўрганиш бирлигида хушхабар нақадар ёрқин намоён бўлади!

  1. ЎРГАНИШГА ЧАНҚОҚ

Ҳикматлар китоби билимга чанқоқ фарзандни қайта-қайта мақтайди, танбеҳ, панд-насиҳат ва маслаҳатдан нафратланадиган ахмоқдан эса ўзини четга олишга ундайди. Бундан ташқари, Каломда, Худо “камтарни тўғриликка бошлайди, камтарин инсонни Ўз йўлига ўргатади” (Забур 24:9; Ҳикм. 11:2) деб ёзилган. Шунинг учун, Бутрус шундай кўрсатма беради: “Ҳаммангиз – ёшмисиз, қаримисиз, ўзингизни камтар тутиб, бир–бирингизга хизмат қилинглар. Зеро, ‘Худо мағрурларга қарши чиқади, камтарларга эса иноят кўрсатади” (1 Бут. 5:5).

Сизда ўргатишга ҳеч нарса йўқ деб ва сиздан ҳеч нарса ўрганолмайман деб ўйлайдиганларга нимадир ўргатаман деб бекорга вақт сарфламаслигингиз керак. Ўрганишга чанқоқларга таълим беринг. Ўзингиз ҳам ўрганишга чанқоқ бўлишга ҳаракат қилинг.

  1. БОШҚАЛАРГА ТАъЛИМ БЕРИШДА ИШОНЧЛИ

Павлуснинг Тимўтийга айтган сўзларини эсланг: «Сен кўп шоҳидлар ҳузурида Хушхабар ҳақида таълим берганимни эшитгансан. Энди бу таълимотни бошқаларга ҳам ўргатишга қобилияти бор, ишончли одамларга топширгин» (2 Тим. 2:2).

Биз ҳаммага таълим беришимиз керак, айниқса, таълим олиб, таълим берадиган ва ўз навбатида улар ҳам бошқаларга таълим берадиган одамларга таълим беришимиз керак. Биз керак бўлса, шогирдлар орттирамиз, лекин биз ҳақиқатдан улар кўпайишни хоҳлаймиз. Биз шунчаки, кейинги авлодга мураббийлик қилаётганимиз йўқ, биз келажакдаги барча авлодларга етишишга ҳаракат қиляпмиз!

  1. ЯҚИНЛИК ВА ВАҚТ ЖАДВАЛИ 

Ниҳоят, ишонасизми ёки йўқми, Муқаддас Китобда вақт ҳамда бизнинг банд иш жадвалларимиз ҳам инобатга олинган. Павлус шундай ёзади: «Демак, ҳали фурсат бор экан, ҳаммага, айниқса, Масиҳ хонадонига тегишли бўлганларга яхшилик қилаверайлик» (Гал. 6:10). Вақтимизни энг фойдали бўлган нарсаларни бажаришга сарфлашга бизни даъват этадиган бунга ўхшаш бир қанча оятларни топиш мумкин (масалан, Эфес. 5:16).

Ушбу охирги омил донолик билан қилинадиган масаласидир. Лекин, умуман олганда, бўш вақтлари сизнинг вақт жадвалингизга мос келадиган шогирдларни топишни тавсия берган бўлар эдим. Бундан ташқари, сиз қаерда яшашингиз ва ишлашингизни ҳамда оилангиз, иш ва жамоат олдидаги вақт юзасидан мажбуриятларингизни ҳам инобатга олишингиз керак. Худо сизни қандайдир иложсиз нарсани қилишга чақираётгани йўқ.

Албатта буларнинг барида, Худо бажаришимиз учун хайрли ишларни олдиндан тайёрлаб қўяди (Эфес. 2:10). Раҳмдил Самариялик воқеасига ўхшаб, У баъзан, одатда сиз вақт сарфлайман деб ўйламаган одамларни йўлингиздан чиқазади. Эҳтимол, бу сизнинг ишхонангизда ишлайдиган ёки фарзандлари сизнинг фарзандларингиз қатнайдиган спорт мусобақасида иштирок этаётган жамоатингиз аъзоси бўлиши ҳам мумкин. Ёки кимнингдир турмуш ўртоғи ташлаб кетган ва уни юпатиш сизнинг бўйнингизга тушиб қолган бўлиши ҳам мумкин. 

Умумий қилиб айтганда, ким билан биргаликда вақт ўтказиш борасида донолик ва яхшилаб ўйлаб қарор қилинг, лекин билингки, баъзан, Раббимизнинг узоқни кўра билиши бизнинг барча режаларимиздан устун келади. Худога олқишлар бўлсин, бу бизни Унга боғлиқ ҳолда сақлайди!

ҲАММАСИНИ УМУМЛАШТИРСАК

Боб ва Билл эсингиздами? Фараз қилинг, сизнинг вақт жадвалингиз сизга иккаласига ҳам эмас фақат биттаси билан вақт сарфлашга имкон беради. Қандай қилиб танлайсиз? Албатта, бу ҳақда ибодат қилишингиз керак, лекин бунда аниқ тўғри жавоб йўқ. Агар сиз, уларнинг иккаласи билан ҳам вақт ўтказолмасангиз, ўзингизни айбдор ҳис қилмаслигингиз керак. Мана шу сабабдан ҳам, бизда Масиҳнинг танаси бор.

Эҳтимол сиз, Боб билан вақт ўтказишга қарор қиларсиз, чунки унинг вақт жадвали сизникига мосроқ келяпти, ёки у сизнинг маҳаллангизда яшайди ёки хотинингиз унинг хотини билан яхши дўст. Сиз Билл билан вақт ўтказишга қарор қилишингиз мумкин, чунки келаси ёзда у Колимбиянинг пойтахти Боготага кўчиб кетяпти, у бошқаларга таълим беришда иштиёқ кўрсатяпти ва у Боготага бориб бошқаларга таълим бериши учун сиз унга таълим беришингиз керак. Қайси қарор оқилона бўлишидан қатъий назар, ибодат қилинг, донолик сўранг ва кейин уни бажаришга киришинг.

Хулоса қилиб айтадиган бўлсак, сиз виждонан битта шахсга устозлик қиляпсизми ёки тўртта шахсгами, бундан қатъий назар, ўзингиз руҳан ўсаётганингизга ишонч ҳосил қилинг ва кейин атрофингиздагиларга ўсишга ёрдам беринг. Иккаласи ҳам муҳим ва бир-бирини тўлдиради.

* * * * *

Муҳаррирнинг изоҳи: Ушбу мақола Марк Девернинг янги Шогирд орттириш: қандай қилиб бошқаларга Исога эргашишга ёрдам бериш [Discipling: How to Help Others Follow Jesus (Cроссwай, 2016)] номли китобидан олинган. Нашриётдан рухсат олган ҳолда фойдаланилган.

“Тег”лар: