Жамоат Аъзолиги

Xudoga manzur tarzda tanqid qilish va tanqidni qabul qilish: bir-birimizni so‘zlar orqali o‘tkirlash

Томонидан Garrett Kell

Garrett Kell is the lead pastor of Del Ray Baptist Church in Alexandria, Virginia. You can find him on Twitter at @pastorjgkell.
Мақолалар
02.03.2015

“Temir temirni o‘tkirlaydi, inson esa do‘stini.” Hikmatlar 27:17

Tanqid shunday narsaki, ko‘pchiligimiz undan qochishga intilamiz. Biz tabiiy ravishda bizning harakatlarimiz, niyatlarimiz yoki xizmatlarimiz boshqa shaxsning tekshiruvchi nigohi ostida bo‘ladigan jiddiy suhbatlardan o‘zimizni chetga olishni xohlaymiz. Bir vaqtning o‘zida, ko‘pchiligimiz boshqalarni tanqid qilishni yoqtirmaymiz, chunki boshqalarni hukm qiluvchi odam sifatida ko‘rinishni yoki birovning dilini og‘ritib qo‘yishni xohlamaymiz.

Bu kimgadir notabiiy bo‘lib ko‘rinishi mumkin bo‘lsa-da, xudojo‘ylik bilan tanqid qilish va tanqidni qabul qilish sog‘lom munosabatlar va sog‘lom jamoatlar hayotidagi o‘ta muhim bir element deb o‘ylayman. Agar biz odamlarga xudojo‘ylikda o‘sishlariga yordam berishni xohlasak-u, lekin ularni xudojo‘ylik bilan tanqid qilolmasak, ularga deyarli yordam bermagan bo‘lamiz. Xudo imonlilarga haqiqatni gapirish uchun boshqa imonlilarni ishlatadi va bu tanqidiy haqiqatni ham o‘z ichiga oladi. Agar sizning shogirdlik munosabatlaringizda bu jihat bo‘lmasa, siz tayog‘i yo‘q cho‘ponga o‘xshab qolasiz.

XUDOGA MANZUR TANQID NIMA?

“Tanqid” so‘zi o‘zbek tilidagi Muqaddas Kitobda ko‘p uchramasa-da, bu go‘ya ko‘p uchraydi. “Koyish”, “tanbeh berish”, “tuzatish”, “ogohlantirish” va “yo‘l-yo‘riq berish” kabi so‘zlarning bari xuddi shu g‘oyani ifodalaydi.

Men Xudoga manzur tanqidni quyidagicha ta’riflayman: biror shaxsga Xudoga sodiqlikda o‘sishga yordam berish maqsadida, unga va uning Rabbimiz yo‘lida qilayotgan xizmatiga “tuzatatuvchi” baho berishdir.

Ushbu maqolada men masihiylik munosabatlari kontekstida tanqid qilish va tanqidni qabul qilishga diqqatimini qaratganman. Bu er va xotin o‘rtasida, do‘stlar, jamoat a’zolari yoki jamoat shtatidagi xizmatchilar o‘rtasida bo‘lishi mumkin. Yana shunga e’tiboringizni qaratmoqchimanki, biz Xudoga manzur tanqid haqida gapiryapmiz. Bu muhim, chunki hamma tanqid ham Xudoga manzur emas. Ba’zilari shaytonga xos tanqidlardir.

Ba’zi odamlar gunohkor tabiatlaridan kelib chiqib tanqid qiladilar (1-Kor 3:3), bu tanqidlar ruhiy donolikdan yiroq (Yoqub 3:14-16) va birovning ko‘nglini og‘ritishdan boshqaga yaramaydi (Gal 5:15). Ko‘pincha, bunday xudojo‘ylikka yo‘g‘rilmagan tanqidlar birovni kamsitish, o‘zini esa yuqoriga ko‘tarib, “ruhiy” ko‘rsatish maqsadida qilinadi (Luqo 18:11-14; Hikmatlar 30:32). Bunday hujum mehrdan va bunyod etuvchi marhamatdan yiroqdir va u odamlarga yordam berish o‘rniga ularning dilini og‘ritadi.

Bu turdagi tanqiddan o‘zimizni saqlashimiz uchun, biz qay tarzda xudojo‘ylik bilan tanqid qilishimiz va bunday tanqidni qanday qabul qilishimiz kerakligi haqidagi bir necha maslahatlar bilan bo‘lishmoqchiman.

QANDAY QILIB XUDOGA MANZUR TARZDA TANQID QILISH KERAK?

1. Maqsad – o‘sish.

Har qanday masihiy munosabatlarda asosiy maqsad bir-birimizga Masihda o‘sishga yordam berish bo‘lishi kerak (Efes. 4:14-15). Bu shuni anglatadiki, tanqidlar birovni bunyod etish uchun qilinishi kerak, ularni kamsitish uchun emas (2-Kor 13:10). Shuning uchun, gapirayotganingizda sizning so‘zlaringiz qay tarzda boshqalarni Masihda o‘sishga yordam beradigan bunyod etuvchi marhamatni berishi mumkinligiga e’tibor bering va ibodat qiling (Efes 4:29). Sizning tuzatishingiz, agar qabul qilinib qo‘llanilsa, ular Xudoning ulug‘vorligini namoyon etishlariga qanday yordam berishi mumkinligini ularga ko‘rsating (Matto 5:16).

2. Kamtarlik bilan tanqid qiling.

Mag‘rurlik boshqalarni tanqid qilishdan zavqlanadi. Shuning uchun, agar siz hammani tanqid qilib yurishdan zavqlansangiz, bu mag‘rurlik sizning yuragingizni boshqarayotganini anglatishi mumkin. Kamtarlikda o‘sishning eng yaxshi yo‘li bu Xudo har xil yo‘llar orqali  sizni tuzatib marhamat ko‘rsatgani uchun Unga minnatdorchilik bildirishga vaqt sarflashdir. Injil xushxabari qay tarzda siz uchun yaxshi xabar ekanligini o‘zingiz uchun takrorlang va Xudo sizga qanchalik marhamatli bo‘lganidan qayta ilhomlaning (Efes 2:1-5). Bu sizga boshqa odamning ko‘zidan zirapchani olib tashlashdan oldin o‘z ko‘zingizdan xodani olib tashlashingizga yordam beradi (Matto 7:1-5).

3. Tanqid bilan birga dalda ham bering.

Tanqid qilish har doim sog‘lom “doza”dagi dalda bilan birga amalga oshirilishi kerak. Bu dilini og‘ritmaslik uchun qilinadigan psixologik hiyla emas; aksincha, bu odam o‘sishda davom etishi kerakligiga qaramasdan Xudo unda ishlayotganini tasdiqlash usulidir.

Misol uchun, jamoatimiz shtati a’zolari menga yetakchiligim va va’zim bo‘yicha fikr bildirishayotganlarida, nimani o‘zgartirishim kerakligi va nimani qilishni davom etishim kerakligini ko‘rishda ularning yordamiga muhtoj bo‘laman. Xudo inoyatining yaqqol dalillarini rivojlantirishga muhtoj sohalar bilan birga ko‘rsatish sizning tanqidiy suhbatingizni yanada foydaliroq qiladi.

4. Mulohazali bo‘ling.

Gapirishdan oldin nimani gapirishing kerakligi haqida fikr yuritgin (Hikm 29:20). Bu sizga keraksiz e’tirozlarga sababchi bo‘ladigan narsalarni chetga surishga hamda gapirish kerak bo‘lgan narsaning tub mohiyatiga yetishishga yordam beradi. Ibodat qiling va o‘zingizga quyidagi savollarni bering: “Men gaplashishim kerak bo‘lgan asosiy masala nima? Gapimizni tugatganimizda ular nimani eslab qolishiga umid qilsam bo‘ladi? Aslida, nimani gapirishim kerak va nimani gapirmay o‘tsam ham bo‘ladi?” Bunday oldindan tayyorgarlik ishi ham sizga va ham siz gaplashayotgan odamga yaxshi xizmat qiladi.

5. Aniq gapiring.

Birovni tanqid qilayotganingizda, iloji boricha aniq gapiring. Siz gunoh masalasi haqida gapiryapsizmi yoki shaxsiyati masalasi haqidami? Bu katta muammomi yoki katta muammoga aylanishi mumkin bo‘lgan narsami? Aniqroq gapirishning usullaridan biri bu misollardan foydalanishdir.

Misol uchun, shunchaki, “sen qo‘polsan” demang. Buning o‘rniga mana bunday deyishingiz mumkin: “Senda yaxshi g‘oyalar borligini bilaman, lekin odamlar gapirayotganda sen ularning gaplarini bo‘lishga moyil ekanligingni payqab qoldim. Balkim, bu narsa o‘zingga sezilmagandir, lekin bu odamlar aytishi kerak bo‘lgan narsalar senga umuman kerak emasdek o‘zlarini his qilishlariga olib kelishi mumkin.” Tanqid qilayotganda aniq gapirish sizni muammoning yuragiga olib boradi.

6. Muloyim bo‘ling.

Tuzatuvchi so‘zlaringizni muloyimlik bilan o‘rang. Sevgi haqiqatni yutish oson bo‘ladigan tarzda yetkazishga yordam beradi. Odamlarga ruhiy sog‘lomlikda o‘sishga muloyimlik bilan yordam berish ruhiy yetuklik belgisidir (Gal 6:1). Muloyimlikka ojizlik sifatida emas, balki Xudo boshqalarni tavbaga yetaklashda foydalanadigan yurak holati sifatida qarashingiz kerak (2-Tim 2:24-26). Muloyimlikda o‘sishning bitta yo‘li bu kimdir sizni xuddi shunday tanqid ostiga olayotgan bo‘lsa, ular sizga buni qanday yetkazishlarini xohlashingiz haqida fikr yuritishdir (Matto 7:12). Ularga o‘sishga yordam berayotib, ularni hurmat qilishingizni ularga qanday ko‘rsata olasiz (Rim 12:10)? Siz aytadigan gaplarni ular qanday qabul qilishlariga e’tibor berish orqali siz so‘zlaringizni muloyimroq qilib tuza oladigan bo‘lasiz.

7. Sabr-toqatli bo‘ling.

“Sevgi sabr-toqatlidir” (1-Kor 13:4). Ba’zi odatlar yoki gunohlarni tuzatish uchun vaqt talab etishini unutmang, ayniqsa, ular yurakda chuqur ildiz otgan muammolar bo‘lsa. Munosabatingizga uzoqni ko‘zlab yondashing va Xudo sizga qanday sabr-toqat ko‘rsatganini eslashingiz uchun Undan yordam so‘rang (Chiqish 34:6). Bu sizni Xudo oldida kamtar va siz tuzatish uchun yordam berayotgan odamlarga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishingizga yordam beradi.

8. Ibodat qiling.

Rut Grem bir paytlar eri haqida shunday degan edi: “Mening ishim Billini sevish; Xudoning ishi esa uni o‘zgartirishdir.” Bu gapda katta donolik mavjud. Biz haqiqatni odamning yuragiga yetkazsak, faqatgina Xudo bu haqiqat urug‘ini o‘stira oladi (1-Kor 3:6). Bu biz uchun shu narsani anglatadi: agar biz odamlar uchun ibodat qilmayotgan bo‘lsak, unda biz ularni aniq o‘zgartirishga urinmasligimiz kerak. Yolg‘iz Xudoning O‘zi odamni o‘zgartira oladi, shuning uchun, boshqa odamlar uchun shafoat qiling.

XUDOGA MANZUR TANQIDNI QANDAY QABUL QILISH KERAK?

1. O‘sishga chanqoq bo‘ling.

Ruhiy yetuklik sari o‘sishni xohlaysizmi? Isoga o‘xshab borishni zo‘r ishtiyoq bilan orzu qilasizmi? Unday bo‘lsa, ichingizdagi mag‘rurlik va “imij”ingizni saqlab qolish xohishingizni o‘ldirish uchun qo‘lingizdan kelgan barcha ishni qilishingiz kerak. Boshqalar bizni tanqid qilganda bizning tabiiy javobimiz ular qilayotgan tanqidlardan o‘zimizni himoya qilish va oqlash bo‘ladi.

Birodarlar va opa-singillar, “imij”ingiz sanamini sindirib tashlang. Hikmatlar 12:1da aytiladiki, “Nasihatni sevgan ilm-ma’rifatni sevadi, tanbehdan nafratlanadigan esa ahmoqdir.” Tanbehdan nafratlanadigan odam ahmoq ekanligining sababi Xudoning ulug‘vorligi uchun tuzatilishdan yaxshiroq narsa yo‘qligidadir. Shuning uchun, Xudo sizga hamma narsadan ko‘ra muqaddaslikda va foydali bo‘lishda o‘sishga ishtiyoq berishini so‘rab Unga iltijo qiling.   Sizning hayotingizga gapirayotgan odamlarning yordami bilan kamtar bo‘lish orqali kuchliroq bo‘lishdan qo‘rqmaslik uchun Undan yordam so‘rang.

2. Tuzatilishga ochiq bo‘ling.

Hikmatlar 12:15da shunday deyilgan: “Nodon o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb o‘ylaydi, dono esa maslahatga quloq soladi.” Hayotingizda sizni tanqid qiladigan va tuzatadigan odamlar sizga kerak deb o‘ylaysizmi? Boshqalar sizdagi siz ko‘rmagan narsalarni ko‘ra olishlari mumkinligiga ishonasizmi? Hatto eng yaxshi kunlarimizda boshqalarning tanqidiy qarashlari bizga kerak emas, deb o‘ylash ahmoqlikdir.

3. Sal narsaga xafa bo‘lmang.

Sperjen bir paytlar shunday dono maslahat bergan edi: “Agar biror kishi siz haqingizda yomon o‘ylasa, jahlingiz chiqmasin, siz u o‘ylagandan ham yomonroqsiz, axir.” Kimdir bizga tuzatadigan so‘zlarni aytganda, yuragimizdagi mag‘rurlik alangalanib ketadi. Odamlar nima deyishidan qat’iy nazar, bu gaplar Xudo O‘z xushxabarida siz haqingizda aytgan gaplarga teng kelmasligini unutmasligingizga yordam berishi uchun Unga iltijo qiling. 

4. Aniqlashtiruvchi savollar so‘rang.

Kimdir sizni tanqid qilganda ular sizga o‘sishda yordam berayotganlari uchun minnatdorchilik bildiring va keyin aniqlashtiruvchi savollar bering. Siz yaxshiroq tushuna olishingiz uchun misollar keltirishlarini so‘rang. Qanday o‘zgara olishingiz mumkinligi haqida maslahatlar so‘rang. Buni amalga oshirganingizda tanqid suhbatga aylanadi va bu o‘sish uchun eng yaxshi sharoitdir.

5. Odamlarning sizga aytgan gaplarida oz bo‘lsada haqiqat bor deb faraz qiling.

Xato qilish insonga xosdir, shuning uchun, ba’zan odamlarning tanqidlari asossiz va o‘rinsiz bo‘ladi. Sizning birinchi javobingiz darrov ularning aytgan gaplarini rad qilish bo‘lmasligi kerak, aksincha, ularning gaplaridan qaysi haqiqatlarni chiqarib olish mumkinligi haqida o‘ylash bo‘lishi kerak. Katta axlat uyumidan, hech bo‘lmaganda, ozgina bo‘lsa ham oltin topa olishingiz mumkin.

6. Jamoat haqida unutmang.

Boshqalar tomonidan tuzatilganingizda bundan faqat siz emas, boshqalar ham foyda topadi. Chunki, siz Masih Tanasining bir qismisiz, sizning o‘sishingiz har bir kishi uchun yaxshidir (1-Kor 12). Men bir necha yillar davomida hayotimga qabul qilgan va hayotim va xizmatim yo‘nalishiga sezilarli o‘zgartirish olib kelgan 10-15tacha tanbehlarni sanab o‘tishim mumkin.

Ulardan birini men tez-tez esga olaman: va’z aytish faoliyatimning birinchi yilida bir do‘stim men doimiy tarzda xoch haqida va’z qilishimni, lekin Isoning tirilishi haqida deyarli gapirmasligimni aytgan edi. U va’zlarimda Isoni qabrdan chiqarishga meni chorlagan edi. U buni menga aytganidan xursandman va meni shunchalik sevganligidan, Xudoga manzur tarzda tanqid qilgan ko‘pgina odamlardan benihoya minnatdorman.

7. Buni Xudoning ulug‘vorligi yo‘lida amalga oshiring.

1-Korinfliklarga 10:31da aytiladiki, “Shunday qilib, yeysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangiz ham, hammasini Xudoni ulug‘lash uchun qilinglar.” Bu shuni anglatadiki, tanqid qilish, tanqidni qabul qilish va uni hayotga tatbiq qilishdan maqsadimiz har doim Xudo hayotimizda va boshqalarning hayotlarida aniqroq ko‘rinishidir. Agar bizning eng katta maqsadimiz – Xudoning ulug‘vorligi bo‘lsa, bu murakkab va qiyin suhbatlarda yuragimizni saqlashga yordam beradi.

JAMOATDA BIR-BIRINI O‘TKIRLASH MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH

Biz doimiy tarzda bir-biridan kamchilik va xato qidirib yuradigan tanqidchilar madaniyatini yaratishni xohlamaymiz. Lekin biz ko‘rishni xohlagan narsa – bu o‘zaro chuqur sevgi va g‘amxo‘rlik munosabatlariga asoslangan jamoatdir, toki unda odamlar bir-biri bilan chuqur, og‘riqli, mehr-shafqatli, foydali va xarakterni shakllantiradigan suhbatlar uchun ochiq bo‘lsinlar va shu orqali Xudoga sharaf keltirsinlar.

1. Xushxabarni va’z qiling.

Biz o‘zimizga va boshqalarga xushxabarni qanchalik ko‘p doimiylik bilan va’z qilsak va uni qo‘llasak, inoyatga asoslangan tanqid qilish va tanqidni qabul qilishga shunchalik yaxshi tayyor tayyorlangan bo‘lamiz.

2. Namuna bo‘ling.

Cho‘ponlar va ruhan yetuk bo‘lganlar o‘zlarining atrofidagilarga namuna bo‘lishlari kerak (1-Kor. 11:1). Siz tanqid uchun ochiq bo‘lishda o‘z suruvingizga qanday namuna bo‘lyapsiz? Xotiningiz bilan alohida vaqt o‘tkazganda, oilaviy uchrashuvlarda, hamkasblar yig‘ilishlarida yoki shogirdlik munosabatlarda siz xudojo‘yona tanqidni qay tarzda taklif etyapsiz va qabul qilishga intilyapsiz?

3. Tanqid qilishlariga ochiq bo‘ling.

Xudoga manzur tarzda tanqid qilish va tanqidni qabul qilish shogirdlik munosabatlaringizning odatiy qismiga aylansin. Bu bir-biringizni har doim tanqid qilishingiz kerakligini anglatmaydi. Aksincha, bu bir-biringiz haqingizda o‘zaro erkin fikr bildirishga bir-biringizga ruxsat berishni xohlashingizni anglatadi. Men odatda odamlarga shunday deyman: “Siz men eshitishim kerak deb o‘ylagan hayotimdagi har qanday narsa haqida menga gapirish huquqiga egasiz.” Men buni hammaga aytmayman, lekin men ustozlik qilayotgan odamlar mendan har qanday savol so‘rashlari mumkinligi va men haqimda fikr bildirishlari mumkinligini bilishadi. Bu juda samarali va erkinlik beruvchi amaliyot ekanligini tasdiqladi.

4. Uni tashkillashtiring.

Boshqalarga tanqidiy fikr bildirish va qabul qilishni hayotingizning odatiy qismiga aylantirish yo‘llarini izlang. Xotinim bilan alohida vaqt o‘tkazganimda undan ba’zan shunday savollarni so‘rayman: “Sen nimani qilishni to‘xtatishimni xohlaysan? Nimani qilishni boshlashimni xohlaysan? Va nimani qilishni davom ettirishimni xohlaysan?” Xuddi shu tarzda, bizning jamoatimizdagi xizmatchilar yig‘ilishlari ibodat qilish, rejalashtirish hamda oldingi yakshanbadagi umumiy yig‘ilishni muhokama qilishni o‘z ichiga oladi. Va’zim haqida bunday tanqidiy fikrlarni qabul qilish vaqti Xudo Kalomining xizmatchisi sifatida o‘sishimda katta yordam berdi.

5. O‘zingizda tanqidiylik ruhni shakllantirishdan saqlaning.

Agar siz Xudoga manzur keladigan tarzda tanqid qiladigan va bunday tanqidni qabul qiladigan jamoatning bir qismi bo‘lsangiz, ba’zan siz o‘zingizda tanqidiylik ruhini rivojlantirish vasvasasiga duchor bo‘lasiz. Har bir qo‘shiq, har bir ibodat, har bir va’z, har bir suhbat sizning tanqiy nazaringiz ostida bo‘lishi mumkin. Biz bunday gunohli xislatdan o‘z yuraklarimizni saqlashimiz kerak. Tanqidiylik ruhiga ega bo‘lish xudojo‘ylik emas, lekin tanqid va tanbeh orqali boshqalarga yordam bera olish bu xudojo‘ylikdir. Bu farqni tushunish har bir inson uchun muhimdir.

6. Bir vaqtning o‘zida tahsinlashash madaniyatini shakllantiring.

Tahsinlash madaniyati – sog‘lom tanqid madaniyatining kalitdir. To‘g‘ri mutanosiblik qancha bo‘lishini bilmayman, lekin umid qilamanki, xotinim, bolalarim, do‘stlarim va xizmatdagi hamkorlarim mendan tanqidga qaraganda 5-10 marotaba ko‘proq tahsin so‘zlarini eshitishadi. Agar tahsinlash o‘ylab aytilgan, doimiy va samimiy bo‘lsa, unda tanqid bir-birimizning yuraklarimizni bezatadigan kiyim rolini bajaradi. Agar aksi bo‘lsa, unda u ognemyot (o‘tsochar)ga aylanadi.

7. Bu haqda ibodat qiling.

Jamoatingizda bir-biriga o‘sishga yordam berishga ishtiyoqmandlik madaniyatini yaratishi uchun Xudoga ibodat qiling. U bir-biringizni xudojo‘ylikka chorlashda sizga va boshqalarga donolik berishini so‘rang (Ibr. 10:24-25). Xudo jamoatingizda kamtarlikni shakllantirishi uchun ibodat qiling, toki har bir kishi Xudo haqiqatiga mos ravishda tuzatilishga ishtiyoqmand bo‘lsin (Havoriylar 17:11). Eng muhimi, haqiqatni sevgi bilan gapirish orqali jamoat Isoga ulug‘vorlik keltiradigan bir butun tana sifatida o‘sishi uchun ibodat qiling (Efes. 4:15).

Garrett Kell

Худога манзур тарзда танқид қилиш ва танқидни қабул қилиш: бир-биримизни сўзлар орқали ўткирлаш

Темир темирни ўткирлайди, инсон эса дўстини.” Ҳикматлар 27:17

Танқид шундай нарсаки, кўпчилигимиз ундан қочишга интиламиз. Биз табиий равишда бизнинг ҳаракатларимиз, ниятларимиз ёки хизматларимиз бошқа шахснинг текширувчи нигоҳи остида бўладиган жиддий суҳбатлардан ўзимизни четга олишни хоҳлаймиз. Бир вақтнинг ўзида, кўпчилигимиз бошқаларни танқид қилишни ёқтирмаймиз, чунки бошқаларни ҳукм қилувчи одам сифатида кўринишни ёки бировнинг дилини оғритиб қўйишни хоҳламаймиз.

Бу кимгадир нотабиий бўлиб кўриниши мумкин бўлса-да, художўйлик билан танқид қилиш ва танқидни қабул қилиш соғлом муносабатлар ва соғлом жамоатлар ҳаётидаги ўта муҳим бир элемент деб ўйлайман. Агар биз одамларга художўйликда ўсишларига ёрдам беришни хоҳласак-у, лекин уларни художўйлик билан танқид қилолмасак, уларга деярли ёрдам бермаган бўламиз. Худо имонлиларга ҳақиқатни гапириш учун бошқа имонлиларни ишлатади ва бу танқидий ҳақиқатни ҳам ўз ичига олади. Агар сизнинг шогирдлик муносабатларингизда бу жиҳат бўлмаса, сиз таёғи йўқ чўпонга ўхшаб қоласиз.

ХУДОГА МАНЗУР ТАНҚИД НИМА?

“Танқид” сўзи ўзбек тилидаги Муқаддас Китобда кўп учрамаса-да, бу гўя кўп учрайди. “Койиш”, “танбеҳ бериш”, “тузатиш”, “огоҳлантириш” ва “йўл-йўриқ бериш” каби сўзларнинг бари худди шу ғояни ифодалайди.

Мен Худога манзур танқидни қуйидагича таърифлайман: бирор шахсга Худога содиқликда ўсишга ёрдам бериш мақсадида, унга ва унинг Раббимиз йўлида қилаётган хизматига “тузататувчи” баҳо беришдир.

Ушбу мақолада мен масиҳийлик муносабатлари контекстида танқид қилиш ва танқидни қабул қилишга диққатимини қаратганман. Бу эр ва хотин ўртасида, дўстлар, жамоат аъзолари ёки жамоат штатидаги хизматчилар ўртасида бўлиши мумкин. Яна шунга эътиборингизни қаратмоқчиманки, биз Худога манзур танқид ҳақида гапиряпмиз. Бу муҳим, чунки ҳамма танқид ҳам Худога манзур эмас. Баъзилари шайтонга хос танқидлардир.

Баъзи одамлар гуноҳкор табиатларидан келиб чиқиб танқид қиладилар (1 Кор 3:3), бу танқидлар руҳий доноликдан йироқ (Ёқуб 3:14-16) ва бировнинг кўнглини оғритишдан бошқага ярамайди (Гал 5:15). Кўпинча, бундай художўйликка йўғрилмаган танқидлар бировни камситиш, ўзини эса юқорига кўтариб, “руҳий” кўрсатиш мақсадида қилинади (Луқо 18:11-14; Ҳикматлар 30:32). Бундай ҳужум меҳрдан ва бунёд этувчи марҳаматдан йироқдир ва у одамларга ёрдам бериш ўрнига уларнинг дилини оғритади.

Бу турдаги танқиддан ўзимизни сақлашимиз учун, биз қай тарзда художўйлик билан танқид қилишимиз ва бундай танқидни қандай қабул қилишимиз кераклиги ҳақидаги бир неча маслаҳатлар билан бўлишмоқчиман.

ҚАНДАЙ ҚИЛИБ ХУДОГА МАНЗУР ТАРЗДА ТАНҚИД ҚИЛИШ КEРАК?

1. Мақсад – ўсиш.

Ҳар қандай масиҳий муносабатларда асосий мақсад бир-биримизга Масиҳда ўсишга ёрдам бериш бўлиши керак (Эфес. 4:14-15). Бу шуни англатадики, танқидлар бировни бунёд этиш учун қилиниши керак, уларни камситиш учун эмас (2 Кор 13:10). Шунинг учун, гапираётганингизда сизнинг сўзларингиз қай тарзда бошқаларни Масиҳда ўсишга ёрдам берадиган бунёд этувчи марҳаматни бериши мумкинлигига эътибор беринг ва ибодат қилинг (Эфес 4:29). Сизнинг тузатишингиз, агар қабул қилиниб қўлланилса, улар Худонинг улуғворлигини намоён этишларига қандай ёрдам бериши мумкинлигини уларга кўрсатинг (Матто 5:16).

2. Камтарлик билан танқид қилинг.

Мағрурлик бошқаларни танқид қилишдан завқланади. Шунинг учун, агар сиз ҳаммани танқид қилиб юришдан завқлансангиз, бу мағрурлик сизнинг юрагингизни бошқараётганини англатиши мумкин. Камтарликда ўсишнинг энг яхши йўли бу Худо ҳар хил йўллар орқали сизни тузатиб марҳамат кўрсатгани учун Унга миннатдорчилик билдиришга вақт сарфлашдир. Инжил хушхабари қай тарзда сиз учун яхши хабар эканлигини ўзингиз учун такрорланг ва Худо сизга қанчалик марҳаматли бўлганидан қайта илҳомланинг (Эфес 2:1-5). Бу сизга бошқа одамнинг кўзидан зирапчани олиб ташлашдан олдин ўз кўзингиздан ходани олиб ташлашингизга ёрдам беради (Матто 7:1-5).

3. Танқид билан бирга далда ҳам беринг.

Танқид қилиш ҳар доим соғлом “доза”даги далда билан бирга амалга оширилиши керак. Бу дилини оғритмаслик учун қилинадиган психологик ҳийла эмас; аксинча, бу одам ўсишда давом этиши кераклигига қарамасдан Худо унда ишлаётганини тасдиқлаш усулидир.

Мисол учун, жамоатимиз штати аъзолари менга етакчилигим ва ваъзим бўйича фикр билдиришаётганларида, нимани ўзгартиришим кераклиги ва нимани қилишни давом этишим кераклигини кўришда уларнинг ёрдамига муҳтож бўламан. Худо иноятининг яққол далилларини ривожлантиришга муҳтож соҳалар билан бирга кўрсатиш сизнинг танқидий суҳбатингизни янада фойдалироқ қилади.

4. Мулоҳазали бўлинг.

Гапиришдан олдин нимани гапиришинг кераклиги ҳақида фикр юритгин (Ҳикм 29:20). Бу сизга кераксиз эътирозларга сабабчи бўладиган нарсаларни четга суришга ҳамда гапириш керак бўлган нарсанинг туб моҳиятига етишишга ёрдам беради. Ибодат қилинг ва ўзингизга қуйидаги саволларни беринг: “Мен гаплашишим керак бўлган асосий масала нима? Гапимизни тугатганимизда улар нимани эслаб қолишига умид қилсам бўлади? Аслида, нимани гапиришим керак ва нимани гапирмай ўтсам ҳам бўлади?” Бундай олдиндан тайёргарлик иши ҳам сизга ва ҳам сиз гаплашаётган одамга яхши хизмат қилади.

5. Аниқ гапиринг.

Бировни танқид қилаётганингизда, иложи борича аниқ гапиринг. Сиз гуноҳ масаласи ҳақида гапиряпсизми ёки шахсияти масаласи ҳақидами? Бу катта муаммоми ёки катта муаммога айланиши мумкин бўлган нарсами? Аниқроқ гапиришнинг усулларидан бири бу мисоллардан фойдаланишдир.

Мисол учун, шунчаки, “сен қўполсан” деманг. Бунинг ўрнига мана бундай дейишингиз мумкин: “Сенда яхши ғоялар борлигини биламан, лекин одамлар гапираётганда сен уларнинг гапларини бўлишга мойил эканлигингни пайқаб қолдим. Балким, бу нарса ўзингга сезилмагандир, лекин бу одамлар айтиши керак бўлган нарсалар сенга умуман керак эмасдек ўзларини ҳис қилишларига олиб келиши мумкин.” Танқид қилаётганда аниқ гапириш сизни муаммонинг юрагига олиб боради.

6. Мулойим бўлинг.

Тузатувчи сўзларингизни мулойимлик билан ўранг. Севги ҳақиқатни ютиш осон бўладиган тарзда етказишга ёрдам беради. Одамларга руҳий соғломликда ўсишга мулойимлик билан ёрдам бериш руҳий етуклик белгисидир (Гал 6:1). Мулойимликка ожизлик сифатида эмас, балки Худо бошқаларни тавбага етаклашда фойдаланадиган юрак ҳолати сифатида қарашингиз керак (2 Тим 2:24-26). Мулойимликда ўсишнинг битта йўли бу кимдир сизни худди шундай танқид остига олаётган бўлса, улар сизга буни қандай етказишларини хоҳлашингиз ҳақида фикр юритишдир (Матто 7:12).

Уларга ўсишга ёрдам бераётиб, уларни ҳурмат қилишингизни уларга қандай кўрсата оласиз (Рим 12:10)? Сиз айтадиган гапларни улар қандай қабул қилишларига эътибор бериш орқали сиз сўзларингизни мулойимроқ қилиб туза оладиган бўласиз.

7. Сабр-тоқатли бўлинг.

“Севги сабр-тоқатлидир” (1 Кор 13:4). Баъзи одатлар ёки гуноҳларни тузатиш учун вақт талаб этишини унутманг, айниқса, улар юракда чуқур илдиз отган муаммолар бўлса. Муносабатингизга узоқни кўзлаб ёндашинг ва Худо сизга қандай сабр-тоқат кўрсатганини эслашингиз учун Ундан ёрдам сўранг (Чиқиш 34:6). Бу сизни Худо олдида камтар ва сиз тузатиш учун ёрдам бераётган одамларга нисбатан сабр-тоқатли бўлишингизга ёрдам беради.

8. Ибодат қилинг.

Рут Грем бир пайтлар эри ҳақида шундай деган эди: “Менинг ишим Биллини севиш; Худонинг иши эса уни ўзгартиришдир.” Бу гапда катта донолик мавжуд. Биз ҳақиқатни одамнинг юрагига етказсак, фақатгина Худо бу ҳақиқат уруғини ўстира олади (1 Кор 3:6). Бу биз учун шу нарсани англатади: агар биз одамлар учун ибодат қилмаётган бўлсак, унда биз уларни аниқ ўзгартиришга уринмаслигимиз керак. Ёлғиз Худонинг Ўзи одамни ўзгартира олади, шунинг учун, бошқа одамлар учун шафоат қилинг.

ХУДОГА МАНЗУР ТАНҚИДНИ ҚАНДАЙ ҚАБУЛ ҚИЛИШ КEРАК?

1. Ўсишга чанқоқ бўлинг.

Руҳий етуклик сари ўсишни хоҳлайсизми? Исога ўхшаб боришни зўр иштиёқ билан орзу қиласизми? Ундай бўлса, ичингиздаги мағрурлик ва “имиж”ингизни сақлаб қолиш хоҳишингизни ўлдириш учун қўлингиздан келган барча ишни қилишингиз керак. Бошқалар бизни танқид қилганда бизнинг табиий жавобимиз улар қилаётган танқидлардан ўзимизни ҳимоя қилиш ва оқлаш бўлади.

Биродарлар ва опа-сингиллар, “имиж”ингиз санамини синдириб ташланг. Ҳикматлар 12:1да айтиладики, “Насиҳатни севган илм-маърифатни севади, танбеҳдан нафратланадиган эса аҳмоқдир.” Танбеҳдан нафратланадиган одам аҳмоқ эканлигининг сабаби Худонинг улуғворлиги учун тузатилишдан яхшироқ нарса йўқлигидадир. Шунинг учун, Худо сизга ҳамма нарсадан кўра муқаддасликда ва фойдали бўлишда ўсишга иштиёқ беришини сўраб Унга илтижо қилинг. Сизнинг ҳаётингизга гапираётган одамларнинг ёрдами билан камтар бўлиш орқали кучлироқ бўлишдан қўрқмаслик учун Ундан ёрдам сўранг.

2. Тузатилишга очиқ бўлинг.

Ҳикматлар 12:15да шундай дейилган: “Нодон ўз йўлини тўғри деб ўйлайди, доно эса маслаҳатга қулоқ солади.” Ҳаётингизда сизни танқид қиладиган ва тузатадиган одамлар сизга керак деб ўйлайсизми? Бошқалар сиздаги сиз кўрмаган нарсаларни кўра олишлари мумкинлигига ишонасизми? Ҳатто энг яхши кунларимизда бошқаларнинг танқидий қарашлари бизга керак эмас, деб ўйлаш аҳмоқликдир.

3. Сал нарсага хафа бўлманг.

Спержен бир пайтлар шундай доно маслаҳат берган эди: “Агар бирор киши сиз ҳақингизда ёмон ўйласа, жаҳлингиз чиқмасин, сиз у ўйлагандан ҳам ёмонроқсиз, ахир.” Кимдир бизга тузатадиган сўзларни айтганда, юрагимиздаги мағрурлик алангаланиб кетади. Одамлар нима дейишидан қатъий назар, бу гаплар Худо Ўз хушхабарида сиз ҳақингизда айтган гапларга тенг келмаслигини унутмаслигингизга ёрдам бериши учун Унга илтижо қилинг.

4. Аниқлаштирувчи саволлар сўранг.

Кимдир сизни танқид қилганда улар сизга ўсишда ёрдам бераётганлари учун миннатдорчилик билдиринг ва кейин аниқлаштирувчи саволлар беринг. Сиз яхшироқ тушуна олишингиз учун мисоллар келтиришларини сўранг. Қандай ўзгара олишингиз мумкинлиги ҳақида маслаҳатлар сўранг. Буни амалга оширганингизда танқид суҳбатга айланади ва бу ўсиш учун энг яхши шароитдир.

5. Одамларнинг сизга айтган гапларида оз бўлсада ҳақиқат бор деб фараз қилинг.

Хато қилиш инсонга хосдир, шунинг учун, баъзан одамларнинг танқидлари асоссиз ва ўринсиз бўлади. Сизнинг биринчи жавобингиз дарров уларнинг айтган гапларини рад қилиш бўлмаслиги керак, аксинча, уларнинг гапларидан қайси ҳақиқатларни чиқариб олиш мумкинлиги ҳақида ўйлаш бўлиши керак. Катта ахлат уюмидан, ҳеч бўлмаганда, озгина бўлса ҳам олтин топа олишингиз мумкин.

6. Жамоат ҳақида унутманг.

Бошқалар томонидан тузатилганингизда бундан фақат сиз эмас, бошқалар ҳам фойда топади. Чунки, сиз Масиҳ Танасининг бир қисмисиз, сизнинг ўсишингиз ҳар бир киши учун яхшидир (1 Кор 12). Мен бир неча йиллар давомида ҳаётимга қабул қилган ва ҳаётим ва хизматим йўналишига сезиларли ўзгартириш олиб келган 10-15тача танбеҳларни санаб ўтишим мумкин.

Улардан бирини мен тез-тез эсга оламан: ваъз айтиш фаолиятимнинг биринчи йилида бир дўстим мен доимий тарзда хоч ҳақида ваъз қилишимни, лекин Исонинг тирилиши ҳақида деярли гапирмаслигимни айтган эди. У ваъзларимда Исони қабрдан чиқаришга мени чорлаган эди. У буни менга айтганидан хурсандман ва мени шунчалик севганлигидан, Худога манзур тарзда танқид қилган кўпгина одамлардан бениҳоя миннатдорман.

7. Буни Худонинг улуғворлиги йўлида амалга оширинг.

1 Коринфликларга 10:31да айтиладики, “Шундай қилиб, ейсизларми, ичасизларми, нимаики қилсангиз ҳам, ҳаммасини Худони улуғлаш учун қилинглар.” Бу шуни англатадики, танқид қилиш, танқидни қабул қилиш ва уни ҳаётга татбиқ қилишдан мақсадимиз ҳар доим Худо ҳаётимизда ва бошқаларнинг ҳаётларида аниқроқ кўринишидир. Агар бизнинг энг катта мақсадимиз – Худонинг улуғворлиги бўлса, бу мураккаб ва қийин суҳбатларда юрагимизни сақлашга ёрдам беради.

ЖАМОАТДА БИР-БИРИНИ ЎТКИРЛАШ МАДАНИЯТИНИ ШАКЛЛАНТИРИШ

Биз доимий тарзда бир-биридан камчилик ва хато қидириб юрадиган танқидчилар маданиятини яратишни хоҳламаймиз. Лекин биз кўришни хоҳлаган нарса – бу ўзаро чуқур севги ва ғамхўрлик муносабатларига асосланган жамоатдир, токи унда одамлар бир-бири билан чуқур, оғриқли, меҳр-шафқатли, фойдали ва характерни шакллантирадиган суҳбатлар учун очиқ бўлсинлар ва шу орқали Худога шараф келтирсинлар.

1. Хушхабарни ваъз қилинг.

Биз ўзимизга ва бошқаларга хушхабарни қанчалик кўп доимийлик билан ваъз қилсак ва уни қўлласак, иноятга асосланган танқид қилиш ва танқидни қабул қилишга шунчалик яхши тайёр тайёрланган бўламиз.

2. Намуна бўлинг.

Чўпонлар ва руҳан етук бўлганлар ўзларининг атрофидагиларга намуна бўлишлари керак (1 Кор. 11:1). Сиз танқид учун очиқ бўлишда ўз сурувингизга қандай намуна бўляпсиз? Хотинингиз билан алоҳида вақт ўтказганда, оилавий учрашувларда, ҳамкасблар йиғилишларида ёки шогирдлик муносабатларда сиз художўёна танқидни қай тарзда таклиф этяпсиз ва қабул қилишга интиляпсиз?

3. Танқид қилишларига очиқ бўлинг.

Худога манзур тарзда танқид қилиш ва танқидни қабул қилиш шогирдлик муносабатларингизнинг одатий қисмига айлансин. Бу бир-бирингизни ҳар доим танқид қилишингиз кераклигини англатмайди. Аксинча, бу бир-бирингиз ҳақингизда ўзаро эркин фикр билдиришга бир-бирингизга рухсат беришни хоҳлашингизни англатади. Мен одатда одамларга шундай дейман: “Сиз мен эшитишим керак деб ўйлаган ҳаётимдаги ҳар қандай нарса ҳақида менга гапириш ҳуқуқига эгасиз.” Мен буни ҳаммага айтмайман, лекин мен устозлик қилаётган одамлар мендан ҳар қандай савол сўрашлари мумкинлиги ва мен ҳақимда фикр билдиришлари мумкинлигини билишади. Бу жуда самарали ва эркинлик берувчи амалиёт эканлигини тасдиқлади.

4. Уни ташкиллаштиринг.

Бошқаларга танқидий фикр билдириш ва қабул қилишни ҳаётингизнинг одатий қисмига айлантириш йўлларини изланг. Хотиним билан алоҳида вақт ўтказганимда ундан баъзан шундай саволларни сўрайман: “Сен нимани қилишни тўхтатишимни хоҳлайсан? Нимани қилишни бошлашимни хоҳлайсан? Ва нимани қилишни давом эттиришимни хоҳлайсан?” Худди шу тарзда, бизнинг жамоатимиздаги хизматчилар йиғилишлари ибодат қилиш, режалаштириш ҳамда олдинги якшанбадаги умумий йиғилишни муҳокама қилишни ўз ичига олади. Ваъзим ҳақида бундай танқидий фикрларни қабул қилиш вақти Худо Каломининг хизматчиси сифатида ўсишимда катта ёрдам берди.

5. Ўзингизда танқидийлик руҳни шакллантиришдан сақланинг.

Агар сиз Худога манзур келадиган тарзда танқид қиладиган ва бундай танқидни қабул қиладиган жамоатнинг бир қисми бўлсангиз, баъзан сиз ўзингизда танқидийлик руҳини ривожлантириш васвасасига дучор бўласиз. Ҳар бир қўшиқ, ҳар бир ибодат, ҳар бир ваъз, ҳар бир суҳбат сизнинг танқий назарингиз остида бўлиши мумкин. Биз бундай гуноҳли хислатдан ўз юракларимизни сақлашимиз керак. Танқидийлик руҳига эга бўлиш художўйлик эмас, лекин танқид ва танбеҳ орқали бошқаларга ёрдам бера олиш бу художўйликдир. Бу фарқни тушуниш ҳар бир инсон учун муҳимдир.

6. Бир вақтнинг ўзида таҳсинлашаш маданиятини шакллантиринг.

Таҳсинлаш маданияти – соғлом танқид маданиятининг калитдир. Тўғри мутаносиблик қанча бўлишини билмайман, лекин умид қиламанки, хотиним, болаларим, дўстларим ва хизматдаги ҳамкорларим мендан танқидга қараганда 5-10 маротаба кўпроқ таҳсин сўзларини эшитишади. Агар таҳсинлаш ўйлаб айтилган, доимий ва самимий бўлса, унда танқид бир-биримизнинг юракларимизни безатадиган кийим ролини бажаради. Агар акси бўлса, унда у огнемёт (ўтсочар)га айланади.

7. Бу ҳақда ибодат қилинг.

Жамоатингизда бир-бирига ўсишга ёрдам беришга иштиёқмандлик маданиятини яратиши учун Худога ибодат қилинг. У бир-бирингизни художўйликка чорлашда сизга ва бошқаларга донолик беришини сўранг (Ибр. 10:24-25). Худо жамоатингизда камтарликни шакллантириши учун ибодат қилинг, токи ҳар бир киши Худо ҳақиқатига мос равишда тузатилишга иштиёқманд бўлсин (Ҳаворийлар 17:11). Энг муҳими, ҳақиқатни севги билан гапириш орқали жамоат Исога улуғворлик келтирадиган бир бутун тана сифатида ўсиши учун ибодат қилинг (Эфес. 4:15).

 

Гарретт Келл