Етакчилик

Diakonlardan talab qilinadigan kalomiy xususiyatlar va ularning majburiyatlari

Томонидан Benjamin Merkl

Benjamin Merkle is a professor of New Testament and Greek at Southeastern Seminary in Wake Forest, North Carolina.
Мақолалар
03.31.2010

Kimlar diakon bo‘lishi mumkin? Muqaddas Kitobda diakonlar nima qilishlari kerakligi haqida nima deyilgan?

IKKITA KALOMIY UNVONLAR: OQSOQOLLAR VA DIAKONLAR

Diakonlik xizmatini oqsoqollik xizmati bilan taqqoslasak, bu savollarga javob topishimizga yordam beradi. Jamoatning birlamchi (asosiy) ruhiy yetakchilari oqsoqollar bo‘lishgan, ular Yangi Ahdda yana nazoratchilar yoki cho‘ponlar deb atalgan. Oqsoqollar Kalomni va’z qilishadi va u bo‘yicha ta’lim berishadi hamda o‘z qaramog‘idagilarga g‘amxo‘rlik qilishadi (Efes. 4:11; 1-Tim. 3:2; 5:17; Titus 1:9; Ibr. 13:17). Diakonlar ham mahalliy jamoat hayoti va uning sog‘lom bo‘lishida muhim rol o‘ynaydilar. Lekin, ularning roli oqsoqollarnikidan farq qiladi. Diakonlarning Kalomga asoslangan roli jamoatning moddiy masalalari va jismoniy yumushlari haqida qayg‘urishdir, toki oqsoqollar o‘zlarini asosiy vazifalarini bajarishga bag‘ishlasinlar.

Bunday farq Havoriylar 6:1-6dagi namunaga asoslangan. Havoriylar o‘zlarini “ibodatga va kalom xizmatiga” bag‘ishlaganlar. Bu ularning asosiy vazifalari ekan, ko‘proq amaliy masalalar bilan shug‘ullanishlari uchun yetti kishi tanlab olinadi, toki havoriylar o‘z ishlarini davom ettira olsinlar.

Ishning bunday taqsimlanishi oqsoqollik va diakonlik xizmatiga o‘xshaydi. Havoriylarga o‘xshab, oqsoqollarning asosiy vazifasi Xudo Kalomini va’z qilishdir. Tanlab olingan yetti kishiga o‘xshab, diakonlar jamoatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday amaliy ehtiyojlarni ta’minlash bo‘yicha xizmat qiladilar.

DIAKONLARNING XUSUSIYATLARI

Diakonlarning xususiyatlari tilga olingan yagona parcha bu 1-Timo‘tiy 3:8–13dir. Bu parchada, Pavlus diakonlardan talab qilinadigan narsalarning rasmiy, lekin to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatini beradi.

1-Timo‘tiy 3-bobda keltirilgan diakonlarning hamda oqsoqol/nazoratchilarning xususiyatlari bir-biriga o‘xshashligi bilan odamni hayratga soladi. Oqsoqollardan talab etiladigan xususiyatlar kabi diakonlar mayxo‘r bo‘lmagan (3-oyat), pulparastlikdan yiroq (3- oyat), aybsiz (2-oyat; Titus 1:6), o‘z xotiniga vafodor (2-oyat), va xonadonini yaxshi boshqaradigan, farzandlari unga bo‘ysunib hurmat qiladigan (4–5-oyatlar) bo‘lishlari kerak. Bundan tashqari, bu xususiyatlarning diqqat markazi, asosan, bu lavozimni egallaydigan nomzodning axloqiy xulqiga qaratilgan: diakon yetuk va yaxshi nom chiqargan bo‘lishi kerak. Oqsoqol va diakon o‘rtasidagi asosiy farq xulqida emas, in’omlar va da’vatlardadir.

Pavlus 1-Timo‘tiy 3:8-12da diakonlarda bo‘lishi kerak bo‘lgan 9ta xususiyatlarni sanab o‘tadi:

  1. Hurmatga sazovor (8-oyat): Bu ibora sharafli, qadrli hamda oqsoqollarning xususiyati sifatida berilgan “odobli” so‘ziga yaqindir (1-Tim. 3:2).
  2. Samimiy (8-oyat): Samimiy bo‘lmagan inson birovga bir narsa, boshqalarga esa, boshqa narsa deydi, yoki bir narsani aytib boshqa narsani nazarda tutadi. Bunday odamlar ikkiyuzlamachidirlar. Ularning so‘zlariga ishonib bo‘lmaydi, shuning uchun, ular ishonchli emaslar.
  3. Mayxo‘r bo‘lmagan (8-oyat): Agar odam mayga yoki spirtli ichimlikka berilgan bo‘lsa, u diakonlik xizmatiga noloyiqdir. Bunday shaxs o‘z-o‘zini boshqarolmaydi va intizomli emas.
  4. Molparast bo‘lmagan (8-oyat): Agar inson pulni sevsa, u diakon bo‘lishga loyiq emas, ayniqsa, diakonlar, odatda, jamoatning moliyaviy masaIalari uchun javobgardirlar.
  5. Imonda va hayotda barqaror (9-oyat): Pavlus diakon “haqiqat bo‘yicha yashab, barcha ishni vijdonan bajaradigan” bo‘lishi kerakligini ham aytadi. Shuning uchun, bu jumla diakonlar yo‘ldan og‘masdan, haqiqiy xushxabarda barqaror turadigan bo‘lishlari kerak. Kimdir bu xususiyatga ega bo‘lishi bilan birga, bu e’tiqodni amalda “vijdonan bajaradigan” bo‘lishi ham kerak. Ya’ni, diakonning hatti harakatlari uning e’tiqodiga mos bo‘lishi kerak.
  6. Kamchiliksiz (10-oyat): Pavlus diakonlar “avval sinovdan o‘tishi kerak. Agar kamchiliksiz bo‘lsalar, xizmatga tayinlansinlar”, – deb aytadi (10-oyat).  “Kamchiliksiz” – bu birovning bor xarakterini umumiy qilib aytadigan atamadir. Pavlus diakon qaysi turdagi sinovdan o‘tishi kerakligi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tmagan, lekin kamida nomzodning shaxsiy biografiyasi, obro‘si va teologik nuqtai nazari tekshirilishi kerak. Bundan tashqari, jamoat nomzodning nafaqat axloqiy, ruhiy va doktrinal jihatdan yetukligini, shu bilan birga, uning jamoat ichidagi xizmati yutuq va kamchiliklarini ham inobatga olishi kerak.
  7. Xudojo‘y ayol (11-oyat): 11-oyatda diakonning xotini haqida gap ketganmi yoki diakon ayol haqidami – bu borada ko‘p bahslar olib borilgan. Ushbu bahslardan kelib chiqib, bu oyatda diakonning xotini xususiyatlari haqida gapirilganini xulosa qilishimiz mumkin. Pavlusning so‘zlariga ko‘ra, diakonlarning xotinlari “hurmatga sazovor … g‘iybat qilmaydigan, mayxo‘rlikka berilmaydigan, har narsada ishonchli” bo‘lishlari kerak (11-oyat). O‘z eriga o‘xshab, diakonning xotini hurmatga sazovor bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, u g‘iybatchi yoki atrofiga mish-mishlar tarqatadigan inson bo‘lmasligi kerak. U, shu bilan birga, hushyor yoki mayxo‘rlikka berilmaydigan bo‘lishi ham kerak. Ya’ni, u to‘g‘ri va oqilona qaror qila olishi va bunga halaqit beradigan har qanday narsadan o‘zini tiyishi lozim. Va nihoyat, u “har narsada ishonchli” bo‘lishi kerak (1-Tim. 5:10). Bu oqsoqollarga doir “yaxshi nom chiqargan” bo‘lish (1-Tim. 3:2; Titus 1:6) va diakonlarga doir “kamchiliksiz” bo‘lish (1-Tim. 3:10) talabiga o‘xshash o‘zaro umumiy talabdir.
  8. Xotiniga vafodor (12-oyat): Bu ibora erning xotiniga nisbatan sadoqatini bildiradi. U “bir xotinli erkak” bo‘lishi kerak. Ya’ni, uning hayotida u hissiy yoki jismoniy yaqinlikda bo‘lgan boshqa ayol bo‘lmasligi kerak.
  9. Farzandlari va xonadonini yaxshi boshqaradigan (12-oyat): Diakon o‘z xotini va bolalarining ruhiy yo‘lboshchisi bo‘lishi kerak.

Umumiy qilib aytganda, biron bir axloqiy xususiyat oqsoqollar uchun sanab o‘tilgan bo‘lsa-yu, diakonlar uchun yozilmagan bo‘lsa, bu xususiyat diakonlarga ham tegishli. Xuddi shu tarzda, diakonlar uchun yozilgan, lekin oqsoqollar uchun yozilmagan xususiyatlar oqsoqollarga ham tegishli. Misol uchun, diakon samimiy bo‘lishi kerak (8-oyat). Pavlus buni alohida oqsoqollar uchun aytmagan bo‘lsada, shubha yo‘qki, bu oqsoqollarga ham tegishli, chunki Pavlusning oqsoqollar haqida aytgan “yaxshi nom chiqargan bo‘lishi shart”, – degan jumlasi buni o‘z ichiga oladi.

Shunday bo‘lsada, biz bu xususiyatlar orasidagi farqlarga e’tibor berishimiz kerak, chunki ular yo o‘z vasifasini bajarish uchun ayniqsa, ma’lum bir xizmatchiga mos keladigan, yoki qaysidir joyda (bu o‘rinda Efesda) muammo bo‘layotgan jihatni o‘zida namoyon etadi. Diakonning vazifalarini ko‘rib chiqayotganimizda bu sizga yanada tushunarliroq bo‘ladi.

DIAKONLARNING VAZIFALARI

Zamonaviy jamoatlarda oqsoqollik unvoni e’tibordan chetda qolayotgan bir paytda, diakonlik unvoni ko‘pincha noto‘g‘ri tushunilmoqda. Yangi Ahdga asoslangan holda aytish mumkinki, diakonning roli, asosan, xizmatkor bo‘lishdir. Oqsoqollar Xudo Kalomi va ibodat xizmatiga bag‘ishlanishlari uchun jamoat moddiy masalalar bilan shug‘ullanadigan diakonlar xizmatiga muhtoj.

Muqaddas Kitobda diakonlarning roli haqida ko‘p ma’lumot berilmagan. 1-Timo‘tiy 3:8-12da berilgan talablar diakonning xarakteri va oilaviy hayotiga tegishli. Shunga qaramay, ulardan talab etiladigan xususiyatlarni oqsoqollardan talab etiladigan xususiyatlar bilan taqqoslaganda diakonlarning faoliyatiga doir ba’zi ma’lumotlarni ko‘rish mumkin. Ko‘pgina xususiyatlar bir xil yoki juda o‘xshash bo‘lsa-da, bir nechta ko‘zga tashlanadigan farqlar bor.

Ehtimol, oqsoqollar va diakonlar o‘rtasidagi eng ko‘zga ko‘rinadigan farq bu diakonlarning “ta’lim berishga qobiliyatli” bo‘lishlari shart emasligidir (1-Tim. 3:2). Diakonlar sof vijdon bilan imonni mahkam saqlashlari kerak, lekin ular o‘sha imon bo‘yicha “ta’lim berishga” da’vat etilmaganlar (1-Tim. 3:9). Bu ‘diakonlar jamoatda rasmiy ta’lim berish roliga ega emaslar’, – degan xulosaga kelishimizga turtki beradi.

Oqsoqollarga o‘xshab, diakonlar o‘z xonadonlari va farzandlarini yaxshi boshqarishlari kerak (1-Tim. 3:4, 12). Lekin, diakonlar haqida gapirganda Pavlus Xudo jamoati haqida g‘amxo‘rlik qilishga doir taqqoslashni tushirib qoldiradi (1-Tim. 3:5). Buning sababi ko‘proq diakonlarga jamoatda yetakchilik yoki boshqaruvchilik lavozimi berilmaganligidir – bu vazifa oqsoqollarga tegishli.

Pavlus diakonlik xizmatiga kirishishidan oldin shaxs sinovdan o‘tishi kerakligini aytsa-da (1-Tim. 3:10), “u endigina imonga kelgan bo‘lmasligi kerak”, degan talab qo‘yilmagan. Pavlus aytadiki, agar endigina imonga kirgan odam oqsoqol bo‘lsa, u “kerilib, iblisning halokatli jangaliga tushib qoladi” (1-Tim. 3:6). Ushbu farqqa doir xulosalardan biri – bu, ehtimol oqsoqollik lavozimiga ega bo‘lganlar mag‘rurlanishga ko‘proq moyil bo‘lishlaridir, chunki ular jamoat ustidan yetakchilikka ega bo‘ladilar. Bundan farqli o‘laroq, jamoatda ko‘proq xizmatkorlik roliga ega bo‘lgan diakonning shunday gunohga uchrashi ehtimoli yuqori emas. Va nihoyat, “yetakchi” (boshqa tillarda “nazoratchi” sifatida berilgan) (1-Tim. 3:2) jamoatning ruhiy eson-omonligini/salomatligini ummimiy nazorat qilsa, diakon unvoni xizmat qilishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.

Xususiyatlardagi ushbu farqlardan bilib olganlarimizdan tashqari, Muqaddas Kitobda diakonlarning vazifalari haqida aniq ta’rif yo‘q.  Havoriylar 6-bobdagi havoriylar va yetti kishiga doir namunaga asoslanib, diakonlar, oqsoqollar o‘zlarining Xudo bergan jamoatga g‘amxo‘rlik qilish va ularga ta’lim berish da’vatlarini ato etishga imkon berish uchun zarur bo‘lgan har qanday ishni qiladigan xizmatchilar sifatida ko‘rish eng to‘g‘ri bo‘ladi, deb aytishimiz mumkin. Havoriylar ma’muriy vazifalarni yetti kishiga taqsimlab berganlari kabi oqsoqollar ham ba’zi vazifalarni diakonlarga taqsimlab berishlari lozim, toki o‘z e’tiborlarini boshqa narsaga (Kalom va ibodat xizmatiga) qaratishsin. Natijada, har bir mahalliy jamoat o‘zining ma’lum bir ehtiyojlariga asoslanib diakonlarning vazifalarini belgilash erkinligiga ega bo‘ladi.

Bugungi kunda diakonlar mas’ul bo‘lgan vazifalar nimalardan iborat? Ular jamoatga ta’lim berish va cho‘ponlik (g‘amxo‘rlik) qilishga aloqador bo‘lmagan har qanday vazifaga mas’ul bo‘lishlari mumkin. Bunday vazifalar quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:

  • Jamoat vositalarining ishga yaroqliligini ta’minlash: Diakonlar jamoat mulkini boshqarish uchun mas’ul bo‘lishlari mumkin. Bu yig‘ilishlardan oldin joylarning tayyorligiga ishonch hosil qilish, tozalash, yoki ovoz tizimlarini tayyorlash.
  • Xayr-ehson: Havoriylar 6:1–6da sodir bo‘lgan bevalarga kundalik ozuqa tarqatish kabi, diakonlar fondlar ijrosini ta’minlash yoki muhtojlarga boshqa yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanishlari mumkin.
  • Moliyaviy masalalar: Oqsoqollar jamoatning moliyaviy ishlarini nazorat qilishlari kerak bo‘lsalar (Havoriylar 11:30), kundalik moliyaviy masalalarni diakonlarga qoldirish, ehtimol, eng oqilona yo‘ldir. Bu qurbonlik va ushrlarni yig‘ish, sanash va yozib qo‘yish va hokazolarni o‘z ichiga oladi.
  • Keluvchilarni kutib olib joylashtirish: Diakonlar varaqalar tarqatish, jamoatni joylashtirish yoki Qutlug‘ Kechlik uchun kerakli narsalarni tayyorlash uchun mas’ul bo‘lishlari mumkin.
  • Moddiy-textik masalalarOqsoqollar jamoatga ta’lim berish va unga cho‘ponlik qilishga bag‘ishlana olishlari uchun diakonlar turli xil yo‘llar bilan ularga yordam berishga tayyor bo‘lishlari kerak.

XULOSA

Muqaddas Kitobda oqsoqollarga jamoatga ta’lim berish va uni yetaklash vazifalari berilgan, diakonlarning roli esa, ko‘proq xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Ya’ni, ular jamoatning moddiy yoki kundalik yumushlariga mas’ul bo‘ladilar. Bunday masalalarni hal qilish orqali, oqsoqollar jamoatning ruhiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishga to‘liq bag‘ishlanishlari uchun diakonlar ularni boshqa chalg‘ituvchi narsalardan ozod etishadi.

Diakonlar, jamoatning ruhiy yetakchilari bo‘lmasalarda, ularning xarakteri juda muhim, shuning uchun ham diakonlar sinovdan o‘tishlari va 1-Timo‘tiy 3-bobdagi Kalomiy xususiyatlarga ega bo‘lishlari kerak.

Benjamin Merkl

Диаконлардан талаб қилинадиган каломий хусусиятлар ва уларнинг мажбуриятлари

Кимлар диакон бўлиши мумкин? Муқаддас Китобда диаконлар нима қилишлари кераклиги ҳақида нима дейилган?

ИККИТА КАЛОМИЙ УНВОНЛАР: ОҚСОҚОЛЛАР ВА ДИАКОНЛАР

Диаконлик хизматини оқсоқоллик хизмати билан таққосласак, бу саволларга жавоб топишимизга ёрдам беради. Жамоатнинг бирламчи (асосий) руҳий етакчилари оқсоқоллар бўлишган, улар Янги Аҳдда яна назоратчилар ёки чўпонлар деб аталган. Оқсоқоллар Каломни ваъз қилишади ва у бўйича таълим беришади ҳамда ўз қарамоғидагиларга ғамхўрлик қилишади (Эфес. 4:11; 1 Тим. 3:2; 5:17; Титус 1:9; Ибр. 13:17). Диаконлар ҳам маҳаллий жамоат ҳаёти ва унинг соғлом бўлишида муҳим рол ўйнайдилар. Лекин, уларнинг роли оқсоқолларникидан фарқ қилади. Диаконларнинг Каломга асосланган роли жамоатнинг моддий масалалари ва жисмоний юмушлари ҳақида қайғуришдир, токи оқсоқоллар ўзларини асосий вазифаларини бажаришга бағишласинлар.

Бундай фарқ Ҳаворийлар 6:1-6даги намунага асосланган. Ҳаворийлар ўзларини “ибодатга ва калом хизматига” бағишлаганлар. Бу уларнинг асосий вазифалари экан, кўпроқ амалий масалалар билан шуғулланишлари учун етти киши танлаб олинади, токи ҳаворийлар ўз ишларини давом эттира олсинлар.

Ишнинг бундай тақсимланиши оқсоқоллик ва диаконлик хизматига ўхшайди. Ҳаворийларга ўхшаб, оқсоқолларнинг асосий вазифаси Худо Каломини ваъз қилишдир. Танлаб олинган етти кишига ўхшаб, диаконлар жамоатда юзага келиши мумкин бўлган ҳар қандай амалий эҳтиёжларни таъминлаш бўйича хизмат қиладилар.

ДИАКОНЛАРНИНГ ХУСУСИЯТЛАРИ

Диаконларнинг хусусиятлари тилга олинган ягона парча бу 1 Тимўтий 3:8–13дир. Бу парчада, Павлус диаконлардан талаб қилинадиган нарсаларнинг расмий, лекин тўлиқ бўлмаган рўйхатини беради.

1 Тимўтий 3-бобда келтирилган диаконларнинг ҳамда оқсоқол/назоратчиларнинг хусусиятлари бир-бирига ўхшашлиги билан одамни ҳайратга солади. Оқсоқоллардан талаб этиладиган хусусиятлар каби диаконлар майхўр бўлмаган (3-оят), пулпарастликдан йироқ (3-оят), айбсиз (2-оят; Титус 1:6), ўз хотинига вафодор (2-оят), ва хонадонини яхши бошқарадиган, фарзандлари унга бўйсуниб ҳурмат қиладиган (4–5-оятлар) бўлишлари керак. Бундан ташқари, бу хусусиятларнинг диққат маркази, асосан, бу лавозимни эгаллайдиган номзоднинг ахлоқий хулқига қаратилган: диакон етук ва яхши ном чиқарган бўлиши керак. Оқсоқол ва диакон ўртасидаги асосий фарқ хулқида эмас, инъомлар ва даъватлардадир.

Павлус 1 Тимўтий 3:8-12да диаконларда бўлиши керак бўлган 9та хусусиятларни санаб ўтади:

  1. Ҳурматга сазовор (8-оят): Бу ибора шарафли, қадрли ҳамда оқсоқолларнинг хусусияти сифатида берилган “одобли” сўзига яқиндир (1 Тим. 3:2).
  2. Самимий (8-оят): Самимий бўлмаган инсон бировга бир нарса, бошқаларга эса, бошқа нарса дейди, ёки бир нарсани айтиб бошқа нарсани назарда тутади. Бундай одамлар иккиюзламачидирлар. Уларнинг сўзларига ишониб бўлмайди, шунинг учун, улар ишончли эмаслар.
  3. Майхўр бўлмаган (8-оят): Агар одам майга ёки спиртли ичимликка берилган бўлса, у диаконлик хизматига нолойиқдир. Бундай шахс ўз-ўзини бошқаролмайди ва интизомли эмас.
  4. Молпараст бўлмаган (8-оят): Агар инсон пулни севса, у диакон бўлишга лойиқ эмас, айниқса, диаконлар, одатда, жамоатнинг молиявий масалалари учун жавобгардирлар.
  5. Имонда ва ҳаётда барқарор (9-оят): Павлус диакон “ҳақиқат бўйича яшаб, барча ишни виждонан бажарадиган” бўлиши кераклигини ҳам айтади. Шунинг учун, бу жумла диаконлар йўлдан оғмасдан, ҳақиқий хушхабарда барқарор турадиган бўлишлари керак. Кимдир бу хусусиятга эга бўлиши билан бирга, бу эътиқодни амалда “виждонан бажарадиган” бўлиши ҳам керак. Яъни, диаконнинг ҳатти ҳаракатлари унинг эътиқодига мос бўлиши керак.
  6. Камчиликсиз (10-оят): Павлус диаконлар “аввал синовдан ўтиши керак. Агар камчиликсиз бўлсалар, хизматга тайинлансинлар”, – деб айтади (10-оят). “Камчиликсиз” – бу бировнинг бор характерини умумий қилиб айтадиган атамадир. Павлус диакон қайси турдаги синовдан ўтиши кераклиги ҳақида батафсил маълумот бериб ўтмаган, лекин камида номзоднинг шахсий биографияси, обрўси ва теологик нуқтаи назари текширилиши керак. Бундан ташқари, жамоат номзоднинг нафақат ахлоқий, руҳий ва доктринал жиҳатдан етуклигини, шу билан бирга, унинг жамоат ичидаги хизмати ютуқ ва камчиликларини ҳам инобатга олиши керак.
  7. Художўй аёл (11-оят): 11-оятда диаконнинг хотини ҳақида гап кетганми ёки диакон аёл ҳақидами – бу борада кўп баҳслар олиб борилган. Ушбу баҳслардан келиб чиқиб, бу оятда диаконнинг хотини хусусиятлари ҳақида гапирилганини хулоса қилишимиз мумкин. Павлуснинг сўзларига кўра, диаконларнинг хотинлари “ҳурматга сазовор … ғийбат қилмайдиган, майхўрликка берилмайдиган, ҳар нарсада ишончли” бўлишлари керак (11-оят). Ўз эрига ўхшаб, диаконнинг хотини ҳурматга сазовор бўлиши керак. Иккинчидан, у ғийбатчи ёки атрофига миш-мишлар тарқатадиган инсон бўлмаслиги керак. У, шу билан бирга, ҳушёр ёки майхўрликка берилмайдиган бўлиши ҳам керак. Яъни, у тўғри ва оқилона қарор қила олиши ва бунга ҳалақит берадиган ҳар қандай нарсадан ўзини тийиши лозим. Ва ниҳоят, у “ҳар нарсада ишончли” бўлиши керак (1 Тим. 5:10). Бу оқсоқолларга доир “яхши ном чиқарган” бўлиш (1 Тим. 3:2; Титус 1:6) ва диаконларга доир “камчиликсиз” бўлиш (1 Тим. 3:10) талабига ўхшаш ўзаро умумий талабдир.
  8. Хотинига вафодор (12-оят): Бу ибора эрнинг хотинига нисбатан садоқатини билдиради. У “бир хотинли эркак” бўлиши керак. Яъни, унинг ҳаётида у ҳиссий ёки жисмоний яқинликда бўлган бошқа аёл бўлмаслиги керак.
  9. Фарзандлари ва хонадонини яхши бошқарадиган (12-оят): Диакон ўз хотини ва болаларининг руҳий йўлбошчиси бўлиши керак.

Умумий қилиб айтганда, бирон бир ахлоқий хусусият оқсоқоллар учун санаб ўтилган бўлса-ю, диаконлар учун ёзилмаган бўлса, бу хусусият диаконларга ҳам тегишли. Худди шу тарзда, диаконлар учун ёзилган, лекин оқсоқоллар учун ёзилмаган хусусиятлар оқсоқолларга ҳам тегишли. Мисол учун, диакон самимий бўлиши керак (8-оят). Павлус буни алоҳида оқсоқоллар учун айтмаган бўлсада, шубҳа йўқки, бу оқсоқолларга ҳам тегишли, чунки Павлуснинг оқсоқоллар ҳақида айтган “яхши ном чиқарган бўлиши шарт”, – деган жумласи буни ўз ичига олади.

Шундай бўлсада, биз бу хусусиятлар орасидаги фарқларга эътибор беришимиз керак, чунки улар ё ўз васифасини бажариш учун айниқса, маълум бир хизматчига мос келадиган, ёки қайсидир жойда (бу ўринда Эфесда) муаммо бўлаётган жиҳатни ўзида намоён этади. Диаконнинг вазифаларини кўриб чиқаётганимизда бу сизга янада тушунарлироқ бўлади.

ДИАКОНЛАРНИНГ ВАЗИФАЛАРИ

Замонавий жамоатларда оқсоқоллик унвони эътибордан четда қолаётган бир пайтда, диаконлик унвони кўпинча нотўғри тушунилмоқда. Янги Аҳдга асосланган ҳолда айтиш мумкинки, диаконнинг роли, асосан, хизматкор бўлишдир. Оқсоқоллар Худо Каломи ва ибодат хизматига бағишланишлари учун жамоат моддий масалалар билан шуғулланадиган диаконлар хизматига муҳтож.

Муқаддас Китобда диаконларнинг роли ҳақида кўп маълумот берилмаган. 1 Тимўтий 3:8-12да берилган талаблар диаконнинг характери ва оилавий ҳаётига тегишли. Шунга қарамай, улардан талаб этиладиган хусусиятларни оқсоқоллардан талаб этиладиган хусусиятлар билан таққослаганда диаконларнинг фаолиятига доир баъзи маълумотларни кўриш мумкин. Кўпгина хусусиятлар бир хил ёки жуда ўхшаш бўлса-да, бир нечта кўзга ташланадиган фарқлар бор.

Эҳтимол, оқсоқоллар ва диаконлар ўртасидаги энг кўзга кўринадиган фарқ бу диаконларнинг “таълим беришга қобилиятли” бўлишлари шарт эмаслигидир (1 Тим. 3:2). Диаконлар соф виждон билан имонни маҳкам сақлашлари керак, лекин улар ўша имон бўйича “таълим беришга” даъват этилмаганлар (1 Тим. 3:9). Бу ‘диаконлар жамоатда расмий таълим бериш ролига эга эмаслар’, – деган хулосага келишимизга туртки беради.

Оқсоқолларга ўхшаб, диаконлар ўз хонадонлари ва фарзандларини яхши бошқаришлари керак (1 Тим. 3:4, 12). Лекин, диаконлар ҳақида гапирганда Павлус Худо жамоати ҳақида ғамхўрлик қилишга доир таққослашни тушириб қолдиради (1 Тим. 3:5). Бунинг сабаби кўпроқ диаконларга жамоатда етакчилик ёки бошқарувчилик лавозими берилмаганлигидир – бу вазифа оқсоқолларга тегишли.

Павлус диаконлик хизматига киришишидан олдин шахс синовдан ўтиши кераклигини айтса-да (1 Тим. 3:10), “у эндигина имонга келган бўлмаслиги керак”, деган талаб қўйилмаган. Павлус айтадики, агар эндигина имонга кирган одам оқсоқол бўлса, у “керилиб, иблиснинг ҳалокатли жангалига тушиб қолади” (1 Тим. 3:6). Ушбу фарққа доир хулосалардан бири – бу, эҳтимол оқсоқоллик лавозимига эга бўлганлар мағрурланишга кўпроқ мойил бўлишларидир, чунки улар жамоат устидан етакчиликка эга бўладилар. Бундан фарқли ўлароқ, жамоатда кўпроқ хизматкорлик ролига эга бўлган диаконнинг шундай гуноҳга учраши эҳтимоли юқори эмас. Ва ниҳоят, “етакчи” (бошқа тилларда “назоратчи” сифатида берилган) (1 Тим. 3:2) жамоатнинг руҳий эсон-омонлигини/саломатлигини уммимий назорат қилса, диакон унвони хизмат қилишга йўналтирилган бўлади.

Хусусиятлардаги ушбу фарқлардан билиб олганларимиздан ташқари, Муқаддас Китобда диаконларнинг вазифалари ҳақида аниқ таъриф йўқ. Ҳаворийлар 6-бобдаги ҳаворийлар ва етти кишига доир намунага асосланиб, диаконлар, оқсоқоллар ўзларининг Худо берган жамоатга ғамхўрлик қилиш ва уларга таълим бериш даъватларини ато этишга имкон бериш учун зарур бўлган ҳар қандай ишни қиладиган хизматчилар сифатида кўриш энг тўғри бўлади, деб айтишимиз мумкин. Ҳаворийлар маъмурий вазифаларни етти кишига тақсимлаб берганлари каби оқсоқоллар ҳам баъзи вазифаларни диаконларга тақсимлаб беришлари лозим, токи ўз эътиборларини бошқа нарсага (Калом ва ибодат хизматига) қаратишсин. Натижада, ҳар бир маҳаллий жамоат ўзининг маълум бир эҳтиёжларига асосланиб диаконларнинг вазифаларини белгилаш эркинлигига эга бўлади.

Бугунги кунда диаконлар масъул бўлган вазифалар нималардан иборат? Улар жамоатга таълим бериш ва чўпонлик (ғамхўрлик) қилишга алоқадор бўлмаган ҳар қандай вазифага масъул бўлишлари мумкин. Бундай вазифалар қуйидагиларни ўз ичига олиши мумкин:

  • Жамоат воситаларининг ишга яроқлилигини таъминлаш: Диаконлар жамоат мулкини бошқариш учун масъул бўлишлари мумкин. Бу йиғилишлардан олдин жойларнинг тайёрлигига ишонч ҳосил қилиш, тозалаш, ёки овоз тизимларини тайёрлаш.
  • Хайр-эҳсон: Ҳаворийлар 6:1–6да содир бўлган беваларга кундалик озуқа тарқатиш каби, диаконлар фондлар ижросини таъминлаш ёки муҳтожларга бошқа ёрдам кўрсатиш билан шуғулланишлари мумкин.
  • Молиявий масалалар: Оқсоқоллар жамоатнинг молиявий ишларини назорат қилишлари керак бўлсалар (Ҳаворийлар 11:30), кундалик молиявий масалаларни диаконларга қолдириш, эҳтимол, энг оқилона йўлдир. Бу қурбонлик ва ушрларни йиғиш, санаш ва ёзиб қўйиш ва ҳоказоларни ўз ичига олади.
  • Келувчиларни кутиб олиб жойлаштириш: Диаконлар варақалар тарқатиш, жамоатни жойлаштириш ёки Қутлуғ Кечлик учун керакли нарсаларни тайёрлаш учун масъул бўлишлари мумкин.
  • Моддий-техтик масалалар: Оқсоқоллар жамоатга таълим бериш ва унга чўпонлик қилишга бағишлана олишлари учун диаконлар турли хил йўллар билан уларга ёрдам беришга тайёр бўлишлари керак.

ХУЛОСА

 Муқаддас Китобда оқсоқолларга жамоатга таълим бериш ва уни етаклаш вазифалари берилган, диаконларнинг роли эса, кўпроқ хизмат кўрсатишга йўналтирилган. Яъни, улар жамоатнинг моддий ёки кундалик юмушларига масъул бўладилар. Бундай масалаларни ҳал қилиш орқали, оқсоқоллар жамоатнинг руҳий эҳтиёжларига ғамхўрлик қилишга тўлиқ бағишланишлари учун диаконлар уларни бошқа чалғитувчи нарсалардан озод этишади.
Диаконлар, жамоатнинг руҳий етакчилари бўлмасаларда, уларнинг характери жуда муҳим, шунинг учун ҳам диаконлар синовдан ўтишлари ва 1 Тимўтий 3-бобдаги Каломий хусусиятларга эга бўлишлари керак.

Бенжамин Меркл