Каломий Теология

Kalomiy Teologiya va Cho’ponlik

Томонидан Bobby Jamieson

Боббй Жамисон Вашингтондаги Капитол Ҳилл Баптист Жамоатининг кичик чўпонидир. У яқиндагина чоп этилган “Исонинг Ўлими ва Ибронийлар Мактубидаги Самовий Қурбонлик” асари муаллифидир. Уни Twitter орқали мана шу - @bobby_jamieson ном билан топишингиз мумкин.
Мақолалар
10.14.2021

Cho’ponlik ish tasnifini qanday yozgan bo’lar edingiz? Namunalarni qayerdan izlagan bo’lar edingiz? Ehtimol, siz boshqa bir necha mahalliy jamoatlarda allaqachon mavjud namunani olib unga o’z jamoatingizning ish jadvali va dasturlariga bir necha o’zgartirishlar kiritarsiz.

Bu, albatta, cho’pon qanday bo’lishi va nima qilishini allaqachon hamma bilishini ko’rsatadi. Lekin, cho’ponning asosiy/fundamental roli nima ekanligini qanday bilamiz?

Shubhasiz, cho’ponning kimligini bilish uchun Kalomga qaraymiz. Lekin, Kalomni qayerida bu haqda yozilgan? Biz oqsoqollarning xislatlaridan kelib chiqadigan ishlardan boshlashimiz (1-Timo’tiy 3:1–7; Titus 1:5–10), va jamoat yetakchilariga berilgan aniq buyruqlarni diqqat bilan qarab chiqishimiz mumkin. Mana shu buyruqlarning ba’zilariga chuqurroq qaraydigan bo’lsak, qiziq manzara paydo bo’ladi. Havoriylar 20:28 va 1-Butrus 5:1-3ga e’tibor bering, ikkalasi ham mahalliy jamoat oqsoqollariga qarata yozilgan:

Oʻzlaringizni ehtiyot qilinglar, suruvni ham ehtiyot qilinglar. Chunki Muqaddas Ruh ularni sizning qaramogʻingizga bergan. Xudoning jamoatiga choʻpon boʻlinglar [Grekcha poimainein]. Xudo jamoatni Oʻz Oʻgʻlining qoni evaziga sotib olgan (Havoriylar 20:28).

Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor. Men ham sizlarga oʻxshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va Uning zohir boʻladigan ulugʻvorligining ishtirokchisi sifatida men sizlardan oʻtinaman: Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar [Grekcha poimanate]. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin koʻngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar. Qoʻlingiz ostidagi suruvga oʻz hukmingizni oʻtkazmay, ularga oʻrnak boʻlinglar (1-Butrus 5:1–3).

Ushbu parchalarning ikkalasida ham, cho’ponlik qilishning asosiy vazifasi Grekcha poimaino fe’li bilan xulosa qilingan, uning birlamchi ma’nosi qo’ylarga g’amxo’rlik qilishdagi “cho’ponlik qilish”dir (Luqo 17:7; 1-Korinfliklar 9:7). Pavlus ham (Havoriylarda), Butrus ham cho’ponlik qilish ishini bitta so’zda jamlashadi: cho’ponlik qilish.

Efesliklarga 4:11da Pavlus cho’ponlarga “jamoatning cho’ponlariyu ustozlari” deya murojaat qiladi va bu orqali cho’ponlik qilish cho’ponlik (pastor) martabasining asosiy vazifasi ekanligi g’oyasini namoyon etadi. Aslida, o’zbekcha “cho’pon” so’zi Lotin tilidagi “pastor” so’zining tarjimasi bo’lib, “cho’ponlik qilish” ma’nosini bildiradi. Shunday qilib, cho’ponlik qilish “pastor” so’zi hamda cho’ponlik qilishning kalomiy ta’riflari uchun asosdir.

Lekin, cho’ponlik qilish nimani bildirishini qayerdan o’rganishimiz mumkin? Agar siz qo’ylar va ularning ehtiyojlari haqida boshlang’ich tasavvurga ega bo’lsangiz, unda asosiy tushunchaga ham egasiz. Qo’ylarni boqish, parvarishlash, boshqarish va himoya qilish kerak. Cho’ponlar o’z jamoati ahli uchun bularni ruhiy yo’nalishda amalga oshiradilar.

KALOMDAN CHO’PONLIK HAQIDA HIKOYA

Biz butun Muqaddas Kitob hikoyasi bo’ylab bu o’xshatish qanday ochilishini ko’rganimizda, u butunlay yangi teran ma’noga ega bo’ladi. Oxir-oqibatda cho’ponlar Xudo O’z xalqiga qanday cho’ponlik qilishiga qarab cho’pon bo’lish nimani anglatishini o’rganib olishadi.

Chiqishdagi Ilohiy Cho’pon

Xudo O’z xalqini Misrdan olib chiqib, qirq yil davomida ularga sahroda yo’lboshchilik qilib va ularni o’z yerlariga eson-omon yetaklab borgan paytdan boshlab Muqaddas Kitobning cho’ponlik haqidagi hikoyasi chinakamiga boshlanadi.[1] Butun chiqish va sahrodan o’tish davrini tasvirlab, Zabur 76:21da shunday deyiladi: “Xalqingni qoʻy suruviday yetaklab bording, Muso, Horunni rahnamo qilib tanlading.”

Xuddi cho’pon singari, Xudo O’z xalqi bilan shaxsan birga bo’ldi (Chiqish 33:15-16). Xuddi cho’pon singari, Xudo O’z xalqini himoya qildi (Sahroda 14:7-9; Qonunlar 23:14). Xuddi cho’pon singari, Xudo O’z xalqini ta’minladi. Xudo ularni boqdi (Zabur 77:19, 104:40-41). Xudo ularga shifo berdi (Chiqish 15:26, Sahroda 21:8-9).

Xuddi cho’pon singari, Xudo O’z xalqini unumli yaylovlarga yetaklaydi: “Oʻzing qutqargan oʻsha xalqni Sen sodiq sevging bilan olib borasan. Muqaddas makoningga qudrating bilan ularni yetaklab borasan” (Chiqish 15:13). Xuddi cho’pon singari, Xudo O’z xalqini muloyimlik va mehr bilan yetakladi:

“Men esa uni mehr ila yetaklagandim, Muhabbat rishtalari ila olib yurgan edim.

Boʻynidan boʻyinturuqni olib tashlagandim, Muloyimlik bilan uni boqqandim” (Xo’sheya 11:4).

Bularning barida Xudo O’z xalqiga cho’ponlik qilish uchun tayinlagan inson-yetakchi Muso orqali ularga cho’ponlik qildi (Zabur 76:21). Musoning o’zi Egamizdan o’rinbosar so’radi, toki “Sening jamoang choʻponsiz qoʻyday boʻlib qolmasin” (Sahroda 27:17).

Shunday qilib Egamiz, dunyoning ilohiy Shohi, shu bilan birga, O’z xalqining Cho’poni hamdir va U O’zi tayinlagan insoniy cho’pon orqali ularga cho’ponlik qildi.

Dovud, Cho’pon-Shoh

Bir necha yuz yillardan keyin, bu namuna Dovud va uning sulolasida davom etadi. Egamiz Dovudni qo’ylarga cho’ponlik qilishdan olib, Isroilga cho’pon qilib qo’ydi (2-Shohlar 5:1-3, 7:8). Sano muallifi shunday deydi:

Xudo Oʻz quli Dovudni tanlab oldi,

Qoʻy qoʻrasidan uni chaqirib oldi.

U Dovudni sovliq qoʻy, qoʻzilarga choʻponlikdan oldi.

Oʻzining xalqi Isroilga,

Yoqub nasliga choʻpon qilib tayinladi.

Dovud ularga halollik bilan choʻponlik qildi,

Mohirlik bilan ularni yetaklab bordi. (Zabur 77:70-72)

Dovud o’z qaramog’idagi qo’ylarni mehr bilan boqqani kabi, u, asosan, Isroilni mas’uliyat va rahmdillik bilan boshqardi, ularga to’g’rilik va donolik bilan cho’ponlik qiladi.

Shunday bo’lsada, Xudoning O’zi Isroilning haqiqiy cho’poniligicha qoldi. Isroil buni tan olib, shunday deydi: “U Xudoyimizdir, biz Uning yaylovidagi xalqmiz, Biz Uning qoʻl ostidagi qoʻylarmiz” (Zabur 94:7). Xudo tayinlagan yordamchi-cho’pon Dovud esa, Zabur 22dagi yuksak she’riyat namunasida Xudoning ta’minoti, himoyasi va boshqaruviga nisbatan o’z ishonchini e’lon qiladi.

Lekin, Isroil cho’pon-shohlarining hammasi ham Isroilni Egamizning Kalomiga amal qilgan holda yam-yashil o’tloqlariga yetaklamadi. Buning o’rniga, ularning ko’pchiligi Xudo xalqini butparastlik va adolatsizlikning qurigan cho’llariga yetakladi. Shunday qilib, Xudo gunohlari uchun jazo sifatida O’z suruvini xalqlar orasida tarqatib yubordi (Levilar 26:33; Qonunlar 4:27, 28:64; 3-Shohlar 14:15).

Yangi Chiqishdagi Yangi Cho’ponlar

Lekin, O’z xalqini tarqatib yuborgan o’sha Xudo ularni qayta yig’ishga va’da bergan. Yeremiyo 23:1-2da, Egamiz Isroilning yovuz shohlari, Xudoning suruvini buzgan va tarqatib yuborgan cho’ponlar ustidan O’z hukmini e’lon qiladi. Bu cho’ponlar Xudoning xalqiga g’amxo’rlik va himoya qilishga e’tibor bermadilar, shuning uchun Xudo ularni hukm qildi. Faqatgina bu emas, 3-4 oylatlarda Xudo shunday deydi:

“Men qoʻylarimni har xil yurtlarga haydab yuborgan edim. Endi Oʻzim ularni yigʻib olaman, oʻzlarining yayloviga olib kelaman. Ular barakali boʻlib, koʻpayadilar. Men ular ustidan boshqa choʻponlarni tayinlayman. Choʻponlar qoʻylarimni boqadilar. Shunda qoʻylarim hech narsadan qoʻrqmaydi, sarosimaga tushmaydi. Ularning birontasi ham yoʻqolmaydi.” Egamizning kalomi shudir.

Egamiz O’z xalqining boyliklarini tiklaydi va ularning g’amxo’rlik qiladigan, ta’minlaydigan va himoya qiladigan cho’ponlari bo’ladi. Bu cho’ponlar Xudoning xalqiga qanday xizmat qiladilar? Yeremiyo 3:15dagi parallel parcha bizga shunday deydi: “Men sizlarga koʻnglimdagi choʻponlarni beraman. Ular sizlarni donolik va bilim bilan boshqarishadi.” Xudoning qayta yig’ilgan xalqi yetakchilari Xudoning yo’llari va Kalomi donoligi va bilimi bilan boqish orqali xalqqa yetakchilik qiladilar.

Faqatgina bu emas, balki, Xudo O’z xalqining har biriga najot beradigan oliy hukmdor, Dovudning vorisini ham yetishtiradi:

Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, Men Dovud naslidan solih bir novdani yetishtiraman. Bu Shoh donolik bilan hukmronlik qiladi. Adolat va toʻgʻrilik bilan ish tutadi. Uning hukmronligi davrida Yahudo xalqi bexatar yashaydi, Isroil xalqi osoyishta hayot kechiradi. Oʻsha Shohni ‘Egamiz — najotkorimiz’ deb atashadi.” (Yeremiyo 23:5-6)

Xudo xalqining qayta yig’ilishi, ya’ni o’z yerlariga qaytish uchun yangi chiqish shunday porlaydiki, Xudo O’z xalqini Misrdan qudratli tarzda xalos etishi voqeasi uning soyasida qolib ketadi hamda bu Xudo xalqi shu vaqtdan boshlab Uni shunday ataydigan va eslaydigan ish bo’lib qoladi (7–8-oyatlar).

Shunday qilib, Xudo sadoqatli cho’pon singari O’z xalqini yig’adi. U O’z xalqiga g’amxo’rlik qiladigan ko’pgina sadoqatli cho’ponlarni yetishtiradi. Shunga qaramay, aynan bir cho’pon-shoh Xudo xalqini qutqaradi va Xudoning boshqaruvi ostida, Xudo xohlagan joyda ularning gullab-yashnashini ta’minlaydi.

Ishayo 40:11 Xudo O’z qo’ylarini O’zi yig’ishining yangi chiqish amalining boshqa jihatini ko’rsatadi:

Choʻpon kabi, U Oʻz suruvini boqadi,

Qoʻzilarni qoʻllarida koʻtaradi.

Ularni koʻtarib, bagʻriga bosadi,

Qoʻzilari bilan birga ona qoʻyni

Ehtiyotlab haydab boradi.

Hizqiyol 34-bobda Xudoning O’z xalqini qutqaradigan cho’pon sifatidagi ishining batafsil portretini chizib berilgan. Isroilning o’sha paytdagi cho’ponlari qo’ylarning o’rniga o’zlarini boqdilar, kasal qo’ylarni davolamadilar, adashib qolganlarini izlab topmadilar, shuning uchun hozir Xudoning suruvi har tomonga tarqalib ketgan (1–6-oyatlar). Bularning hammasi uchun Xudo bu yovuz cho’ponlarni hukm qiladi va qo’ylarini O’zi xalos qiladi (7–10-oyatlar). Xudoning O’zi ularni izlab topadi, ozod qiladi, ularning o’z yerlariga yig’adi, ularni boqadi va o’tloqlarda orom berish va o’tlab yurish uchun olib boradi (11–14-oyatlar). “Men Oʻzim qoʻylarimga choʻpon boʻlaman. Ularga orom beraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Yoʻqolgan qoʻylarimni izlab topaman, adashganlarini qaytarib olib kelaman. Ularning yaralarini bogʻlab qoʻyaman, nimjon qoʻylarni parvarish qilaman…. Men suruvimni adolat ila boqaman” (15–16-oyatlar).

Yana, Xudo shunday va’da beradi: “Men qulim Dovudni choʻpon qilib tayinlayman. U suruvimni boqadi, ularga choʻponlik qiladi” (23-oyat). Shunday qilib, Xudoning O’zi ularga cho’pon bo’ladi, lekin Uning “quli Dovud” ham ularga cho’ponlik qiladi. Xudo O’z xalqiga yana cho’ponlik qilganda, ular tinchlik, marhamat, xavfsizlik, farovonlik, erkinlik, sharaf va Xudo haqida haqiqiy bilimga ega bo’ladilar (25–31-oyatlar).

Iso Yaxshi Cho’pon

Xudo O’z xalqini boshqarish uchun qo’ygan bu cho’pon kim? Bu Iso, yaxshi cho’pon. Iso olomonni koʻrib, ularga achinib ketdi, chunki ular choʻponsiz qoʻylarday dovdiragan va holdan toygan edilar (Matto 9:36). Iso Xudoning suruviga farovon hayot berish uchun kelgan (Yuhanno 10:10), Xudoning suruvi uchun O’z hayotini qurbon qiladigan (11, 15-oyat), O’z qo’ylarini biladigan (14-oyat), hamma qo’ylarini bitta suruvga yig’adigan (16-oyat) yaxshi cho’pondir.

Xudo xalqini suruv sifatidagi metaforasi (o’xshatishi) birinchi marta och, tashna, quyoshda kuygan, hali haqiqiy uylariga yetib kelmagan sahrodagi Isroil xalqini tasvirlash uchun ishlatilgan. Ruhiy ma’noga aylantiradigan bo’lsak, bularning bari hozirgi vaqtdagi jamoatga to’g’ri keladi. Sahrodagi Isroil kabi, biz hali Xudoning farog’at diyoriga kirganimiz yo’q (Ibroniylar 4:11). Biz nafaqat ochlik va qiyinchilik, shu bilan birga, qarshilik va quvg’inlar tahdidi ostidamiz.

Hozir biz ojiz va qiyinchiliklar bosimi ostidamiz tentirab yuribmiz. Lekin, Vahiyda Yuhanno bizning so’nggi manzilimizga bir nazar tashlaydi:

Ular endi och qolmaydilar, chanqamaydilar.

Quyosh ham, oftob ham ularni urmaydi.

Zotan, taxt oldida turgan Qoʻzining Oʻzi ularga choʻponlik qiladi.

Ularni hayotbaxsh suv buloqlariga olib boradi.

Xudo ularning koʻzidagi har bir tomchi yoshni artib qoʻyadi. (Vahiy 7:16-17)

Rabbimiz Iso bizning Cho’ponimizdir, U yaxshi Cho’pondir. Bir kun kelib tez orada, U bizning Cho’ponimiz bo’ladi va biz boshqa hech qachon och qolmaymiz va azob chekmaymiz.

BOSH CHO’PONIMIZ KABI CHO’PONLIK QILISH

Shunday qilib, bu hikoya jamoatning cho’ponlariga nima demoqda? Isoning Butrusga aytgan mashhur so’zlari bizni to’g’ri yo’nalish tomon yo’naltiradi. Iso uch marta Butrusdan “Meni yaxshi ko’rasanmi”, deb so’raydi, Butrus uch marta “ha” deb javob beradi, Iso uch marta Butrusga qo’ylarini boqishini aytadi (Yuhanno 21:15-17). Yuhanno Xushxabarida bu parchada “o’tlatish” yoki “boqish” uchun ikkita har xil yunoncha so’zlar ishlatiladi, lekin ular bir xil ma’noga ega so’zlar. Ularning ikkalasi ham cho’ponlar qo’ylarga ko’rsatadigan keng qamrovli g’amxo’rlikni: boqish, qo’riqlash, boshqarish, himoya qilishni bildiradi. Aynan mana shu g’amxo’rlikni cho’ponlar o’z odamlariga ko’rsatishlari kerak.

Cho’ponlar sog’lom ta’limotda nasihat qilib (Titus 1:9-10), Xudoning butun maqsadini bayon etib (Havoriylar 20:27), o’z odamlarini Kalom bilan oziqlantirishlari kerak. Cho’ponlar o’z odamlarini soxta ta’limotlardan, ularni noto’g’ri yo’lga boshlaydiganlardan himoya qilishlari kerak (Havoriylar 20:29-31). Cho’ponlar xudojo’ylikda namuna ko’rsatib (Ibroniylar 13:7), ularni xizmat qilishga tayyorlab (Efesliklar 4:12), hamda jamoat ishlarini donolik bilan boshqarib (1-Timo’tiy 5:17), o’z jamoati a’zolariga yetakchilik qilishlari kerak. Cho’ponlar o’z odamlariga ular muhtoj bo’lgan har qanday nasihat, yordam va daldani mehr bilan ta’minlash bilan g’amxo’rlik qilishlari kerak.

Bitta so’z bilan aytganda, cho’ponlar g’amxo’rlik qiladilar. Ular shunchaki og’izda emas, amalda o’z jamoati a’zolari uchun g’amxo’rlik qiladilar. Ular o’z odamlarini biladilar. Ular o’z odamlarini qidirib topadilar. Odamlar hatto qalblariga nimaga muhtojligini bilmasa yoki istamasa ham cho’ponlar ularning qalbiga kerakli narsani beradilar.

Shunday qilish bilan, cho’ponlar Ota Xudoni aks ettiradilar. Pavlus jamoat yetakchilariga shunday nasihat qiladi: “Ey birodarlar, sizlardan oʻtinib soʻraymiz: ishyoqmaslarni ogohlantiring, jurʼatsizlarga dalda bering, zaiflarga yordam koʻrsating, hammaga sabr–toqatli boʻling” (1-Salonikaliklar 5:14). Xudo adashganlarni qidirib topish, tarqalib ketganlarni ortga qaytarish, yaralarini bog’lab qo’yish va ularning hammasini adolat ila boqishini va’da berganda, U aynan mana shunday shaxsan g’amxo’rlikni nazarda tutgan (Hizqiyol 34:16).

Cho’ponlar Iso Masihni aks ettiradilar. Iso Masih har qanday cho’pondan oldin Xudo xalqiga cho’ponlik qilgan, cho’ponlarning xizmati orqali xalqini boshqargan va har bir cho’ponning xizmati tugaganida ham xalqini tashlab qo’ymagan. Mana shuning uchun ham, Butrus Isoni “Bosh Cho’pon”, deb ataydi (1-Butrus 5:4). Iso Xudo Dovudning avlodidan yetishtirgan vorisdir; U Xudo xalqining yagona, haqiqiy Cho’pon-Shohidir. Shunday bo’lsada, Isoning cho’ponlik xizmati insoniy cho’ponlarni chetga chiqarmaydi, aksincha ularni tayyorlab, mustahkamlaydi.

Qadrli cho’pon, sizning mahalliy jamoatingiz xizmatingiz bashoratning ijobat bo’lishida ishtirok etishi mumkinligini bilasizmi? Xudo O’z xalqi ustidan Oliy Cho’ponligini o’rnatganda ular ustidan ko’pgina cho’ponlarni ham tayinlashi haqidagi va’dasini eslang (Yeremiyo 23:4-5). Bu cho’ponlar Xudo xalqini donolik va bilim bilan boshqarishadi (Yeremiyo 3:15).

Sizning xizmatdagi ustuvorliklaringiz Bosh Cho’ponnikiga qanchalik mos keladi? Qo’ylaringizning ruhiy ehtiyojlarini qanchalik yaxshi bilasiz? O’sha ehtiyojlarni birma-bir qondirish uchun qancha vaqt ajratasiz va harakat qilasiz? Siz ko’proq binoga qancha yangi odam kirishi haqida qayg’urasizmi yoki ularning jon (qalb) larining zaifligi yoki gullab-yashnashi haqidami?

O’z odamlaringizning imonda sog’lom bo’lishi tahdidlariga qarshi hushyor turibsizmi? Yoki qo’ylaringizni kalomiy ta’limotning chuqur tushunchasi bilan qurollantirolmay soxta ustozlarga oson o’lja qilib qoldirasizmi?

Qo’ylaringizning qaysi biri yaxshi o’sayotgani va qaysi biri holsizlanayotganini bilasizmi? Qaysi biri ruhan kuchli va qaysilari betob? Qaysilari qo’rada xavfsiz va qaysilari kimsasiz joylarda adashib yuribdi?

Agar siz cho’ponlik vazifalaringiz haqidagi bilimlaringizni yangilamoqchi bo’lsangiz, Xudo O’z xalqiga butun Muqaddas Kitob hikoyasi davomida qanday cho’ponlik qilganiga e’tibor bering. Uning muloyim g’amxo’rligi va kuchli himoyasidan hayratlaning. U O’z xalqining turli muhtojliklariga hafsala bilan e’tibor beradi, Undan o’rganing. Xudoning mehribonligi teranligidan, butun koinotni O’z qo’lida ushlagan Zotning O’zi egilib, yurishga madori yo’q nimjon qo’ylarini qo’lida ko’tarishidan hayratlaning. Ibodat qiling, toki O’z inoyati va Ruhining qudrati bilan Xudo sizni O’z ko’ngliga mos cho’pon qilib ko’tarsin.


[1] Ushbu bo’lim davomida men Timo’tiy S. Laniakning Ko’nglimga Mos Cho’ponlar: Kalomdagi Cho’ponlik An’analari va Yetakchilik nomli egzegetikasiga (talqiniga) asoslandim (Shepherds after My Own Heart: Pastoral Traditions and Leadership in the Bible, New Studies in Biblical Theology 20 [Downers Grove, IL: InterVarsity Press, 2006]).


 Birinchi marta 9ta Belgilar veb-sahifasida chop etilgan: www.9marks.org

Asl maqolani quyidagi havola orqali topishingiz mumkinhttps://www.9marks.org/article/biblical-theology-and-shepherding/


Каломий Теология ва Чўпонлик

Чўпонлик иш таснифини қандай ёзган бўлар эдингиз? Намуналарни қаердан излаган бўлар эдингиз? Эҳтимол, сиз бошқа бир неча маҳаллий жамоатларда аллақачон мавжуд намунани олиб унга ўз жамоатингизнинг иш жадвали ва дастурларига бир неча ўзгартиришлар киритарсиз.

Бу, албатта, чўпон қандай бўлиши ва нима қилишини аллақачон ҳамма билишини кўрсатади. Лекин, чўпоннинг асосий/фундаментал роли нима эканлигини қандай биламиз?

Шубҳасиз, чўпоннинг кимлигини билиш учун Каломга қараймиз. Лекин, Каломни қаерида бу ҳақда ёзилган? Биз оқсоқолларнинг хислатларидан келиб чиқадиган ишлардан бошлашимиз (1 Тимўтий 3:1–7; Титус 1:5–10), ва жамоат етакчиларига берилган аниқ буйруқларни диққат билан қараб чиқишимиз мумкин. Мана шу буйруқларнинг баъзиларига чуқурроқ қарайдиган бўлсак, қизиқ манзара пайдо бўлади. Ҳаворийлар 20:28 ва 1 Бутрус 5:1-3га эътибор беринг, иккаласи ҳам маҳаллий жамоат оқсоқолларига қарата ёзилган:

Ўзларингизни эҳтиёт қилинглар, сурувни ҳам эҳтиёт қилинглар. Чунки Муқаддас Руҳ уларни сизнинг қарамоғингизга берган. Худонинг жамоатига чўпон бўлинглар [Грекча poimainein]. Худо жамоатни Ўз Ўғлининг қони эвазига сотиб олган (Ҳаворийлар 20:28).

Эй жамоат оқсоқоллари, энди сизларга бир насиҳатим бор. Мен ҳам сизларга ўхшаган оқсоқолман. Масиҳ чеккан азоблари ҳақида шаҳодат берувчи ва Унинг зоҳир бўладиган улуғворлигининг иштирокчиси сифатида мен сизлардан ўтинаман: Назоратингиздаги Худонинг сурувини яхши боқинглар [Грекча poimanate]. Бу хизматни мажбурият юзасидан эмас, балки чин кўнгилдан, Худога манзур тарзда бажаринглар. Шунчаки пулпарастлик мақсадида эмас, самимият билан ижро этинглар. Қўлингиз остидаги сурувга ўз ҳукмингизни ўтказмай, уларга ўрнак бўлинглар (1 Бутрус 5:1–3).

Ушбу парчаларнинг иккаласида ҳам, чўпонлик қилишнинг асосий вазифаси Грекча поимаино феъли билан хулоса қилинган, унинг бирламчи маъноси қўйларга ғамхўрлик қилишдаги “чўпонлик қилиш”дир (Луқо 17:7; 1 Коринфликлар 9:7). Павлус ҳам (Ҳаворийларда), Бутрус ҳам чўпонлик қилиш ишини битта сўзда жамлашади: чўпонлик қилиш.

Эфесликларга 4:11да Павлус чўпонларга “жамоатнинг чўпонларию устозлари” дея мурожаат қилади ва бу орқали чўпонлик қилиш чўпонлик (пастор) мартабасининг асосий вазифаси эканлиги ғоясини намоён этади. Аслида, ўзбекча “чўпон” сўзи Лотин тилидаги “пастор” сўзининг таржимаси бўлиб, “чўпонлик қилиш” маъносини билдиради. Шундай қилиб, чўпонлик қилиш “пастор” сўзи ҳамда чўпонлик қилишнинг каломий таърифлари учун асосдир.

Лекин, чўпонлик қилиш нимани билдиришини қаердан ўрганишимиз мумкин? Агар сиз қўйлар ва уларнинг эҳтиёжлари ҳақида бошланғич тасаввурга эга бўлсангиз, унда асосий тушунчага ҳам эгасиз. Қўйларни боқиш, парваришлаш, бошқариш ва ҳимоя қилиш керак. Чўпонлар ўз жамоати аҳли учун буларни руҳий йўналишда амалга оширадилар.

КАЛОМДАН ЧЎПОНЛИК ҲАҚИДА ҲИКОЯ

Биз бутун Муқаддас Китоб ҳикояси бўйлаб бу ўхшатиш қандай очилишини кўрганимизда, у бутунлай янги теран маънога эга бўлади. Охир-оқибатда чўпонлар Худо Ўз халқига қандай чўпонлик қилишига қараб чўпон бўлиш нимани англатишини ўрганиб олишади.

Чиқишдаги Илоҳий Чўпон

Худо Ўз халқини Мисрдан олиб чиқиб, қирқ йил давомида уларга саҳрода йўлбошчилик қилиб ва уларни ўз ерларига эсон-омон етаклаб борган пайтдан бошлаб Муқаддас Китобнинг чўпонлик ҳақидаги ҳикояси чинакамига бошланади.[1] Бутун чиқиш ва саҳродан ўтиш даврини тасвирлаб, Забур 76:21да шундай дейилади: “Халқингни қўй сурувидай етаклаб бординг, Мусо, Ҳорунни раҳнамо қилиб танладинг.”

Худди чўпон сингари, Худо Ўз халқи билан шахсан бирга бўлди (Чиқиш 33:15-16). Худди чўпон сингари, Худо Ўз халқини ҳимоя қилди (Саҳрода 14:7-9; Қонунлар 23:14). Худди чўпон сингари, Худо Ўз халқини таъминлади. Худо уларни боқди (Забур 77:19, 104:40-41). Худо уларга шифо берди (Чиқиш 15:26, Саҳрода 21:8-9).

Худди чўпон сингари, Худо Ўз халқини унумли яйловларга етаклайди: “Ўзинг қутқарган ўша халқни Сен содиқ севгинг билан олиб борасан. Муқаддас маконингга қудратинг билан уларни етаклаб борасан” (Чиқиш 15:13). Худди чўпон сингари, Худо Ўз халқини мулойимлик ва меҳр билан етаклади:

“Мен эса уни меҳр ила етаклагандим, Муҳаббат ришталари ила олиб юрган эдим.

Бўйнидан бўйинтуруқни олиб ташлагандим, Мулойимлик билан уни боққандим” (Хўшея 11:4).

Буларнинг барида Худо Ўз халқига чўпонлик қилиш учун тайинлаган инсон-етакчи Мусо орқали уларга чўпонлик қилди (Забур 76:21). Мусонинг ўзи Эгамиздан ўринбосар сўради, токи “Сенинг жамоанг чўпонсиз қўйдай бўлиб қолмасин” (Саҳрода 27:17).

Шундай қилиб Эгамиз, дунёнинг илоҳий Шоҳи, шу билан бирга, Ўз халқининг Чўпони ҳамдир ва У Ўзи тайинлаган инсоний чўпон орқали уларга чўпонлик қилди.

Довуд, Чўпон-Шоҳ

Бир неча юз йиллардан кейин, бу намуна Довуд ва унинг сулоласида давом этади. Эгамиз Довудни қўйларга чўпонлик қилишдан олиб, Исроилга чўпон қилиб қўйди (2-Шоҳлар 5:1-3, 7:8). Сано муаллифи шундай дейди:

Худо Ўз қули Довудни танлаб олди,

Қўй қўрасидан уни чақириб олди.

У Довудни совлиқ қўй, қўзиларга чўпонликдан олди.

Ўзининг халқи Исроилга,

Ёқуб наслига чўпон қилиб тайинлади.

Довуд уларга ҳалоллик билан чўпонлик қилди,

Моҳирлик билан уларни етаклаб борди. (Забур 77:70-72)

Довуд ўз қарамоғидаги қўйларни меҳр билан боққани каби, у, асосан, Исроилни масъулият ва раҳмдиллик билан бошқарди, уларга тўғрилик ва донолик билан чўпонлик қилади.

Шундай бўлсада, Худонинг Ўзи Исроилнинг ҳақиқий чўпонилигича қолди. Исроил буни тан олиб, шундай дейди: “У Худойимиздир, биз Унинг яйловидаги халқмиз, Биз Унинг қўл остидаги қўйлармиз” (Забур 94:7). Худо тайинлаган ёрдамчи-чўпон Довуд эса, Забур 22даги юксак шеърият намунасида Худонинг таъминоти, ҳимояси ва бошқарувига нисбатан ўз ишончини эълон қилади.

Лекин, Исроил чўпон-шоҳларининг ҳаммаси ҳам Исроилни Эгамизнинг Каломига амал қилган ҳолда ям-яшил ўтлоқларига етакламади. Бунинг ўрнига, уларнинг кўпчилиги Худо халқини бутпарастлик ва адолатсизликнинг қуриган чўлларига етаклади. Шундай қилиб, Худо гуноҳлари учун жазо сифатида Ўз сурувини халқлар орасида тарқатиб юборди (Левилар 26:33; Қонунлар 4:27, 28:64; 3 Шоҳлар 14:15).

Янги Чиқишдаги Янги Чўпонлар

Лекин, Ўз халқини тарқатиб юборган ўша Худо уларни қайта йиғишга ваъда берган. Еремиё 23:1-2да, Эгамиз Исроилнинг ёвуз шоҳлари, Худонинг сурувини бузган ва тарқатиб юборган чўпонлар устидан Ўз ҳукмини эълон қилади. Бу чўпонлар Худонинг халқига ғамхўрлик ва ҳимоя қилишга эътибор бермадилар, шунинг учун Худо уларни ҳукм қилди. Фақатгина бу эмас, 3-4 ойлатларда Худо шундай дейди:

“Мен қўйларимни ҳар хил юртларга ҳайдаб юборган эдим. Энди Ўзим уларни йиғиб оламан, ўзларининг яйловига олиб келаман. Улар баракали бўлиб, кўпаядилар. Мен улар устидан бошқа чўпонларни тайинлайман. Чўпонлар қўйларимни боқадилар. Шунда қўйларим ҳеч нарсадан қўрқмайди, саросимага тушмайди. Уларнинг биронтаси ҳам йўқолмайди.” Эгамизнинг каломи шудир.

Эгамиз Ўз халқининг бойликларини тиклайди ва уларнинг ғамхўрлик қиладиган, таъминлайдиган ва ҳимоя қиладиган чўпонлари бўлади. Бу чўпонлар Худонинг халқига қандай хизмат қиладилар? Еремиё 3:15даги параллел парча бизга шундай дейди: “Мен сизларга кўнглимдаги чўпонларни бераман. Улар сизларни донолик ва билим билан бошқаришади.” Худонинг қайта йиғилган халқи етакчилари Худонинг йўллари ва Каломи донолиги ва билими билан боқиш орқали халққа етакчилик қиладилар.

Фақатгина бу эмас, балки, Худо Ўз халқининг ҳар бирига нажот берадиган олий ҳукмдор, Довуднинг ворисини ҳам етиштиради:

Эгамиз демоқда: “Шундай кунлар келадики, Мен Довуд наслидан солиҳ бир новдани етиштираман. Бу Шоҳ донолик билан ҳукмронлик қилади. Адолат ва тўғрилик билан иш тутади. Унинг ҳукмронлиги даврида Яҳудо халқи бехатар яшайди, Исроил халқи осойишта ҳаёт кечиради. Ўша Шоҳни ‘Эгамиз — нажоткоримиз’ деб аташади.” (Еремиё 23:5-6)

Худо халқининг қайта йиғилиши, яъни ўз ерларига қайтиш учун янги чиқиш шундай порлайдики, Худо Ўз халқини Мисрдан қудратли тарзда халос этиши воқеаси унинг соясида қолиб кетади ҳамда бу Худо халқи шу вақтдан бошлаб Уни шундай атайдиган ва эслайдиган иш бўлиб қолади (7–8-оятлар).

Шундай қилиб, Худо садоқатли чўпон сингари Ўз халқини йиғади. У Ўз халқига ғамхўрлик қиладиган кўпгина садоқатли чўпонларни етиштиради. Шунга қарамай, айнан бир чўпон-шоҳ Худо халқини қутқаради ва Худонинг бошқаруви остида, Худо хоҳлаган жойда уларнинг гуллаб-яшнашини таъминлайди.

Ишаё 40:11 Худо Ўз қўйларини Ўзи йиғишининг янги чиқиш амалининг бошқа жиҳатини кўрсатади:

Чўпон каби, У Ўз сурувини боқади,

Қўзиларни қўлларида кўтаради.

Уларни кўтариб, бағрига босади,

Қўзилари билан бирга она қўйни

Эҳтиётлаб ҳайдаб боради.

Ҳизқиёл 34 бобда Худонинг Ўз халқини қутқарадиган чўпон сифатидаги ишининг батафсил портретини чизиб берилган. Исроилнинг ўша пайтдаги чўпонлари қўйларнинг ўрнига ўзларини боқдилар, касал қўйларни даволамадилар, адашиб қолганларини излаб топмадилар, шунинг учун ҳозир Худонинг суруви ҳар томонга тарқалиб кетган (1–6 оятлар). Буларнинг ҳаммаси учун Худо бу ёвуз чўпонларни ҳукм қилади ва қўйларини Ўзи халос қилади (7–10 оятлар). Худонинг Ўзи уларни излаб топади, озод қилади, уларнинг ўз ерларига йиғади, уларни боқади ва ўтлоқларда ором бериш ва ўтлаб юриш учун олиб боради (11–14 оятлар). “Мен Ўзим қўйларимга чўпон бўламан. Уларга ором бераман, — деб айтмоқда Эгамиз Раббий. — Йўқолган қўйларимни излаб топаман, адашганларини қайтариб олиб келаман. Уларнинг яраларини боғлаб қўяман, нимжон қўйларни парвариш қиламан…. Мен сурувимни адолат ила боқаман” (15–16 оятлар).

Яна, Худо шундай ваъда беради: “Мен қулим Довудни чўпон қилиб тайинлайман. У сурувимни боқади, уларга чўпонлик қилади” (23 оят). Шундай қилиб, Худонинг Ўзи уларга чўпон бўлади, лекин Унинг “қули Довуд” ҳам уларга чўпонлик қилади. Худо Ўз халқига яна чўпонлик қилганда, улар тинчлик, марҳамат, хавфсизлик, фаровонлик, эркинлик, шараф ва Худо ҳақида ҳақиқий билимга эга бўладилар (25–31 оятлар).

Исо Яхши Чўпон

Худо Ўз халқини бошқариш учун қўйган бу чўпон ким? Бу Исо, яхши чўпон. Исо оломонни кўриб, уларга ачиниб кетди, чунки улар чўпонсиз қўйлардай довдираган ва ҳолдан тойган эдилар (Матто 9:36). Исо Худонинг сурувига фаровон ҳаёт бериш учун келган (Юҳанно 10:10), Худонинг суруви учун Ўз ҳаётини қурбон қиладиган (11, 15 оят), Ўз қўйларини биладиган (14 оят), ҳамма қўйларини битта сурувга йиғадиган (16 оят) яхши чўпондир.

Худо халқини сурув сифатидаги метафораси (ўхшатиши) биринчи марта оч, ташна, қуёшда куйган, ҳали ҳақиқий уйларига етиб келмаган саҳродаги Исроил халқини тасвирлаш учун ишлатилган. Руҳий маънога айлантирадиган бўлсак, буларнинг бари ҳозирги вақтдаги жамоатга тўғри келади. Саҳродаги Исроил каби, биз ҳали Худонинг фароғат диёрига кирганимиз йўқ (Ибронийлар 4:11). Биз нафақат очлик ва қийинчилик, шу билан бирга, қаршилик ва қувғинлар таҳдиди остидамиз.

Ҳозир биз ожиз ва қийинчиликлар босими остидамиз тентираб юрибмиз. Лекин, Ваҳийда Юҳанно бизнинг сўнгги манзилимизга бир назар ташлайди:

Улар энди оч қолмайдилар, чанқамайдилар.

Қуёш ҳам, офтоб ҳам уларни урмайди.

Зотан, тахт олдида турган Қўзининг Ўзи уларга чўпонлик қилади.

Уларни ҳаётбахш сув булоқларига олиб боради.

Худо уларнинг кўзидаги ҳар бир томчи ёшни артиб қўяди. (Ваҳий 7:16-17)

Раббимиз Исо бизнинг Чўпонимиздир, У яхши Чўпондир. Бир кун келиб тез орада, У бизнинг Чўпонимиз бўлади ва биз бошқа ҳеч қачон оч қолмаймиз ва азоб чекмаймиз.

БОШ ЧЎПОНИМИЗ КАБИ ЧЎПОНЛИК ҚИЛИШ

Шундай қилиб, бу ҳикоя жамоатнинг чўпонларига нима демоқда? Исонинг Бутрусга айтган машҳур сўзлари бизни тўғри йўналиш томон йўналтиради. Исо уч марта Бутрусдан “Мени яхши кўрасанми”, деб сўрайди, Бутрус уч марта “ҳа” деб жавоб беради, Исо уч марта Бутрусга қўйларини боқишини айтади (Юҳанно 21:15-17). Юҳанно Хушхабарида бу парчада “ўтлатиш” ёки “боқиш” учун иккита ҳар хил юнонча сўзлар ишлатилади, лекин улар бир хил маънога эга сўзлар. Уларнинг иккаласи ҳам чўпонлар қўйларга кўрсатадиган кенг қамровли ғамхўрликни: боқиш, қўриқлаш, бошқариш, ҳимоя қилишни билдиради. Айнан мана шу ғамхўрликни чўпонлар ўз одамларига кўрсатишлари керак.

Чўпонлар соғлом таълимотда насиҳат қилиб (Титус 1:9-10), Худонинг бутун мақсадини баён этиб (Ҳаворийлар 20:27), ўз одамларини Калом билан озиқлантиришлари керак.  Чўпонлар ўз одамларини сохта таълимотлардан, уларни нотўғри йўлга бошлайдиганлардан ҳимоя қилишлари керак (Ҳаворийлар 20:29-31). Чўпонлар художўйликда намуна кўрсатиб (Ибронийлар 13:7), уларни хизмат қилишга тайёрлаб (Эфесликлар 4:12), ҳамда жамоат ишларини донолик билан бошқариб (1 Тимўтий 5:17), ўз жамоати аъзоларига етакчилик қилишлари керак. Чўпонлар ўз одамларига улар муҳтож бўлган ҳар қандай насиҳат, ёрдам ва далдани меҳр билан таъминлаш билан ғамхўрлик қилишлари керак.

Битта сўз билан айтганда, чўпонлар ғамхўрлик қиладилар. Улар шунчаки оғизда эмас, амалда ўз жамоати аъзолари учун ғамхўрлик қиладилар. Улар ўз одамларини биладилар. Улар ўз одамларини қидириб топадилар. Одамлар ҳатто қалбларига нимага муҳтожлигини билмаса ёки истамаса ҳам чўпонлар уларнинг қалбига керакли нарсани берадилар.

Шундай қилиш билан, чўпонлар Ота Худони акс эттирадилар. Павлус жамоат етакчиларига шундай насиҳат қилади: “Эй биродарлар, сизлардан ўтиниб сўраймиз: ишёқмасларни огоҳлантиринг, журъатсизларга далда беринг, заифларга ёрдам кўрсатинг, ҳаммага сабр–тоқатли бўлинг” (1 Салоникаликлар 5:14). Худо адашганларни қидириб топиш, тарқалиб кетганларни ортга қайтариш, яраларини боғлаб қўйиш ва уларнинг ҳаммасини адолат ила боқишини ваъда берганда, У айнан мана шундай шахсан ғамхўрликни назарда тутган (Ҳизқиёл 34:16).

Чўпонлар Исо Масиҳни акс эттирадилар. Исо Масиҳ ҳар қандай чўпондан олдин Худо халқига чўпонлик қилган, чўпонларнинг хизмати орқали халқини бошқарган ва ҳар бир чўпоннинг хизмати тугаганида ҳам халқини ташлаб қўймаган. Мана шунинг учун ҳам, Бутрус Исони “Бош Чўпон”, деб атайди (1 Бутрус 5:4). Исо Худо Довуднинг авлодидан етиштирган ворисдир; У Худо халқининг ягона, ҳақиқий Чўпон-Шоҳидир. Шундай бўлсада, Исонинг чўпонлик хизмати инсоний чўпонларни четга чиқармайди, аксинча уларни тайёрлаб, мустаҳкамлайди.

Қадрли чўпон, сизнинг маҳаллий жамоатингиз хизматингиз башоратнинг ижобат бўлишида иштирок этиши мумкинлигини биласизми? Худо Ўз халқи устидан Олий Чўпонлигини ўрнатганда улар устидан кўпгина чўпонларни ҳам тайинлаши ҳақидаги ваъдасини эсланг (Еремиё 23:4-5). Бу чўпонлар Худо халқини донолик ва билим билан бошқаришади (Еремиё 3:15).

Сизнинг хизматдаги устуворликларингиз Бош Чўпонникига қанчалик мос келади? Қўйларингизнинг руҳий эҳтиёжларини қанчалик яхши биласиз? Ўша эҳтиёжларни бирма-бир қондириш учун қанча вақт ажратасиз ва ҳаракат қиласиз? Сиз кўпроқ бинога қанча янги одам кириши ҳақида қайғурасизми ёки уларнинг жон (қалб) ларининг заифлиги ёки гуллаб-яшнаши ҳақидами?

Ўз одамларингизнинг имонда соғлом бўлиши таҳдидларига қарши ҳушёр турибсизми? Ёки қўйларингизни каломий таълимотнинг чуқур тушунчаси билан қуроллантиролмай сохта устозларга осон ўлжа қилиб қолдирасизми?

Қўйларингизнинг қайси бири яхши ўсаётгани ва қайси бири ҳолсизланаётганини биласизми? Қайси бири руҳан кучли ва қайсилари бетоб? Қайсилари қўрада хавфсиз ва қайсилари кимсасиз жойларда адашиб юрибди?

Агар сиз чўпонлик вазифаларингиз ҳақидаги билимларингизни янгиламоқчи бўлсангиз, Худо Ўз халқига бутун Муқаддас Китоб ҳикояси давомида қандай чўпонлик қилганига эътибор беринг. Унинг мулойим ғамхўрлиги ва кучли ҳимоясидан ҳайратланинг. У Ўз халқининг турли муҳтожликларига ҳафсала билан эътибор беради, Ундан ўрганинг. Худонинг меҳрибонлиги теранлигидан, бутун коинотни Ўз қўлида ушлаган Зотнинг Ўзи эгилиб, юришга мадори йўқ нимжон қўйларини қўлида кўтаришидан ҳайратланинг. Ибодат қилинг, токи Ўз инояти ва Руҳининг қудрати билан Худо сизни Ўз кўнглига мос чўпон қилиб кўтарсин.


[1] Ушбу бўлим давомида мен Тимўтий С. Ланиакнинг Кўнглимга Мос Чўпонлар: Каломдаги Чўпонлик Анъаналари ва Етакчилик номли эгзегетикасига (талқинига) асосландим (Shepherds after My Own Heart: Pastoral Traditions and Leadership in the Bible, New Studies in Biblical Theology 20 [Downers Grove, IL: InterVarsity Press, 2006]).


Биринчи марта 9та Белгилар веб-саҳифасида чоп этилган: www.9marks.org

Асл мақолани қуйидаги ҳавола орқали топишингиз мумкин: https://www.9marks.org/article/biblical-theology-and-shepherding/