Шогирдлик

Xushxabarchilikning shogirdlikka ko‘rsatadigan oltita foydasi

Томонидан Brayn Parks

Brian Parks is Vice President of GDS Knowledge Consultants and is an elder at Redeemer Church of Dubai. He has over 20 years of student ministry experience.
Мақолалар
08.27.2012

“Xushxabarchilik hayotimni o‘zgartirdi”, – deb aytgandi meni Orlandoda o‘tayotgan konferensiyaga olib borayotgan taksi haydovchisi, Jon. U meni ko‘pchilik yo‘lovchilarga o‘xshab Orlandoga “Disney World” uchun bormayotganimni bilib olganidan keyin suhbatimiz tezda imon mavzusiga o‘tdi.

“Qanaqasiga?” – deb so‘radim, uni qanday qilib Masihga olib kelishganini to‘liq tushuntirib berishiga umid qilib. Lekin u boshqa narsani nazarda tutgan ekan. U, aslida, xushxabarchilik bilan shug‘ullanish uning hayotini o‘zgartirganini nazarda tutgan ekan.

U quyidagicha tushuntirib berdi: “Imonim bilan bo‘lishishni o‘rganishim juda ko‘p muhim masalalarga diqqatimni qaratdi. U meni oldin hecham o‘ylamagan narsalar haqida bosh qotirishga majburladi. Kimnidir Masihga yetaklaganingizdan keyin, siz buni hech qachon unutolmaysiz. Siz o‘zingizni to‘xtatolmaysiz! Buni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi!”

Jonning o‘z imoni bilan bo‘lishish unga qanchalik ruhiy jo‘shqinlik baxsh etgani haqidagi guvohligi mening Masih bilan birga yurishdagi tajribam va 22 yillik talabalarga xizmat qilish va jamoatdagi yetakchilik tajribamda ko‘rgan hamma narsaga mos kelardi

Shunga qaramay, biz, ko‘pincha, shogirdlik va xushxabarchilikka Masihdagi hayotimizning ikkita bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan, alohida jihati sifatida qaraymiz. Bundan ham yomonrog‘i, biz, odatda, shogirdlik – bu zaruriy, xushxabarchilik esa – ixtiyoriy deb o‘ylaymiz. Yoki, xushxabarchilik jamoatimizdagi faqatgina eng jonkuyar va “ruhan iste’dodli” odamlar uchun deb bilamiz.

HAR BIR SHOGIRD XUSHXABAR AYTISHI KERAK

Lekin Yangi Ahdda ko‘rishimiz mumkinki, Masihning har bir shogirdi o‘zining odatiy, har kungi hayotida Kalom o‘rganish, ibodat qilish va umumiy sajdada ishtirok etish qatorida xushxabarchilik faoliyatiga ham qatnashadi. Endigina imonga kelgan masihiydan boshlab ulug‘ yoshga yetgan yetuk masihiygacha har bir kishi uchun xushxabar bilan bo‘lishish Masihdagi hayotning zaruriy va ajralmas qismidir.

Ko‘pchiligimiz Buyuk Topshiriq hisoblanmish “shogird orttirish” (Matto 28:18-20) mavzusida va’zlar eshitganmiz va hatto o‘zimiz ham bu mavzuda va’z qilganmiz. Shu bilan birga, atrofimizdagilarga ular ham shogird orttirishlari kerakligini o‘rgatganmiz. Lekin biz shuni aniq tushunib olishimiz kerakki, “shogird orttirish” hali shogird bo‘lmaganlarga shogird bo‘lishga yordam berishni ham – ya’ni, xushxabarchilikni ham o‘z ichiga oladi. Isoning O‘zi bu borada bizga namuna bo‘ldi (Mark 1:14, 15; Matto 9:35) va O‘z havoriylarini xuddi shunday qilishga o‘rgatdi (Mark 6:7-13; Luqo 10:1-12). Iso tirilganidan keyin bir necha kun o‘tib shogirdlariga ular “yer yuzining hamma burchaklarida sizlar Mening shohidlarim bo‘lasizlar”, – deb aytadi (Havoriylar 1:8).

Tabiiy va odatiy tarzda xushxabarni oilalariga, do‘stlariga va begonalarga bo‘lishish Havoriylar ta’limotining bir qismi bo‘lib kelgan va Muqaddas Ruhga to‘lgan yangi jamoat o‘zini bunga bag‘ishlagan (Havoriylar 2:42). Hosil bayramida Isoning shogirdlari Muqaddas Ruhga to‘lganidan keyingi haftalar va oylar davomida har kuni odamlar imonga kelishardi (Havoriylar 2:47). Xushxabarchilik o‘sha zahotiyoq ularning Rabbimiz Iso tirilganidan keyingi yangi shogirdlik hayotlarining bir qismiga aylandi.

XUSHXABARCHILIKNING FOYDALARI

Biz xushxabarchilikka shogirdlikning zaruriy qismi sifatida qarashimiz kerak. Quyida bu qay tarzda yetuk shogirdlarni yetishtirishga yordam berishiga oltita misol keltirilgan:

1. Xushxabarchilik faoliyati xushxabarni hayotimizda va jamoatlarimizda markaziyligini saqlashga yordam beradi.

Xushxabar jamoatni yaratadi (Kol. 1:5, 6), uning asosiy xabari hisoblanadi (1-Kor. 15:1-3), va Masihda o‘sishimizni mustahkamlaydi (Fil. 1:6). Shu sababli, uning markaziyligini saqalash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak. Dunyo, bashariy tabiatimiz va shayton uni nazardan chetga chiqarish uchun bor kuchini ishlatishini bilamiz.

D. A. Karson aytadiki, xushxabarni saqlashning yo‘llaridan biri, bu uni boshqalarga ulashish uchun qattiq mehnat qilishdir. Xushxabarchilik faoliyati injil xabarini Masihda o‘sayotgan hayotning harakatlantiruvchi quvvati sifatida saqlashimizga yordam beradi.

2. Xushxabarchilik Muqaddas Kitobning eng fundamental haqiqatlariga doir tushunchamizni chuqurlashtiradi.

Imonsizlar bilan olib boriladigan xushxabarga doir suhbatlar bizni Xudo Kalomining markaziy, fundamental haqiqatlarini yaxshiroq fahmlashga majburlaydi. Xudoning xarakteri, Uning muqaddasligi va qahr-g‘azabi, insonning Xudo suratida yaratilishi, gunoh, inoyat, Masihning xochda qurbon bo‘lishi, hukm kabi masalalarning bari o‘tkir diqqat markazingizda bo‘ladi. Biz boshqacha sharoitdagi boshqa odamlarga bu tushunchalarni tushuntirayotganimizda yaxshilab o‘ylab, fikr yuritishga majbur bo‘lamiz. Shu bilan birga, bu haqiqatlar Ibtidodan boshlab to Vahiygacha bo‘lgan barcha Muqaddas Yozuvlarni o‘zaro qanday bog‘lashini yaxshiroq o‘rganamiz.

Xushxabarchilikning shogirdlik uchun foydalari haqidagi eng aniq oyatlardan biri bu Filimo‘n 1:6dir: “Ibodatim shuki, birgalikda baham ko‘rayotgan imonimiz sening hayotingda samara bersin. Iso Masih uchun qilishimiz kerak bo‘lgan yaxshiliklarni chuqurroq tushunishingga olib kelsin.”

Nimanidir bilish hamda buni tushunmagan yoki ishonmagan kishiga tushuntirib berish ikkita har xil narsalardir. Ushbu haqiqatlar xazinasini boshqalarga tushuntirib berganimizda bu narsalar o‘zimizga ham yanada ravshanroq bo‘ladi.

3. To‘g‘ri niyatga asoslangan xushxabarchilik faoliyati Xudoga nisbatan va birodarimizga nisbatan sevgimizni o‘stiradi.

Hamma odamlar Xudoni butun qalblari bilan sevishga va boshqalarni o‘zlarini sevganday sevishga da’vat etilganlar (Mark 12:28-31). Biz Xudoni va odamlarni sevganimiz uchun ular bilan imonimizni bo‘lishsak, bu o‘sha sevgini yanada kuchliroq alangalanishiga olib keladi. To‘g‘ri niyatga asoslangan xushxabarchilik faoliyatida buning aksi bo‘lganini hech qachon ko‘rmaganman.

Agar siz hali kimnidir Masihga olib kelmagan bo‘lsangiz, men sizga endigina imonga kelgan odamda ishlayotgan xushxabarning o‘zgartiruvchi kuchini ko‘rish quvonchini tasvirlab bera olishim mumkin xolos. Ularning o‘z gunohlari tufayli yuraklari qattiq qayg‘uga botishlarini ko‘rib, mening yuragim ham gunohim tufayli yanada qattiqroq qayg‘uga botadi. Ularning kechirim ozodligidagi quvonchlarini ko‘rib, bu ozodlikdan men ham yanada ko‘proq lazzatlanishni xohlayman. Kimnidir Masih tomon yetaklash imtiyozini boshdan kechirish Xudo biz o‘ylaganimizdan ko‘ra qanchalik qudratliroq, muqaddasroq va rahm-shafqatliroq ekanligini eslatadi.

Bundan tashqari, Iso Masih biz injil umidi haqidagi xabarni boshqalar bilan bo‘lishganimizda, ular uni va ehtimol bizni ham ba’zan rad etishlarini aytadi (Yuhanno 15:18-20). Bu narsa sodir bo‘lganda, gunoh olib keladigan kishan va ruhiy ko‘rlik tufayli yuragim yanada ko‘proq g‘ashlanadi. Bu meni bo‘lajak hukm haqida o‘ylashga majbur qiladi. Shu bilan birga, men va injil xushxabarini rad qilgan inson kabi bir xil gunohkor bo‘lsamda, Xudo nima uchun meni qutqargani haqida yana o‘ylanib qolaman.

4. Xushxabarchilik imonsizlardan kutilmagan savollar va e’tirozlarni keltirib chiqaradi va ular imonimizning chuqur ildiz otishiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Men deyarli o‘n yil davomida Yaqin Sharqda yashadim va musulmonlar hamda masihiy bo‘lmaganlar bilan munosabatga kirishganimda ularning savollariga dono javoblar qidirib, Xudoga murojaat qilganim tufayli imonim doimiy tarzda mustahkamlanib bordi.

Kompaniyamiz ofisi yonidagi fudkort (savdo markazidagi ovqatlanish zonasi)da ko‘p marotaba musulmonlar bilan suhbatlashardim. Ko‘pincha suhbatlarimiz tabiiy ravishda imon masalalariga o‘tardi va menda masihiylar, aslida, nimaga ishonishlari haqida tushuntirib berishga imkon bo‘lardi. Men har doim ham ularning savollariga darrov javob bera olmas edim, lekin bu savollarga javob topish uchun Xudoga va Uning Kalomiga murojaat qilganimda imonim har doim mustahkamlanadi. Imonimni boshqalar bilan bo‘lishish menga e’tirozlarni eshitish va o‘zim hech qachon bermaydigan savollarga javob topish imkoniyatini beradi.

5. Xushxabarchilik bizni atrofimizdagilar qutqarilgan deb noto‘g‘ri taxmin qilishdan saqlaydi.

Yuqoridan tug‘ilmagan odamlarni, Kalomiy ma’noda, Masihning shogirdi qilib tarbiyalashning iloji yo‘q. Ular xudojo‘ylikda o‘smaydilar va o‘solmaydilar ham (Rim. 8:5-8).

Bugungi kunda jamoat uchun eng katta xavflardan biri bu o‘zini “masihiy” deb ataganlarni va jamoat tadbirlarida ishtirok etadiganlarni najotga erishgan deb faraz qilishdir. Biz kimni “yuqoridan tug‘ilgan” deb bilishimiz haqida jiddiy munosabatda bo‘lmasligimizning ildiz, odatda, yuqoridan tug‘ilishga doir kalomiy bo‘lmagan qarashlarimizga borib taqaladi. Ba’zan esa, inson oldidagi qo‘rquvimiz, ehtimol, u o‘z hayotini Masihga ishonib topshirmagandir deb, o‘zini imonliman deb e’tirof etayotgan odamni xafa qilib qo‘yishga tavakkal qilishdan bizni qaytaradi.

Lekin, xushxabarni kundalik suhbatimizning bir qismiga aylantirishimiz, odatda, nomigagina masihiy bo‘lganlarning rostdan ham yuqoridan, Ruhdan tug‘ilishiga sababchi bo‘ladi.

Urug‘ sepuvchi urug‘ning qayerga tushishiga ahamiyat bermasdan (yo‘l ustiga, toshloq yerga, tikanlar orasiga, yaxshi tuproqqa; Mark 4:2-8) uni xohlaganicha sepadi. Biz ham xushxabarni kengroq, hech kimni ajratmasdan bo‘lishishimiz kerak. Hamma narsaga qodir Xudoyimiz yo‘qolganlarni qutqarish va aziz imonlilarga dalda berish uchun undan O‘z bilganicha foydalanishiga imkon berishimiz kerak.

6. Xushxabarchilik faoliyati injil xushxabari uchun quvg‘in bo‘lish ehtimolini oshiradi, bu esa bizning ruhiy o‘sishimizga olib keladi.

Men o‘z ro‘yxatimni ushbu “foyda”dan boshlamaganligimning sababi bor. Shunga qaramay, keling Rimliklarga 5:3-5ga qaraymiz:

Faqatgina o‘sha umidimiz bilan emas, balki azob–uqubatlarimiz bilan ham faxrlanamiz, chunki azob–uqubatlar sabr–toqat hosil qilishini bilamiz. Sabr–toqat Xudoga ma’qul fe’l–atvorni, bunday fel–atvor esa umidni hosil qiladi. Umidimiz bizni uyatga qoldirmaydi. Chunki bizga berilgan Muqaddas Ruh orqali yuraklarimiz Xudoning mehr–muhabbati bilan to‘lib-toshadi.

Biz azob-uqubatlarni azob-uqubatlarning o‘zi uchun qidirmasligimiz kerak bo‘lsa-da, biz xushxabar yo‘lida azob-uqubatlarni qabul qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak (2-Tim. 1:8; Rim. 8:17). Aslida, xuddi ilk jamoatda bo‘lgani kabi, xushxabar aytganimiz uchun azob-uqubatlarga duch kelishimiz bizga dalda sifatida xizmat qilishi kerak, (Havoriylar 5:41). Shu bilan birga, imonimiz bilan bo‘lishish biz oqilona bo‘lmagan qarorlarimiz yoki birovni asossiz xafa qilganimiz uchun emas, balki xushxabarning o‘zi uchun azob-uqubatlarga duch kelishimizga amin bo‘lishga yordam beradi. Xushxabarni e’lon qilganimiz uchun azob-uqubatlarga uchrashimiz bizning imonimizni mustahkamlaydi, chunki biz azob chekayotgan Najotkorimizga qaraymiz.

OGOHLANTIRISH VA DALDA

Ogohlantirish: siz xushxabar aytishni o‘z shogirdlik xizmatingizning bir qismi sifatida qaraganingizda xushxabarchilik dasturlaridan ehtiyot bo‘ling. Men xushxabarchilikni “tabiiy va odatiy” bo‘lishi kerakligini tasvirladim. Biz dasturda ishtirok etayotganimiz uchungina xushxabarchilik bilan shug‘ullansak, unda biz Kalom xushxabarchilikni imonlilar hayotida qanday tasvirlaganiga mos harakatlanmayotgan bo‘lamiz. Xushxabarchilikka bir dastur sifatida qarash uni shogirdlikdan va kundalik hayotimizdan ajratib qo‘yishi mumkin.

Bolaning velosipedidagi qo‘shimcha g‘ildiraklarni, oxir-oqibatda, olib tashlash kerak. Xuddi shunga o‘xshab, dasturlarga oxir-oqibatda hayotimiz “matosiga” tabiiyroq va odatiyroq qo‘shilib ketadigan usul bilan almashtiriladigan shakl va tuzilishlar sifatida qaraganimizda, ular yaxshi vosita bo‘lishari mumkin.

Va nihoyat, jamoatingiz va masihiy do‘stlaringiz o‘z imonlari bilan faol bo‘lishishlari uchun yagona eng katta dalda – bu katta cho‘pon va oqsoqollarning o‘z imonlari bilan bo‘lishayotganini ko‘rish va eshitishdir. Odamlar sizdan siz ishtiyoqmand bo‘lgan narsani tezroq o‘rgana oladilar. Agar siz cho‘pon sifatida, imoningiz bilan bo‘lishishga ishtiyoqmand bo‘lsangiz, jamoat ham o‘z imoni bilan bo‘lishishga ishtiyoqmand bo‘lishni o‘rganadi. Ular buni amalga oshirib, Masihning shogirdlari sifatida o‘sib boradilar.

Iso O‘zining Buyuk Topshirig‘ida O‘z havoriylariga, “…shogird orttiringlar…. Men sizlarga buyurgan hamma narsaga amal qilishni ularga o‘rgatinglar”, – deb aytadi (Matt. 28:19). Shuning uchun, shogird orttirayotganimizda ularga o‘rnak bo‘lishga va Iso buyurgan hamma narsani – shu jumladan, xushxabarchilik hayotining buyuk quvonchi va marhamatini ularga o‘rgatishga intilaylik.

Brayn Parks

Хушхабарчиликнинг шогирдликка кўрсатадиган олтита фойдаси

“Хушхабарчилик ҳаётимни ўзгартирди”, – деб айтганди мени Орландода ўтаётган конференцияга олиб бораётган такси ҳайдовчиси, Жон. У мени кўпчилик йўловчиларга ўхшаб Орландога “Disney World” учун бормаётганимни билиб олганидан кейин суҳбатимиз тезда имон мавзусига ўтди.

“Қанақасига?” – деб сўрадим, уни қандай қилиб Масиҳга олиб келишганини тўлиқ тушунтириб беришига умид қилиб. Лекин у бошқа нарсани назарда тутган экан. У, аслида, хушхабарчилик билан шуғулланиш унинг ҳаётини ўзгартирганини назарда тутган экан.

У қуйидагича тушунтириб берди: “Имоним билан бўлишишни ўрганишим жуда кўп муҳим масалаларга диққатимни қаратди. У мени олдин ҳечам ўйламаган нарсалар ҳақида бош қотиришга мажбурлади. Кимнидир Масиҳга етаклаганингиздан кейин, сиз буни ҳеч қачон унутолмайсиз. Сиз ўзингизни тўхтатолмайсиз! Буни ҳеч нарса билан тенглаштириб бўлмайди!”

Жоннинг ўз имони билан бўлишиш унга қанчалик руҳий жўшқинлик бахш этгани ҳақидаги гувоҳлиги менинг Масиҳ билан бирга юришдаги тажрибам ва 22 йиллик талабаларга хизмат қилиш ва жамоатдаги етакчилик тажрибамда кўрган ҳамма нарсага мос келарди

Шунга қарамай, биз, кўпинча, шогирдлик ва хушхабарчиликка Масиҳдаги ҳаётимизнинг иккита бир-бирига боғлиқ бўлмаган, алоҳида жиҳати сифатида қараймиз. Бундан ҳам ёмонроғи, биз, одатда, шогирдлик – бу зарурий, хушхабарчилик эса – ихтиёрий деб ўйлаймиз. Ёки, хушхабарчилик жамоатимиздаги фақатгина энг жонкуяр ва “руҳан истеъдодли” одамлар учун деб биламиз.

ҲАР БИР ШОГИРД ХУШХАБАР АЙТИШИ КEРАК

Лекин Янги Аҳдда кўришимиз мумкинки, Масиҳнинг ҳар бир шогирди ўзининг одатий, ҳар кунги ҳаётида Калом ўрганиш, ибодат қилиш ва умумий саждада иштирок этиш қаторида хушхабарчилик фаолиятига ҳам қатнашади. Эндигина имонга келган масиҳийдан бошлаб улуғ ёшга етган етук масиҳийгача ҳар бир киши учун хушхабар билан бўлишиш Масиҳдаги ҳаётнинг зарурий ва ажралмас қисмидир.

Кўпчилигимиз Буюк Топшириқ ҳисобланмиш “шогирд орттириш” (Матто 28:18-20) мавзусида ваъзлар эшитганмиз ва ҳатто ўзимиз ҳам бу мавзуда ваъз қилганмиз. Шу билан бирга, атрофимиздагиларга улар ҳам шогирд орттиришлари кераклигини ўргатганмиз. Лекин биз шуни аниқ тушуниб олишимиз керакки, “шогирд орттириш” ҳали шогирд бўлмаганларга шогирд бўлишга ёрдам беришни ҳам – яъни, хушхабарчиликни ҳам ўз ичига олади. Исонинг Ўзи бу борада бизга намуна бўлди (Марк 1:14, 15; Матто 9:35) ва Ўз ҳаворийларини худди шундай қилишга ўргатди (Марк 6:7-13; Луқо 10:1-12). Исо тирилганидан кейин бир неча кун ўтиб шогирдларига улар “ер юзининг ҳамма бурчакларида сизлар Менинг шоҳидларим бўласизлар”, – деб айтади (Ҳаворийлар 1:8).

Табиий ва одатий тарзда хушхабарни оилаларига, дўстларига ва бегоналарга бўлишиш Ҳаворийлар таълимотининг бир қисми бўлиб келган ва Муқаддас Руҳга тўлган янги жамоат ўзини бунга бағишлаган (Ҳаворийлар 2:42). Ҳосил байрамида Исонинг шогирдлари Муқаддас Руҳга тўлганидан кейинги ҳафталар ва ойлар давомида ҳар куни одамлар имонга келишарди (Ҳаворийлар 2:47). Хушхабарчилик ўша заҳотиёқ уларнинг Раббимиз Исо тирилганидан кейинги янги шогирдлик ҳаётларининг бир қисмига айланди.

ХУШХАБАРЧИЛИКНИНГ ФОЙДАЛАРИ

Биз хушхабарчиликка шогирдликнинг зарурий қисми сифатида қарашимиз керак. Қуйида бу қай тарзда етук шогирдларни етиштиришга ёрдам беришига олтита мисол келтирилган:

1. Хушхабарчилик фаолияти хушхабарни ҳаётимизда ва жамоатларимизда марказийлигини сақлашга ёрдам беради.

Хушхабар жамоатни яратади (Кол. 1:5, 6), унинг асосий хабари ҳисобланади (1 Кор. 15:1-3), ва Масиҳда ўсишимизни мустаҳкамлайди (Фил. 1:6). Шу сабабли, унинг марказийлигини сақалаш учун қўлимиздан келган барча ишни қилишимиз керак. Дунё, башарий табиатимиз ва шайтон уни назардан четга чиқариш учун бор кучини ишлатишини биламиз.

Д. А. Карсон айтадики, хушхабарни сақлашнинг йўлларидан бири, бу уни бошқаларга улашиш учун қаттиқ меҳнат қилишдир. Хушхабарчилик фаолияти инжил хабарини Масиҳда ўсаётган ҳаётнинг ҳаракатлантирувчи қуввати сифатида сақлашимизга ёрдам беради.

2. Хушхабарчилик Муқаддас Китобнинг энг фундаментал ҳақиқатларига доир тушунчамизни чуқурлаштиради

Имонсизлар билан олиб бориладиган хушхабарга доир суҳбатлар бизни Худо Каломининг марказий, фундаментал ҳақиқатларини яхшироқ фаҳмлашга мажбурлайди. Худонинг характери, Унинг муқаддаслиги ва қаҳр-ғазаби, инсоннинг Худо суратида яратилиши, гуноҳ, иноят, Масиҳнинг хочда қурбон бўлиши, ҳукм каби масалаларнинг бари ўткир диққат марказингизда бўлади. Биз бошқача шароитдаги бошқа одамларга бу тушунчаларни тушунтираётганимизда яхшилаб ўйлаб, фикр юритишга мажбур бўламиз. Шу билан бирга, бу ҳақиқатлар Ибтидодан бошлаб то Ваҳийгача бўлган барча Муқаддас Ёзувларни ўзаро қандай боғлашини яхшироқ ўрганамиз.

Хушхабарчиликнинг шогирдлик учун фойдалари ҳақидаги энг аниқ оятлардан бири бу Филимўн 1:6дир: “Ибодатим шуки, биргаликда баҳам кўраётган имонимиз сенинг ҳаётингда самара берсин. Исо Масиҳ учун қилишимиз керак бўлган яхшиликларни чуқурроқ тушунишингга олиб келсин.”

Ниманидир билиш ҳамда буни тушунмаган ёки ишонмаган кишига тушунтириб бериш иккита ҳар хил нарсалардир. Ушбу ҳақиқатлар хазинасини бошқаларга тушунтириб берганимизда бу нарсалар ўзимизга ҳам янада равшанроқ бўлади.

3. Тўғри ниятга асосланган хушхабарчилик фаолияти Худога нисбатан ва биродаримизга нисбатан севгимизни ўстиради.

Ҳамма одамлар Худони бутун қалблари билан севишга ва бошқаларни ўзларини севгандай севишга даъват этилганлар (Марк 12:28-31). Биз Худони ва одамларни севганимиз учун улар билан имонимизни бўлишсак, бу ўша севгини янада кучлироқ алангаланишига олиб келади. Тўғри ниятга асосланган хушхабарчилик фаолиятида бунинг акси бўлганини ҳеч қачон кўрмаганман.

Агар сиз ҳали кимнидир Масиҳга олиб келмаган бўлсангиз, мен сизга эндигина имонга келган одамда ишлаётган хушхабарнинг ўзгартирувчи кучини кўриш қувончини тасвирлаб бера олишим мумкин холос. Уларнинг ўз гуноҳлари туфайли юраклари қаттиқ қайғуга ботишларини кўриб, менинг юрагим ҳам гуноҳим туфайли янада қаттиқроқ қайғуга ботади. Уларнинг кечирим озодлигидаги қувончларини кўриб, бу озодликдан мен ҳам янада кўпроқ лаззатланишни хоҳлайман. Кимнидир Масиҳ томон етаклаш имтиёзини бошдан кечириш Худо биз ўйлаганимиздан кўра қанчалик қудратлироқ, муқаддасроқ ва раҳм-шафқатлироқ эканлигини эслатади.

Бундан ташқари, Исо Масиҳ биз инжил умиди ҳақидаги хабарни бошқалар билан бўлишганимизда, улар уни ва эҳтимол бизни ҳам баъзан рад этишларини айтади (Юҳанно 15:18-20). Бу нарса содир бўлганда, гуноҳ олиб келадиган кишан ва руҳий кўрлик туфайли юрагим янада кўпроқ ғашланади. Бу мени бўлажак ҳукм ҳақида ўйлашга мажбур қилади. Шу билан бирга, мен ва инжил хушхабарини рад қилган инсон каби бир хил гуноҳкор бўлсамда, Худо нима учун мени қутқаргани ҳақида яна ўйланиб қоламан.

4. Хушхабарчилик имонсизлардан кутилмаган саволлар ва эътирозларни келтириб чиқаради ва улар имонимизнинг чуқур илдиз отишига сабабчи бўлиши мумкин.

Мен деярли ўн йил давомида Яқин Шарқда яшадим ва мусулмонлар ҳамда масиҳий бўлмаганлар билан муносабатга киришганимда уларнинг саволларига доно жавоблар қидириб, Худога мурожаат қилганим туфайли имоним доимий тарзда мустаҳкамланиб борди.

Компаниямиз офиси ёнидаги фудкорт (савдо марказидаги овқатланиш зонаси)да кўп маротаба мусулмонлар билан суҳбатлашардим. Кўпинча суҳбатларимиз табиий равишда имон масалаларига ўтарди ва менда масиҳийлар, аслида, нимага ишонишлари ҳақида тушунтириб беришга имкон бўларди. Мен ҳар доим ҳам уларнинг саволларига дарров жавоб бера олмас эдим, лекин бу саволларга жавоб топиш учун Худога ва Унинг Каломига мурожаат қилганимда имоним ҳар доим мустаҳкамланади. Имонимни бошқалар билан бўлишиш менга эътирозларни эшитиш ва ўзим ҳеч қачон бермайдиган саволларга жавоб топиш имкониятини беради.

5. Хушхабарчилик бизни атрофимиздагилар қутқарилган деб нотўғри тахмин қилишдан сақлайди.

Юқоридан туғилмаган одамларни, Каломий маънода, Масиҳнинг шогирди қилиб тарбиялашнинг иложи йўқ. Улар художўйликда ўсмайдилар ва ўсолмайдилар ҳам (Рим. 8:5-8).

Бугунги кунда жамоат учун энг катта хавфлардан бири бу ўзини “масиҳий” деб атаганларни ва жамоат тадбирларида иштирок этадиганларни нажотга эришган деб фараз қилишдир. Биз кимни “юқоридан туғилган” деб билишимиз ҳақида жиддий муносабатда бўлмаслигимизнинг илдиз, одатда, юқоридан туғилишга доир каломий бўлмаган қарашларимизга бориб тақалади. Баъзан эса, инсон олдидаги қўрқувимиз, эҳтимол, у ўз ҳаётини Масиҳга ишониб топширмагандир деб, ўзини имонлиман деб эътироф этаётган одамни хафа қилиб қўйишга таваккал қилишдан бизни қайтаради.
Лекин, хушхабарни кундалик суҳбатимизнинг бир қисмига айлантиришимиз, одатда, номигагина масиҳий бўлганларнинг ростдан ҳам юқоридан, Руҳдан туғилишига сабабчи бўлади.

Уруғ сепувчи уруғнинг қаерга тушишига аҳамият бермасдан (йўл устига, тошлоқ ерга, тиканлар орасига, яхши тупроққа; Марк 4:2-8) уни хоҳлаганича сепади. Биз ҳам хушхабарни кенгроқ, ҳеч кимни ажратмасдан бўлишишимиз керак. Ҳамма нарсага қодир Худойимиз йўқолганларни қутқариш ва азиз имонлиларга далда бериш учун ундан Ўз билганича фойдаланишига имкон беришимиз керак.

6. Хушхабарчилик фаолияти инжил хушхабари учун қувғин бўлиш эҳтимолини оширади, бу эса бизнинг руҳий ўсишимизга олиб келади.

Мен ўз рўйхатимни ушбу “фойда”дан бошламаганлигимнинг сабаби бор. Шунга қарамай, келинг Римликларга 5:3-5га қараймиз:

Фақатгина ўша умидимиз билан эмас, балки азоб–уқубатларимиз билан ҳам фахрланамиз, чунки азоб–уқубатлар сабр–тоқат ҳосил қилишини биламиз. Сабр–тоқат Худога маъқул феъл–атворни, бундай фел–атвор эса умидни ҳосил қилади. Умидимиз бизни уятга қолдирмайди. Чунки бизга берилган Муқаддас Руҳ орқали юракларимиз Худонинг меҳр–муҳаббати билан тўлиб-тошади.

Биз азоб-уқубатларни азоб-уқубатларнинг ўзи учун қидирмаслигимиз керак бўлса-да, биз хушхабар йўлида азоб-уқубатларни қабул қилишга тайёр бўлишимиз керак (2 Тим. 1:8; Рим. 8:17). Аслида, худди илк жамоатда бўлгани каби, хушхабар айтганимиз учун азоб-уқубатларга дуч келишимиз бизга далда сифатида хизмат қилиши керак, (Ҳаворийлар 5:41). Шу билан бирга, имонимиз билан бўлишиш биз оқилона бўлмаган қарорларимиз ёки бировни асоссиз хафа қилганимиз учун эмас, балки хушхабарнинг ўзи учун азоб-уқубатларга дуч келишимизга амин бўлишга ёрдам беради. Хушхабарни эълон қилганимиз учун азоб-уқубатларга учрашимиз бизнинг имонимизни мустаҳкамлайди, чунки биз азоб чекаётган Нажоткоримизга қараймиз.

ОГОҲЛАНТИРИШ ВА ДАЛДА

Огоҳлантириш: сиз хушхабар айтишни ўз шогирдлик хизматингизнинг бир қисми сифатида қараганингизда хушхабарчилик дастурларидан эҳтиёт бўлинг. Мен хушхабарчиликни “табиий ва одатий” бўлиши кераклигини тасвирладим. Биз дастурда иштирок этаётганимиз учунгина хушхабарчилик билан шуғуллансак, унда биз Калом хушхабарчиликни имонлилар ҳаётида қандай тасвирлаганига мос ҳаракатланмаётган бўламиз. Хушхабарчиликка бир дастур сифатида қараш уни шогирдликдан ва кундалик ҳаётимиздан ажратиб қўйиши мумкин.

Боланинг велосипедидаги қўшимча ғилдиракларни, охир-оқибатда, олиб ташлаш керак. Худди шунга ўхшаб, дастурларга охир-оқибатда ҳаётимиз “матосига” табиийроқ ва одатийроқ қўшилиб кетадиган усул билан алмаштириладиган шакл ва тузилишлар сифатида қараганимизда, улар яхши восита бўлишари мумкин.

Ва ниҳоят, жамоатингиз ва масиҳий дўстларингиз ўз имонлари билан фаол бўлишишлари учун ягона энг катта далда – бу катта чўпон ва оқсоқолларнинг ўз имонлари билан бўлишаётганини кўриш ва эшитишдир. Одамлар сиздан сиз иштиёқманд бўлган нарсани тезроқ ўргана оладилар. Агар сиз чўпон сифатида, имонингиз билан бўлишишга иштиёқманд бўлсангиз, жамоат ҳам ўз имони билан бўлишишга иштиёқманд бўлишни ўрганади. Улар буни амалга ошириб, Масиҳнинг шогирдлари сифатида ўсиб борадилар.

Исо Ўзининг Буюк Топшириғида Ўз ҳаворийларига, “…шогирд орттиринглар…. Мен сизларга буюрган ҳамма нарсага амал қилишни уларга ўргатинглар”, – деб айтади (Матт. 28:19). Шунинг учун, шогирд орттираётганимизда уларга ўрнак бўлишга ва Исо буюрган ҳамма нарсани – шу жумладан, хушхабарчилик ҳаётининг буюк қувончи ва марҳаматини уларга ўргатишга интилайлик.

Брайн Паркс