Шогирдлик

Qachon jamoatda intizomiy chorani qo‘llash va gunohga qanday qarshi turish kerak?

Томонидан Jonatan Liman | Жонатан Лиман

Jonatan Liman 9taBelgi (9Marks) nashriyoti direktori, Cheverly, Merilenddagi Cheverly Baptist Jamoati oqsoqolidir. Uni Twitterda @JonathanLeeman shu nom ostida topishingiz mumkin. | Жонатан Лиман 9таБелги (9Маркс) нашриёти директори, Чеверлй, Мериленддаги Чеверлй Баптист Жамоати оқсоқолидир. Уни Тwиттерда @ЖонатҳанЛееман шу ном остида топишингиз мумкин.
Мақолалар
06.01.2016

Jamoatdagi intizomiy chora ko‘rishning katta qismi dushanbadan shanbagacha jamoat a’zolari o‘rtasidagi odatiy munosabatlarda sodir bo‘lishi kerak. Yo‘q, bu odamlar jamoatda har doim bir-birini tuzatib yurishlarini anglatmaydi. Bu juda noto‘g‘ri fikr. Bu shunchaki, jamoat xudojo‘ylikka chanqoq odamlarga to‘la bo‘lishi kerakligini bildiradi. Aslida, a’zolar ularni tuzatishlarini so‘rashadi, tuzatishdan o‘zlarini olib qochishmaydi, chunki ular o‘sishni xohlashadi.

“Salom Rasul, men yig‘ilishni qanday olib borganim bo‘yicha fikring qanday? Nimani bundan yaxshiroq qilishim mumkin edi, deb o‘ylaysan?”

“Murod, sen mening turmushim haqida va xotinim bilan munosabatim haqida har doim o‘z fikringni bildirishing mumkinligini aytmoqchiman. Bolalarni qanday tarbiya qilayotganim haqida sen ko‘rgan bironta xato va kamchiliklar bormi? Mening tanam bu savolni so‘rashimni umuman xohlamaydi, lekin men uchun sening kuzatuvlaring juda muhim.”

Ba’zan yozuvchilar bunyod etuvchi intizomiy chorani tuzatuvchi intizomiy choradan farqlashadi. Bunyod etuvchi intizomiy chora ta’lim berishni anglatadi. Tuzatuvchi intizomiy chora xatolarni tuzatishni bildiradi. Lekin ko‘rinib turibdiki, ular bir-birini to‘ldiradi. Biriga ikkinchisiz ega bo‘lish qiyin. Jamoat hayotida bunyod etuvchi va tuzatuvchi intizomiy chora faqatgina yakshanba kunlari emas, balki dushanbadan shanbagacha ham qo‘llanishi kerak. Intizomiy choralar ko‘rish, ustozlik qilish jarayonini tasvirlashning yana bir usuli, deb aytishingiz mumkin. Ustoz-shogirdlik va intizomiy chora qachon amalga oshirilishi kerak? Bunga javob – butun hafta davomida.

 QIYINROQ SAVOL

Lekin, qiyinroq savol bor: Intizomiy chora ko‘rish jarayonini qachon keyingi bosqichga o‘tkazasiz – birinchi bosqichdan ikkiga yoki uchga, yoki ikkidan yo uchdan butun jamoatga?

Buning uchun oson formula yo‘q. Har bir hol alohida ko‘rib chiqilishi kerak. Misol uchun, shunaqa hollar bo‘lganki, oqsoqollarimiz ularga ko‘p vaqt sarflashning hojati yo‘qligini ko‘rishgan – va boshqa vaziyatlar bo‘lganki, oqsoqollar ma’lum bir masalani keyingi bosqichga o‘tkazishga qaror qilolmasdan, uning ustida oylab, yillab ishlashgan.

Bunga jalb qilingan odamlar bizdan yordam olib, o‘z gunohlariga qarshi kurashayotganda bunday holatlar tez-tez uchraydi. Bizning oqsoqollar kengashi bitta turmush qurgan juftlik bilan to‘rt yoki besh yillab ishlaganlarini eslayman, bu shu darajada uzoq jarayon ediki, juftlikka konsultatsiya berishni boshlagan oqsoqollarning vakolat muddatlari tugab, yangilari kelganda ularga vaziyatni qisqacha tushuntirib berishga to‘g‘ri kelgan va juftlikning muammolari mobaynida bunday almashinuv bir necha marotaba davom etgan. Bu juftlikning birontasi jamoatdan chetlatilmagan.

OZGINA OSONROQ SAVOL

Ozgina osonroq savol (hech bo‘lmaganda, nazariy jihatdan) quyidagicha: Qaysi gunohlar ommaga ma’lum qilinishi va jamoatdan chetlatishga sabab bo‘lishi mumkin? Bu savolga javob berish uchun, yoshi ulug‘roq avlod yozuvchilari, odatda, Kalomdan bir necha gunohlar ro‘yxatini tuzadi, masalan 1-Korinfliklarga 5 va 6: “Men o‘zini birodar, deb atab turib, zinokorlik, tamagirlik, butparastlik, g‘iybatchilik, ichkilikbozlik yoki tovlamachilik qiluvchi odam bilan aloqa qilmanglar, u bilan birga, hatto, ovqat ham yemanglar, deb aytgan edim” (1-Kor. 5:11). Lekin biz faqat bu ro‘yxatga yopishib olsak-u, tamagirni jamoatdan chetlatib, talonchilarni chetlatmasligimiz kerakmi? Tovlamachini chetlatib, qotil yoki bachchabozlarni chetlatmasligimiz kerakmi? Talonchi, qotil va bachchabozlar bu kabi ro‘yxatlarda tilga olinmagan.

Aniqroq qilib aytganda, bu ro‘yxatlarga to‘liq deb qaramasligimiz kerak. Pavlus bu yerda ishonmaydigan va tavba qilmaydigan odamlardan kutishimiz kerak bo‘lgan gunohlar turini tasvirlamoqda (1-Kor. 6:9-10ga qarang).

Shunday qilib, yuqoridagi savolga qisqa javob quyidagicha deb o‘ylayman: Faqatgina tashqi (tashqariga namoyon bo‘ladigan), jiddiy va  tavba qilinmagan gunohlar ommaga ma’lum qilinishi va jamoatdan chetlatishga asos bo‘lishi mumkin. Gunohda bularning uchalasi ham bo‘lishi kerak, bitta yoki ikkitasi emas.

(i) Gunoh tashqi bo‘lishi kerak.

Birinchidan, gunoh siz ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz yoki qulog‘ingiz bilan eshitishingiz mumkin bo‘lishi kerak. Bu, siz odamning yuragida yashiringan bo‘lishi mumkin deb shubhalanayotgan narsa bo‘la olmaydi. Pavlus yuqoridagi ro‘yxatga tamagirlikni joylashtirgan, lekin agar sizda tamagirlikning tashqi dalili bo‘lmasa, siz birovni tamagirlikda ayblab, keyin esa, jamoatdan chetlata olmaysiz. Dunyoviy sud tizimi dalillarni sinchikovlik bilan tekshiradi. Jamoatlar ularga qaraganda ehtiyotsizroq bo‘lishi kerakmi? Isoni tartibsiz olomonning adolati qiziqtirmaydi.

Lekin e’tibor bering, men “tashqi” deb aytdim, “omma oldidagi” emas. Misol uchun, zinokorlik omma oldidagi gunoh emas. Bu xususiy gunoh. Shuning uchun, men “tashqi” deb aytdim.

(ii) Gunoh jiddiy bo‘lishi kerak.

Xavotir, qo‘rquv va stress gunoh bo‘lishi mumkin. Lekin, ular ommaga ma’lum qilinish va jamoatdan chetlatishga asos bo‘lolmaydi.

Misol uchun, agar birorta birodar voqeani bo‘rttirib gapirsa-yu, buni inkor etsa, u gunoh qilayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin, men buni ommaga oshkor qilmayman-ku axir. Butrus bizga “sevgi ko‘p gunohlarni yuvadi”, – deb aytadi (1-Butrus 4:8). Sog‘lom jamoatning asosiy xususiyatlaridan biri bu jamoatimizning boshqa a’zolari qiladigan ko‘pgina, hatto, eng ko‘p gunohlariga ko‘z yumishga tayyor bo‘lishdir.

Shunday qilib, nima jiddiy gunoh hisoblanadi? Bu shunday gunohki, kimdir rostdan ham Xudoning Ruhiga egaligiga va masihiy ekanligiga ishonish qiyin bo‘ladi. Kamida u tavba qilishdan bosh tortayotgan bo‘lsa. A’zolik nima ekanligini eslang: bu shaxsning imon e’tirofining jamoat tomonidan tasdiqlanishidir. Jiddiy gunoh bu bizga qarab turgan dunyo oldida turib, shaxsning imon e’tirofi ishonchli ekanini tasdiqlashni qiyin yoki ilojsiz qiladigan gunohdir. Men voqeani bo‘rttirib gapirgan odamning imonini tasdiqlashni toza vijdon bilan davom ettira olaman; lekin, jinsiy axloqsizlikda, og‘zaki haqorat qilishda, ichkilikbozlikda va shu kabi gunohlarda yashayotgan odamga nisbatan buni toza vijdon bilan amalga oshira olmayman.

“Jiddiy gunoh” kriteriysi bir muncha sub’yektiv emasmi? Ha, shunday, shuning uchun ham, bir holatdagi xuddi shu gunoh jamoatdan chetlatishga asos bo‘lsa, boshqa holatda vaziyatga bog‘liq bir qancha omillar tufayli bunga asos bo‘lmasligi mumkin. Kalom bizga har qanday ehtimoliy holat uchun mos keladigan qonun berganida biz uchun naqadar oson bo‘lgan bo‘lar edi. Ammo Rabbimiz donolik uchun va imon bo‘yicha yo‘l tutish uchun Unga murojaat qilishimizni xohladi. Aytgancha, bu jamoatlar iloji boricha ko‘proq oqsoqollar yetishtirishga intilishlari kerakligining yana bir sababidir. Bunday qiyin masalalarini butun jamoatga taqdim etishdan oldin bir, yoki ikkitagina kishi ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi oqilona emas.

(iii) Gunoh tavba qilinmagan bo‘lishi kerak.

Shaxsning gunohi fosh etilib, boshqalar tomonidan qarshilikka uchraydi. U o‘z gunohini tan oladimi yoki yo‘qmi, u buni to‘xtataman deydimi yoki yo‘qmi – bundan qat’iy nazar, u oxir oqibatda undan voz kechmaydi; u bu gunohga qaytishni davom etadi. U o‘z gunohidan ajrala olmaydi, xuddi axmoq o‘z axmoqligidan ajrala olmagani kabi.

LEKIN GUNOHGA QANDAY QARSHI TURISHIMIZ KERAK?

Iso g‘azabda xontaxtalarni ag‘darib yuborgan holatlar bo‘lgan. Havoriylar ma’lum bir shaxslarga omma oldida qattiq tanbeh bergan vaqtlar ham bo‘lgan (Havoriylar 8da Butrus sehrgar Shimo‘nga aytgan gaplari yoki Pavlusning 1-Korinfliklarga 5dagi aytgan gaplarini haqida fikr yuriting). Jamoat a’zosiga nisbatan jiddiylik shkalasi bo‘yicha 9 yoki 10 ballik qattiq chora ko‘rilishi kerak bo‘lgan holatlar juda kam bo‘lishi mumkin.

Lekin ko‘pgina vaziyatlarda sizning jamoat ichidagi gunohga qarshi turish yoki so‘roq qilish tarzingiz quyidagi xususiyatlarni o‘zida namoyon etishi kerak:

  • Yopiqlik: Matto 18dagi jarayon biz iloji boricha doiralarni kichikroq saqlashimiz kerakligini o‘rgatadi.
  • Muloyimlik: Pavlus bizga odamlarni “muloyim ruh bilan” yo‘lga solishimizni aytmoqda (Gal. 6:1).
  • Ehtiyotkorlik: Xuddi shu oyatda Pavlus qo‘shimcha qilib “O‘zingizga ehtiyot bo‘ling, tag‘in o‘zingiz ham vasvasaga yo‘liqib qolmang”, – deb aytadi. Yahudo ham bu fikrga qo‘shiladi: “Ularni qutqaringlar…. O‘z bilganidan qaytmaganlarga esa achininglar. Biroq Xudodan qo‘rqib, ularning qabih qilmishlaridan hazar qilinglar, ularning harom kiyimlaridan ham jirkaninglar” (23-oyat). Gunoh aldamchi. Hatto boshqalarga yordam berayotgan paytingizda ham unga aldanib qolish hech gap emas,.
  • Rahmdillik: Yahudo bu haqda ikki marta gapiradi “rahimdil bo‘ling” va “achining” (22, 23-oyatlar). Sizning muomala tarzingiz siz hech qachon bunday holga tushmaydigandek o‘z nazaringizda solih bo‘lib ko‘rinish bilan emas, rahmdillik va hamdardlik bilan yo‘grilgan bo‘lsin.
  • Xolislik: Biz oldindan hukm qilish emas, aksincha, har ikkala tomonni ham tinglashga intilishimiz kerak (1-Tim. 5:21ga qarang).
  • Aniqlik: Passiv aggressivlik, yoki achchiq kinoyali qarshilik yaramaydi, chunki bu faqatgina sizni himoya qilishga xizmat qiladi. Buning o‘rniga siz aniq gapirish orqali ochiq bo‘ling, ayniqsa, siz gunohga qo‘l urgan odamning oldiga borib, ochilishini va gunohini tan olishini so‘ramoqchi bo‘lsangiz bu sizga qo‘l keladi. Ba’zan, oxirigacha gapirmaslik muloyim bo‘lish maqsadlariga xizmat qiladi va shaxsga hamma narsaga o‘zi iqror bo‘lishiga imkon beradi. Lekin bu aniqlik maqsadlarini bajarolmaydi. Bu masala ishtirokchilari ko‘paygani va doira kengaygani sari, siz shuncha aniqroq gapirishingiz kerak bo‘ladi. Axir, “ozgina xamirturush butun xamirni achitadi” (1-Kor. 5:6). Odamlar ogohlantirilishi kerak.
  • Qat’iylik: Shunga bog‘liq ravishda, intizomiy chora ko‘rishning eng oxirgi bosqichi, ya’ni aloqani uzish yoki jamoatdan chetlatilsh payti kelganda butun jamoatning harakati qat’iy bo‘lishi kerak: “Orangizdan eski xamirturushni chiqarib tashlanglar, shu tariqa yangi xamirday bo‘linglar” (1-Kor. 5:7); “Orangizga nizo urug‘ini sepayotgan odamni bir-ikki marta ogohlantir, agar gapingga kirmasa, u bilan aloqani uz” (Titus 3:10). Bu shaxs endi o‘zini jamoat a’zosi emasligini va Qutlug‘ Kechlikda ishtirok etolmasligi aniq tushunishi kerak.

Tuzatish masalalarida har doim donolik talab etiladi, chunki ikkita bir xil vaziyat bo‘lmaydi. “Demak, biz bu odamga nisbatan biz bunday yo‘l tutgandik”, – deyish oson. Oldingi o‘xshash hodisadan ko‘p narsani o‘rganish mumkin bo‘lsa-da, biz oxir-oqibatda Xudo Kalomining tamoyillariga, Muqaddas Ruhning boshqaruviga va har bir vaziyatning o‘ziga xos jihatlarini sinchikovlik bilan tekshirish natijalariga tayanishimiz kerak.

* * * * *

Tahrirchi izohi: Ushbu maqola Jonatan Limanning Jamoatdagi Intizomni Tushunish (Understanding Church Discipline) nomli yangi kitobidan foydalanib tayyorlangan (B&H, 2016).

Jonatan Liman

Қачон жамоатда интизомий чорани қўллаш ва гуноҳга қандай қарши туриш керак?

Жамоатдаги интизомий чора кўришнинг катта қисми душанбадан шанбагача жамоат аъзолари ўртасидаги одатий муносабатларда содир бўлиши керак. Йўқ, бу одамлар жамоатда ҳар доим бир-бирини тузатиб юришларини англатмайди. Бу жуда нотўғри фикр. Бу шунчаки, жамоат художўйликка чанқоқ одамларга тўла бўлиши кераклигини билдиради. Аслида, аъзолар уларни тузатишларини сўрашади, тузатишдан ўзларини олиб қочишмайди, чунки улар ўсишни хоҳлашади.

“Салом Расул, мен йиғилишни қандай олиб борганим бўйича фикринг қандай? Нимани бундан яхшироқ қилишим мумкин эди, деб ўйлайсан?”

“Мурод, сен менинг турмушим ҳақида ва хотиним билан муносабатим ҳақида ҳар доим ўз фикрингни билдиришинг мумкинлигини айтмоқчиман. Болаларни қандай тарбия қилаётганим ҳақида сен кўрган биронта хато ва камчиликлар борми? Менинг танам бу саволни сўрашимни умуман хоҳламайди, лекин мен учун сенинг кузатувларинг жуда муҳим.”

Баъзан ёзувчилар бунёд этувчи интизомий чорани тузатувчи интизомий чорадан фарқлашади. Бунёд этувчи интизомий чора таълим беришни англатади. Тузатувчи интизомий чора хатоларни тузатишни билдиради. Лекин кўриниб турибдики, улар бир-бирини тўлдиради. Бирига иккинчисиз эга бўлиш қийин. Жамоат ҳаётида бунёд этувчи ва тузатувчи интизомий чора фақатгина якшанба кунлари эмас, балки душанбадан шанбагача ҳам қўлланиши керак. Интизомий чоралар кўриш, устозлик қилиш жараёнини тасвирлашнинг яна бир усули, деб айтишингиз мумкин. Устоз-шогирдлик ва интизомий чора қачон амалга оширилиши керак? Бунга жавоб – бутун ҳафта давомида.

ҚИЙИНРОҚ САВОЛ

Лекин, қийинроқ савол бор: Интизомий чора кўриш жараёнини қачон кейинги босқичга ўтказасиз – биринчи босқичдан иккига ёки учга, ёки иккидан ё учдан бутун жамоатга?

Бунинг учун осон формула йўқ. Ҳар бир ҳол алоҳида кўриб чиқилиши керак. Мисол учун, шунақа ҳоллар бўлганки, оқсоқолларимиз уларга кўп вақт сарфлашнинг ҳожати йўқлигини кўришган – ва бошқа вазиятлар бўлганки, оқсоқоллар маълум бир масалани кейинги босқичга ўтказишга қарор қилолмасдан, унинг устида ойлаб, йиллаб ишлашган.

Бунга жалб қилинган одамлар биздан ёрдам олиб, ўз гуноҳларига қарши курашаётганда бундай ҳолатлар тез-тез учрайди. Бизнинг оқсоқоллар кенгаши битта турмуш қурган жуфтлик билан тўрт ёки беш йиллаб ишлаганларини эслайман, бу шу даражада узоқ жараён эдики, жуфтликка консультация беришни бошлаган оқсоқолларнинг ваколат муддатлари тугаб, янгилари келганда уларга вазиятни қисқача тушунтириб беришга тўғри келган ва жуфтликнинг муаммолари мобайнида бундай алмашинув бир неча маротаба давом этган. Бу жуфтликнинг биронтаси жамоатдан четлатилмаган.

ОЗГИНА ОСОНРОҚ САВОЛ

Озгина осонроқ савол (ҳеч бўлмаганда, назарий жиҳатдан) қуйидагича: Қайси гуноҳлар оммага маълум қилиниши ва жамоатдан четлатишга сабаб бўлиши мумкин? Бу саволга жавоб бериш учун, ёши улуғроқ авлод ёзувчилари, одатда, Каломдан бир неча гуноҳлар рўйхатини тузади, масалан 1 Коринфликларга 5 ва 6: “Мен ўзини биродар, деб атаб туриб, зинокорлик, тамагирлик, бутпарастлик, ғийбатчилик, ичкиликбозлик ёки товламачилик қилувчи одам билан алоқа қилманглар, у билан бирга, ҳатто, овқат ҳам еманглар, деб айтган эдим” (1 Кор. 5:11). Лекин биз фақат бу рўйхатга ёпишиб олсак-у, тамагирни жамоатдан четлатиб, талончиларни четлатмаслигимиз керакми? Товламачини четлатиб, қотил ёки баччабозларни четлатмаслигимиз керакми? Талончи, қотил ва баччабозлар бу каби рўйхатларда тилга олинмаган.

Аниқроқ қилиб айтганда, бу рўйхатларга тўлиқ деб қарамаслигимиз керак. Павлус бу ерда ишонмайдиган ва тавба қилмайдиган одамлардан кутишимиз керак бўлган гуноҳлар турини тасвирламоқда (1 Кор. 6:9-10га қаранг).

Шундай қилиб, юқоридаги саволга қисқа жавоб қуйидагича деб ўйлайман: Фақатгина ташқи (ташқарига намоён бўладиган), жиддий ва тавба қилинмаган гуноҳлар оммага маълум қилиниши ва жамоатдан четлатишга асос бўлиши мумкин. Гуноҳда буларнинг учаласи ҳам бўлиши керак, битта ёки иккитаси эмас.

(i) Гуноҳ ташқи бўлиши керак.

Биринчидан, гуноҳ сиз кўзингиз билан кўришингиз ёки қулоғингиз билан эшитишингиз мумкин бўлиши керак. Бу, сиз одамнинг юрагида яширинган бўлиши мумкин деб шубҳаланаётган нарса бўла олмайди. Павлус юқоридаги рўйхатга тамагирликни жойлаштирган, лекин агар сизда тамагирликнинг ташқи далили бўлмаса, сиз бировни тамагирликда айблаб, кейин эса, жамоатдан четлата олмайсиз. Дунёвий суд тизими далилларни синчиковлик билан текширади. Жамоатлар уларга қараганда эҳтиётсизроқ бўлиши керакми? Исони тартибсиз оломоннинг адолати қизиқтирмайди.

Лекин эътибор беринг, мен “ташқи” деб айтдим, “омма олдидаги” эмас. Мисол учун, зинокорлик омма олдидаги гуноҳ эмас. Бу хусусий гуноҳ. Шунинг учун, мен “ташқи” деб айтдим.

(ii) Гуноҳ жиддий бўлиши керак.

Хавотир, қўрқув ва стресс гуноҳ бўлиши мумкин. Лекин, улар оммага маълум қилиниш ва жамоатдан четлатишга асос бўлолмайди.

Мисол учун, агар бирорта биродар воқеани бўрттириб гапирса-ю, буни инкор этса, у гуноҳ қилаётган бўлиши мумкин. Лекин, мен буни оммага ошкор қилмайман-ку ахир. Бутрус бизга “севги кўп гуноҳларни ювади”, – деб айтади (1 Бутрус 4:8). Соғлом жамоатнинг асосий хусусиятларидан бири бу жамоатимизнинг бошқа аъзолари қиладиган кўпгина, ҳатто, энг кўп гуноҳларига кўз юмишга тайёр бўлишдир.

Шундай қилиб, нима жиддий гуноҳ ҳисобланади? Бу шундай гуноҳки, кимдир ростдан ҳам Худонинг Руҳига эгалигига ва масиҳий эканлигига ишониш қийин бўлади. Камида у тавба қилишдан бош тортаётган бўлса. Аъзолик нима эканлигини эсланг: бу шахснинг имон эътирофининг жамоат томонидан тасдиқланишидир. Жиддий гуноҳ бу бизга қараб турган дунё олдида туриб, шахснинг имон эътирофи ишончли эканини тасдиқлашни қийин ёки иложсиз қиладиган гуноҳдир. Мен воқеани бўрттириб гапирган одамнинг имонини тасдиқлашни тоза виждон билан давом эттира оламан; лекин, жинсий ахлоқсизликда, оғзаки ҳақорат қилишда, ичкиликбозликда ва шу каби гуноҳларда яшаётган одамга нисбатан буни тоза виждон билан амалга ошира олмайман.

“Жиддий гуноҳ” критерийси бир мунча субъектив эмасми? Ҳа, шундай, шунинг учун ҳам, бир ҳолатдаги худди шу гуноҳ жамоатдан четлатишга асос бўлса, бошқа ҳолатда вазиятга боғлиқ бир қанча омиллар туфайли бунга асос бўлмаслиги мумкин. Калом бизга ҳар қандай эҳтимолий ҳолат учун мос келадиган қонун берганида биз учун нақадар осон бўлган бўлар эди. Аммо Раббимиз донолик учун ва имон бўйича йўл тутиш учун Унга мурожаат қилишимизни хоҳлади. Айтганча, бу жамоатлар иложи борича кўпроқ оқсоқоллар етиштиришга интилишлари кераклигининг яна бир сабабидир. Бундай қийин масалаларини бутун жамоатга тақдим этишдан олдин бир, ёки иккитагина киши кўриб чиқишга мажбур бўлиши оқилона эмас.

(iii) Гуноҳ тавба қилинмаган бўлиши керак.

Шахснинг гуноҳи фош этилиб, бошқалар томонидан қаршиликка учрайди. У ўз гуноҳини тан оладими ёки йўқми, у буни тўхтатаман дейдими ёки йўқми – бундан қатъий назар, у охир оқибатда ундан воз кечмайди; у бу гуноҳга қайтишни давом этади. У ўз гуноҳидан ажрала олмайди, худди ахмоқ ўз ахмоқлигидан ажрала олмагани каби.

ЛEКИН ГУНОҲГА ҚАНДАЙ ҚАРШИ ТУРИШИМИЗ КEРАК?

Исо ғазабда хонтахталарни ағдариб юборган ҳолатлар бўлган. Ҳаворийлар маълум бир шахсларга омма олдида қаттиқ танбеҳ берган вақтлар ҳам бўлган (Ҳаворийлар 8да Бутрус сеҳргар Шимўнга айтган гаплари ёки Павлуснинг 1 Коринфликларга 5даги айтган гапларини ҳақида фикр юритинг). Жамоат аъзосига нисбатан жиддийлик шкаласи бўйича 9 ёки 10 баллик қаттиқ чора кўрилиши керак бўлган ҳолатлар жуда кам бўлиши мумкин.

Лекин кўпгина вазиятларда сизнинг жамоат ичидаги гуноҳга қарши туриш ёки сўроқ қилиш тарзингиз қуйидаги хусусиятларни ўзида намоён этиши керак:

  • Ёпиқлик: Матто 18даги жараён биз иложи борича доираларни кичикроқ сақлашимиз кераклигини ўргатади.
  • Мулойимлик: Павлус бизга одамларни “мулойим руҳ билан” йўлга солишимизни айтмоқда (Гал. 6:1).
  • Эҳтиёткорлик: Худди шу оятда Павлус қўшимча қилиб “Ўзингизга эҳтиёт бўлинг, тағин ўзингиз ҳам васвасага йўлиқиб қолманг”, – деб айтади. Яҳудо ҳам бу фикрга қўшилади: “Уларни қутқаринглар…. Ўз билганидан қайтмаганларга эса ачининглар. Бироқ Худодан қўрқиб, уларнинг қабиҳ қилмишларидан ҳазар қилинглар, уларнинг ҳаром кийимларидан ҳам жирканинглар” (23-оят). Гуноҳ алдамчи. Ҳатто бошқаларга ёрдам бераётган пайтингизда ҳам унга алданиб қолиш ҳеч гап эмас,.
  • Раҳмдиллик: Яҳудо бу ҳақда икки марта гапиради “раҳимдил бўлинг” ва “ачининг” (22, 23-оятлар). Сизнинг муомала тарзингиз сиз ҳеч қачон бундай ҳолга тушмайдигандек ўз назарингизда солиҳ бўлиб кўриниш билан эмас, раҳмдиллик ва ҳамдардлик билан йўгрилган бўлсин.
  • Холислик: Биз олдиндан ҳукм қилиш эмас, аксинча, ҳар иккала томонни ҳам тинглашга интилишимиз керак (1 Тим. 5:21га қаранг).
  • Аниқлик: Пассив аггрессивлик, ёки аччиқ кинояли қаршилик ярамайди, чунки бу фақатгина сизни ҳимоя қилишга хизмат қилади. Бунинг ўрнига сиз аниқ гапириш орқали очиқ бўлинг, айниқса, сиз гуноҳга қўл урган одамнинг олдига бориб, очилишини ва гуноҳини тан олишини сўрамоқчи бўлсангиз бу сизга қўл келади. Баъзан, охиригача гапирмаслик мулойим бўлиш мақсадларига хизмат қилади ва шахсга ҳамма нарсага ўзи иқрор бўлишига имкон беради. Лекин бу аниқлик мақсадларини бажаролмайди. Бу масала иштирокчилари кўпайгани ва доира кенгайгани сари, сиз шунча аниқроқ гапиришингиз керак бўлади. Ахир, “озгина хамиртуруш бутун хамирни ачитади” (1 Кор. 5:6). Одамлар огоҳлантирилиши керак.
  • Қатъийлик: Шунга боғлиқ равишда, интизомий чора кўришнинг энг охирги босқичи, яъни алоқани узиш ёки жамоатдан четлатилш пайти келганда бутун жамоатнинг ҳаракати қатъий бўлиши керак: “Орангиздан эски хамиртурушни чиқариб ташланглар, шу тариқа янги хамирдай бўлинглар” (1 Кор. 5:7); “Орангизга низо уруғини сепаётган одамни бир-икки марта огоҳлантир, агар гапингга кирмаса, у билан алоқани уз” (Титус 3:10). Бу шахс энди ўзини жамоат аъзоси эмаслигини ва Қутлуғ Кечликда иштирок этолмаслиги аниқ тушуниши керак.

Тузатиш масалаларида ҳар доим донолик талаб этилади, чунки иккита бир хил вазият бўлмайди. “Демак, биз бу одамга нисбатан биз бундай йўл тутгандик”, – дейиш осон. Олдинги ўхшаш ҳодисадан кўп нарсани ўрганиш мумкин бўлса-да, биз охир-оқибатда Худо Каломининг тамойилларига, Муқаддас Руҳнинг бошқарувига ва ҳар бир вазиятнинг ўзига хос жиҳатларини синчиковлик билан текшириш натижаларига таянишимиз керак.

* * * * *
Таҳрирчи изоҳи: Ушбу мақола Жонатан Лиманнинг Жамоатдаги Интизомни Тушуниш (Understanding Church Discipline) номли янги китобидан фойдаланиб тайёрланган (B&H, 2016).

Жонатан Лиман