Каломий Теология
Farovonlik Xushxabarining 5 Xatosi
Bir asrdan ko’proq muqaddam butun Kraystedomdagi osha paytdagi eng katta jamoatga gapirayotganda, Charlz Sperjen shunday degan edi:
Aminmanki, har bir masihiy uchun boylik to’plash maqsadida yashash masihiylikka qarshi va nopokdir. Siz: “Biz ishlab topa olishimiz mumkin bo’lgan hamma boylikka erishishga harakat qilishimiz kerak emasmi?”, deb so’raysiz. Siz bunga harakat qilishingiz mumkin. Bu orqali siz Xudo yo’lida xizmat qilishingiz mumkinligiga shubha qilolmayman. Lekin, men boylik to’plash maqsadida yashash masihiylikka qarshi ekanligini nazarda tutdim.[1]
Shunga qaramay, yillar davomida ba’zi dunyodagi eng katta jamoatlarda va’z qilinayotgan xabar o’zgardi. Rostdan ham, bugungi kunda ko’pgina jamoatlarda “yangi xushxabar” o’rgatilmoqda. Bu xushxabarga ko’pgina nomlar berilgan, masalan, “e’lon qiling va ega bo’ling” xushxabari, “uni gapiring va uni qo’lga kiriting” xushxabari, “sog’lik va boylik” xushxabari, “farovonlik xushxabari” va “ijobiy e’tirof teologiyasi.”
Qaysi nom ishlatilishidan qat’iy nazar, yangi xushxabarning mohiyati bir. Sodda qilib aytganda, ushbu egoistik “farovonlik xushxabari” Xudo imonlilarning jismonan sog’lom, moddiy jihatdan boy va shaxsan baxtli bo’lishga undaydi. Farovonlik xushxabarining eng mashhur notiqlaridan biri, Robert Tiltonning so’zlariga quloq tuting: “Ishonamanki, barchaning gullab-yashnashi bu Xudoning irodasidir. Men buni Kalomda ko’rganim uchun bunga ishonaman, bu kimningdir hayotida kuchli ishlagani uchun emas. Men ko’zimni insonlarga emas, boylikka ega bo’lishimga kuch beradigan Xudoga tikaman.”[2] Farovonlik xushxabari ustozlari o’z ergashuvchilarini Xudodan moddiy gullab-yashnashni so’rab ibodat qilishga va hatto buni talab qilishga undaydilar.
FAROVONLIK XUSHXABARINING BESHTA TEOLOGIK XATOLARI
Yaqinda, men va Rassel Vudbridj Sog’lik, Boylik va Baxt deb nomlangan kitob yozdik, unda farovonlik xushxabari ilgari surayotgan iddaolarni tahlil qilib chiqqanmiz.[3] Kitobimiz juda keng qamrovli bo’lgani uchun uning qisqacha xulosasini bu yerda yozib o’tirmayman, buning o’rniga kitobimizda aytib o’tilgan beshta ta’limotni ushbu maqolada ko’rib chiqamiz. Bular farovonlik xushxabari tarafdorlari beshta ta’limot bo’yicha yo’l qo’ygan xatoliklardir. Umid qilamanki, bu maqolani o’qiyotganlar asosiy ta’limotlarga doir bu xatoliklarni fahmlab, farvonlik xushxabarining xavflarini aniq ko’ra oladilar. Ushbu maqolada Ibrohim bilan tuzilgan ahdi, oqlanish, berish, imon va ibodat ta’limotlari bo’yicha so’z yuritaman.
- Ibrohim bilan tuzilgan ahd moddiy huquq berish vositasidir.
Biz ko’rib chiqadigan birinchi xato bu farovonlik xushxabarining Ibrohim bilan tuzilgan ahdni moddiy huquq berish vositasi sifatida qarashidir.
Farovonlik xushxabarining teologik asoslaridan biri, Ibrohim bilan tuzilgan ahd (Ibtido 12, 15, 17, 22). Farovonlik xushxabari teologlari Muqaddas Kitobning ko’p qismi Ibrohim bilan tuzilgan ahdning ijobati ekanligini tan olishlari yaxshi, lekin ular bu ahdning ortodoksal (umumiy qabul qilingan) nuqtai nazarini yoqlamasliklari yomon. Ular ahdning tuzilishiga nisbatan noto’g’ri fikrdalar, bundan ham yomonrog’i, ular ahdning qo’llanishi borasida ham noto’g’ri fikr qiladilar.
Edvard Pousson farovonlik xushxabari Ibrohim bilan tuzilgan ahdning qo’llanishi borasida qanday fikrda ekanini juda yaxshi ta’riflagan: “Masihiylar Ibrohimning ruhiy farzandalari va imon barakalari (marhamatlari) ning merosxo’rlaridirlar …. Ibrohimdan qolgan meros birinchi navbatda moddiy huquqlar nuqtai nazaridan ochiladi.”[4] Boshqacha qilib aytganda, farovonlik xushxabari Ibrohim bilan tuzilgan ahdning asosiy maqsadi Xudoning Ibrohimni moddiy jihatdan barakalashidir, demak, imonlilar hozir Ibrohimning ruhiy farzandlari bo’lganlari uchun, bu moddiy barakalarni meros qilib oldilar”, deya o’rgatadi.
Farovonlik o’qituvchisi Kennet Kopland shunday yozadi: “Xudoning Ahdi tuzilgan bo’lib, farovonlik ushbu ahdning ta’minoti ekan, sen farovonlik senga hozir tegishli ekanligini anglab olishing kerak!”[5]
Bu fikrni qo’llab-quvvatlash uchun, faravonlik o’qituvchilari Galatiyaliklar 3:14dagi “…gʻayriyahudiylar ham Iso Masih orqali Xudoning Ibrohimga vaʼda qilgan barakalaridan bahramand boʻladil” deyilgan oyatni dalil qilib keltirishadi. Shunga qaramay, farovonlik o’qituvchilari Galatiyaliklar 3:14 oyatni dalil qilib keltirib, uning ikkinchi qismini e’tiborga olmasliklari juda qiziq: “…biz ham imon orqali Xudo vaʼda qilgan Ruhni olamiz.” Ushbu oyatda Pavlus aniq qilib galatiyaliklarga boylikning moddiy barakalar haqida emas, najotning ruhiy barakalari haqida eslatmoqda.
- Moddiy qashshoqlik “gunohi” uchun ham Iso to’lov to’lagan.
Farovonlik xushxabarining ikkinchi teologik xatosi Isoning xochdagi to’loviga doir noto’g’ri qarashdir.
Teolog Ken Sarles yozadiki, “farovonlik xushxabari Isoning xochdagi to’lovi orqali jismoniy salomatlik ham, moddiy farovonlik ham ta’minlanganini ta’kidlaydi”.[6] Uning bu kuzatishi Kennet Koplendning quyidagi so’zlaridan keyin to’g’ridek ko’rinadi: “Masihiy hayotning asosiy tamoyili Xudo gunohlarimiz, kasalligimiz, azoblarimiz, qayg’ularimiz va nochorligimizni Go’lgotada Isoning bo’yniga qo’yganini bilishdir.”[7] Xochdagi to’lovning ko’lami haqidagi ushbu noto’g’ri tushuncha farovonlik xushxabari tarafdorlarining ikki xato fikrlaridan kelib chiqadi.
Birinchidan, ko’pgina farovonlik teologiyasi qo’llab-quvvatlovchilari Masih hayotiga doir fundamental noto’g’ri qarashga egalar. Misol uchun, o’qituvchi Jon Avanzini quyidagicha ta’kidlaydi: “Isoning yaxshi va katta uyi bo’lgan,”[8] “Iso katta mablag’ga ega bo’lgan,”[9] va hatto dizaynerlar tayyorlagan kiyimlarni kiygan.”[10] Masihning hayoti haqidagi bunday noto’g’ri qarash qanday qilib Masihning o’limi haqidagi xuddi shunday noto’g’ri qarashga olib kelishini ko’rish qiyin emas.
Isoning xochdagi to’lovi borasida noto’g’ri qarashga olib keladigan ikkinchi xatolik bu 2-Korinfliklar 8:9-oyatni noto’g’ri talqin qilinishidir. Bu oyatda shunday deb yozilgan: “Axir, oʻzingiz Rabbimiz Iso Masihning koʻrsatgan inoyatini bilasizlar–ku, U boy boʻlsa ham, sizlarni boy qilish uchun kambagʻal boʻldi.” Bu oyatni shunchaki yuzaki o’qish birovni Pavlus moddiy boylikni ko’paytirish haqida o’rgatayotganiga ishonishga undashi mumkin bo’lsa, kontekstga e’tibor bergan holda o’qish Pavlus aslida butunlay qarama-qarshi tamoyil haqida o’rgatayotganini ko’rsatadi. Aslida, Pavlus Korinfliklarga Masih O’z to’lovi orqali ular uchun juda ko’p narsalarni amalga oshirgan ekan, ular ham o’z boyliklarini Najotkorga xizmat qilish uchun ishlatishlari kerakligini o’rgatayotgan edi. Mana shuning uchun ham, Pavlus beshta qisqa oyatdan keyin korinfliklarni o’z boyliklarini muhtoj birodarlariga ehson qilishga undaydi: “Hozirgi paytda sizlardagi baraka ulardagi yetishmovchiliklarni toʻldirsin” (2-Korinfliklar 8:14).
- Masihiylar Xudodan moddiy mukofot olish uchun berishadi.
Farovonlik xushxabarining uchinchi xatosi, masihiylar Xudodan moddiy mukofot olish uchun berishlari kerak, degan fikr. Farovonlik teologlarining eng hayratga soladigan jihatlaridan biri bu ularning berish/ehson qilish amaliga qattiq urg’u berishlaridir. Farovonlik xushxabari tinglovchilarni saxiylik bilan ehson qilishga da’vat etadi hamda “Haqiqy farovonlik bu hayotning har bir sohasida insoniyatning muhtojliklarini qondirish uchun Xudoning kuchini ishlatish qobiliyatidir,”[11] va “biz butun dunyoga xushxabarning yetkazilishini moliyalashtirishga da’vat etilganmiz”[12] kabi bayonotlarga duch kelishadi. Ushbu bayonotlar maqtovga loyiq bo’lsada, qurbonlik qilish uchun bunday urg’u saxovatpeshalikdan boshqa niyatlarga asoslangan. Ehson qilishga doir bunday ta’limotning orqasida turgan kuch farovonlik ta’limoti o’qituvchisi Robert Tiltonning “Mukofotlanish Qonuni” deb atagan g’oyadir. Go’yo Mark 10:30,[13] ga asoslangan qonun ularga shunday deb o’rgatadi: masihiylar boshqalarga saxiylik bilan ehson qilishlari kerak, chunki ular ehson qilsalar, Xudo ularga yanada ko’proq qilib qaytaradi. Bu esa, o’z navbatida, doimiy o’sib boradigan farovonlik charxpalagiga olib keladi.
Gloria Koplend aytganidek, “10$ ehson qilgin, 1000$ qo’lga kiritgin; 1000$ ehson qilgin va 100 000$ qo’lga kiritgin… qisqa qilib aytganda, Mark 10:30 bu juda yaxshi bitim.”[14] O’z-o’zidan ma’lumki, farovonlik xushxabarining ehson qilishga doir ta’limoti noto’g’ri niyatlar/sabablar ustida qurilgan. Iso O’z shogirdlariga “yaxshilik qiling, qaytarib berishini o’ylamay, qarz bering” (Luqo 6:35) degan bir paytda, farovonlik teologlari o’z shogirdlariga berishlarini, chunki evaziga katta mukofot olishlarini o’rgatishadi.
- Imon o’zi hosil bo’ladigan, farovonlikka olib boradigan ruhiy kuchdir.
Farovonlik teologiyasining to’rtinchi xatosi bu uning imon farovonlikka olib boradigan, o’z-o’zidan hosil bo’ladigan ruhiy kuch ekanligi haqidagi ta’limotidir. Umum e’tirof etilgan masihiylik imon Iso Masih shaxsiga ishonish ekanligini tushungan bir paytda, farovonlik o’qituvchilari umuman boshqacha ta’limotni qo’llab-quvvatlashadi. Kennet Koplend o’zining Farovonlik Qonunlari kitobida shunday yozadi: “Imon bu ruhiy kuch, ruhiy quvvat, ruhiy qudratdir. U ruhiy olam qonunlarining ishlashini ta’minlaydigan imon kuchidir… Xudoning Kalomida farovonlikni tartibga soluvchi aniq qonunlar bor. Imon ularning ishlashini ta’minlaydi.”[15] Bu shubhasiz, imonni tushunishda yo’l qo’yilgan xatolikdir, ehtimol, hatto bid’atchilikdir.
Farovonlik teologiyasiga ko’ra, imon bu Xudo bergan, markazida Xudo bo’lgan iroda harakati emas. Aksincha, bu inson tomonidan yaratilgan, Xudoga yo’naltirilgan ruhiy kuchdir. Aslida, imonni Xudo oldida oqlanish vositasi deb emas, faqatgina moddiy manfaatdorlik vositasi deb ko’radigan har qanday teologiya xato va Kalomga nomuvofiq deya baholanishi kerak.
- Ibodat bu farovonlik berishga Xudoni majbur qiladigan vositadir.
Va nihoyat, farovonlik xushxabari ibodatga Xudoni farovonlik berishga majbur qiladigan vosita sifatida qaraydi. Farovonlik xushxabari ko’pincha e’tibor beringlar “Sizlarda xohlagan narsangiz yoʻq, chunki uni Xudodan soʻramaysizlar” (Yoqub 4:2) deya va’z qiladi. Farovonlik xushxabari tarafdorlari imonlilarni hayotning hamma sohalarida shaxsiy muvaffaqiyat uchun ibodat qilishga da’vat etishadi. Kreflo Dollar shunday yozadi: “Ibodat qilayotganimizda, biz ibodat qilayotgan narsani allaqachon olganimizga ishonsak, Xudo ibodatlarimizni qabul qilishdan boshqa chorasi qolmaydi . . . mana shu masihiy sifatida natijalarga erishishning kalitidir.”[16]
Shubhasiz shaxsiy marhamatlar uchun ibodat qilishning o’zi tabiatan noto’g’ri emas, lekin farovonlik xushxabarining insonga keragidan ortiq urg’u berishi ibodatni imonlilar o’zi xohlagan narsalarini berishi uchun Xudoni majburlaydigan vositaga aylantirib qo’yadi.
Farrovonlik teologiyasi ichida, Xudo emas, inson ibodatning markaziga aylanadi. Qizig’i shundaki, farovonlik ta’limoti o’qituvchilari odatda Yoqubning ibodatga doir ta’limotining ikkinchi qismini e’tiborga olishmaydi, “Soʻragan taqdirda ham, olmayapsizlar, chunki yomon niyat bilan, nafsingizni qondirish uchun soʻrayapsizlar” (Yoqub. 4:3). Xudo O’z nomini ulug’lamaydigan xudbin ibodatlarga javob bermaydi.
Shubhasiz, har bir muhtojligimizni Xudoning oldida izhor qilishimiz kerak (Filippiliklar 4:6), lekin farovonlik xushxabari insonning xohishlariga shunchalik ko’p urg’u beradiki, bu odamlarni Xudoga ulug’vorlik keltirmaydigan xudbin, yuzaki, soxta ibodatlar qilishga olib keladi. Bundan tashqari, farovonlik xushxabarining imon haqidagi doktrinasi bilan qo’shilganda, bu ta’limot odamlarni xohlagan narsalarini olish uchun Xudoni manipulyatsiya qilishga urinishlari mumkin, bu esa behuda harakatdir. Bu Xudoning irodasi bajo bo’lishi haqidagi ibodatdan ancha uzoq.
SOXTA XUSHXABAR
Muqaddas Yozuv nuqtai nazaridan, farovonlik xushxabari fundamental jihatdan noto’g’ri. Mohiyatan farovonlik xushxabari, aslida soxta xushxabardir, chunki unda Xudo va inson o’rtasidagi munosabatga doir noto’g’ri qarash ilgari suriladi. Sodda qilib aytganda, agar farovonlik xushxabari to’g’ri bo’lganda, inoyat eskirgan (muomaladan chiqqan), Xudo ahamiyatsiz, va inson hamma narsalarning o’lchovi bo’lib qoladi. Ular Ibrohim bilan tuzilgan ahd, Isoning xochdagi to’lovi, berish/ehson qilish, imon yoki ibodat haqida gapirganda, farovonlik xushxabari o’qituvchilari Xudo va inson o’rtasidagi munosabatni “xizmat evаziga xizmat” (quid pro quo) bitimiga aylantirishadi. Jeyms R. Goff ta’kidlaganidek, Xudo “O’z yaratganlarining ehtiyojlari va xohishlariga xizmat qiladigan, o’ziga xos ‘kosmik xabarchi’ga aylangan.”[17] Bu Xudo va inson o’rtasidagi munosabat to’g’risida butunlay noto’g’ri va Kalomga mos bo’lmagan qarashdir.
[1] Tom Carter, ed., 2,200 Quotations from the Writings of Charles H. Spurgeon (Grand Rapids: Baker Book House, 1988), 216.
[2] Robert Tilton, God’s Word about Prosperity (Dallas, TX: Word of Faith Publications, 1983), 6.
[3] David W. Jones and Russell S. Woodbridge, Health, Wealth, and Happiness: Has the Prosperity Gospel Overshadowed the Gospel of Christ? (Grand Rapids: Kregel, 2010).
[4] Edward Pousson, Spreading the Flame (Grand Rapids: Zondervan, 1992), 158.
[5] Kenneth Copeland, The Laws of Prosperity (Fort Worth, TX: Kenneth Copeland Publications, 1974), 51.
[6] Ken L. Sarles, “A Theological Evaluation of the Prosperity Gospel,” Bibliotheca Sacra 143 (Oct.-Dec. 1986): 339.
[7] Kenneth Copeland, The Troublemaker (Fort Worth, TX: Kenneth Copeland Publications, 1996), 6.
[8] John Avanzini, “Believer’s Voice of Victory,” program on TBN, 20 January 1991. Quoted in Hank Hanegraaff, Christianity in Crisis (Eugene, OR: Harvest House, 1993), 381.
[9] Idem, “Praise the Lord,” program on TBN, 15 September 1988. Quoted in Hanegraaff, 381.
[10] Avanzini, “Believer’s Voice of Victory.”
[11] Kenneth Copeland, The Laws of Prosperity, 26.
[12] Gloria Copeland, God’s Will is Prosperity (Fort Worth, TX: Kenneth Copeland Publications, 1973), 45.
[13] Other verses that the “Law of Compensation” is based upon include Eccl. 11:1, 2 Cor. 9:6, and Gal. 6:7.
[14] Gloria Copeland, God’s Will, 54.
[15] Kenneth Copeland, The Laws of Prosperity, 19.
[16] Creflo Dollar, “Prayer: Your Path to Success,” March 2, 2009, http://www.creflodollarministries.org/BibleStudy/Articles.aspx?id=329 (accessed on October 30, 2013).
[17] James R. Goff, Jr., “The Faith That Claims,” Christianity Today, vol. 34, February 1990, 21.
Birinchi marta 9ta Belgilar veb-sahifasida chop etilgan: www.9marks.org
Asl maqolani quyidagi havola orqali topishingiz mumkin: https://www.9marks.org/article/journalerrors-prosperity-gospel/
Фаровонлик Хушхабарининг 5 Хатоси
Бир асрдан кўпроқ муқаддам бутун Крайстедомдаги оша пайтдаги энг катта жамоатга гапираётганда, Чарлз Спержен шундай деган эди:
Аминманки, ҳар бир масиҳий учун бойлик тўплаш мақсадида яшаш масиҳийликка қарши ва нопокдир. Сиз: “Биз ишлаб топа олишимиз мумкин бўлган ҳамма бойликка эришишга ҳаракат қилишимиз керак эмасми?”, деб сўрайсиз. Сиз бунга ҳаракат қилишингиз мумкин. Бу орқали сиз Худо йўлида хизмат қилишингиз мумкинлигига шубҳа қилолмайман. Лекин, мен бойлик тўплаш мақсадида яшаш масиҳийликка қарши эканлигини назарда тутдим.[1]
Шунга қарамай, йиллар давомида баъзи дунёдаги энг катта жамоатларда ваъз қилинаётган хабар ўзгарди. Ростдан ҳам, бугунги кунда кўпгина жамоатларда “янги хушхабар” ўргатилмоқда. Бу хушхабарга кўпгина номлар берилган, масалан, “эълон қилинг ва эга бўлинг” хушхабари, “уни гапиринг ва уни қўлга киритинг” хушхабари, “соғлик ва бойлик” хушхабари, “фаровонлик хушхабари” ва “ижобий эътироф теологияси.”
Қайси ном ишлатилишидан қатъий назар, янги хушхабарнинг моҳияти бир. Содда қилиб айтганда, ушбу эгоистик “фаровонлик хушхабари” Худо имонлиларнинг жисмонан соғлом, моддий жиҳатдан бой ва шахсан бахтли бўлишга ундайди. Фаровонлик хушхабарининг энг машҳур нотиқларидан бири, Роберт Тилтоннинг сўзларига қулоқ тутинг: “Ишонаманки, барчанинг гуллаб-яшнаши бу Худонинг иродасидир. Мен буни Каломда кўрганим учун бунга ишонаман, бу кимнингдир ҳаётида кучли ишлагани учун эмас. Мен кўзимни инсонларга эмас, бойликка эга бўлишимга куч берадиган Худога тикаман.”[2] Фаровонлик хушхабари устозлари ўз эргашувчиларини Худодан моддий гуллаб-яшнашни сўраб ибодат қилишга ва ҳатто буни талаб қилишга ундайдилар.
ФАРОВОНЛИК ХУШХАБАРИНИНГ БЕШТА ТЕОЛОГИК ХАТОЛАРИ
Яқинда, мен ва Рассел Вудбридж Соғлик, Бойлик ва Бахт деб номланган китоб ёздик, унда фаровонлик хушхабари илгари сураётган иддаоларни таҳлил қилиб чиққанмиз.[3] Китобимиз жуда кенг қамровли бўлгани учун унинг қисқача хулосасини бу ерда ёзиб ўтирмайман, бунинг ўрнига китобимизда айтиб ўтилган бешта таълимотни ушбу мақолада кўриб чиқамиз. Булар фаровонлик хушхабари тарафдорлари бешта таълимот бўйича йўл қўйган хатоликлардир. Умид қиламанки, бу мақолани ўқиётганлар асосий таълимотларга доир бу хатоликларни фаҳмлаб, фарвонлик хушхабарининг хавфларини аниқ кўра оладилар. Ушбу мақолада Иброҳим билан тузилган аҳди, оқланиш, бериш, имон ва ибодат таълимотлари бўйича сўз юритаман.
- Иброҳим билан тузилган аҳд моддий ҳуқуқ бериш воситасидир.
Биз кўриб чиқадиган биринчи хато бу фаровонлик хушхабарининг Иброҳим билан тузилган аҳдни моддий ҳуқуқ бериш воситаси сифатида қарашидир.
Фаровонлик хушхабарининг теологик асосларидан бири, Иброҳим билан тузилган аҳд (Ибтидо 12, 15, 17, 22). Фаровонлик хушхабари теологлари Муқаддас Китобнинг кўп қисми Иброҳим билан тузилган аҳднинг ижобати эканлигини тан олишлари яхши, лекин улар бу аҳднинг ортодоксал (умумий қабул қилинган) нуқтаи назарини ёқламасликлари ёмон. Улар аҳднинг тузилишига нисбатан нотўғри фикрдалар, бундан ҳам ёмонроғи, улар аҳднинг қўлланиши борасида ҳам нотўғри фикр қиладилар.
Эдвард Поуссон фаровонлик хушхабари Иброҳим билан тузилган аҳднинг қўлланиши борасида қандай фикрда эканини жуда яхши таърифлаган: “Масиҳийлар Иброҳимнинг руҳий фарзандалари ва имон баракалари (марҳаматлари) нинг меросхўрларидирлар …. Иброҳимдан қолган мерос биринчи навбатда моддий ҳуқуқлар нуқтаи назаридан очилади.”[4] Бошқача қилиб айтганда, фаровонлик хушхабари Иброҳим билан тузилган аҳднинг асосий мақсади Худонинг Иброҳимни моддий жиҳатдан баракалашидир, демак, имонлилар ҳозир Иброҳимнинг руҳий фарзандлари бўлганлари учун, бу моддий баракаларни мерос қилиб олдилар”, дея ўргатади.
Фаровонлик ўқитувчиси Кеннет Копланд шундай ёзади: “Худонинг Аҳди тузилган бўлиб, фаровонлик ушбу аҳднинг таъминоти экан, сен фаровонлик сенга ҳозир тегишли эканлигини англаб олишинг керак!”[5]
Бу фикрни қўллаб-қувватлаш учун, фаравонлик ўқитувчилари Галатияликлар 3:14даги “…ғайрияҳудийлар ҳам Исо Масиҳ орқали Худонинг Иброҳимга ваъда қилган баракаларидан баҳраманд бўладилар” дейилган оятни далил қилиб келтиришади. Шунга қарамай, фаровонлик ўқитувчилари Галатияликлар 3:14 оятни далил қилиб келтириб, унинг иккинчи қисмини эътиборга олмасликлари жуда қизиқ: “…биз ҳам имон орқали Худо ваъда қилган Руҳни оламиз.” Ушбу оятда Павлус аниқ қилиб галатияликларга бойликнинг моддий баракалар ҳақида эмас, нажотнинг руҳий баракалари ҳақида эслатмоқда.
- Моддий қашшоқлик “гуноҳи” учун ҳам Исо тўлов тўлаган.
Фаровонлик хушхабарининг иккинчи теологик хатоси Исонинг хочдаги тўловига доир нотўғри қарашдир.
Теолог Кен Сарлес ёзадики, “фаровонлик хушхабари Исонинг хочдаги тўлови орқали жисмоний саломатлик ҳам, моддий фаровонлик ҳам таъминланганини таъкидлайди”.[6] Унинг бу кузатиши Кеннет Копленднинг қуйидаги сўзларидан кейин тўғридек кўринади: “Масиҳий ҳаётнинг асосий тамойили Худо гуноҳларимиз, касаллигимиз, азобларимиз, қайғуларимиз ва ночорлигимизни Гўлготада Исонинг бўйнига қўйганини билишдир.”[7] Хочдаги тўловнинг кўлами ҳақидаги ушбу нотўғри тушунча фаровонлик хушхабари тарафдорларининг икки хато фикрларидан келиб чиқади.
Биринчидан, кўпгина фаровонлик теологияси қўллаб-қувватловчилари Масиҳ ҳаётига доир фундаментал нотўғри қарашга эгалар. Мисол учун, ўқитувчи Жон Аванзини қуйидагича таъкидлайди: “Исонинг яхши ва катта уйи бўлган,”[8] “Исо катта маблағга эга бўлган,”[9] ва ҳатто дизайнерлар тайёрлаган кийимларни кийган.”[10] Масиҳнинг ҳаёти ҳақидаги бундай нотўғри қараш қандай қилиб Масиҳнинг ўлими ҳақидаги худди шундай нотўғри қарашга олиб келишини кўриш қийин эмас.
Исонинг хочдаги тўлови борасида нотўғри қарашга олиб келадиган иккинчи хатолик бу 2 Кориндликлар 8:9-оятни нотўғри талқин қилинишидир. Бу оятда шундай деб ёзилган: “Ахир, ўзингиз Раббимиз Исо Масиҳнинг кўрсатган иноятини биласизлар–ку, У бой бўлса ҳам, сизларни бой қилиш учун камбағал бўлди.” Бу оятни шунчаки юзаки ўқиш бировни Павлус моддий бойликни кўпайтириш ҳақида ўргатаётганига ишонишга ундаши мумкин бўлса, контекстга эътибор берган ҳолда ўқиш Павлус аслида бутунлай қарама-қарши тамойил ҳақида ўргатаётганини кўрсатади. Аслида, Павлус Коринфликларга Масиҳ Ўз тўлови орқали улар учун жуда кўп нарсаларни амалга оширган экан, улар ҳам ўз бойликларини Нажоткорга хизмат қилиш учун ишлатишлари кераклигини ўргатаётган эди. Мана шунинг учун ҳам, Павлус бешта қисқа оятдан кейин коринфликларни ўз бойликларини муҳтож биродарларига эҳсон қилишга ундайди: “Ҳозирги пайтда сизлардаги барака улардаги етишмовчиликларни тўлдирсин” (2 Кориндликлар 8:14).
- Масиҳийлар Худодан моддий мукофот олиш учун беришади.
Фаровонлик хушхабарининг учинчи хатоси, масиҳийлар Худодан моддий мукофот олиш учун беришлари керак, деган фикр. Фаровонлик теологларининг энг ҳайратга соладиган жиҳатларидан бири бу уларнинг бериш/эҳсон қилиш амалига қаттиқ урғу беришларидир. Фаровонлик хушхабари тингловчиларни сахийлик билан эҳсон қилишга даъват этади ҳамда “Ҳақиқй фаровонлик бу ҳаётнинг ҳар бир соҳасида инсониятнинг муҳтожликларини қондириш учун Худонинг кучини ишлатиш қобилиятидир,”[11] ва “биз бутун дунёга хушхабарнинг етказилишини молиялаштиришга даъват этилганмиз”[12] каби баёнотларга дуч келишади. Ушбу баёнотлар мақтовга лойиқ бўлсада, қурбонлик қилиш учун бундай урғу саховатпешаликдан бошқа ниятларга асосланган. Эҳсон қилишга доир бундай таълимотнинг орқасида турган куч фаровонлик таълимоти ўқитувчиси Роберт Тилтоннинг “Мукофотланиш Қонуни” деб атаган ғоядир. Гўё Марк 10:30,[13] га асосланган қонун уларга шундай деб ўргатади: масиҳийлар бошқаларга сахийлик билан эҳсон қилишлари керак, чунки улар эҳсон қилсалар, Худо уларга янада кўпроқ қилиб қайтаради. Бу эса, ўз навбатида, доимий ўсиб борадиган фаровонлик чархпалагига олиб келади.
Глориа Копленд айтганидек, “10$ эҳсон қилгин, 1000$ қўлга киритгин; 1000$ эҳсон қилгин ва 100 000$ қўлга киритгин… қисқа қилиб айтганда, Марк 10:30 бу жуда яхши битим.”[14] Ўз-ўзидан маълумки, фаровонлик хушхабарининг эҳсон қилишга доир таълимоти нотўғри ниятлар/сабаблар устида қурилган. Исо Ўз шогирдларига “яхшилик қилинг, қайтариб беришини ўйламай, қарз беринг” (Луқо 6:35) деган бир пайтда, фаровонлик теологлари ўз шогирдларига беришларини, чунки эвазига катта мукофот олишларини ўргатишади.
- Имон ўзи ҳосил бўладиган, фаровонликка олиб борадиган руҳий кучдир.
Фаровонлик теологиясининг тўртинчи хатоси бу унинг имон фаровонликка олиб борадиган, ўз-ўзидан ҳосил бўладиган руҳий куч эканлиги ҳақидаги таълимотидир. Умум эътироф этилган масиҳийлик имон Исо Масиҳ шахсига ишониш эканлигини тушунган бир пайтда, фаровонлик ўқитувчилари умуман бошқача таълимотни қўллаб-қувватлашади. Кеннет Копленд ўзининг Фаровонлик Қонунлари китобида шундай ёзади: “Имон бу руҳий куч, руҳий қувват, руҳий қудратдир. У руҳий олам қонунларининг ишлашини таъминлайдиган имон кучидир. . . . Худонинг Каломида фаровонликни тартибга солувчи аниқ қонунлар бор. Имон уларнинг ишлашини таъминлайди.”[15] Бу шубҳасиз, имонни тушунишда йўл қўйилган хатоликдир, эҳтимол, ҳатто бидъатчиликдир.
Фаровонлик теологиясига кўра, имон бу Худо берган, марказида Худо бўлган ирода ҳаракати эмас. Аксинча, бу инсон томонидан яратилган, Худога йўналтирилган руҳий кучдир. Аслида, имонни Худо олдида оқланиш воситаси деб эмас, фақатгина моддий манфаатдорлик воситаси деб кўрадиган ҳар қандай теология хато ва Каломга номувофиқ дея баҳоланиши керак.
- Ибодат бу фаровонлик беришга Худони мажбур қиладиган воситадир.
Ва ниҳоят, фаровонлик хушхабари ибодатга Худони фаровонлик беришга мажбур қиладиган восита сифатида қарайди. Фаровонлик хушхабари кўпинча эътибор беринглар “Сизларда хоҳлаган нарсангиз йўқ, чунки уни Худодан сўрамайсизлар” (Ёқуб 4:2) дея ваъз қилади. Фаровонлик хушхабари тарафдорлари имонлиларни ҳаётнинг ҳамма соҳаларида шахсий муваффақият учун ибодат қилишга даъват этишади. Крефло Доллар шундай ёзади: “Ибодат қилаётганимизда, биз ибодат қилаётган нарсани аллақачон олганимизга ишонсак, Худо ибодатларимизни қабул қилишдан бошқа чораси қолмайди . . . мана шу масиҳий сифатида натижаларга эришишнинг калитидир.”[16]
Шубҳасиз шахсий марҳаматлар учун ибодат қилишнинг ўзи табиатан нотўғри эмас, лекин фаровонлик хушхабарининг инсонга керагидан ортиқ урғу бериши ибодатни имонлилар ўзи хоҳлаган нарсаларини бериши учун Худони мажбурлайдиган воситага айлантириб қўяди.
Фарровонлик теологияси ичида, Худо эмас, инсон ибодатнинг марказига айланади. Қизиғи шундаки, фаровонлик таълимоти ўқитувчилари одатда Ёқубнинг ибодатга доир таълимотининг иккинчи қисмини эътиборга олишмайди, “Сўраган тақдирда ҳам, олмаяпсизлар, чунки ёмон ният билан, нафсингизни қондириш учун сўраяпсизлар” (Ёқуб. 4:3). Худо Ўз номини улуғламайдиган худбин ибодатларга жавоб бермайди.
Шубҳасиз, ҳар бир муҳтожлигимизни Худонинг олдида изҳор қилишимиз керак (Филиппиликлар 4:6), лекин фаровонлик хушхабари инсоннинг хоҳишларига шунчалик кўп урғу берадики, бу одамларни Худога улуғворлик келтирмайдиган худбин, юзаки, сохта ибодатлар қилишга олиб келади. Бундан ташқари, фаровонлик хушхабарининг имон ҳақидаги доктринаси билан қўшилганда, бу таълимот одамларни хоҳлаган нарсаларини олиш учун Худони манипуляция қилишга уринишлари мумкин, бу эса беҳуда ҳаракатдир. Бу Худонинг иродаси бажо бўлиши ҳақидаги ибодатдан анча узоқ.
СОХТА ХУШХАБАР
Муқаддас Ёзув нуқтаи назаридан, фаровонлик хушхабари фундаментал жиҳатдан нотўғри. Моҳиятан фаровонлик хушхабари, аслида сохта хушхабардир, чунки унда Худо ва инсон ўртасидаги муносабатга доир нотўғри қараш илгари сурилади. Содда қилиб айтганда, агар фаровонлик хушхабари тўғри бўлганда, иноят эскирган (муомаладан чиққан), Худо аҳамиятсиз, ва инсон ҳамма нарсаларнинг ўлчови бўлиб қолади. Улар Иброҳим билан тузилган аҳд, Исонинг хочдаги тўлови, бериш/эҳсон қилиш, имон ёки ибодат ҳақида гапирганда, фаровонлик хушхабари ўқитувчилари Худо ва инсон ўртасидаги муносабатни “хизмат эвазига хизмат” (quid pro quo) битимига айлантиришади. Жеймс Р. Гофф таъкидлаганидек, Худо “Ўз яратганларининг эҳтиёжлари ва хоҳишларига хизмат қиладиган, ўзига хос ‘космик хабарчи’га айланган.”[17] Бу Худо ва инсон ўртасидаги муносабат тўғрисида бутунлай нотўғри ва Каломга мос бўлмаган қарашдир.
1] Tom Carter, ed., 2,200 Quotations from the Writings of Charles H. Spurgeon (Grand Rapids: Baker Book House, 1988), 216.
[2] Robert Tilton, God’s Word about Prosperity (Dallas, TX: Word of Faith Publications, 1983), 6.
[3] David W. Jones and Russell S. Woodbridge, Health, Wealth, and Happiness: Has the Prosperity Gospel Overshadowed the Gospel of Christ? (Grand Rapids: Kregel, 2010).
[4] Edward Pousson, Spreading the Flame (Grand Rapids: Zondervan, 1992), 158.
[5] Kenneth Copeland, The Laws of Prosperity (Fort Worth, TX: Kenneth Copeland Publications, 1974), 51.
[6] Ken L. Sarles, “A Theological Evaluation of the Prosperity Gospel,” Bibliotheca Sacra 143 (Oct.-Dec. 1986): 339.
[7] Kenneth Copeland, The Troublemaker (Fort Worth, TX: Kenneth Copeland Publications, 1996), 6.
[8] John Avanzini, “Believer’s Voice of Victory,” program on TBN, 20 January 1991. Quoted in Hank Hanegraaff, Christianity in Crisis (Eugene, OR: Harvest House, 1993), 381.
[9] Idem, “Praise the Lord,” program on TBN, 15 September 1988. Quoted in Hanegraaff, 381.
[10] Avanzini, “Believer’s Voice of Victory.”
[11] Kenneth Copeland, The Laws of Prosperity, 26.
[12] Gloria Copeland, God’s Will is Prosperity (Fort Worth, TX: Kenneth Copeland Publications, 1973), 45.
[13] Other verses that the “Law of Compensation” is based upon include Eccl. 11:1, 2 Cor. 9:6, and Gal. 6:7.
[14] Gloria Copeland, God’s Will, 54.
[15] Kenneth Copeland, The Laws of Prosperity, 19.
[16] Creflo Dollar, “Prayer: Your Path to Success,” March 2, 2009, http://www.creflodollarministries.org/BibleStudy/Articles.aspx?id=329 (accessed on October 30, 2013).
[17] James R. Goff, Jr., “The Faith That Claims,” Christianity Today, vol. 34, February 1990, 21.
Биринчи марта 9та Белгилар веб-саҳифасида чоп этилган: www.9marks.org
Асл мақолани қуйидаги ҳавола орқали топишингиз мумкин: https://www.9marks.org/article/journalerrors-prosperity-gospel/