Етакчилик

Xudoning suruvini yaxshi boqinglar—Xudo xalqining cho’ponlari uchun sakkizta savol

Томонидан David Platt | Давид Платт

David Platt Virjiniyadagi MakLin Bibliya Jamoatining yetakchi cho’poni. Uni Twitterda quyidagi noma ostida topishingiz mumkin: @plattdavid. | Давид Платт Виржиниядаги МакЛин Библия Жамоатининг етакчи чўпони. Уни Twitterда қуйидаги нома остида топишингиз мумкин: @plattdavid.
Мақолалар
05.03.2021

Men har yili T4Gda ishtirok etib yoki nutq so’zlab kelganman, shunga qaramay, men bu joyda bo’lishga ham loyiq emasligimni his qilganman. Bu yili men bir o’zim bu yerda turibman va bu yerda bo’lishga hali ham loyiq emasman, ayniqsa, sizlarga ushbu matn va ushbu mavzu bo’yicha gapirishga noloyiqman. 

Mark, Lig, va Al mendan 1-Butrus 5:1-4dagi parchadan “Xudoning suruvini yaxshi boqinglar” mavzusida va’z qilishimni so’rashdi – lekin bu va’zni aytishi kerak bo’lgan juda ko’p boshqa cho’ponlar bor.

Masalan:

  • Yoshligimdagi cho’ponim, Don Bouldin, u bir necha o’n yillar davomida sadoqatli cho’ponlik xizmatini ado etib, o’tgan yili Rabbimizning oldiga ketdi.
  • Jim Shaddix, mening murabbiyim va Seminariyada o’qib yurgan kezlarimda 150dan iborat suruvga har yakshanba sadoqat bilan cho’ponlik qilib kelgan odam.
  • Kory Varden, u an’anaviy Baptist Jamoatida Xudo xalqiga cho’ponlik qilib turib, holdan toymay mehnat qiladigan ikki kasbli cho’pon.
  • Matt Pearson, u jamoatning mulkidagi g’ildirakli uyda o’z xotini bilan kichik bir shaharchaga ko’chib o’tadi va u yerda imonlilarni sevib, ularni yetaklab, nikohlab va dafn etib, ularga turli yo’llarda xizmat qilgan odam, bularni faqat Xudo biladi. 
  • Mahalliy cho’ponlar hamda ruhan va moddiy jihatdan dunyoning eng muhtoj joylaridagi oldingi frontlarda elchilik xizmatidagilar bilan Radikal platformasi (Radical) orqali hamkorlik qiluvchi yangi tashabbus. Biz dastlab 12 mamlakatlarda ishlashga diqqatimizni qaratganmiz, shu jumladan Somali, Yaman, Butan, Afg’oniston va Shimoliy Koreyada. Bu joylardagi cho’ponlar men gapirmoqchi bo’lgan mavzu haqida mendan ko’ra ancha ko’p narsalarni biladilar.

Va buning ustiga, agar butunlay ochiqchasiga aytadigan bo’lsam, men hozir shunday mavsumdamanki, o’zimni hatto cho’pon deb atashga nomunosib deya his qilaman.

Tafsilotlarga berilmasdan, aytadigan bo’lsam, yaqin kunlarda men xizmat qilayotgan jamoat haqida yaxshi g’amxo’rlik qilmagan jihatlar borasida o’zimni aybdor deb topdim. Bu va’zni tayyorlash jarayoni, bu aybdorligimni yanada chuqurlashtirdi va o’sishi kerak bo’lgan sohalarni va gunohkor yuragimning inoyatga nisbatan muhtojliklarini yanada ko’proq ochib berdi.

Shunday qilib, men bu va’zni gapirishga butunlay ishonchli odam emasligimni tan olib, faqatgina Xudoning Kalomi va Uning Ruhiga butunlay tayanaman, toki men qila olmaydigan, ya’ni, sizlarga gapirolmaydigan narsalarni, iltijo qilaman, U gapirsin va Xudo sizga ishonib topshirgan suruvni boqishingizda bu sizga yaxshi foyda bersin.

Va cho’pon sifatidagi ojizligimni inobatga olgan holda, mening qahramonim bo’lgan o’tmishdagi cho’pon haqida va’z davomida aytib bermoqchiman.

Uning ismi Charlz Simon, men o’tgan yili Hagh Ivn Hopkinsning “Kembrijlik Charlz Simon” (Charles Simeon of Cambridge) deb nomlangan biografiyasini o’qidim va Angliyaning Kembrij shahrida Uchbirlik Jamoatida (Trinity Church) 54 yil davomida cho’ponlik qilgan bu insonda Xudoning inoyati qanday ishlaganini ko’rdim.

Shunday qilib, men matnni (1-Butrus 5:1-4) o’qiyman va keyin, meni tinglayotgan har bir cho’ponga, matnga asoslangan holda, sakkizta savol bermoqchiman.

Agarda siz cho’pon yoki oqsoqol bo’lmasangiz – balkim, siz jamoatning boshqa xizmatlarida yetakchi bo’lishingiz yoki jamoat a’zosi bo’lishingiz mumkin – va umid qilamanki, siz ham sizga mos bo’lgan narsalarda tuzatish va nasihatlar olasiz.

Lekin, mening keyingi bir necha daqiqalardagi maqsadim, aynan cho’ponlarga gapirishdir, chunki, bu matnda Xudo aynan cho’ponlarga murojaat qilmoqda. Va’z davomida Charlz Simonning hayoti va cho’ponlik xizmatidagi ochiqliklar bilan bo’lishmoqchiman va bu sizlarni ruhlantiradi, deb umid qilaman.

* * * * *

1Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor. Men ham sizlarga o’xshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va Uning zohir bo’ladigan ulugʻvorligining ishtirokchisi sifatida men sizlardan o’tinaman: 2Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin ko’ngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar. 3Qo’lingiz ostidagi suruvga o’z hukmingizni o’tkazmay, ularga o’rnak bo’linglar. 4Ana shunda, Bosh Cho’ponimiz — Masih zohir bo’lganda, sizlarga so’lmas, ulugʻvorlik toji beriladi. (1-Butrus 5:1–4)

Bu pandemiya paytiga mos keluvchi parcha.

O’zining 1-Butrus maktubi bo’yicha yozgan sharhida, Tom Shreiner bu parcha “sinovli davrlarda jamoat yashab qolishiga ishonch hosil qilish uchun kerak bo’lgan cho’ponlik yetakchiligi turi”ni ko’rsatishini aytadi. 1-Butrusdagi kontekst, albatta, quvg’inlardir, pandemiya emas. Lekin, ishonamanki, ko’pgina tamoyillar bir xil. Sinovli damlarda jamoatda qaysi turdagi cho’ponlik yetakchiligi kerak?

Muqaddas Kitobingizga qaytib qarasangiz, Butrus jamoatni Xudoning hukmi kelayotgani va hukm Xudoning uyidan boshlanishi haqida ogohlantiradi. Qiyinchiliklar Xudo xalqini sinovdan o’tkazadi va sinovdan birinchi bo’lib, jamoatdagi oqsoqollar yoki cho’ponlar o’tishi kerak.

Hizqiyol 9-bobda Xudo O’z xalqini sinaganda sinov “Egamizning uyi oldida bo‘lgan oqsoqollardan» boshlanadi (Hizqiyol 9:6), deb yozilgan. Bu dunyodagi sinovlar va abadiyatdagi hukmning kelishini yodda tutgan holda, jamoat tayyor bo’lishi kerak, va bu jamoatni yetaklayotgan oqsoqollardan boshlanishi kerak.

Shunday qilib, 1-Butrus 4-bobdagi tuzilish 1-Butrus 5-bobga jiddiylik ohangini beradi. Va bu biz o’qigan butun matn bo’ylab davom etadi.

Butrus cho’ponlarga shunday demoqda: “Bosh Cho’pon qaytib kelmoqda va Uning qo’l ostidagi barcha cho’ponlar hisobot beradilar. U jamoatdagi har bir cho’pon va oqsoqoldan hisobot talab qiladi va har biringiz bunga tayyor bo’lishingiz lozim.”

CHARLZ SIMON

Men Charlz Simon haqida gapirmoqchiligimning sabablaridan biri ham mana shu.

U Uchbirilik Jamoatida (Trinity Church) cho’ponlik qilishni boshlaganida 23 yoshda edi va o’sha yilning o’zidayoq u o’z jamoatiga ular uchun Isoga hisobdor ekanligini aniq gapiradi. U bir yakshanba kuni ertalabki yig’ilishda o’rindiqlar orasidagi yo’laklarda turgan odamlarga qarata (keyinroq ular nima uchun turganlarini tushuntiraman):

Mening xizmatimning tabiatini va boqiy jonlaringizning eson-omonligi uchun menga yuklangan g’amxo’rlikni yodda tuting. Mening so’zlarimda tuyulishi mumkin bo’lgan har qanday keskinlik, jiddiylik yoki xavotirni ishtiyoqning ta’siri sifatida emas, balki jonning qadri hamda abadiyatning muhimligini anglagan yurakning oqilona amri sifatida qabul qiling.

Simon Iso O’z qoni bilan sotib olgan odamlarga cho’ponlik qilish bu jiddiy mas’uliyat ekanligini bilardi. U cho’ponni mayoq qo’riqchisi sifatida tasvirlaydi. U toshli qoyaga urilib vayron bo’lgan va suvda qalqib yurgan o’lik tanalar hamda faryod qilayotgan beva va yetimlarning aniq tasvirini chizadi. Va “nima bo’ldi?”, – deb so’rashganda, mayoq qo’riqchisi “Men uxlab qolibman”, deb javob beradi.

Simon cho’ponlar sifatida biz har birimiz bilishimiz lozim bo’lgan narsani bilar edi. Jonlar uchun hayot va o’lim, Jannat va Do’zax biz o’z da’vatimizni qanday ado etishimiz ustida qurilgan – va biz uxlab qolmasligimiz kerak.

1-Butrusdagi Xudoning bu Kalomi cho’ponlarni, ya’ni mayoq qo’riqchilarini, vijdonan, hushyorlik va kamtarlik bilan o’zlaridan kamida sakkizta savol so’rashga chorlaydi.

Men esa, Xudo bu savollarni har birimizdan shaxsan so’rayotgandek ifodalamoqchiman.

  1. Xizmatingizni Isodan ko’ra ko’proq sevasizmi?

Butrus “Ey jamoat oqsoqollari, endi sizlarga bir nasihatim bor”, deb aytadi va keyin u o’zini qanday ta’riflashiga e’tibor bering: “Men ham sizlarga o’xshagan oqsoqolman. Masih chekkan azoblari haqida shahodat beruvchi va zohir bo’ladigan ulug’vorligining ishtirokchisi…”

Shunday qilib, u o’zini cho’pon-oqsoqol sifatida, Isoning shohidi sifatida, (bu joyda biz Unga guvohlik berish yo’lida halok bo’lishimiz mumkinligini anglatadigan “shahid” so’zi ishlatilmoqda) hamda zohir bo’ladigan ulug’vorlikning ishtirokchisi sifatida tasvirlaydi. Keyin esa, u parchadagi bitta buyruqni aytadi: “Xudoning nazoratingizdagi suruvini yaxshi boqinglar.”

Shunday qilib, nega aynan shu bitta buyruq?

Isoning Butrus bilan oxirgi yozib qoldirilgan suhbatini eslaysizmi?

15Iso nonushtadan keyin Shimo’n Butrusdan so’radi:

— Yuhanno o’gʻli Shimo’n, sen Meni ulardan ko’proq yaxshi ko’rasanmi?

— Ha, Rabbim! Men Seni yaxshi ko’rishimni O’zing bilasan–ku, — dedi Unga Butrus.

— Qo’zilarimni o’tlat, — dedi unga Iso.

16Iso ikkinchi marta Butrusdan so’radi:

— Yuhanno o’gʻli Shimo’n, sen Meni yaxshi ko’rasanmi?

— Ha, Rabbim! Seni yaxshi ko’rishimni O’zing bilasan–ku, — dedi Butrus Unga.

— Qo’ylarimni boq, — dedi unga Iso.

17So’ng uchinchi marta Butrusdan so’radi:

— Yuhanno o’gʻli Shimo’n, sen Meni yaxshi ko’rasanmi?

Iso uchinchi marta yana shu savolni bergani uchun Butrus xafa bo’ldi.

— Rabbim! Sen hamma narsani bilasan, men Seni yaxshi ko’rishimni ham bilasan, — dedi Butrus. Iso unga shunday dedi:

— Qo’ylarimni o’tlat!” (Yuhanno 21:15–17)

 

Unutmang. Jamoatni yetaklash da’vati Masihga bo’lgan sevgidan kelib chiqadi. Xudoning O’g’lini sevish va Xudo suruvini boqish o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri aloqa bor.

Jamoatdagi yetakchilik uchun ko’rsatmalar jamoat Egasiga nisbatan sevgiga ega bo’lganlarga beriladi, afsuski, biz buni ko’pincha e’tibordan chetda qoldirishga moyilmiz.

Isoning nomi bilan mo’jizalar yaratgan va jinlarni quvib chiqargan odamlar haqida eshitish uchun Xushxabarlardagi Tog’dagi Va’zdan uzoqqa bormasangiz ham bo’ladi. Iso ularga: “Men sizlarni tanimayman”, deb aytadi.

Shunday qilish mumkinmi? Iso bilan shaxsan yaqinlikka ega bo’lmasdan turib samarali xizmat qilish mumkinmi? Bu mutlaqo mumkin va bunday bo’lishi esa, o’ta xavfli.

O’zimning gunohkor yuragimdan misol keltiradigan bo’lsam, cho’pon sifatidagi hayotimdagi ancha oldingi mavsum esimda – qancha vaqt davom etganini aniq eslolmayman, lekin bu anchagina vaqt davom etgan – o’shanda men cho’ponlik qilayotgan jamoat o’sib borayotgan edi. Juda ko’p odamlar kelayotgan edilar. Juda ham ko’p yaxshi xizmatlar amalga oshayotgan edi. Men kitob yozgan edim va juda ko’p odamlar uni o’qishayotgan edilar va men turli xil joylarda va’z qilish uchun taklif etila boshlagan edim. Tashqi tomondan, bu xizmatning cho’qqisi bo’lib ko’rinardi.

Ichki tomondan esa, Rabbiy bilan yolg’iz vaqtim, yumshoq qilib aytganda, doimiy emas edi, aslida esa, ko’pgina kunlarda umuman mavjud emas edi.

Albatta, va’z aytish uchun tayyorlanardim, va omma oldida ibodat qilardim. Lekin, kamdan-kam hollarda, yolg’iz qolib ibodat qilardim va Muqaddas Kitobni hech qachon, shunchaki, Xudoni tanib bilish va Uni sevish uchun o’qimas edim.

Meni noto’g’ri tushunmang – men dangasalik qilgan emasdim. Men qattiq ishlardim – ko’p tunlari kechasi bilan qolib ishlardim. Juda ko’p narsalar sodir bo’layotgan edi, xizmatda juda ko’p yaxshi narsalar sodir bo’layotgan edi.

Lekin, men bularning barini Iso bilan yaqinlikdan butunlay uzilgan holda qilayotgan edim. Bu men uchun qo’rqinchli. Isoga qaratilgan yurakni yo’qotgan holda, men xizmatda qanchalik ham “muvaffaqiyat” qozonardim. Men xizmatimni Undan ko’ra ko’proq sevardim.

Siz-chi?

Hozir tinglayotganlardan ba’zilaringiz men qayerda bo’lgan bo’lsam, hozir xuddi o’sha joyda, o’sha holatda bo’lishi mumkin, va Xudo, O’zining mehribonchiligi bilan, hozirning o’zida sizni O’ziga qayta chaqirmoqda.

Balki, hozir Xudodan eshitishingiz kerak bo’lgan eng kerakli Kalom bu: Men seni sevaman – va Men sen bilan yaqinlikni juda xohlayman, degan so’zlar bo’lishi mumkin.

Boshqalar “menimcha, men Isoni xizmatimdan ko’ra ko’proq sevaman,” deb aytishi mumkin va shunday deb umid qilaman. Men buni mening hayotimda ham shunday bo’lishini xohlayman.

Lekin, ana shu joyda Simon menga chaqiriq tashlaydi. Simon Kembrijga borganida u masihiy emas edi, lekin, uch kundan keyin, rektor unga u Rabbiy Kechligida ishtirok etishi kerakligini aytadi.

Bu Simonni xayolida qo’rqitib yuboradi. U agar Isoga ishonmasa, Rabbiy Kechligida ishtirok etolmasligini va albatta o’zini Isoga ishongandek qilib ko’rsatolmasligini biladigan darajada masihiylik haqida yetarlicha bilimga ega edi.

Bu qo’rquv Simonni Masih azob chekkan Jafoli Hafta davomida mulohaza qilishga undaydi va buni u o’z jurnalida quyidagicha yozadi:

“Yepiskop Uilsonning Rabbimiz Kechligi haqidagi maqolasini o’qiganimda, bu borada shunday jumlaga duch keldim —“Yahudiylar o’z gunohlarini qurbonlikning boshiga o’tkazganlarida, ular nima qilganlarini bilganlar.” Xayolimga fikr keldi, Nima? Men barcha ayblarimni boshqaga o’tkaza olamanmi? Xudo men gunohlarimni uning boshiga qo’yishim uchun Qurbonlik bag’ishlaganmi? Unda, Xudo xohlasa, men ularni boshqa hech qachon o’z jonimda olib yurmayman. Shunga mos ravishda, men gunohlarimni Isoning muqaddas boshi tomon qo’yishga intildim; va chorshanba kuni mehr-shafqat umidiga ega bo’la boshladim; payshanba kuni o’sha umidim oshdi; juma kuni va shanba kuni u yanada mustahkamlandi; va yakshanba kuni ertalab, 4-aprel, Fisih kunida, men yuragim va lablarimdagi quyidagi so’zlar bilan ertalab barvaqt turdim: “Iso Masih bugun tirik! Halleluyah! Halleluyah!” O’sha damdan boshlab tinchlik mening qalbimda mo’l-ko’l oqib keldi; va Yig’ilishimizdagi Rabbimiz Dasturxonida marhamatli Najotkorim orqali Xudo oldiga kelishning shirin imkoniyatiga ega bo’ldim.”

Keyinroq, 50 yil o’tib, Simon shunday yozadi: “O’shanda Xudo yuzining nuri birinchi marta menga tashrif buyurdi va Uning buyuk mehr-shafqati tufayli Xudo uni mendan hech qachon olib qo’ymadi.”

Simon Xudo bilan keyingi 57 yildan ortiq vaqt mobaynida yurdi. “Xudo bilan yurdi” deya quyidagilarni nazarda tutyapman:

Bir paytlar Simonning ozroq muddat u bilan yashagan bir odam shunday yozadi:

“[U] muntazam ravishda, har kuni ertalab, hatto qish mavsumi bo’lgan paytda ham, soat to’rtda uyg’onar edi; va chirog’ini yoqqandan keyin, u kunning birinchi to’rt soatini shaxsiy ibodat va Kalomni o’rganishga bag’ishlar edi…Uning buyuk inoyatga ega ekanligining va ruhiy kuchining siri mana shunda edi. Mana shunday manbadan nasihatlar olib va ularni shunday ishtiyoq bilan qidirib, u o’zining har qanday sinovli damlarida dalda olardi va har qanday vazifa uchun tayyor bo’lar edi.”

Simonning Isoga xizmati Simonning Iso bilan yaqinligidan kelib chiqardi.

Biz band odamlarmiz – men va siz. Yuborilishi kerak bo’lgan emaillar, qilinishi kerak bo’lgan qo’ng’iroqlar, yozilishi kerak bo’lgan va’zlar, borilishi kerak bo’lgan uchrashuvlar, aloqada bo’lish kerak bo’lgan odamlar, qilinishi kerak bo’lgan ishlar bor. Va tez orada, agar ehtiyot bo’lmasak, nima deyishimizdan qat’iy nazar, biz o’z xizmatimizni Rabbimizdan ko’ra ko’proq sevishimizga osonlikcha o’xshab qolishi mumkin.  

Xudoning Kalomi biz cho’ponlardan xizmat uchun yurak tayyorlab, Iso uchun yuragimizni yo’qotmasligimizni o’tinib so’rayapti.

Siz xizmatingizni Isodan ko’ra ko’proq sevasizmi?

  1. Xudo sizga ishonib topshirgan jamoatga g’amxo’rlik qilishdan mamnunmisiz? 

Butrus “Xudoning nazoratingizdagi suruvini yaxshi boqinglar”, deb yozadi. 

“Xudoning suruvi” Xudoga tegishli. U sizning jamoatingiz emas – u Uning jamoati. Orangizdagi, atrofingizdagi, sizga ishonib topshirilgan jamoat sizning emas, Uning jamoatidir.

Keyinroq 3-oyatda O’zbek tilida “qo’lingiz ostidagi suruv”, deb yozilgan. 

“Xudoning nazoratingiz ostidagi suruvini yaxshi boqinglar” – asl matnda bitta so’z bo’lib, u asosan suruvga “g’amxo’rlik qilish”ni bildiradi. 

Bu yerdagi ma’no aniq va ravshan va rostdan ham juda oddiy: Xudo sizga va menga g’amxo’rlik qilishimiz uchun ma’lum bir odamlarni ishonib topshirdi.

Lekin, agar biz cho’ponlar sifatida ehtiyot bo’lmasak, biz osonlikcha ulardan nariroqqa qarashimiz mumkin, shunday emasmi? Xudo bizga ishonib topshirgan jamoat uchun g’amxo’rlik qilish bilan kifoyalanishni o’rniga, biz Xudo boshqalarga ishonib topshirgan jamoatlar bilan taqqoslashni boshlaymiz.

Biz odamlarimizni qo’yib, nariga kattaroq jamoatga yoki kichikroq jamoatga qaraymiz.  Biz boshqa jamoatlarga qarab chiqib, yoshroq yoki anchadan beri faoliyat ko’rsatayotgan va yetukroq jamoatlarni ko’ramiz. Biz “men shaharda yoki qishloqda cho’ponlik qilishni xohlardim”, deb o’ylaymiz. Biz “men puli ko’proq yoki muammosi kamroq jamoatga cho’ponlik qilishni juda xohlardim”, deb xayolimizdan o’tkazamiz. Biz boshqa jamoatlarga qiyoslash hissi bilan qaraymiz va bu bizni sezilmas xavfli yo’llar tomon boshlaydi.

Men oldingi cho’ponlik damlarimni eslayman, o’shanda, “jamoatim” o’sib borayotgan va har turli yaxshi narsalar sodir bo’layotgan kezlarda, men shu jamoatning qanday ajoyib yetakchisi ekanligim haqida o’ylab, shodonlikning gunohkor hissini his qilishni boshlagan edim.

Yoki cho’pon sifatida “jamoatim” o’smayotgan va ko’p narsalar sodir bo’lmayotgan kezlarni eslayman va men o’shanda boshqa jamoat yaxshi xizmat olib borayotganini hammadan eshitardim va o’sha jamoatda bu narsalar sodir bo’layotganidan darrov xursand bo’lish o’rniga, men ichimda bu nima uchun bizning jamoatimizda sodir bo’lmayotgani sababini keltirib, o’zimni oqlashni boshlagandek sezardim.

Yoki men ular nima uchun ko’payib borayotganlarini ifodalaydigan “nokalomiy” sabablarni keltirib, xuddiki o’sha jamoat qilayotgan har bir ish noto’g’ri ekanligini xayolimda hatto tanqid qilishni boshlashim mumkin. O’zim buni payqamagan holda shu tarzda fikr yuritaman!

Va siz aytishingiz mumkin, “Siz katta jamoat cho’ponisiz. Taqqoslash bilan kurashmasligingiz aniq.” Aldanmang. Mag’rurona taqqoslash xatarli darajada o’sib boruvchandir va ommaning zavqlanishi uni faqatgina oshiradi xolos.

Jonatan Edvards shunday degan edi: “bu Masihiylikning rivojiga ishtiyoqmand bo’lgan odamlarning yuragiga shayton asosan ruhiy mag’rurlik eshigi orqali kiradi. U tubi yo’q chuqurlikdan chiqadigan tutunning asosiy sizib chiqadigan joyidir. U ongni qorong’ilashtiradi va vaziyatga to’g’ri baho berishdan yiroqlashtiradi. U Xudoning ishini qiyinlashtirish va unga to’sqinlik qilish uchun shaytonning ishlatadigan vositalarining asosiy manbaidir.”

Men o’zimni boshqalar bilan taqqoslashimni payqadim (hatto raqobatning nosog’lom hissida). Bu Xudo menga ishonib topshirgan jamoat haqida g’amxo’rlik qilishim uchun kerak bo’lgan qanoatlilikni mendan o’g’irlaydi. 

Ehtimol, faqat men shundaydirman, ehtimol, yo’q. Shunday qilib, jamoatingizga g’amxo’rlik qilishingizga xavf soladigan taqqoslash yoki raqobat bilan qancha ko’p kurash olib borganingiz sari, Simondan shuncha ko’p o’rnak olsangiz bo’ladi.  

U daikon bo’lib tayinlangan paytda yoz oylarida Avliyo Eduards Jamoatida Kristofer Atkinson iltimosi bilan u yo’qligida va’z qilar edi. U javobgar bo’lgan juda kichik guruh asosan, mahalliy qassoblardan iborat edi.

Lekin, u eshikma-eshik yurib, o’sha har bir jon uchun g’amxo’rlik qilar edi. Bundan uncha ko’p o’tmasdan, ko’pchilikni, shu jumladan, Simonning o’zini ham ajablantirgan narsa yuz beradi, u 23 yoshida Kembridj Universiteti markazidagi Muqaddas Uchbirlik Jamoatida (Holy Trinity Church) cho’pon etib tayinlanadi.

Bu orzudagi ish bo’lishi kerak edi, toki bunday vaziyat yuzaga kelmaguncha. Birinchi hafta, jamoatdagi odamlar Simonning cho’pon bo’lishini xohlashmaydi. Ular oldingi cho’ponning yordamchisi Jon Hammondni xohlashadi va ular buni ko’rsatib qo’yishadi. Simon cho’ponlikdan ketishini aytadi, lekin tayinlashga mas’ul yepiskop agar Simon lavozimdan ketsa ham, Hammond bu lavozimga tayinlanmasligini aytadi, shunday qilib, Simon o’z joyida qoladi. Jamoat esa, isyon qiladi.

Har yakshanba ertalabki yig’ilishlarda odamlar nafaqat kelmay qo’yishadi, shu bilan birga, ular hech kim o’tirolmasligi uchun o’z o’rindiqlarini qulflab qo’yishadi. Simon o’z hisobidan o’rindiqlar orasidagi yo’laklarda o’rindiqlar o’rnatadi, lekin jamoat tartibiga javobgar sardorlar ularni tashqariga olib chiqib tashlashadi.

Ular bir hafta, ikki hafta yoki uch hafta emas, bir oy, ikki oy yoki uch oy ham emas, ular 10 yil davomida shunday yo’l tutishadi. 10 yil davomida har yakshanba ertalab Simon yo’laklarda turgan yoki xonaning xira burchaklarida o’tirgan odamlargagina va’z qila oladi. O’n yil davomida!

Bundan tashqari, yakshanba kunlardan birida jamoatga qatnovchilarning kuzatuvi ostida peshindan keyingi yig’ilish bo’ladi, lekin ular Simonga va’z qilishga qo’yishmaydi. Buning o’rniga, ular Jon Hammondga yakshanba kuni peshindan keyin yig’ilishda va’z aytishi uchun Simondan ikki barobar ko’proq oylik berishadi. Bu holat besh yil davom etadi, shundan keyin Hammond lavozimdan bo’shaydi va odamlar Hammondning o’rniga boshqa birovni iltimos qilishadi va u keyingi yetti yil davomida va’z qiladi – jami o’n ikki yil Simon yakshanba kuni peshindan keyingi xizmatdan tashqarida saqlanib kelinadi.

Shu tariqa, Simon yakshanba kuni kechki yig’ilishni boshlashga harakat qiladi va birinchi hafta ko’pgina odamlar keladi. Toki jamoat a’zolari orasidan saylangan sardorlar bu xizmatni yopishga qaror qilishmaguncha. Ular eshiklarni yopib qo’yishadi va hech kimni ichkariga kirishga qo’yishmaydi. Ular Simonga u “xohlagan paytida jamoatga kirishga haqqi yo’q”ligini aytishadi. 

Bundan ahvol qanday bo’lganligini ko’rsangiz bo’ladi. Simon o’zining dastlabki o’n yillik cho’ponlik xizmatida yakshanba kunlari bo’sh o’rindiqlarga to’la joyda va’z qiladi, dastlabki o’n ikki yil davomida esa, peshindan keyingi xizmatlarda unga va’z qilishni taqiqlashadi va butun shu vaqt davomida jamoatning yakshanba kuni kechki xizmatlarida eshik u uchun qulflangan edi.

Qanday qilib bunday suruvga g’amxo’rlik qila olasiz . . . yana 54 yil davomida??

Simondan shu savol so’ralganda u shunday javob beradi: “shunday sharoitda imon va sabr-toqatdan boshqa chorani ko’rmadim. Mening ongimni zabt etgan va boshqargan Kalomdagi parcha 2-Timo’tiyga 2:24 oyat edi.” 2-Timo’tiy 2:24da nima deyilgan? “Rabbimiz Isoning quli esa janjalkash bo’lmasligi kerak. Aksincha, u hammaga mehribon, taʼlim berishga qobiliyatli, sabr–toqatli bo’lishi lozim.”

Xudoyim, Sen bizga ishonib topshirgan jamoatga yaxshi g’amxo’rlik qilishimiz uchun qanoat va mamnuniyat ber.

  1. Cho’ponlik siz uchun qilinishi kerak bo’lgan ishmi yoki bajariladigan ishtiyoqmi?

Butrus shunday yozadi: “Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin ko’ngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar.”

Demak, matnga ko’ra, Xudo xalqini majburiyat yuzasidan, ya’ni xohish-ishtiyoqsiz boqish mumkin ekan. Cho’ponlik xizmatiga bajariladigan ishtiyoq emas, qilinishi kerak bo’lgan ish sifatida qarash mumkin. Taxminimcha, har bir cho’pon ma’lum paytlarda bunday vasvasaga uchragan. Ko’pgina cho’ponlar mana shu paytda bunday hissiyotlarni his qilayotgan bo’lishlari mumkin. 

Shunday qilib, juda ko’p har xil sabablar tufayli biz cho’ponlik xizmatining turli xil jihatlarini biz ishlatishni xohlagan imkoniyatlar sifatida emas, qilishimiz kerak bo’lgan faoliyat sifatida ko’rishni boshlashimiz mumkin. Xudo esa, bizni bu joydagi So’zida ogohlantirmoqda: ehtiyot bo’ling. Xudo sizni da’vat etgan hech bir ishni majburan qilma.

Insonlarning jonlari uchun g’amxo’rlik qilish o’ta muhim ish va Xudo sizni O’z Ruhi orqali, notabiiy ravishda bu uchun qurollantiradi va harakatga keltiradi. Har kuni, har hafta, har oy, har yili.

Men dushanba kuni ertalablarini eslayman, o’sha paytda ertalab uyg’onasiz va bu bularning barini yana qaytadan boshlash vaqti, ya’ni va’zga tayyorlanishning boshlanishi ekanligini payqaysiz. Agar ehtiyot bo’lmasak, hatto va’z aytish ham bajariladigan ishtiyoq emas, qilinishi kerak bo’lgan ishga aylanishni boshlashi mumkin.

Bunday bo’lmasin, demoqda Butrus.

Simonning biografi shunday yozadi

Zamonaviy ruhoniy har hafta bitta jamoatga va’z aytishning holdan toydirishi haqida shikoyat qilayotganini eshitib qolasan, ba’zan. O’n yil o’tishidan oldin u hamma narsani va’z qilib bo’lgani va boshqa joyga ko’chishi kerakligi haqida gapirishni boshlaydi. Bunday g’oya Charlz Simon uchun anafema bo’lgan bo’lardi. Uning oldingi yoki keyingi hech qaysi mahalliy ruhoniylarda bo’lmagan unutilmas yutug’i, uning 50 yildan oshiq vaqt davomida doimiy ravishda (haftasiga bir necha marotaba) va’z aytish orqali oliygoh bitiruvchilari va shaharliklarning e’tiborini qozonishi edi.

1-Korinfliklarga 9:16dagi Pavlusga o’xshab, Simon Xudo Kalomini va’z qilolmay turolmasdi. Buni qilmasam holimga voy!

1807-yili, 25 yil davomida cho’ponlik qilgandan keyin, uning sog’lig’i yomonlasha boshlaydi va uning ovozi shunday holatga keladiki, bir necha yakshanba yig’ilishlarida pichirlab gapiradigan bo’ladi. Bunday jismoniy kurashlar keyingi o’n uch yil davomida, 60 yoshga kirmaguncha davom etadi, shunday bo’lsada u va’z qilishni to’xtatmaydi.

O’sha paytlardagi bir yakshanbada mehmon bo’lib kelgan bir cho’pon Simonning o’z odamlari uchun ishtiyoqini ko’rib juda ajablanadi. U shunday deydi:

“Unga ishonib topshirilgan jonlar uchun uning sevgiga to’la g’amxo’rligiga men o’zim guvoh bo’lgan bir ajoyib voqeani hech qachon unutmayman. U quyidagi ajablanarli so’zlar bo’yicha va’z qilayotgan edi: ‘Itoatsiz va o’jar xalqni kun bo’yi quchoq ochib kutdim’ (Rim. 10:20-21). Barcha tinglovchilarini taklif etilgan mehr-shafqatni qabul qilishga undagandan keyin, Simon tinglovchilar orasida u ularga o’ttiz yildan ko’proq vaqt davomida Masihni va’z qilgan odamlar borligini, lekin ular Najotkorning sevgisiga e’tiborsiz qolganini eslatadi. Bunday nasihatlar shodasini bir muddat davom ettirib, oxiri uni hissiyotlar qamrab oladi va u minbardan pastga tushib, to’satdan ko’z yoshlarining daryosiga sho’ng’iydi va u yerdagi juda oz kishi zo’rg’a o’zini u bilan birga yig’lashdan tiya oladi.”

Bundan ko’p o’tmay, cho’ponlik xizmatida hali 40 yil bo’lmagan paytda, u har doim o’zi bilan olib yuradigan Muqaddas Kitobidagi Yeremiyo 20:9-oyatning shundoq yonida maxsus bir belgi yozib qoldiradi: 

“Sening so’zing, olov kabi, ichimni yondiradi,

O’t qo’yganday suyaklarimni zirqiratadi.

So’zingni ichimda saqlab turishdan charchadim,

Ha, uni boshqa ushlab tura olmayman.”

Cho’ponlar, biz va’z qilayotgan odamlarimiz uchun yig’laymizmi? Hatto ularga va’z qilayotganimizda? Ularning yuzlariga qaraganimizda, ularning najot topishlarini jon-jahdimiz bilan xohlaymizmi? Cho’ponlik siz uchun qilinishi kerak bo’lgan ishmi yoki bajariladigan ishtiyoqmi?

  1. Boshqalar siz haqingizda qanday o’ylashi haqida mag’rurlik bilan qayg’urasizmi yoki Xudo sizni da’vat etgan xizmatga kamtarlik bilan to’liq berilasizmi? 

“Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin ko’ngildan, Xudoga manzur tarzda bajaringlar.”

“Xudoga manzur tarzda bajaringlar.” Dunyoga manzur tarzda emas. Boshqalarga manzur tarzda ham emas. Xudoga manzur tarzda. Tom ma’noda, Xudoga mos ravishda.

Bu parchada mag’rurlik qanchalik darajada pastda turganiga e’tibor berdingizlarmi? Barchamizda boshqalarning maqtovi yoki hatto o’zimizni mamnun qilish moyilligi bor. Bu esa, cho’ponlik xizmatida shu darajada ko’zga ko’rimsizki, agar hushyor bo’lmasak, e’tibordan yo’qotib qo’yamiz.

Hech bo’lmaganda, men shunday bo’lishim kerak. Hatto bu va’zni tayyorlayotganimda, “va’z aytayotganimda odamlar men haqimda nima deb o’ylashadi?”, deya o’ylayotgan edim. Ular yaxshi va’z bo’ldi deyishadimi? Yoki yomon va’z bo’ldi deyishadimi? Bu yoki u odam nima deb o’ylaydi?

Men boshqalar siz haqingizda nima deb o’ylashi haqida tashvishlanmanglar deya o’tinayotganimda, mening va’zdagi fikrlash jarayonim mana shulardan iborat edi. Qanday ko’ngilni qoldiradigan narsa-ya?

Bu faqatgina va’z aytishda emas. Ibodat qilishda ham. Xuddi, men bir guruh odamlarning oldida turib, ibodat qilishim mumkin, aslida esa, ibodat qilayotganimda odamlar men haqimda nima o’ylayotgani haqida tashvishlanayotgan bo’lishim mumkin. Bu qanchalik nosog’lom narsa?! Mening yuragim o’zimni birinchi o’ringa qo’yadigan daryoda cho’milmoqda, hatto men qilayotgan eng muqaddas narsalarda ham!

O’smirlik yillarimda, murabbiyim meni hayotim oyatini, hayotimni ifodalashini xohlagan oyatni tanlashga da’vat etgan edi. Men Yuhanno 3:30ni tanlagan edim, unda Yahyo Cho’mdiruvchi Iso haqida: “Masih yuksalishi, men esa pasayishim kerak.” – deb aytadi. 

Lekin, haqiqat shuki, bu oyat mening hayotimni ifodalamaydi. Menimcha, birinchi qismi ifodalaydi. Men Iso yuksalishini xohlayman. Men Isoni ulug’lashni xohlashimga haqiqatda ishonaman. Lekin, mendagi ichki turtki, oxirgi jumlani olib, shunday deyishga meni undaydi: “Masih yuksalishi, . . . va men ham yuksalishimga qarshi emasdim.”

Men ibodatda va fikrimda har doim kurashib: “Yo’q, men pasayishim kerak. Xudo, iltimos meni pasaytir!” Sen yuksalgin, men pasayay. Shu tariqa bu oyat mening hayotim bo’lishini xohlayman! Lekin, kurash davom etadi.

Aynan mana shu joyda Simonning nasihati juda o’rinli. U shunday degan edi: “Xizmatchi o’rganishi kerak bo’lgan uch narsa – bu 1. Kamtarlik. 2. Kamtarlik. 3. Kamtarlik.” Hopkins Simon buni doimiy tarzda qanday o’rganayotganini tasvirlaydi, ayniqsa, Muqaddas Uchbirlikdagi dastlabki yillardagilarini.

Bir paytlar o’ziga ishongan bu erkak u yetaklamoqchi bo’lganlar tomonidan butunlay rad etilgan holga tushadi. Hech kim u bilan Kembridj kampusiga hatto birga yurmaydi. Jamoatning derazalari orqali odamlar unga toshlar otishadi. Odamlar uning yuziga va kiyimlariga axlatlar va aynigan tuxumlarni otishadi.  Bundan ham og’irrog’i, ular uning xarakterini so’roq ostiga oluvchi mish-mishlar bilan isnodga qoldirishga urinishadi.

Shunday qilib, jamoatdagi xizmatining dastlabki yillarida, u o’ziga rahmi kelishga, keyinroq, vaziyat o’zgarganda esa, u o’zini olqishlashga moyil edi. U inson olqishining xavfini bilib oladi. U bir marta shunday degan edi:

Agar men haqimda yoki va’zlari haqida qandaydir maqtovli so’zlar aytilganda, men buni menga boshqa takrorlamasliklarini butun yuragimning tubidan o’tib so’rar edim: dunyodagi eng yomon gunohkor bo’lib jannatga borishimga imkon bering. . . Men haqimda yoki men amalga oshirgan biron narsa haqida olqishlaydigan so’zni aytishga jazm qilgan shaxsdan hatto shayton ham kattaroq la’natga ega bo’lolmaydi.

Bu menga keragidan ortiqroq javob bo’lib ko’rinishi mumkin, lekin u o’z Hakami sifatida Masihga ko’zlarini tikishga intilar edi. U shunday degan edi:

Masihning xizmatchilari odatda atrofidagilari tomonidan yo keragidan ortiq olqishlanadilar, yoki nohaq ravishda qadrsizlanadilar: lekin, ular o’z vazifalarini sadoqat bilan, insonlarning fikrlariga qaramasdan ado etishlari va oxiratda oqilona hukm chiqaradigan Zot hukmiga o’zlarini topshirishlari kerak.

Boshqalar siz haqingizda qanday o’ylashi haqida mag’rurlik bilan qayg’urasizmi yoki Xudo sizni da’vat etgan xizmatga kamtarlik bilan to’liq berilasizmi? Keling, Xudoning suruvini unga manzur tarzda yaxshi boqaylik.

  1. Sizni “xizmatdan nima olishingiz” harakatga keltiradimi yoki “xizmatda nima berishingiz”mi?  

Sizni “xizmatdan nima olishingiz” harakatga keltiradimi yoki “xizmatda nima berishingiz”mi?  

“Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu xizmatni. . . Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etinglar.”

“Pulparastlik maqsadida emas”— bu cho’pondagi ochko’zlik yoki pulni boshqa maqsadlarda ishlatishga qarshi ogohlantirishdir. Buni 1-Timo’tiy 3 va Titus 1dagi oqsoqollarga doir xususiyatlarda ham ko’rishimiz mumkin. Bu jamoat har xil oqsoqollarni moliyaviy jihatdan ta’minlamaydi, degan ma’noni bildirmasligini bilamiz. Biz Muqaddas Yozuvda Xudo xalqi orasidagi yetakchilarning ta’minotiga oid aniq andozani ko’ramiz.

Shunga qaramay, bu yerdagi kontekst pulning o’zidan ko’ra kengroq ma’noni anglatishi uni “samimiyat bilan” (boshqa tarjimalarda bu jumla o’zidan ko’ra boshqalarga xizmat qilishga ishtiyoqni bildiruvchi so’z ishlatilgan) jumlasi bilan taqqoslanganda yaqqol namoyon bo’ladi.

Buning mohiyati quyidagicha ko’rinadi: cho’ponni “olish” emas, “berish” harakatga keltiradi. Cho’ponning o’rni (pozitsiyasi) xizmat qilishdir, o’ziga xizmat qildirish emas.

Simon o’zidan voz kechadigan bunday xizmatga chiroyli misol bo’la oladi. U oddiygina hayotda yashaydi, hayotining ko’pgina qismi davomida maoshini bir xil miqdorda saqlanishi bilan kifoyalanadi va undan ortiq hamma narsani Kembrijdan tortib Hindistongacha va ular orasidagi boshqa joylardagi muhtojlarga berib yuborar edi. Uning akasi unga o’z mulkini qoldiradi, lekin u buni rad etadi. Simonning va’zlari to’plamlari o’zi kutmagan holda sotiladi, lekin uning barcha mualliflik gonorarlariga har xil xizmat rejalariga ega turli xil jamiyatlar egalik qiladi.

U “Xudo ulug’lanishi va zamindoshlarim foyda ko’rishi – men xohlagan bor narsa mana shudir”, deb aytadi. Bir kishi Simon haqida “pulga oliyhimmatli befarq inson”, deya ta’riflagan.

Lekin, uning ishtiyoqi pullaridan uzoqroqqa boradi. U o’z hayotini boshqa xizmatlarni ko’tarishga sarflaydi. U jamoatlarga cho’ponlik qilish uchun borayotgan, lekin va’z qilish bo’yicha ta’lim olmagan yoki jonlar uchun g’amxo’rlik qilish nimani anglatishini bilmaydigan ko’pgina odamlarni ko’rishga chidab turolmas edi. Shunday qilib, u ularning iloji boricha ko’prog’iga xizmat qilishga harakat qilardi.

Hopkins yozgan Simonning biografiyasida Simon ularning hayotida ushbu xizmatlar orqali qanday ta’sir ko’rsatgani haqida bir butun bob ajratilgan. Hopkins shunday yozadi: “Simonning qahramonlik hikoyasida ko’zga ko’ringan masihiy odamlarning uzun hurmat o’rama qog’ozi bor, bu odamlar imonga kelishi va masihiy hayotda imonda o’sib borishi uchun «King» hamda Muqaddas Uchbirlik Jamoati (Holy Trinity Church) mo’ysafidi Charlz Simonning hayoti va shahodatidan qarzdordirlar.”

Karus Uilson, Robert Housman (u Kembrijda Simon Masihga yo’naltirga birinchi talaba edi; keyinroq u St. Anne Jamoatida 42 yil davomida xizmat qiladi), Jorj Hodson (u Staffordning Arxdiakoni bo’ladi), Tomas Lloyd, Henry va Jon Venn, Tomas Soverbi, Metyu Preston, Charlz Perry, Patrik Bronte. Bu ro’yxat o’zining yordamchi cho’poni, keyinchalik Muqaddas Uchbirlik Jamoatida Simonning o’rnini egallagan Uilliam Karusgacha davom etadi.

Bular faqatgina Angliyadagi odamlar edilar. Bundan tashqari, Simon boshqa mamlakatlarga, xususan, Hindistonga safarbar qilgan odamlar ham bor. Bu Angliya Cherkovi global elchilik xizmatlariga qarshi turgan va Uilliam Karyni Hindistonga bormaslikka ko’ndirishga harakat qilgan kunlarga to’g’ri keladi.

Shotlandiya Jamoati Umumiy Assambleyasi “varvarlar va majusiylar orasida xushxabarni yoyish juda bema’nilik, chunki u tabiat tartibiga qarama-qarshidir” degan g’oyani tasdiqlovchi qaror chiqaradi. 

Uarren Hastings buni “elchilik xizmatlari urinishlarini sindirish uchun” siyosatning fundamental normasi deb aytadi.

Bu voqealar sodir bo’layotganda, Simon 29 yoshda edi, olti yildan beri cho’ponlik qilayotgan edi, hali ham jamoatni yakshanba kechkurungi yig’ilishlariga qo’yilmayotgan edi, yakshanba kuni peshindagi yig’ilishlarda va’z qilish taqiqlangan edi, yakshanba kuni ertalabki yig’ilishlarda o’rindiqlar orasidagi yo’laklardagi odamlarga va’z qilayotgan edi. Uning o’z diqqatini qaratishi kerak bo’lgan yetarlicha muammolari bor edi, lekin u xalqlar orasida xushxabarni yoyish zaruriyatini bilar edi.

Shunday qilib, u elchilarni yetishtirishni va ularni chet mamlakatlarga yuborishni boshlaydi.

David Braun, Daniel Korri, Klaudius Buchanan, Henry Martyn (Hindistonda elchilik xizmati bilan borgan tarixdagi eng mashhur xizmatchilardan biri, u Yangi Ahdni urdu va fors tillariga tarjima qilgan va arab tiliga tarjima qilinishi ustidan nazorat qilgan). Bu xizmatchilarning bari Simonning vasiyligi ostida o’z xizmatlarini boshlashgan. 40 yilcha muddat davomida Angliyadan Hindistonga elchilik xizmatiga borganlarning ko’pi Charlz Simon tomonidan tavsiya etilgani aytiladi.

U Hindistondan boshqa ko’pgina mamlakatlarga diqqatini qaratadi. Uilliam Uilberfors bilan hamkorlikda Simon “Afrika va Sharqqa Elchilik Xizmatlari Jamiyati” (“The Society for Missions to Africa and the East”) deb nomlangan tashkilotga asos soladi. Simonning qaramog’idagi odamlar Turkiya, Eron, Afg’oniston va Yaqin Sharqda Masih haqidagi xushxabarni e’lon qilish uchun borishadi.

Angliyada hal qilinishi kerak bo’lgan muammolar yetarlicha, deb aytgan cho’ponlarga u shunday yozadi:

“Masihda xuddi bizdagi kabi fikr bo’lganda dunyoning ahvoli qanday bo’lardi-ya? Ehtimol, kimdir ‘Nima uchun biz kuchimizni majusiylarga sarflashimiz kerak? Xizmatchilar uchun o’z uylarida (shahar, mamlakatlarida) yetarlicha ish yo’qmi?’ deb aytilishi mumkin. Men ularga javob berib, ‘Havoriylar bu tarzda bahslashmagani biz uchun yaxshi’, deb aytaman.”

Simon o’z jamoatini ular “dunyoning eng olis yerlarigacha tarqalgan hayot va najotning vositalari” bo’lishlari uchun ibodat qilishga chorlagan. Hopkins yozadiki, Simon “Xudo shohligini xalqlarga yoyish uchun yo’lida uchragan har bir imkoniyatni sotib olishga tinmay harakat qilgan.”

Sizdan, ya’ni cho’pondan so’rayman: siz Xudo shohligini xalqlarga yoyilishi uchun yo’lingizda uchragan har bir imkoniyatni sotib olishga to’xtamay harakat qilyapsizmi? Jamoatingiz dunyoning eng olis joylarigacha tarqalgan hayot va najot vositasi bo’lmoqdami?

Xushxabarni dunyodagi har bir millatga olib borish uchun imkoniyat oldimizda. Manba va vositalar oramizda, aziz cho’ponlar. Savol shundan iborat: bizni “xizmatdan nima olishimiz” harakatga keltiradimi yoki “xizmatda nima berishimiz”mi?  

  1. Yetakchiligingiz boshqalarni qo’rqitishga asoslanganmi?

“Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. . . Qo’lingiz ostidagi suruvga o’z hukmingizni o’tkazmay, ularga o’rnak bo’linglar.”

Isoning O’z shogirdlariga aytgan quyidagi so’zlari bu joyga juda mos keladi:

42 Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi:

— Butparastlarga qaranglar, ular hukmdorlariga izzat ko’rsatadilar, hukmdorlari esa ularga o’z hukmini o’tkazadilar, katta amaldorlari elga zo’ravonlik qiladilar. 43 Ammo sizlarning orangizda bunday bo’lmasin. Aksincha, orangizda kim katta bo’lishni istasa, sizlarga xizmat qilsin. 44 Orangizda kim birinchi bo’lishni istasa, hammangizga qul bo’lsin. (Mark 10:42–44)

Iso aytadiki, jamoat yetakchilari, jamoatning xizmatchilaridirlar. Cho’ponlik xizmatida boshqalar undan qarzdorlik hissiga o’rin yo’q, go’yoki biz faqatgina Xudoning inoyati bilan berilgan narsaga o’z kuchimiz bilan sazovor bo’lgandek. Cho’ponlik xizmatida boshqalardan ustunlik hissiga o’rin yo’q, go’yoki biz, agar Xudoning mehr-shafqati bo’lmaganda, gunohkorlardan eng yomoni bo’lmagandek. Cho’ponlik xizmatida jabr-zulm yoki majburlashga o’rin yo’q. Cho’ponlik xizmatida shaxsiy tazyiq, jinsiy provokatsiya yoki siyosiy fitna uyushtirishga o’rin yo’q. Cho’ponlik xizmatida nohaq g’azab yoki hech qanday jahldorlikka o’rin yo’q. 

Charlz Simonning hikoyasini aytishda uning kuchli tomonlariga urg’u berib, uning kuchsiz tomonlarini e’tibordan chetda qoldirish juda oson. Lekin, u mukammal bo’lmaganligi o’z-o’zidan ma’lum, u kichik narsalar uchun jahli chiqishi odati bor edi.

Bir kuni Hankinsonning uyida, Simon o’t yoqayotgan bir odamning ishini ko’rib shu darajada achchiqlanadiki, uni to’xtatish uchun uning orqasiga uradi. O’sha kunning o’zida xuddi o’sha odam yana bir xato ish qiladi, Simon esa, o’zini boshqarolmay qoladi.

Hankinson o’sha odam nomidan xat yozib, Simon keyinroq topib o’qiy olishi uchun uning chamadoniga solib qo’yadi. Xatda u qanday qilib shunday yaxshi va’z qiladigan va ibodat qiladigan odam bunday kichik narsalarga jahli chiqishi va o’zini boshqarolmay qolishi mumkinligi aytiladi. Xatga “Muloyim Jon” nomidan qo’l qo’yiladi. 

Simon o’sha odamga to’g’ridan-to’g’ri javob yozadi va shunday deydi: “Muloyim Jonga Mag’rur va Jahli Tez Charlzdan. Mening aziz do’stim, samimiy va o’z o’rnida aytilgan tanbeh uchun chin dildan sendan minnatdorman.” Keyin Simon janob Hankinsonga xat yozib, shunday deydi: “Mening eng aziz birodarim, joningiz Xudoning yonida bo’lganida olishi mumkin bo’lgan barcha yordamga juda muhtoj bo’lgan odamni eslaysiz, deya umid qilaman.”

“Qo’lingiz ostidagi suruvga o’z hukmingizni o’tkazmay…”

Yetakchiligingiz boshqalarni qo’rqitishga asoslanganmi?

  1. Hayotingiz boshqalar undan ibrat olishga loyiqmi?

Hayotingiz boshqalar undan ibrat olishga loyiqmi?

“Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. . . Qo’lingiz ostidagi suruvga o’z hukmingizni o’tkazmay, ularga o’rnak bo’linglar.”

Biz darhol Pavlusning Korinfdagi jamoatga aytgan quyidagi so’zlarini eslaymiz: “Men Masihdan o’rnak olganim kabi, sizlar ham mendan o’rnak olinglar” (1-Korinfliklarga 11:1). Yoki Filippidagi masihiylarga aytgan bu so’zlarni: “Birodarlarim, mendan o’rnak olayotganlarga qo’shilinglar. Bizning namunamiz bo’yicha yashayotganlarga eʼtibor berib, ulardan o’rganinglar. . . Taʼlimotimni qabul qildingiz. Endi mendan o’rganganlaringizning, ko’rganeshitganlaringizning hammasini bajaringlar. Shunda tinchlik beradigan Xudo sizlar bilan birga bo’ladi” (Filippiliklarga 3:17; 4:9).

Qanday bayonot! Mendan o’rganganlaringizning, ko’rganeshitganlaringizning hammasini bajaringlar va bu sizlar uchun yaxshi bo’ladi. Xudoning xalqi o’zlari ko’rolmagan insonlarday bo’lisholmaydi, ya’ni ular o’z cho’ponlari va oqsoqollarida Isoning hayotini ko’rishlari kerak.

Mana shuning uchun ham 1-Timo’tiy 3 va Titus 1dagi oqsoqollardan talab etilgan xususiyatlarning ko’pi Isoning har bir izdoshidan kutiladigan ularga xos muhim xususiyatlar emasmi? Oqsoqollar va cho’ponlar jamoatga shunday yetakchilik qilishlari kerakki, jamoat a’zolari ularda Masihning hayotini ko’ra olsinlar.

Shuning uchun har birimiz o’zimizdan so’raylik: “Agar men yetakchilik qilayotgan jamoat mening hayotimdan o’rnak olsa, jamoatim qanday holatda bo’ladi?” Kelinglar, har birimiz “Hayotimdagi qaysi jihat o’rnak olishga arzimaydi va Xudoning inoyati bilan ularga yaxshi bo’lishi uchun bu jihatlarni qanday o’zgartira olaman?” deb so’rab, yuraklarimizni tekshiraylik.

Men Charlz Simonning zamondoshi, Uilliam Uilberfors haqida ta’kidlab o’tgandim, u Parlamentda qullar savdosiga barham berish maqsadida mehnat qiladi. Uilberfors bir kuni o’z jurnalida shunday yozib qoldiradi: “Simon biz bilan – uning yuragi Masihning sevgisi bilan yongan. U boshqalarning ruhiy foydasini oshirish uchun sevgiga va ishtiyoqqa naqadar to’la. Oh qaniydi u Masihdan o’rnak olgani kabi men ham undan o’rnak ololsam.”

Bu cho’pon uchun juda yaxshi maqtov va juda muhimdir. Jon Tornton bir marta Simonga shunday deb yozadi: “O’z ruhingga doimo posbonlik qilgin va har bir ishni sevgida bajargin; biz jannatga qarab ko’tara olishimiz uchun kamtarlikka pastga qarab o’sishimiz lozim. O’zingni ehtiyotkorlik bilan kuzatib borishingni maslahat beraman, chunki, umuman aytganda, xizmatchi qanday bo’lsa, odamlari ham shunday bo’ladi.”

Xizmatchi qanday bo’lsa, odamlari ham shunday.

Hayotingiz boshqalar undan ibrat olishga loyiqmi?

  1. Cho’ponlik qilish tarzingiz siz uchun bu dunyoda hech qanday, abadiyatda esa, to’liq ahamiyat kasb etadimi?

Bu oxirgi savolni bu tarzdan ifodalashimning sababi Kalomdagi matn shunday yakunlanadi: “Ana shunda, Bosh Cho’ponimiz Masih zohir bo’lganda, sizlarga so’lmas, ulugʻvorlik toji beriladi.”

“Nazoratingizdagi suruvni yaxshi boqinglar” amrining mohiyati ulug’vorlik toji bilan kelayotgan Bosh Cho’ponga mustahkam bog’langan. Cho’ponlik xizmatidagi bu javobgarlik faqatgina abadiyat nuqtai nazaridan qaraganda ma’noga ega. Boshqacha qilib, Pavlusning so’zlari bilan aytganda, agar faqatgina bu dunyoga umid bogʻlagan bo’lsak, … unda kelinglar, yebichib qolaylik, ertaindin o’lib ketamizku (1-Korinfliklarga 15).

Mana shu dunyoga xos yetakchilik tarzi. Jonlar uchun g’amxo’rlik qilishning keragi yo’q. Boshqalardan yaxshiroq bo’lish uchun raqobat qil va yuqoriga ko’tarilish maqsadida yaxshiroq bo’lish uchun qilish kerak bo’lgan hamma ishni qilgin, shohsupaga chiq va boshqalarning ko’z oldida turib muvaffaqiyatga erish. Butun yo’l davomida erishilgan narsalar – faqat sen uchun. O’zingga ishon va boshqalarga e’tibor berma.

Xavf mana shu yerda – uni e’tibordan chetda qoldirma. Agar ehtiyot bo’lmasak, biz dunyoga xos yetakchilik tamoyillarini olib, ularni cho’ponlik hayotimizga qo’llashimiz mumkin. Biz bir-birimizdan yaxshiroq bo’lish uchun raqobat qilishimiz va bu yo’lda, pragmatism hukm surayotgan jamoat dunyosida qo’l keladigan har qanday ishni qilishimiz mumkin.

Biz martabamizni oshirishimiz, zinapoyaga ko’tarilishimiz va boshqalarning ko’z oldida muvaffaqiyatga erishishimiz mumkin, va bunda shunchaki Masihning nomini qo’shib ishlatamiz. Va biz bu dunyoda maksimal darajada foyda olishimiz uchun butun yo’l davomida erisha oladigan narsalarga erisha olishimiz mumkin.

Xudo esa, hozirning o’zida shunday demoqda: bunday qilma! Bu dunyo hali hammasi emas. Bu dunyo o’tib ketadi. Bu dunyo va uning barcha tojlari yo’q bo’lib ketadi.

Lekin, Shoh kelmoqda. Jamoatning Bosh Cho’poni yo’lda. U hisob-kitob qiladi va u mukofotlaydi. Siz tayyormisiz? Men tayyormanmi?

Bu savollar haqida fikr yuritganimda men o’ylayman, “Qaysi birimiz tayyormiz? Oramizdagi qaysi cho’pon mag’rurlikka moyil emas? Oramizdagi qaysi cho’pon unga to’liq taqlid qilishga arziydi? Oramizdagi qaysi cho’pon bu ishdan charchamaydi va suruvni boqishda susaymaydi?”

Hech birimiz mukammal cho’pon emasmiz, lekin gap mana shunda. Iso Bosh Cho’pondir va U bizning jonlarimiz uchun ham g’amxo’rlik qiladi. U o’rnak olishga butunlay loyiq bo’lgan hayotda yashab, o’zini past olgan va gunohkorlarga nisbatan sabr-toqatli sevgisi bilan najotga erishishimiz uchun va yetakchilik qilayotganlarning ham najotga erishishi uchun o’z hayotini bergan Zotdir.

Shuning uchun, keling Unga qaraylik. Mana shu pandemiya kunlarida va keladigan har bir kunda Unga ko’z tikaylik. Faqatgina Unga qaraylik. Unga butunlay ishonaylik. Doimiy tarzda ko’proq U kabi bo’lib boraylik. Uni butun yuragimiz bilan sevaylik. Va Uning tuganmas ulug’vorlik toji bilan keladigan kunini intizorlik bilan kutaylik, U bu tojni Uni intizorlik bilan kutayotgan, jonlar uchun mayoq qo’riqchilari kabi U bilan birga mehnat qilayotganlar uchun tayyorlab qo’ygan.

1836-yilning sentabr oyida Charlz Simon 2-Shohlar 10:16 — “Men bilan yur, men Egamiz uchun qanchalik jon kuydirishimni ko’rib qo’y”, oyati bo’yicha va’z qiladi.

Bu uning so’nggi yakuniy va’zi edi va u bir paytlar ikki narsa eng muhim ahamiyatga ega ekanligini aytgan edi: “Birinchisi hamma narsada Xudodan zavqlanish; ikkinchisi esa, Xudoda hamma narsadan zavqlanish.” Bir oydan keyin, 1836-yilning oktabrida, to’shagida yotgan, o’layotgan paytda kimdir undan “Nima haqida o’ylayapsiz?”, deb so’ragan edi. 

Simon javob berib, “Men hozir o’ylamayapman; men shunchaki, zavqlanayapman”, degan edi.

Va nihoyat, 1836-yilning 13-noyabrida, yakshanba kuni kapella qo’ng’iroqlari butun Kembrij Universiteti kampusi bo’ylab jaranglayotgan paytda, Charlz Simon bu dunyodagi oxirgi nafasini chiqaradi.

O’shandan buyon har yili 13-noyabrda odamlar Shoh Kolleji Kapellasi (King’s College Chapel) da birgalikda yig’ilib quyidagi ibodatni aytishadi:

Qudratli va abadiy Xudo, Sen muqaddas xizmatching, Charlz Simon orqali ko’plarning hayotini o’zgartirding, toki ular borib boshqalarga ham ta’lim bera olishsin deya; u yaxshi xabar va yomon xabar orqali ham Sening najotkorlik So’zingni va’z qilishdan to’xtamagani kabi, biz ham Sen bilan va Muqaddas Ruh bilan birga abadiy Yakka Xudolik dunyosida yashaydigan va hukm suradigan Rabbimiz Iso Masihning Xushxabaridan hech qachon or qilmaylik, buning uchun O’z mehr-shafqating bilan yordam bergin, Xudoyim.

Xudoyim, hozir meni tinglayotgan har bir cho’pon uchun ibodat qilaman, Nazoratimizdagi Sening suruvingni yaxshi boqishimiz uchun har birimizga yordam bergin. Bu xizmatni majburiyat yuzasidan emas, balki chin ko’ngildan, Senga manzur tarzda bajaraylik. Shunchaki pulparastlik maqsadida emas, samimiyat bilan ijro etaylik. Qo’limiz ostidagi suruvga o’z hukmimizni o’tkazmay, ularga o’rnak bo’laylik. Bosh Cho’ponimiz Masih zohir bo’lganda esa, so’lmas, ulugʻvorlik tojini qo’lga kiritaylik. Uning nomi bilan so’raymiz, Omin.

* * * * *

Tahrirchi izohi: Ushbu ozgina o’zgartirish kiritilgan va’z qo’lyozmasi Birgalikda Xushxabar [Together for the Gospel] uchun va Radikal [Radical] ruxsati bilan bu yerda chop etilgan. Uni mana bu yerda tomosha qilishingiz mumkin.

 

Худонинг сурувини яхши боқинглар—Худо халқининг чўпонлари учун саккизта савол

Мен ҳар йили Т4Gда иштирок этиб ёки нутқ сўзлаб келганман, шунга қарамай, мен бу жойда бўлишга ҳам лойиқ эмаслигимни ҳис қилганман. Бу йили мен бир ўзим бу ерда турибман ва бу ерда бўлишга ҳали ҳам лойиқ эмасман, айниқса, сизларга ушбу матн ва ушбу мавзу бўйича гапиришга нолойиқман. 

Марк, Лиг, ва Ал мендан 1 Бутрус 5:1-4даги парчадан “Худонинг сурувини яхши боқинглар” мавзусида ваъз қилишимни сўрашди – лекин бу ваъзни айтиши керак бўлган жуда кўп бошқа чўпонлар бор.

Масалан:

  • Ёшлигимдаги чўпоним, Дон Боулдин, у бир неча ўн йиллар давомида садоқатли чўпонлик хизматини адо этиб, ўтган йили Раббимизнинг олдига кетди.
  • Жим Шаддих, менинг мураббийим ва Семинарияда ўқиб юрган кезларимда 150дан иборат сурувга ҳар якшанба садоқат билан чўпонлик қилиб келган одам.
  • Корй Варден, у анъанавий Баптист Жамоатида Худо халқига чўпонлик қилиб туриб, ҳолдан тоймай меҳнат қиладиган икки касбли чўпон.
  • Матт Пеарсон, у жамоатнинг мулкидаги ғилдиракли уйда ўз хотини билан кичик бир шаҳарчага кўчиб ўтади ва у ерда имонлиларни севиб, уларни етаклаб, никоҳлаб ва дафн этиб, уларга турли йўлларда хизмат қилган одам, буларни фақат Худо билади. 
  • Маҳаллий чўпонлар ҳамда руҳан ва моддий жиҳатдан дунёнинг энг муҳтож жойларидаги олдинги фронтларда элчилик хизматидагилар билан Радикал платформаси (Radical) орқали ҳамкорлик қилувчи янги ташаббус. Биз дастлаб 12 мамлакатларда ишлашга диққатимизни қаратганмиз, шу жумладан Сомали, Яман, Бутан, Афғонистон ва Шимолий Кореяда. Бу жойлардаги чўпонлар мен гапирмоқчи бўлган мавзу ҳақида мендан кўра анча кўп нарсаларни биладилар.

Ва бунинг устига, агар бутунлай очиқчасига айтадиган бўлсам, мен ҳозир шундай мавсумдаманки, ўзимни ҳатто чўпон деб аташга номуносиб дея ҳис қиламан.

Тафсилотларга берилмасдан, айтадиган бўлсам, яқин кунларда мен хизмат қилаётган жамоат ҳақида яхши ғамхўрлик қилмаган жиҳатлар борасида ўзимни айбдор деб топдим. Бу ваъзни тайёрлаш жараёни, бу айбдорлигимни янада чуқурлаштирди ва ўсиши керак бўлган соҳаларни ва гуноҳкор юрагимнинг иноятга нисбатан муҳтожликларини янада кўпроқ очиб берди.

Шундай қилиб, мен бу ваъзни гапиришга бутунлай ишончли одам эмаслигимни тан олиб, фақатгина Худонинг Каломи ва Унинг Руҳига бутунлай таянаман, токи мен қила олмайдиган, яъни, сизларга гапиролмайдиган нарсаларни, илтижо қиламан, У гапирсин ва Худо сизга ишониб топширган сурувни боқишингизда бу сизга яхши фойда берсин.

Ва чўпон сифатидаги ожизлигимни инобатга олган ҳолда, менинг қаҳрамоним бўлган ўтмишдаги чўпон ҳақида ваъз давомида айтиб бермоқчиман.

Унинг исми Чарлз Симон, мен ўтган йили Ҳагҳ Ивн Ҳопкинснинг “Кембрижлик Чарлз Симон” (Charles Simeon of Cambridge) деб номланган биографиясини ўқидим ва Англиянинг Кембриж шаҳрида Учбирлик Жамоатида (Trinity Church) 54 йил давомида чўпонлик қилган бу инсонда Худонинг инояти қандай ишлаганини кўрдим.

Шундай қилиб, мен матнни (1 Бутрус 5:1-4) ўқийман ва кейин, мени тинглаётган ҳар бир чўпонга, матнга асосланган ҳолда, саккизта савол бермоқчиман.

Агарда сиз чўпон ёки оқсоқол бўлмасангиз – балким, сиз жамоатнинг бошқа хизматларида етакчи бўлишингиз ёки жамоат аъзоси бўлишингиз мумкин – ва умид қиламанки, сиз ҳам сизга мос бўлган нарсаларда тузатиш ва насиҳатлар оласиз.

Лекин, менинг кейинги бир неча дақиқалардаги мақсадим, айнан чўпонларга гапиришдир, чунки, бу матнда Худо айнан чўпонларга мурожаат қилмоқда. Ваъз давомида Чарлз Симоннинг ҳаёти ва чўпонлик хизматидаги очиқликлар билан бўлишмоқчиман ва бу сизларни руҳлантиради, деб умид қиламан.

* * * * *

1Ей жамоат оқсоқоллари, энди сизларга бир насиҳатим бор. Мен ҳам сизларга ўхшаган оқсоқолман. Масиҳ чеккан азоблари ҳақида шаҳодат берувчи ва Унинг зоҳир бўладиган улуғворлигининг иштирокчиси сифатида мен сизлардан ўтинаман: 2Назоратингиздаги Худонинг сурувини яхши боқинглар. Бу хизматни мажбурият юзасидан эмас, балки чин кўнгилдан, Худога манзур тарзда бажаринглар. Шунчаки пулпарастлик мақсадида эмас, самимият билан ижро этинглар. 3Қўлингиз остидаги сурувга ўз ҳукмингизни ўтказмай, уларга ўрнак бўлинглар. 4Ана шунда, Бош Чўпонимиз — Масиҳ зоҳир бўлганда, сизларга сўлмас, улуғворлик тожи берилади. (1 Бутрус 5:1–4)

Бу пандемия пайтига мос келувчи парча.

Ўзининг 1 Бутрус мактуби бўйича ёзган шарҳида, Том Шреинер бу парча “синовли даврларда жамоат яшаб қолишига ишонч ҳосил қилиш учун керак бўлган чўпонлик етакчилиги тури”ни кўрсатишини айтади. 1 Бутрусдаги контекст, албатта, қувғинлардир, пандемия эмас. Лекин, ишонаманки, кўпгина тамойиллар бир хил. Синовли дамларда жамоатда қайси турдаги чўпонлик етакчилиги керак?

Муқаддас Китобингизга қайтиб қарасангиз, Бутрус жамоатни Худонинг ҳукми келаётгани ва ҳукм Худонинг уйидан бошланиши ҳақида огоҳлантиради. Қийинчиликлар Худо халқини синовдан ўтказади ва синовдан биринчи бўлиб, жамоатдаги оқсоқоллар ёки чўпонлар ўтиши керак.

Ҳизқиёл 9 бобда Худо Ўз халқини синаганда синов “Эгамизнинг уйи олдида бўлган оқсоқоллардан» бошланади (Ҳизқиёл 9:6), деб ёзилган. Бу дунёдаги синовлар ва абадиятдаги ҳукмнинг келишини ёдда тутган ҳолда, жамоат тайёр бўлиши керак, ва бу жамоатни етаклаётган оқсоқоллардан бошланиши керак.

Шундай қилиб, 1 Бутрус 4 бобдаги тузилиш 1 Бутрус 5 бобга жиддийлик оҳангини беради. Ва бу биз ўқиган бутун матн бўйлаб давом этади.

Бутрус чўпонларга шундай демоқда: “Бош Чўпон қайтиб келмоқда ва Унинг қўл остидаги барча чўпонлар ҳисобот берадилар. У жамоатдаги ҳар бир чўпон ва оқсоқолдан ҳисобот талаб қилади ва ҳар бирингиз бунга тайёр бўлишингиз лозим.”

ЧАРЛЗ СИМОН

Мен Чарлз Симон ҳақида гапирмоқчилигимнинг сабабларидан бири ҳам мана шу.

У Учбирилик Жамоатида (Trinity Church) чўпонлик қилишни бошлаганида 23 ёшда эди ва ўша йилнинг ўзидаёқ у ўз жамоатига улар учун Исога ҳисобдор эканлигини аниқ гапиради. У бир якшанба куни эрталабки йиғилишда ўриндиқлар орасидаги йўлакларда турган одамларга қарата (кейинроқ улар нима учун турганларини тушунтираман):

Менинг хизматимнинг табиатини ва боқий жонларингизнинг эсон-омонлиги учун менга юкланган ғамхўрликни ёдда тутинг. Менинг сўзларимда туюлиши мумкин бўлган ҳар қандай кескинлик, жиддийлик ёки хавотирни иштиёқнинг таъсири сифатида эмас, балки жоннинг қадри ҳамда абадиятнинг муҳимлигини англаган юракнинг оқилона амри сифатида қабул қилинг.

Симон Исо Ўз қони билан сотиб олган одамларга чўпонлик қилиш бу жиддий масъулият эканлигини биларди. У чўпонни маёқ қўриқчиси сифатида тасвирлайди. У тошли қояга урилиб вайрон бўлган ва сувда қалқиб юрган ўлик таналар ҳамда фарёд қилаётган бева ва етимларнинг аниқ тасвирини чизади. Ва “нима бўлди?”, – деб сўрашганда, маёқ қўриқчиси “Мен ухлаб қолибман”, деб жавоб беради.

Симон чўпонлар сифатида биз ҳар биримиз билишимиз лозим бўлган нарсани билар эди. Жонлар учун ҳаёт ва ўлим, Жаннат ва Дўзах биз ўз даъватимизни қандай адо этишимиз устида қурилган – ва биз ухлаб қолмаслигимиз керак.

1 Бутрусдаги Худонинг бу Каломи чўпонларни, яъни маёқ қўриқчиларини, виждонан, ҳушёрлик ва камтарлик билан ўзларидан камида саккизта савол сўрашга чорлайди.

Мен эса, Худо бу саволларни ҳар биримиздан шахсан сўраётгандек ифодаламоқчиман.

  1. Хизматингизни Исодан кўра кўпроқ севасизми?

Бутрус “Эй жамоат оқсоқоллари, энди сизларга бир насиҳатим бор”, деб айтади ва кейин у ўзини қандай таърифлашига эътибор беринг: “Мен ҳам сизларга ўхшаган оқсоқолман. Масиҳ чеккан азоблари ҳақида шаҳодат берувчи ва зоҳир бўладиган улуғворлигининг иштирокчиси…”

Шундай қилиб, у ўзини чўпон-оқсоқол сифатида, Исонинг шоҳиди сифатида, (бу жойда биз Унга гувоҳлик бериш йўлида ҳалок бўлишимиз мумкинлигини англатадиган “шаҳид” сўзи ишлатилмоқда) ҳамда зоҳир бўладиган улуғворликнинг иштирокчиси сифатида тасвирлайди. Кейин эса, у парчадаги битта буйруқни айтади: “Худонинг назоратингиздаги сурувини яхши боқинглар.”

Шундай қилиб, нега айнан шу битта буйруқ?

Исонинг Бутрус билан охирги ёзиб қолдирилган суҳбатини эслайсизми?

15Исо нонуштадан кейин Шимўн Бутрусдан сўради:

— Юҳанно ўғли Шимўн, сен Мени улардан кўпроқ яхши кўрасанми?

Ҳа, Раббим! Мен Сени яхши кўришимни Ўзинг биласан–ку, — деди Унга Бутрус.

Қўзиларимни ўтлат, — деди унга Исо.

16Исо иккинчи марта Бутрусдан сўради:

— Юҳанно ўғли Шимўн, сен Мени яхши кўрасанми?

Ҳа, Раббим! Сени яхши кўришимни Ўзинг биласан–ку, — деди Бутрус Унга.

Қўйларимни боқ, — деди унга Исо.

17Сўнг учинчи марта Бутрусдан сўради:

— Юҳанно ўғли Шимўн, сен Мени яхши кўрасанми?

Исо учинчи марта яна шу саволни бергани учун Бутрус хафа бўлди.

— Раббим! Сен ҳамма нарсани биласан, мен Сени яхши кўришимни ҳам биласан, — деди Бутрус. Исо унга шундай деди:

Қўйларимни ўтлат!” (Юҳанно 21:15–17)

 

Унутманг. Жамоатни етаклаш даъвати Масиҳга бўлган севгидан келиб чиқади. Худонинг Ўғлини севиш ва Худо сурувини боқиш ўртасида тўғридан-тўғри алоқа бор.

Жамоатдаги етакчилик учун кўрсатмалар жамоат Эгасига нисбатан севгига эга бўлганларга берилади, афсуски, биз буни кўпинча эътибордан четда қолдиришга мойилмиз.

Исонинг номи билан мўжизалар яратган ва жинларни қувиб чиқарган одамлар ҳақида эшитиш учун Хушхабарлардаги Тоғдаги Ваъздан узоққа бормасангиз ҳам бўлади. Исо уларга: “Мен сизларни танимайман”, деб айтади.

Шундай қилиш мумкинми? Исо билан шахсан яқинликка эга бўлмасдан туриб самарали хизмат қилиш мумкинми? Бу мутлақо мумкин ва бундай бўлиши эса, ўта хавфли.

Ўзимнинг гуноҳкор юрагимдан мисол келтирадиган бўлсам, чўпон сифатидаги ҳаётимдаги анча олдинги мавсум эсимда – қанча вақт давом этганини аниқ эслолмайман, лекин бу анчагина вақт давом этган – ўшанда мен чўпонлик қилаётган жамоат ўсиб бораётган эди. Жуда кўп одамлар келаётган эдилар. Жуда ҳам кўп яхши хизматлар амалга ошаётган эди. Мен китоб ёзган эдим ва жуда кўп одамлар уни ўқишаётган эдилар ва мен турли хил жойларда ваъз қилиш учун таклиф этила бошлаган эдим. Ташқи томондан, бу хизматнинг чўққиси бўлиб кўринарди.

Ички томондан эса, Раббий билан ёлғиз вақтим, юмшоқ қилиб айтганда, доимий эмас эди, аслида эса, кўпгина кунларда умуман мавжуд эмас эди.

Албатта, ваъз айтиш учун тайёрланардим, ва омма олдида ибодат қилардим. Лекин, камдан-кам ҳолларда, ёлғиз қолиб ибодат қилардим ва Муқаддас Китобни ҳеч қачон, шунчаки, Худони таниб билиш ва Уни севиш учун ўқимас эдим.

Мени нотўғри тушунманг – мен дангасалик қилган эмасдим. Мен қаттиқ ишлардим – кўп тунлари кечаси билан қолиб ишлардим. Жуда кўп нарсалар содир бўлаётган эди, хизматда жуда кўп яхши нарсалар содир бўлаётган эди.

Лекин, мен буларнинг барини Исо билан яқинликдан бутунлай узилган ҳолда қилаётган эдим. Бу мен учун қўрқинчли. Исога қаратилган юракни йўқотган ҳолда, мен хизматда қанчалик ҳам “муваффақият” қозонардим. Мен хизматимни Ундан кўра кўпроқ севардим.

Сиз-чи?

Ҳозир тинглаётганлардан баъзиларингиз мен қаерда бўлган бўлсам, ҳозир худди ўша жойда, ўша ҳолатда бўлиши мумкин, ва Худо, Ўзининг меҳрибончилиги билан, ҳозирнинг ўзида сизни Ўзига қайта чақирмоқда.

Балки, ҳозир Худодан эшитишингиз керак бўлган энг керакли Калом бу: Мен сени севаман – ва Мен сен билан яқинликни жуда хоҳлайман, деган сўзлар бўлиши мумкин.

Бошқалар “менимча, мен Исони хизматимдан кўра кўпроқ севаман,” деб айтиши мумкин ва шундай деб умид қиламан. Мен буни менинг ҳаётимда ҳам шундай бўлишини хоҳлайман.

Лекин, ана шу жойда Симон менга чақириқ ташлайди. Симон Кембрижга борганида у масиҳий эмас эди, лекин, уч кундан кейин, ректор унга у Раббий Кечлигида иштирок этиши кераклигини айтади.

Бу Симонни хаёлида қўрқитиб юборади. У агар Исога ишонмаса, Раббий Кечлигида иштирок этолмаслигини ва албатта ўзини Исога ишонгандек қилиб кўрсатолмаслигини биладиган даражада масиҳийлик ҳақида етарлича билимга эга эди.

Бу қўрқув Симонни Масиҳ азоб чеккан Жафоли Ҳафта давомида мулоҳаза қилишга ундайди ва буни у ўз журналида қуйидагича ёзади:

“Епископ Уилсоннинг Раббимиз Кечлиги ҳақидаги мақоласини ўқиганимда, бу борада шундай жумлага дуч келдим —“Яҳудийлар ўз гуноҳларини қурбонликнинг бошига ўтказганларида, улар нима қилганларини билганлар.” Хаёлимга фикр келди, Нима? Мен барча айбларимни бошқага ўтказа оламанми? Худо мен гуноҳларимни унинг бошига қўйишим учун Қурбонлик бағишлаганми? Унда, Худо хоҳласа, мен уларни бошқа ҳеч қачон ўз жонимда олиб юрмайман. Шунга мос равишда, мен гуноҳларимни Исонинг муқаддас боши томон қўйишга интилдим; ва чоршанба куни меҳр-шафқат умидига эга бўла бошладим; пайшанба куни ўша умидим ошди; жума куни ва шанба куни у янада мустаҳкамланди; ва якшанба куни эрталаб, 4 апрел, Фисиҳ кунида, мен юрагим ва лабларимдаги қуйидаги сўзлар билан эрталаб барвақт турдим: “Исо Масиҳ бугун тирик! Ҳаллелуяҳ! Ҳаллелуяҳ!” Ўша дамдан бошлаб тинчлик менинг қалбимда мўл-кўл оқиб келди; ва Йиғилишимиздаги Раббимиз Дастурхонида марҳаматли Нажоткорим орқали Худо олдига келишнинг ширин имкониятига эга бўлдим.”

Кейинроқ, 50 йил ўтиб, Симон шундай ёзади: “Ўшанда Худо юзининг нури биринчи марта менга ташриф буюрди ва Унинг буюк меҳр-шафқати туфайли Худо уни мендан ҳеч қачон олиб қўймади.”

Симон Худо билан кейинги 57 йилдан ортиқ вақт мобайнида юрди. “Худо билан юрди” дея қуйидагиларни назарда тутяпман:

Бир пайтлар Симоннинг озроқ муддат у билан яшаган бир одам шундай ёзади:

“[У] мунтазам равишда, ҳар куни эрталаб, ҳатто қиш мавсуми бўлган пайтда ҳам, соат тўртда уйғонар эди; ва чироғини ёққандан кейин, у куннинг биринчи тўрт соатини шахсий ибодат ва Каломни ўрганишга бағишлар эди…Унинг буюк иноятга эга эканлигининг ва руҳий кучининг сири мана шунда эди. Мана шундай манбадан насиҳатлар олиб ва уларни шундай иштиёқ билан қидириб, у ўзининг ҳар қандай синовли дамларида далда оларди ва ҳар қандай вазифа учун тайёр бўлар эди.”

Симоннинг Исога хизмати Симоннинг Исо билан яқинлигидан келиб чиқарди.

Биз банд одамлармиз – мен ва сиз. Юборилиши керак бўлган эмаиллар, қилиниши керак бўлган қўнғироқлар, ёзилиши керак бўлган ваъзлар, борилиши керак бўлган учрашувлар, алоқада бўлиш керак бўлган одамлар, қилиниши керак бўлган ишлар бор. Ва тез орада, агар эҳтиёт бўлмасак, нима дейишимиздан қатъий назар, биз ўз хизматимизни Раббимиздан кўра кўпроқ севишимизга осонликча ўхшаб қолиши мумкин.  

Худонинг Каломи биз чўпонлардан хизмат учун юрак тайёрлаб, Исо учун юрагимизни йўқотмаслигимизни ўтиниб сўраяпти.

Сиз хизматингизни Исодан кўра кўпроқ севасизми?

  1. Худо сизга ишониб топширган жамоатга ғамхўрлик қилишдан мамнунмисиз? 

Бутрус “Худонинг назоратингиздаги сурувини яхши боқинглар”, деб ёзади. 

“Худонинг суруви” Худога тегишли. У сизнинг жамоатингиз эмас – у Унинг жамоати. Орангиздаги, атрофингиздаги, сизга ишониб топширилган жамоат сизнинг эмас, Унинг жамоатидир.

Кейинроқ 3-оятда Ўзбек тилида “қўлингиз остидаги сурув”, деб ёзилган. 

“Худонинг назоратингиз остидаги сурувини яхши боқинглар” – асл матнда битта сўз бўлиб, у асосан сурувга “ғамхўрлик қилиш”ни билдиради. 

Бу ердаги маъно аниқ ва равшан ва ростдан ҳам жуда оддий: Худо сизга ва менга ғамхўрлик қилишимиз учун маълум бир одамларни ишониб топширди.

Лекин, агар биз чўпонлар сифатида эҳтиёт бўлмасак, биз осонликча улардан нарироққа қарашимиз мумкин, шундай эмасми? Худо бизга ишониб топширган жамоат учун ғамхўрлик қилиш билан кифояланишни ўрнига, биз Худо бошқаларга ишониб топширган жамоатлар билан таққослашни бошлаймиз.

Биз одамларимизни қўйиб, нарига каттароқ жамоатга ёки кичикроқ жамоатга қараймиз.  Биз бошқа жамоатларга қараб чиқиб, ёшроқ ёки анчадан бери фаолият кўрсатаётган ва етукроқ жамоатларни кўрамиз. Биз “мен шаҳарда ёки қишлоқда чўпонлик қилишни хоҳлардим”, деб ўйлаймиз. Биз “мен пули кўпроқ ёки муаммоси камроқ жамоатга чўпонлик қилишни жуда хоҳлардим”, деб хаёлимиздан ўтказамиз. Биз бошқа жамоатларга қиёслаш ҳисси билан қараймиз ва бу бизни сезилмас хавфли йўллар томон бошлайди.

Мен олдинги чўпонлик дамларимни эслайман, ўшанда, “жамоатим” ўсиб бораётган ва ҳар турли яхши нарсалар содир бўлаётган кезларда, мен шу жамоатнинг қандай ажойиб етакчиси эканлигим ҳақида ўйлаб, шодонликнинг гуноҳкор ҳиссини ҳис қилишни бошлаган эдим.

Ёки чўпон сифатида “жамоатим” ўсмаётган ва кўп нарсалар содир бўлмаётган кезларни эслайман ва мен ўшанда бошқа жамоат яхши хизмат олиб бораётганини ҳаммадан эшитардим ва ўша жамоатда бу нарсалар содир бўлаётганидан дарров хурсанд бўлиш ўрнига, мен ичимда бу нима учун бизнинг жамоатимизда содир бўлмаётгани сабабини келтириб, ўзимни оқлашни бошлагандек сезардим.

Ёки мен улар нима учун кўпайиб бораётганларини ифодалайдиган “нокаломий” сабабларни келтириб, худдики ўша жамоат қилаётган ҳар бир иш нотўғри эканлигини хаёлимда ҳатто танқид қилишни бошлашим мумкин. Ўзим буни пайқамаган ҳолда шу тарзда фикр юритаман!

Ва сиз айтишингиз мумкин, “Сиз катта жамоат чўпонисиз. Таққослаш билан курашмаслигингиз аниқ.” Алданманг. Мағрурона таққослаш хатарли даражада ўсиб борувчандир ва омманинг завқланиши уни фақатгина оширади холос.

Жонатан Эдвардс шундай деган эди: “бу Масиҳийликнинг ривожига иштиёқманд бўлган одамларнинг юрагига шайтон асосан руҳий мағрурлик эшиги орқали киради. У туби йўқ чуқурликдан чиқадиган тутуннинг асосий сизиб чиқадиган жойидир. У онгни қоронғилаштиради ва вазиятга тўғри баҳо беришдан йироқлаштиради. У Худонинг ишини қийинлаштириш ва унга тўсқинлик қилиш учун шайтоннинг ишлатадиган воситаларининг асосий манбаидир.”

Мен ўзимни бошқалар билан таққослашимни пайқадим (ҳатто рақобатнинг носоғлом ҳиссида). Бу Худо менга ишониб топширган жамоат ҳақида ғамхўрлик қилишим учун керак бўлган қаноатлиликни мендан ўғирлайди. 

Эҳтимол, фақат мен шундайдирман, эҳтимол, йўқ. Шундай қилиб, жамоатингизга ғамхўрлик қилишингизга хавф соладиган таққослаш ёки рақобат билан қанча кўп кураш олиб борганингиз сари, Симондан шунча кўп ўрнак олсангиз бўлади.  

У даикон бўлиб тайинланган пайтда ёз ойларида Авлиё Эдуардс Жамоатида Кристофер Аткинсон илтимоси билан у йўқлигида ваъз қилар эди. У жавобгар бўлган жуда кичик гуруҳ асосан, маҳаллий қассоблардан иборат эди.

Лекин, у эшикма-эшик юриб, ўша ҳар бир жон учун ғамхўрлик қилар эди. Бундан унча кўп ўтмасдан, кўпчиликни, шу жумладан, Симоннинг ўзини ҳам ажаблантирган нарса юз беради, у 23 ёшида Кембридж Университети марказидаги Муқаддас Учбирлик Жамоатида (Holy Trinity Church) чўпон этиб тайинланади.

Бу орзудаги иш бўлиши керак эди, токи бундай вазият юзага келмагунча. Биринчи ҳафта, жамоатдаги одамлар Симоннинг чўпон бўлишини хоҳлашмайди. Улар олдинги чўпоннинг ёрдамчиси Жон Ҳаммондни хоҳлашади ва улар буни кўрсатиб қўйишади. Симон чўпонликдан кетишини айтади, лекин тайинлашга масъул епископ агар Симон лавозимдан кетса ҳам, Ҳаммонд бу лавозимга тайинланмаслигини айтади, шундай қилиб, Симон ўз жойида қолади. Жамоат эса, исён қилади.

Ҳар якшанба эрталабки йиғилишларда одамлар нафақат келмай қўйишади, шу билан бирга, улар ҳеч ким ўтиролмаслиги учун ўз ўриндиқларини қулфлаб қўйишади. Симон ўз ҳисобидан ўриндиқлар орасидаги йўлакларда ўриндиқлар ўрнатади, лекин жамоат тартибига жавобгар сардорлар уларни ташқарига олиб чиқиб ташлашади.

Улар бир ҳафта, икки ҳафта ёки уч ҳафта эмас, бир ой, икки ой ёки уч ой ҳам эмас, улар 10 йил давомида шундай йўл тутишади. 10 йил давомида ҳар якшанба эрталаб Симон йўлакларда турган ёки хонанинг хира бурчакларида ўтирган одамларгагина ваъз қила олади. Ўн йил давомида!

Бундан ташқари, якшанба кунлардан бирида жамоатга қатновчиларнинг кузатуви остида пешиндан кейинги йиғилиш бўлади, лекин улар Симонга ваъз қилишга қўйишмайди. Бунинг ўрнига, улар Жон Ҳаммондга якшанба куни пешиндан кейин йиғилишда ваъз айтиши учун Симондан икки баробар кўпроқ ойлик беришади. Бу ҳолат беш йил давом этади, шундан кейин Ҳаммонд лавозимдан бўшайди ва одамлар Ҳаммонднинг ўрнига бошқа бировни илтимос қилишади ва у кейинги етти йил давомида ваъз қилади – жами ўн икки йил Симон якшанба куни пешиндан кейинги хизматдан ташқарида сақланиб келинади.

Шу тариқа, Симон якшанба куни кечки йиғилишни бошлашга ҳаракат қилади ва биринчи ҳафта кўпгина одамлар келади. Токи жамоат аъзолари орасидан сайланган сардорлар бу хизматни ёпишга қарор қилишмагунча. Улар эшикларни ёпиб қўйишади ва ҳеч кимни ичкарига киришга қўйишмайди. Улар Симонга у “хоҳлаган пайтида жамоатга киришга ҳаққи йўқ”лигини айтишади. 

Бундан аҳвол қандай бўлганлигини кўрсангиз бўлади. Симон ўзининг дастлабки ўн йиллик чўпонлик хизматида якшанба кунлари бўш ўриндиқларга тўла жойда ваъз қилади, дастлабки ўн икки йил давомида эса, пешиндан кейинги хизматларда унга ваъз қилишни тақиқлашади ва бутун шу вақт давомида жамоатнинг якшанба куни кечки хизматларида эшик у учун қулфланган эди.

Қандай қилиб бундай сурувга ғамхўрлик қила оласиз . . . яна 54 йил давомида??

Симондан шу савол сўралганда у шундай жавоб беради: “шундай шароитда имон ва сабр-тоқатдан бошқа чорани кўрмадим. Менинг онгимни забт этган ва бошқарган Каломдаги парча 2 Тимўтийга 2:24 оят эди.” 2 Тимўтий 2:24да нима дейилган? “Раббимиз Исонинг қули эса жанжалкаш бўлмаслиги керак. Аксинча, у ҳаммага меҳрибон, таълим беришга қобилиятли, сабр–тоқатли бўлиши лозим.”

Худойим, Сен бизга ишониб топширган жамоатга яхши ғамхўрлик қилишимиз учун қаноат ва мамнуният бер.

  1. Чўпонлик сиз учун қилиниши керак бўлган ишми ёки бажариладиган иштиёқми?

Бутрус шундай ёзади: “Назоратингиздаги Худонинг сурувини яхши боқинглар. Бу хизматни мажбурият юзасидан эмас, балки чин кўнгилдан, Худога манзур тарзда бажаринглар.”

Демак, матнга кўра, Худо халқини мажбурият юзасидан, яъни хоҳиш-иштиёқсиз боқиш мумкин экан. Чўпонлик хизматига бажариладиган иштиёқ эмас, қилиниши керак бўлган иш сифатида қараш мумкин. Тахминимча, ҳар бир чўпон маълум пайтларда бундай васвасага учраган. Кўпгина чўпонлар мана шу пайтда бундай ҳиссиётларни ҳис қилаётган бўлишлари мумкин. 

Шундай қилиб, жуда кўп ҳар хил сабаблар туфайли биз чўпонлик хизматининг турли хил жиҳатларини биз ишлатишни хоҳлаган имкониятлар сифатида эмас, қилишимиз керак бўлган фаолият сифатида кўришни бошлашимиз мумкин. Худо эса, бизни бу жойдаги Сўзида огоҳлантирмоқда: эҳтиёт бўлинг. Худо сизни даъват этган ҳеч бир ишни мажбуран қилма.

Инсонларнинг жонлари учун ғамхўрлик қилиш ўта муҳим иш ва Худо сизни Ўз Руҳи орқали, нотабиий равишда бу учун қуроллантиради ва ҳаракатга келтиради. Ҳар куни, ҳар ҳафта, ҳар ой, ҳар йили.

Мен душанба куни эрталабларини эслайман, ўша пайтда эрталаб уйғонасиз ва бу буларнинг барини яна қайтадан бошлаш вақти, яъни ваъзга тайёрланишнинг бошланиши эканлигини пайқайсиз. Агар эҳтиёт бўлмасак, ҳатто ваъз айтиш ҳам бажариладиган иштиёқ эмас, қилиниши керак бўлган ишга айланишни бошлаши мумкин.

Бундай бўлмасин, демоқда Бутрус.

Симоннинг биографи шундай ёзади

Замонавий руҳоний ҳар ҳафта битта жамоатга ваъз айтишнинг ҳолдан тойдириши ҳақида шикоят қилаётганини эшитиб қоласан, баъзан. Ўн йил ўтишидан олдин у ҳамма нарсани ваъз қилиб бўлгани ва бошқа жойга кўчиши кераклиги ҳақида гапиришни бошлайди. Бундай ғоя Чарлз Симон учун анафема бўлган бўларди. Унинг олдинги ёки кейинги ҳеч қайси маҳаллий руҳонийларда бўлмаган унутилмас ютуғи, унинг 50 йилдан ошиқ вақт давомида доимий равишда (ҳафтасига бир неча маротаба) ваъз айтиш орқали олийгоҳ битирувчилари ва шаҳарликларнинг эътиборини қозониши эди.

1 Коринфликларга 9:16даги Павлусга ўхшаб, Симон Худо Каломини ваъз қилолмай туролмасди. Буни қилмасам ҳолимга вой!

1807 йили, 25 йил давомида чўпонлик қилгандан кейин, унинг соғлиғи ёмонлаша бошлайди ва унинг овози шундай ҳолатга келадики, бир неча якшанба йиғилишларида пичирлаб гапирадиган бўлади. Бундай жисмоний курашлар кейинги ўн уч йил давомида, 60 ёшга кирмагунча давом этади, шундай бўлсада у ваъз қилишни тўхтатмайди.

Ўша пайтлардаги бир якшанбада меҳмон бўлиб келган бир чўпон Симоннинг ўз одамлари учун иштиёқини кўриб жуда ажабланади. У шундай дейди:

“Унга ишониб топширилган жонлар учун унинг севгига тўла ғамхўрлигига мен ўзим гувоҳ бўлган бир ажойиб воқеани ҳеч қачон унутмайман. У қуйидаги ажабланарли сўзлар бўйича ваъз қилаётган эди: «Итоатсиз ва ўжар халқни кун бўйи қучоқ очиб кутдим» (Рим. 10:20-21). Барча тингловчиларини таклиф этилган меҳр-шафқатни қабул қилишга ундагандан кейин, Симон тингловчилар орасида у уларга ўттиз йилдан кўпроқ вақт давомида Масиҳни ваъз қилган одамлар борлигини, лекин улар Нажоткорнинг севгисига эътиборсиз қолганини эслатади. Бундай насиҳатлар шодасини бир муддат давом эттириб, охири уни ҳиссиётлар қамраб олади ва у минбардан пастга тушиб, тўсатдан кўз ёшларининг дарёсига шўнғийди ва у ердаги жуда оз киши зўрға ўзини у билан бирга йиғлашдан тия олади.”

Бундан кўп ўтмай, чўпонлик хизматида ҳали 40 йил бўлмаган пайтда, у ҳар доим ўзи билан олиб юрадиган Муқаддас Китобидаги Еремиё 20:9-оятнинг шундоқ ёнида махсус бир белги ёзиб қолдиради: 

“Сенинг сўзинг, олов каби, ичимни ёндиради,

Ўт қўйгандай суякларимни зирқиратади.

Сўзингни ичимда сақлаб туришдан чарчадим,

Ҳа, уни бошқа ушлаб тура олмайман.”

Чўпонлар, биз ваъз қилаётган одамларимиз учун йиғлаймизми? Ҳатто уларга ваъз қилаётганимизда? Уларнинг юзларига қараганимизда, уларнинг нажот топишларини жон-жаҳдимиз билан хоҳлаймизми? Чўпонлик сиз учун қилиниши керак бўлган ишми ёки бажариладиган иштиёқми?

  1. Бошқалар сиз ҳақингизда қандай ўйлаши ҳақида мағрурлик билан қайғурасизми ёки Худо сизни даъват этган хизматга камтарлик билан тўлиқ бериласизми? 

“Назоратингиздаги Худонинг сурувини яхши боқинглар. Бу хизматни мажбурият юзасидан эмас, балки чин кўнгилдан, Худога манзур тарзда бажаринглар.”

“Худога манзур тарзда бажаринглар.” Дунёга манзур тарзда эмас. Бошқаларга манзур тарзда ҳам эмас. Худога манзур тарзда. Том маънода, Худога мос равишда.

Бу парчада мағрурлик қанчалик даражада пастда турганига эътибор бердингизларми? Барчамизда бошқаларнинг мақтови ёки ҳатто ўзимизни мамнун қилиш мойиллиги бор. Бу эса, чўпонлик хизматида шу даражада кўзга кўримсизки, агар ҳушёр бўлмасак, эътибордан йўқотиб қўямиз.

Ҳеч бўлмаганда, мен шундай бўлишим керак. Ҳатто бу ваъзни тайёрлаётганимда, “ваъз айтаётганимда одамлар мен ҳақимда нима деб ўйлашади?”, дея ўйлаётган эдим. Улар яхши ваъз бўлди дейишадими? Ёки ёмон ваъз бўлди дейишадими? Бу ёки у одам нима деб ўйлайди?

Мен бошқалар сиз ҳақингизда нима деб ўйлаши ҳақида ташвишланманглар дея ўтинаётганимда, менинг ваъздаги фикрлаш жараёним мана шулардан иборат эди. Қандай кўнгилни қолдирадиган нарса-я?

Бу фақатгина ваъз айтишда эмас. Ибодат қилишда ҳам. Худди, мен бир гуруҳ одамларнинг олдида туриб, ибодат қилишим мумкин, аслида эса, ибодат қилаётганимда одамлар мен ҳақимда нима ўйлаçтгани ҳақида ташвишланаётган бўлишим мумкин. Бу қанчалик носоғлом нарса?! Менинг юрагим ўзимни биринчи ўринга қўядиган дарёда чўмилмоқда, ҳатто мен қилаётган энг муқаддас нарсаларда ҳам!

Ўсмирлик йилларимда, мураббийим мени ҳаётим оятини, ҳаётимни ифодалашини хоҳлаган оятни танлашга даъват этган эди. Мен Юҳанно 3:30ни танлаган эдим, унда Яҳё Чўмдирувчи Исо ҳақида: “Масиҳ юксалиши, мен эса пасайишим керак.” – деб айтади.

Лекин, ҳақиқат шуки, бу оят менинг ҳаётимни ифодаламайди. Менимча, биринчи қисми ифодалайди. Мен Исо юксалишини хоҳлайман. Мен Исони улуғлашни хоҳлашимга ҳақиқатда ишонаман. Лекин, мендаги ички туртки, охирги жумлани олиб, шундай дейишга мени ундайди: “Масиҳ юксалиши, . . . ва мен ҳам юксалишимга қарши эмасдим.”

Мен ибодатда ва фикримда ҳар доим курашиб: “Йўқ, мен пасайишим керак. Худо, илтимос мени пасайтир!” Сен юксалгин, мен пасаяй. Шу тариқа бу оят менинг ҳаётим бўлишини хоҳлайман! Лекин, кураш давом этади.

Айнан мана шу жойда Симоннинг насиҳати жуда ўринли. У шундай деган эди: “Хизматчи ўрганиши керак бўлган уч нарса – бу 1. Камтарлик. 2. Камтарлик. 3. Камтарлик.” Ҳопкинс Симон буни доимий тарзда қандай ўрганаётганини тасвирлайди, айниқса, Муқаддас Учбирликдаги дастлабки йиллардагиларини.

Бир пайтлар ўзига ишонган бу эркак у етакламоқчи бўлганлар томонидан бутунлай рад этилган ҳолга тушади. Ҳеч ким у билан Кембридж кампусига ҳатто бирга юрмайди. Жамоатнинг деразалари орқали одамлар унга тошлар отишади. Одамлар унинг юзига ва кийимларига ахлатлар ва айниган тухумларни отишади.  Бундан ҳам оғирроғи, улар унинг характерини сўроқ остига олувчи миш-мишлар билан иснодга қолдиришга уринишади.

Шундай қилиб, жамоатдаги хизматининг дастлабки йилларида, у ўзига раҳми келишга, кейинроқ, вазият ўзгарганда эса, у ўзини олқишлашга мойил эди. У инсон олқишининг хавфини билиб олади. У бир марта шундай деган эди:

Агар мен ҳақимда ёки ваъзлари ҳақида қандайдир мақтовли сўзлар айтилганда, мен буни менга бошқа такрорламасликларини бутун юрагимнинг тубидан ўтиб сўрар эдим: дунёдаги энг ёмон гуноҳкор бўлиб жаннатга боришимга имкон беринг. . . Мен ҳақимда ёки мен амалга оширган бирон нарса ҳақида олқишлайдиган сўзни айтишга жазм қилган шахсдан ҳатто шайтон ҳам каттароқ лаънатга эга бўлолмайди.

Бу менга керагидан ортиқроқ жавоб бўлиб кўриниши мумкин, лекин у ўз Ҳаками сифатида Масиҳга кўзларини тикишга интилар эди. У шундай деган эди:

Масиҳнинг хизматчилари одатда атрофидагилари томонидан ё керагидан ортиқ олқишланадилар, ёки ноҳақ равишда қадрсизланадилар: лекин, улар ўз вазифаларини садоқат билан, инсонларнинг фикрларига қарамасдан адо этишлари ва охиратда оқилона ҳукм чиқарадиган Зот ҳукмига ўзларини топширишлари керак.

Бошқалар сиз ҳақингизда қандай ўйлаши ҳақида мағрурлик билан қайғурасизми ёки Худо сизни даъват этган хизматга камтарлик билан тўлиқ бериласизми? Келинг, Худонинг сурувини унга манзур тарзда яхши боқайлик.

  1. Сизни “хизматдан нима олишингизҳаракатга келтирадими ёки “хизматда нима беришингиз”ми?  

Сизни “хизматдан нима олишингиз” ҳаракатга келтирадими ёки “хизматда нима беришингиз”ми?  

“Назоратингиздаги Худонинг сурувини яхши боқинглар. Бу хизматни. . . Шунчаки пулпарастлик мақсадида эмас, самимият билан ижро этинглар.”

“Пулпарастлик мақсадида эмас”— бу чўпондаги очкўзлик ёки пулни бошқа мақсадларда ишлатишга қарши огоҳлантиришдир. Буни 1 Тимўтий 3 ва Титус 1даги оқсоқолларга доир хусусиятларда ҳам кўришимиз мумкин. Бу жамоат ҳар хил оқсоқолларни молиявий жиҳатдан таъминламайди, деган маънони билдирмаслигини биламиз. Биз Муқаддас Ёзувда Худо халқи орасидаги етакчиларнинг таъминотига оид аниқ андозани кўрамиз.

Шунга қарамай, бу ердаги контекст пулнинг ўзидан кўра кенгроқ маънони англатиши уни “самимият билан” (бошқа таржималарда бу жумла ўзидан кўра бошқаларга хизмат қилишга иштиёқни билдирувчи сўз ишлатилган) жумласи билан таққосланганда яққол намоён бўлади.

Бунинг моҳияти қуйидагича кўринади: чўпонни “олиш” эмас, “бериш” ҳаракатга келтиради. Чўпоннинг ўрни (позицияси) хизмат қилишдир, ўзига хизмат қилдириш эмас.

Симон ўзидан воз кечадиган бундай хизматга чиройли мисол бўла олади. У оддийгина ҳаётда яшайди, ҳаётининг кўпгина қисми давомида маошини бир хил миқдорда сақланиши билан кифояланади ва ундан ортиқ ҳамма нарсани Кембриждан тортиб Ҳиндистонгача ва улар орасидаги бошқа жойлардаги муҳтожларга бериб юборар эди. Унинг акаси унга ўз мулкини қолдиради, лекин у буни рад этади. Симоннинг ваъзлари тўпламлари ўзи кутмаган ҳолда сотилади, лекин унинг барча муаллифлик гонорарларига ҳар хил хизмат режаларига эга турли хил жамиятлар эгалик қилади.

У “Худо улуғланиши ва заминдошларим фойда кўриши – мен хоҳлаган бор нарса мана шудир”, деб айтади. Бир киши Симон ҳақида “пулга олийҳимматли бефарқ инсон”, дея таърифлаган.

Лекин, унинг иштиёқи пулларидан узоқроққа боради. У ўз ҳаётини бошқа хизматларни кўтаришга сарфлайди. У жамоатларга чўпонлик қилиш учун бораётган, лекин ваъз қилиш бўйича таълим олмаган ёки жонлар учун ғамхўрлик қилиш нимани англатишини билмайдиган кўпгина одамларни кўришга чидаб туролмас эди. Шундай қилиб, у уларнинг иложи борича кўпроғига хизмат қилишга ҳаракат қиларди.

Ҳопкинс ёзган Симоннинг биографиясида Симон уларнинг ҳаётида ушбу хизматлар орқали қандай таъсир кўрсатгани ҳақида бир бутун боб ажратилган. Ҳопкинс шундай ёзади: “Симоннинг қаҳрамонлик ҳикоясида кўзга кўринган масиҳий одамларнинг узун ҳурмат ўрама қоғози бор, бу одамлар имонга келиши ва масиҳий ҳаётда имонда ўсиб бориши учун «King» ҳамда Муқаддас Учбирлик Жамоати (Holy Trinity Church) мўйсафиди Чарлз Симоннинг ҳаёти ва шаҳодатидан қарздордирлар.”

Карус Уилсон, Роберт Ҳоусман (у Кембрижда Симон Масиҳга йўналтирга биринчи талаба эди; кейинроқ у Ст. Анне Жамоатида 42 йил давомида хизмат қилади), Жорж Ҳодсон (у Стаффорднинг Архдиакони бўлади), Томас Ллойд, Ҳенрй ва Жон Венн, Томас Соверби, Метю Престон, Чарлз Перрй, Патрик Бронте. Бу рўйхат ўзининг ёрдамчи чўпони, кейинчалик Муқаддас Учбирлик Жамоатида Симоннинг ўрнини эгаллаган Уиллиам Карусгача давом этади.

Булар фақатгина Англиядаги одамлар эдилар. Бундан ташқари, Симон бошқа мамлакатларга, хусусан, Ҳиндистонга сафарбар қилган одамлар ҳам бор. Бу Англия Черкови глобал элчилик хизматларига қарши турган ва Уиллиам Карйни Ҳиндистонга бормасликка кўндиришга ҳаракат қилган кунларга тўғри келади.

Шотландия Жамоати Умумий Ассамблеяси “варварлар ва мажусийлар орасида хушхабарни ёйиш жуда бемаънилик, чунки у табиат тартибига қарама-қаршидир” деган ғояни тасдиқловчи қарор чиқаради. 

Уаррен Ҳастингс буни “элчилик хизматлари уринишларини синдириш учун” сиёсатнинг фундаментал нормаси деб айтади.

Бу воқеалар содир бўлаётганда, Симон 29 ёшда эди, олти йилдан бери чўпонлик қилаётган эди, ҳали ҳам жамоатни якшанба кечкурунги йиғилишларига қўйилмаётган эди, якшанба куни пешиндаги йиғилишларда ваъз қилиш тақиқланган эди, якшанба куни эрталабки йиғилишларда ўриндиқлар орасидаги йўлаклардаги одамларга ваъз қилаётган эди. Унинг ўз диққатини қаратиши керак бўлган етарлича муаммолари бор эди, лекин у халқлар орасида хушхабарни ёйиш заруриятини билар эди.

Шундай қилиб, у элчиларни етиштиришни ва уларни чет мамлакатларга юборишни бошлайди.

Давид Браун, Даниел Корри, Клаудиус Бучанан, Ҳенрй Мартин (Ҳиндистонда элчилик хизмати билан борган тарихдаги энг машҳур хизматчилардан бири, у Янги Аҳдни урду ва форс тилларига таржима қилган ва араб тилига таржима қилиниши устидан назорат қилган). Бу хизматчиларнинг бари Симоннинг васийлиги остида ўз хизматларини бошлашган. 40 йилча муддат давомида Англиядан Ҳиндистонга элчилик хизматига борганларнинг кўпи Чарлз Симон томонидан тавсия этилгани айтилади.

У Ҳиндистондан бошқа кўпгина мамлакатларга диққатини қаратади. Уиллиам Уилберфорс билан ҳамкорликда Симон “Африка ва Шарққа Элчилик Хизматлари Жамияти” (“The Society for Missions to Africa and the East”) деб номланган ташкилотга асос солади. Симоннинг қарамоғидаги одамлар Туркия, Эрон, Афғонистон ва Яқин Шарқда Масиҳ ҳақидаги хушхабарни эълон қилиш учун боришади.

Англияда ҳал қилиниши керак бўлган муаммолар етарлича, деб айтган чўпонларга у шундай ёзади:

“Масиҳда худди биздаги каби фикр бўлганда дунёнинг аҳволи қандай бўларди-я? Эҳтимол, кимдир «Нима учун биз кучимизни мажусийларга сарфлашимиз керак? Хизматчилар учун ўз уйларида (шаҳар, мамлакатларида) етарлича иш йўқми?» деб айтилиши мумкин. Мен уларга жавоб бериб, «Ҳаворийлар бу тарзда баҳслашмагани биз учун яхши», деб айтаман.”

Симон ўз жамоатини улар “дунёнинг энг олис ерларигача тарқалган ҳаёт ва нажотнинг воситалари” бўлишлари учун ибодат қилишга чорлаган. Ҳопкинс ёзадики, Симон “Худо шоҳлигини халқларга ёйиш учун йўлида учраган ҳар бир имкониятни сотиб олишга тинмай ҳаракат қилган.”

Сиздан, яъни чўпондан сўрайман: сиз Худо шоҳлигини халқларга ёйилиши учун йўлингизда учраган ҳар бир имкониятни сотиб олишга тўхтамай ҳаракат қиляпсизми? Жамоатингиз дунёнинг энг олис жойларигача тарқалган ҳаёт ва нажот воситаси бўлмоқдами?

Хушхабарни дунёдаги ҳар бир миллатга олиб бориш учун имконият олдимизда. Манба ва воситалар орамизда, азиз чўпонлар. Савол шундан иборат: бизни “хизматдан нима олишимиз” ҳаракатга келтирадими ёки “хизматда нима беришимиз”ми?  

  1. Етакчилигингиз бошқаларни қўрқитишга асосланганми?

“Назоратингиздаги Худонинг сурувини яхши боқинглар. . . Қўлингиз остидаги сурувга ўз ҳукмингизни ўтказмай, уларга ўрнак бўлинглар.”

Исонинг Ўз шогирдларига айтган қуйидаги сўзлари бу жойга жуда мос келади:

42 Исо эса уларни ёнига чақириб, деди:

— Бутпарастларга қаранглар, улар ҳукмдорларига иззат кўрсатадилар, ҳукмдорлари эса уларга ўз ҳукмини ўтказадилар, катта амалдорлари элга зўравонлик қиладилар. 43 Аммо сизларнинг орангизда бундай бўлмасин. Аксинча, орангизда ким катта бўлишни истаса, сизларга хизмат қилсин. 44 Орангизда ким биринчи бўлишни истаса, ҳаммангизга қул бўлсин. (Марк 10:42–44)

Исо айтадики, жамоат етакчилари, жамоатнинг хизматчиларидирлар. Чўпонлик хизматида бошқалар ундан қарздорлик ҳиссига ўрин йўқ, гўёки биз фақатгина Худонинг инояти билан берилган нарсага ўз кучимиз билан сазовор бўлгандек. Чўпонлик хизматида бошқалардан устунлик ҳиссига ўрин йўқ, гўёки биз, агар Худонинг меҳр-шафқати бўлмаганда, гуноҳкорлардан энг ёмони бўлмагандек. Чўпонлик хизматида жабр-зулм ёки мажбурлашга ўрин йўқ. Чўпонлик хизматида шахсий тазйиқ, жинсий провокатсия ёки сиёсий фитна уюштиришга ўрин йўқ. Чўпонлик хизматида ноҳақ ғазаб ёки ҳеч қандай жаҳлдорликка ўрин йўқ

Чарлз Симоннинг ҳикоясини айтишда унинг кучли томонларига урғу бериб, унинг кучсиз томонларини эътибордан четда қолдириш жуда осон. Лекин, у мукаммал бўлмаганлиги ўз-ўзидан маълум, у кичик нарсалар учун жаҳли чиқиши одати бор эди.

Бир куни Ҳанкинсоннинг уйида, Симон ўт ёқаётган бир одамнинг ишини кўриб шу даражада аччиқланадики, уни тўхтатиш учун унинг орқасига уради. Ўша куннинг ўзида худди ўша одам яна бир хато иш қилади, Симон эса, ўзини бошқаролмай қолади.

Ҳанкинсон ўша одам номидан хат ёзиб, Симон кейинроқ топиб ўқий олиши учун унинг чамадонига солиб қўяди. Хатда у қандай қилиб шундай яхши ваъз қиладиган ва ибодат қиладиган одам бундай кичик нарсаларга жаҳли чиқиши ва ўзини бошқаролмай қолиши мумкинлиги айтилади. Хатга “Мулойим Жон” номидан қўл қўйилади. 

Симон ўша одамга тўғридан-тўғри жавоб ёзади ва шундай дейди: “Мулойим Жонга Мағрур ва Жаҳли Тез Чарлздан. Менинг азиз дўстим, самимий ва ўз ўрнида айтилган танбеҳ учун чин дилдан сендан миннатдорман.” Кейин Симон жаноб Ҳанкинсонга хат ёзиб, шундай дейди: “Менинг энг азиз биродарим, жонингиз Худонинг ёнида бўлганида олиши мумкин бўлган барча ёрдамга жуда муҳтож бўлган одамни эслайсиз, дея умид қиламан.”

Қўлингиз остидаги сурувга ўз ҳукмингизни ўтказмай…”

Етакчилигингиз бошқаларни қўрқитишга асосланганми?

  1. Ҳаётингиз бошқалар ундан ибрат олишга лойиқми?

Ҳаётингиз бошқалар ундан ибрат олишга лойиқми?

“Назоратингиздаги Худонинг сурувини яхши боқинглар. . . Қўлингиз остидаги сурувга ўз ҳукмингизни ўтказмай, уларга ўрнак бўлинглар.”

Биз дарҳол Павлуснинг Коринфдаги жамоатга айтган қуйидаги сўзларини эслаймиз: “Мен Масиҳдан ўрнак олганим каби, сизлар ҳам мендан ўрнак олинглар” (1 Коринфликларга 11:1). Ёки Филиппидаги масиҳийларга айтган бу сўзларни: “Биродарларим, мендан ўрнак олаётганларга қўшилинглар. Бизнинг намунамиз бўйича яшаётганларга эътибор бериб, улардан ўрганинглар. . . Таълимотимни қабул қилдингиз. Энди мендан ўрганганларингизнинг, кўрган–эшитганларингизнинг ҳаммасини бажаринглар. Шунда тинчлик берадиган Худо сизлар билан бирга бўлади” (Филиппиликларга 3:17; 4:9).

Қандай баёнот! Мендан ўрганганларингизнинг, кўрган–эшитганларингизнинг ҳаммасини бажаринглар ва бу сизлар учун яхши бўлади. Худонинг халқи ўзлари кўролмаган инсонлардай бўлишолмайди, яъни улар ўз чўпонлари ва оқсоқолларида Исонинг ҳаётини кўришлари керак.

Мана шунинг учун ҳам 1 Тимўтий 3 ва Титус 1даги оқсоқоллардан талаб этилган хусусиятларнинг кўпи Исонинг ҳар бир издошидан кутиладиган уларга хос муҳим хусусиятлар эмасми? Оқсоқоллар ва чўпонлар жамоатга шундай етакчилик қилишлари керакки, жамоат аъзолари уларда Масиҳнинг ҳаётини кўра олсинлар.

Шунинг учун ҳар биримиз ўзимиздан сўрайлик: “Агар мен етакчилик қилаётган жамоат менинг ҳаётимдан ўрнак олса, жамоатим қандай ҳолатда бўлади?” Келинглар, ҳар биримиз “Ҳаётимдаги қайси жиҳат ўрнак олишга арзимайди ва Худонинг инояти билан уларга яхши бўлиши учун бу жиҳатларни қандай ўзгартира оламан?” деб сўраб, юракларимизни текширайлик.

Мен Чарлз Симоннинг замондоши, Уиллиам Уилберфорс ҳақида таъкидлаб ўтгандим, у Парламентда қуллар савдосига барҳам бериш мақсадида меҳнат қилади. Уилберфорс бир куни ўз журналида шундай ёзиб қолдиради: “Симон биз билан – унинг юраги Масиҳнинг севгиси билан ёнган. У бошқаларнинг руҳий фойдасини ошириш учун севгига ва иштиёққа нақадар тўла. Оҳ қанийди у Масиҳдан ўрнак олгани каби мен ҳам ундан ўрнак ололсам.”

Бу чўпон учун жуда яхши мақтов ва жуда муҳимдир. Жон Торнтон бир марта Симонга шундай деб ёзади: “Ўз руҳингга доимо посбонлик қилгин ва ҳар бир ишни севгида бажаргин; биз жаннатга қараб кўтара олишимиз учун камтарликка пастга қараб ўсишимиз лозим. Ўзингни эҳтиёткорлик билан кузатиб боришингни маслаҳат бераман, чунки, умуман айтганда, хизматчи қандай бўлса, одамлари ҳам шундай бўлади.”

Хизматчи қандай бўлса, одамлари ҳам шундай.

Ҳаётингиз бошқалар ундан ибрат олишга лойиқми?

  1. Чўпонлик қилиш тарзингиз сиз учун бу дунёда ҳеч қандай, абадиятда эса, тўлиқ аҳамият касб этадими?

Бу охирги саволни бу тарздан ифодалашимнинг сабаби Каломдаги матн шундай якунланади: “Ана шунда, Бош Чўпонимиз — Масиҳ зоҳир бўлганда, сизларга сўлмас, улуғворлик тожи берилади.”

“Назоратингиздаги сурувни яхши боқинглар” амрининг моҳияти улуғворлик тожи билан келаётган Бош Чўпонга мустаҳкам боғланган. Чўпонлик хизматидаги бу жавобгарлик фақатгина абадият нуқтаи назаридан қараганда маънога эга. Бошқача қилиб, Павлуснинг сўзлари билан айтганда, агар фақатгина бу дунёга умид боғлаган бўлсак, … унда “келинглар, еб–ичиб қолайлик, эрта–индин ўлиб кетамиз–ку” (1 Коринфликларга 15).

Мана шу дунёга хос етакчилик тарзи. Жонлар учун ғамхўрлик қилишнинг кераги йўқ. Бошқалардан яхшироқ бўлиш учун рақобат қил ва юқорига кўтарилиш мақсадида яхшироқ бўлиш учун қилиш керак бўлган ҳамма ишни қилгин, шоҳсупага чиқ ва бошқаларнинг кўз олдида туриб муваффақиятга эриш. Бутун йўл давомида эришилган нарсалар – фақат сен учун. Ўзингга ишон ва бошқаларга эътибор берма.

Хавф мана шу ерда – уни эътибордан четда қолдирма. Агар эҳтиёт бўлмасак, биз дунёга хос етакчилик тамойилларини олиб, уларни чўпонлик ҳаётимизга қўллашимиз мумкин. Биз бир-биримиздан яхшироқ бўлиш учун рақобат қилишимиз ва бу йўлда, прагматисм ҳукм сураётган жамоат дунёсида қўл келадиган ҳар қандай ишни қилишимиз мумкин.

Биз мартабамизни оширишимиз, зинапояга кўтарилишимиз ва бошқаларнинг кўз олдида муваффақиятга эришишимиз мумкин, ва бунда шунчаки Масиҳнинг номини қўшиб ишлатамиз. Ва биз бу дунёда максимал даражада фойда олишимиз учун бутун йўл давомида эриша оладиган нарсаларга эриша олишимиз мумкин.

Худо эса, ҳозирнинг ўзида шундай демоқда: бундай қилма! Бу дунё ҳали ҳаммаси эмас. Бу дунё ўтиб кетади. Бу дунё ва унинг барча тожлари йўқ бўлиб кетади.

Лекин, Шоҳ келмоқда. Жамоатнинг Бош Чўпони йўлда. У ҳисоб-китоб қилади ва у мукофотлайди. Сиз тайёрмисиз? Мен тайёрманми?

Бу саволлар ҳақида фикр юритганимда мен ўйлайман, “Қайси биримиз тайёрмиз? Орамиздаги қайси чўпон мағрурликка мойил эмас? Орамиздаги қайси чўпон унга тўлиқ тақлид қилишга арзийди? Орамиздаги қайси чўпон бу ишдан чарчамайди ва сурувни боқишда сусаймайди?”

Ҳеч биримиз мукаммал чўпон эмасмиз, лекин гап мана шунда. Исо Бош Чўпондир ва У бизнинг жонларимиз учун ҳам ғамхўрлик қилади. У ўрнак олишга бутунлай лойиқ бўлган ҳаётда яшаб, ўзини паст олган ва гуноҳкорларга нисбатан сабр-тоқатли севгиси билан нажотга эришишимиз учун ва етакчилик қилаётганларнинг ҳам нажотга эришиши учун ўз ҳаётини берган Зотдир.

Шунинг учун, келинг Унга қарайлик. Мана шу пандемия кунларида ва келадиган ҳар бир кунда Унга кўз тикайлик. Фақатгина Унга қарайлик. Унга бутунлай ишонайлик. Доимий тарзда кўпроқ У каби бўлиб борайлик. Уни бутун юрагимиз билан севайлик. Ва Унинг туганмас улуғворлик тожи билан келадиган кунини интизорлик билан кутайлик. У бу тожни Уни интизорлик билан кутаётган, жонлар учун маёқ қўриқчилари каби У билан бирга меҳнат қилаётганлар учун тайёрлаб қўйган.

1836-йилнинг сентябр ойида Чарлз Симон 2 Шоҳлар 10:16 — “Мен билан юр, мен Эгамиз учун қанчалик жон куйдиришимни кўриб қўй”, ояти бўйича ваъз қилади.

Бу унинг сўнгги якуний ваъзи эди ва у бир пайтлар икки нарса энг муҳим аҳамиятга эга эканлигини айтган эди: “Биринчиси ҳамма нарсада Худодан завқланиш; иккинчиси эса, Худода ҳамма нарсадан завқланиш.” Бир ойдан кейин, 1836-йилнинг октябрида, тўшагида ётган, ўлаётган пайтда кимдир ундан “Нима ҳақида ўйлаяпсиз?”, деб сўраган эди. 

Симон жавоб бериб, “Мен ҳозир ўйламаяпман; мен шунчаки, завқланаяпман”, деган эди.

Ва ниҳоят, 1836 йилнинг 13 ноябрида, якшанба куни капелла қўнғироқлари бутун Кембриж Университети кампуси бўйлаб жаранглаётган пайтда, Чарлз Симон бу дунёдаги охирги нафасини чиқаради.

Ўшандан буён ҳар йили 13 ноябрда одамлар Шоҳ Коллежи Капелласи (Kings College Chapel) да биргаликда йиғилиб қуйидаги ибодатни айтишади:

Қудратли ва абадий Худо, Сен муқаддас хизматчинг, Чарлз Симон орқали кўпларнинг ҳаётини ўзгартирдинг, токи улар бориб бошқаларга ҳам таълим бера олишсин дея; у яхши хабар ва ёмон хабар орқали ҳам Сенинг нажоткорлик Сўзингни ваъз қилишдан тўхтамагани каби, биз ҳам Сен билан ва Муқаддас Руҳ билан бирга абадий Якка Худолик дунёсида яшайдиган ва ҳукм сурадиган Раббимиз Исо Масиҳнинг Хушхабаридан ҳеч қачон ор қилмайлик, бунинг учун Ўз меҳр-шафқатинг билан ёрдам бергин, Худойим.

Худойим, ҳозир мени тинглаётган ҳар бир чўпон учун ибодат қиламан, Назоратимиздаги Сенинг сурувингни яхши боқишимиз учун ҳар биримизга ёрдам бергин. Бу хизматни мажбурият юзасидан эмас, балки чин кўнгилдан, Сенга манзур тарзда бажарайлик. Шунчаки пулпарастлик мақсадида эмас, самимият билан ижро этайлик. Қўлимиз остидаги сурувга ўз ҳукмимизни ўтказмай, уларга ўрнак бўлайлик. Бош Чўпонимиз — Масиҳ зоҳир бўлганда эса, сўлмас, улуғворлик тожини қўлга киритайлик. Унинг номи билан сўраймиз, Омин.

* * * * *

Таҳрирчи изоҳи: Ушбу озгина ўзгартириш киритилган ваъз қўлёзмаси Биргаликда Хушхабар [Together for the Gospel] учун ва Радикал [Radical] рухсати билан бу ерда чоп этилган. Уни мана бу ерда томоша қилишингиз мумкин.

“Тег”лар: