Инжил Хушхабари
Nodon, ikkilanuvchi va gunohkorlarga va’z ayting
Mendan tez-tez “siz ekspozitsion va’zda matnni hayotga qanday moslashtirasiz (qo‘llaysiz)?”, deya so‘rashadi.
Bu savolning ortida ko‘pgina gumonli qarashlar bo‘lishi mumkin. Savol beruvchi, ehtimol, o‘zi eshitgan (yoki o‘zi aytgan) va Seminariyadagi Muqaddas Kitob bo‘yicha ba’zi ma’ruzalardan farqi bo‘lmagan – yaxshi tuzilishga ega va tartibli lekin xudojo‘ylikka xos do‘lzarblik va cho‘ponlarga xos donolik yetishmagan “ekspozitsion” va’zlarni eslayotgan bo‘lishi mumkin. Bu ekspozitsion va’zlarning hayotga biron bir qo‘llanishi, juda kam bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Boshqa tomondan, savol beruvchi va’z tinglayotganda hayotga tatbiq etishlarni qanday fahmlab olishni shunchaki bilmasligi ham mumkin.
XVI asrda yashab o‘tgan Kembridjning buyuk puritan teologi, Uilliam Perkins va’zxonlarga turli xil tinglovchilarni tasavvur qilishga va aytilayotgan so‘zlarning har biri (yuragi qotgan gunohkorlar, shubha-gumonga to‘la ikkilanuvchilar, holdan toygan muqaddaslar, yosh serg‘ayratlar va h.k.)ning hayotida qanday qo‘llanilishi haqida o‘ylashga chorlaydi.
Perkinsning maslahati juda foydali va umid qilamanki, biz buni amalga oshirdik. Men hayotda qo‘llash mavzusiga ozgina boshqacharoq yondoshmoqchiman: nafaqat tinglovchilar, balki qo‘llanishlar ham har xil bo‘ladi. Biz Xudoning Kalomidan bir parcha olib, uni tushunarli, qiziqarli va dolzarb qilib tushuntirib berganimizda, qo‘llanishning kamida uchta har xil turlari bo‘ladi va ular masihiy hayotda uchraydigan uchta har xil muammolarni o‘zida aks ettiradi. Birinchidan, biz nodonlik yuki ostida kurashamiz. Ikkinchidan, biz shubha-gumonlar bilan kurashamiz, odatda biz shubha-gumonlar bilan boshida tasavvur qilganimizdan ham ko‘proq kurashamiz. Uchinchidan, biz gunoh bilan kurashamiz – xoh oshkora itoatsizlik qilmishlar, xoh gunohkorona beparvolik ko‘rinishida. Va’zxonlar sifatida biz har gal Xudoning Kalomini va’z qilayotganimizda o‘zimizda ham, tinglovchilarimizda ham uchala sohalarda o‘zgarishlarni ko‘rishni qattiq xohlashimiz lozim. Har uchala muammo har xil turdagi o‘rinli qo‘llanishlarga asos bo‘lib xizmat qiladi.
NODONLIK
Nodonlik gunohkor dunyoda fundamental muammodir. Biz Xudoni o‘zimizdan uzoqlashtirganmiz. Biz O‘z Yaratuvchimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish imkoniyatidan o‘zimizni mahrum qilganmiz. Shunday vaziyatda odamlarga Xudo haqidagi haqiqat xabarini yetkazishimizning o‘zi Kalomni hayotda qo‘llanishning kuchli bir turi ekanligi ajablanarli emas va bu bizga juda kerak.
Bu sovuq va jo‘shqin bo‘lmagan va’zlar uchun bahona emas. Men buyuruvchi amrlardan qanday zavqlansam, tushuntiruvchi so‘zlardan ham shunday (hatto ko‘proq) zavqlanaman. Injilning tavba qilish va ishonish haqidagi amrlari Xudo, o‘zimiz va Masih haqidagi tushuntiruvchi so‘zlarsiz hech narsani anglatmaydi. Ma’lumot o‘ta muhim. Biz haqiqatni o‘rgatishga va Xudo haqidagi buyuk xabarni e’lon qilishga chaqirilganmiz. Bizning xabarlarimizni eshitgan odamlar nodonlikdan haqiqat haqida bilimga ega insonlarga aylanishlarini xohlaymiz. Shunday samimiy xabardor qilish xizmati kalomni hayotga tadbiq qilish turidir.
SHUBHA-GUMON
Shubha-gumon nodonlikdan farqlanadi. Shubha-gumonda biz o‘zimizga tanish bo‘lgan fikrlar va haqiqatlarni olib, ularni shubha ostiga qo‘yamiz. Bu kabi shubhalanish masihiylar orasida kam emas. Aslida, shubha-gumon chuqur tadqiq qilinadigan va va’zlarimizda batafsil ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan biridir. Shubha-gumon ustida ishlash, shunchaki imonsiz odam bilan uni imonga kiritishdan oldin olib boriladigan apologetika emas. Har hafta va’zlar tinglash uchun o‘tiradigan ba’zi odamlar va’zxonning Masih, Xudo yoki O‘nisim haqida aytgan faktlarini juda yaxshi bilishi mumkin; lekin ular bu faktlar haqiqat ekanligiga rostdan ham ishonishlari yoki ishonmasliklari borasida anchagina kurashib kelgan bo‘lishlari ham mumkin. Ba’zan odamlar o‘z shubha-gumonlaridan hatto bexabar bo‘lishlari, ularni shubha-gumonlar deb atay olmasliklari ham mumkin.
Lekin, biz Muqaddas Kitobni sinchikovlik bilan ko‘rib chiqqanimizda, qorong‘u joylarda qolib ketgan savollar, noaniqliklar va ikkilanishlarni topishimiz mumkin. Bularning bari bizlarni shubha-gumonlarning o‘ziga tortadigan kuchini afsuslanish bilan tan olishga majbur qiladi va bu kuch bizni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi. Bunday odamlar uchun va ehtimol, qaysidir darajada o‘z yuraklarimiz uchun – biz Xudo Kalomining haqiqat ekanligi va unga ishonish juda muhimligini ta’kidlaymiz va bunga ishontirishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Biz tinglovchilarni Xudoning Kalomi haqiqatligiga ishontirishga chorlanganmiz. Bizning va’zlarimizni eshitgan odamlar shubha-gumondan, bor qalblari bilan haqiqatga ishonish tomon o‘zgarishlarini xohlaymiz. Haqiqatni shunday qat’iy, chuqur va’z qilish uni hayotga tadbiq etishdir.
GUNOH
Gunoh ham ushbu buzilgan dunyodagi muammodir. Nodonlik va shubha-gumonning o‘zi, ehtimol, maxsus gunohlar, maxsus gunohlarning oqibatlari, yoki umumam gunohmasdir. Lekin, gunoh nodonlik va shubha-gumondan ko‘ra, albatta yomonroqdir.
Sizning va’zlaringizni tinglayotgan odamlar endigina tugagan haftada Xudoga itoat etmaslik bilan kurashganliklari shubhasizdir va endi boshlanayotgan haftada ham Unga bo‘ysunmaslik bilan kurashishlari deyarli aniqdir. Gunohlar har xil bo‘lishi mumkin. Kimdir amallarda itoatsiz bo‘lsa, yana kimdir harakatsizlikda itoatsiz bo‘lishi mumkin. Lekin, qilmish bo‘ladimi, qilmay qolish bo‘ladimi – farqi yo‘q – gunohlar Xudoga itoatsizlik sanaladi.
Xudo xalqini Xudoning O‘z muqaddasligini aks ettiradigan muqaddas hayotda yashashga chorlash va’z qilishning bir qismidir. Xuddi shu tarzda, Muqaddas Kitobdagi parchani hayotga tadbiq etishning bir qismi o‘sha parchadan shu haftadagi hatti-harakatlarimiz uchun xulosalar chiqarib olishdir. Va’zxonlar sifatida biz Xudo xalqini Uning Kalomiga itoat etishga undash uchun da’vat etilganmiz. Bizning tinglovchilarimiz gunohkorona itoatsizlik holatidan Xudoga Uning O‘z Kalomida ma’lum qilingan irodasiga binoan quvonch va xursandchilik itoatkorligi holatiga o‘zgarishlarini xohlaymiz. Itoatkorlikka bunday undov ham albatta Kalomdagi haqiqatning amalda qo‘llanishidir.
XUSHXABAR
Har safar va’z qilganimizda qo‘llashimiz kerak bo‘lgan asosiy xabar bu injil xushxabaridir. Ba’zi odamlar Iso Masih haqidagi xush xabarni hali bilishmaydi. Hatto ulardan ba’zilari o‘tirib, va’zingizni bir muddat tinglab, keyin chalg‘igan yoki uxlab qolgan, ba’zan xayol surayotgan yoki umuman e’tibor bermayotgan bo‘lishlari ham mumkin. Ular Injil xushxabari haqidagi ma’lumotga ega bo‘lishlari lozim. Ularga bu aytilishi kerak.
Boshqalar ehtimol haqiqatni eshitgan, tushungan va hatto uni qabul qilgan bo‘lishi mumkin, lekin siz o‘z va’zingizda gapirayotgan xuddi shu masalalar yuzasidan ular shubha-gumon bilan kurashayotganlarini hozir anglab olmoqdalar. Bunday odamlar Masih haqidagi yaxshi xabar haqiqatiga ishontirilishlari lozim.
Shu bilan birga odamlar eshitgan va tushungan, lekin o‘z gunohlaridan tavba qilishga shoshilmayotgan bo‘lishlari ham mumkin. Ular hatto injil xushxabari haqidagi haqiqatni qabul qilgan, lekin o‘z gunohlaridan voz kechishni va Masihga ishonishni xohlamayotgan bo‘lishlari ham mumkin. Bunday tinglovchilar uchun parchadan siz chiqarib berishingiz mumkin bo‘lgan eng kuchli qo‘llash – bu ularni o‘z gunohlaridan nafratlanishga va Masih tomon qochishga chorlashdir. Barcha va’zlarimizda biz ma’lumot berish, ishontirish va da’vat etish orqali xushxabarni qo‘llashga intilishimiz kerak.
Biz va’zxonlar va’zlarimizda Xudoning Kalomini qo‘llashda duch keladigan bitta umumiy masala – bu ma’lum bir aytilgan sohada muammolarga duch kelayotgan, lekin ularning aniq bir muammolari bo‘yicha gapirmayotganingiz tufayli, siz va’zlaringizda Muqaddas Kitobdagi matnni hayotga moshlashtirib bermayapsiz, deb o‘ylaydigan alohida shaxslardir. Ular haqmilar? Unchalik emas. Siz o‘z va’zlaringizda har bir soha bo‘yicha, tez-tez va yanada batafsilroq gapirishni boshlaganingizda va’zlaringiz yaxshilanib borishi mumkin bo‘lsada, eshitishga, gunohidan vos kechish uchun da’vat etilishga muhtoj odamlarga va’z qilishingiz, hatto sizga gapirayotgan inson bunday muhtojlik haqida xabar topmagan bo‘lsa ham, noto‘g’ri ish emas.
Oxirgi bir fikr. Hikmatlar 23:12 da quyidagicha aytilgan: “Yuragingni nasihatga, quloqlaringni esa idrok so‘zlariga och.” O‘zbekcha tarjimalarda, “och” so‘zi deyarli (gomiletika bizga o‘rgatgani kabi) va’zxonlarning yoki (sistematika bizga to’g‘ri o‘rgatgani kabi) hatto Muqaddas Ruhning ishi haqida emas, balki Kalomni tinglayotgan shaxsning ishi haqidadir. Biz eshitgan kalomga yuraklarimizni moslashtirishga va o‘zimizni o‘sha ishga bag‘ishlashga da’vat etilganmiz.
Mana shu, ehtimol, kelasi yakshanba kuni barcha Xudo xalqi foydasi uchun qila olishimiz mumkin bo‘lgan yagona eng muhim qo‘llanish (Xudo Kalomining hayotga moslashtirilishi) dir.
Mark Dever
Нодон, иккиланувчи ва гуноҳкорларга ваъз айтинг
Мендан тез-тез “сиз экспозицион ваъзда матнни ҳаётга қандай мослаштирасиз (қўллайсиз)?”, дея сўрашади.
Бу саволнинг ортида кўпгина гумонли қарашлар бўлиши мумкин. Савол берувчи, эҳтимол, ўзи эшитган (ёки ўзи айтган) ва Семинариядаги Муқаддас Китоб бўйича баъзи маърузалардан фарқи бўлмаган – яхши тузилишга эга ва тартибли лекин художўйликка хос дўлзарблик ва чўпонларга хос донолик етишмаган “экспозицион” ваъзларни эслаётган бўлиши мумкин. Бу экспозицион ваъзларнинг ҳаётга бирон бир қўлланиши, жуда кам бўлган бўлиши мумкин. Бошқа томондан, савол берувчи ваъз тинглаётганда ҳаётга татбиқ этишларни қандай фаҳмлаб олишни шунчаки билмаслиги ҳам мумкин.
ХVI асрда яшаб ўтган Кембриджнинг буюк пуритан теологи, Уиллиам Перкинс ваъзхонларга турли хил тингловчиларни тасаввур қилишга ва айтилаётган сўзларнинг ҳар бири (юраги қотган гуноҳкорлар, шубҳа-гумонга тўла иккиланувчилар, ҳолдан тойган муқаддаслар, ёш серғайратлар ва ҳ.к.)нинг ҳаётида қандай қўлланилиши ҳақида ўйлашга чорлайди.
Перкинснинг маслаҳати жуда фойдали ва умид қиламанки, биз буни амалга оширдик. Мен ҳаётда қўллаш мавзусига озгина бошқачароқ ёндошмоқчиман: нафақат тингловчилар, балки қўлланишлар ҳам ҳар хил бўлади. Биз Худонинг Каломидан бир парча олиб, уни тушунарли, қизиқарли ва долзарб қилиб тушунтириб берганимизда, қўлланишнинг камида учта ҳар хил турлари бўлади ва улар масиҳий ҳаётда учрайдиган учта ҳар хил муаммоларни ўзида акс эттиради. Биринчидан, биз нодонлик юки остида курашамиз. Иккинчидан, биз шубҳа-гумонлар билан курашамиз, одатда биз шубҳа-гумонлар билан бошида тасаввур қилганимиздан ҳам кўпроқ курашамиз. Учинчидан, биз гуноҳ билан курашамиз – хоҳ ошкора итоатсизлик қилмишлар, хоҳ гуноҳкорона бепарволик кўринишида. Ваъзхонлар сифатида биз ҳар гал Худонинг Каломини ваъз қилаётганимизда ўзимизда ҳам, тингловчиларимизда ҳам учала соҳаларда ўзгаришларни кўришни қаттиқ хоҳлашимиз лозим. Ҳар учала муаммо ҳар хил турдаги ўринли қўлланишларга асос бўлиб хизмат қилади.
НОДОНЛИК
Нодонлик гуноҳкор дунёда фундаментал муаммодир. Биз Худони ўзимиздан узоқлаштирганмиз. Биз Ўз Яратувчимиз билан тўғридан-тўғри алоқа қилиш имкониятидан ўзимизни маҳрум қилганмиз. Шундай вазиятда одамларга Худо ҳақидаги ҳақиқат хабарини етказишимизнинг ўзи Каломни ҳаётда қўлланишнинг кучли бир тури эканлиги ажабланарли эмас ва бу бизга жуда керак.
Бу совуқ ва жўшқин бўлмаган ваъзлар учун баҳона эмас. Мен буюрувчи амрлардан қандай завқлансам, тушунтирувчи сўзлардан ҳам шундай (ҳатто кўпроқ) завқланаман. Инжилнинг тавба қилиш ва ишониш ҳақидаги амрлари Худо, ўзимиз ва Масиҳ ҳақидаги тушунтирувчи сўзларсиз ҳеч нарсани англатмайди. Маълумот ўта муҳим. Биз ҳақиқатни ўргатишга ва Худо ҳақидаги буюк хабарни эълон қилишга чақирилганмиз. Бизнинг хабарларимизни эшитган одамлар нодонликдан ҳақиқат ҳақида билимга эга инсонларга айланишларини хоҳлаймиз. Шундай самимий хабардор қилиш хизмати каломни ҳаётга тадбиқ қилиш туридир.
ШУБҲА-ГУМОН
Шубҳа-гумон нодонликдан фарқланади. Шубҳа-гумонда биз ўзимизга таниш бўлган фикрлар ва ҳақиқатларни олиб, уларни шубҳа остига қўямиз. Бу каби шубҳаланиш масиҳийлар орасида кам эмас. Аслида, шубҳа-гумон чуқур тадқиқ қилинадиган ва ваъзларимизда батафсил кўриб чиқилиши керак бўлган энг муҳим масалалардан биридир. Шубҳа-гумон устида ишлаш, шунчаки имонсиз одам билан уни имонга киритишдан олдин олиб бориладиган апологетика эмас. Ҳар ҳафта ваъзлар тинглаш учун ўтирадиган баъзи одамлар ваъзхоннинг Масиҳ, Худо ёки Ўнисим ҳақида айтган фактларини жуда яхши билиши мумкин; лекин улар бу фактлар ҳақиқат эканлигига ростдан ҳам ишонишлари ёки ишонмасликлари борасида анчагина курашиб келган бўлишлари ҳам мумкин. Баъзан одамлар ўз шубҳа-гумонларидан ҳатто бехабар бўлишлари, уларни шубҳа-гумонлар деб атай олмасликлари ҳам мумкин.
Лекин, биз Муқаддас Китобни синчиковлик билан кўриб чиққанимизда, қоронғу жойларда қолиб кетган саволлар, ноаниқликлар ва иккиланишларни топишимиз мумкин. Буларнинг бари бизларни шубҳа-гумонларнинг ўзига тортадиган кучини афсусланиш билан тан олишга мажбур қилади ва бу куч бизни тўғри йўлдан оздиради. Бундай одамлар учун ва эҳтимол, қайсидир даражада ўз юракларимиз учун – биз Худо Каломининг ҳақиқат эканлиги ва унга ишониш жуда муҳимлигини таъкидлаймиз ва бунга ишонтиришга бор кучимиз билан ҳаракат қиламиз. Биз тингловчиларни Худонинг Каломи ҳақиқатлигига ишонтиришга чорланганмиз. Бизнинг ваъзларимизни эшитган одамлар шубҳа-гумондан, бор қалблари билан ҳақиқатга ишониш томон ўзгаришларини хоҳлаймиз. Ҳақиқатни шундай қатъий, чуқур ваъз қилиш уни ҳаётга тадбиқ этишдир.
ГУНОҲ
Гуноҳ ҳам ушбу бузилган дунёдаги муаммодир. Нодонлик ва шубҳа-гумоннинг ўзи, эҳтимол, махсус гуноҳлар, махсус гуноҳларнинг оқибатлари, ёки умумам гуноҳмасдир. Лекин, гуноҳ нодонлик ва шубҳа-гумондан кўра, албатта ёмонроқдир.
Сизнинг ваъзларингизни тинглаётган одамлар эндигина тугаган ҳафтада Худога итоат этмаслик билан курашганликлари шубҳасиздир ва энди бошланаётган ҳафтада ҳам Унга бўйсунмаслик билан курашишлари деярли аниқдир. Гуноҳлар ҳар хил бўлиши мумкин. Кимдир амалларда итоатсиз бўлса, яна кимдир ҳаракатсизликда итоатсиз бўлиши мумкин. Лекин, қилмиш бўладими, қилмай қолиш бўладими – фарқи йўқ – гуноҳлар Худога итоатсизлик саналади.
Худо халқини Худонинг Ўз муқаддаслигини акс эттирадиган муқаддас ҳаётда яшашга чорлаш ваъз қилишнинг бир қисмидир. Худди шу тарзда, Муқаддас Китобдаги парчани ҳаётга тадбиқ этишнинг бир қисми ўша парчадан шу ҳафтадаги ҳатти-ҳаракатларимиз учун хулосалар чиқариб олишдир. Ваъзхонлар сифатида биз Худо халқини Унинг Каломига итоат этишга ундаш учун даъват этилганмиз. Бизнинг тингловчиларимиз гуноҳкорона итоатсизлик ҳолатидан Худога Унинг Ўз Каломида маълум қилинган иродасига биноан қувонч ва хурсандчилик итоаткорлиги ҳолатига ўзгаришларини хоҳлаймиз. Итоаткорликка бундай ундов ҳам албатта Каломдаги ҳақиқатнинг амалда қўлланишидир.
ХУШХАБАР
Ҳар сафар ваъз қилганимизда қўллашимиз керак бўлган асосий хабар бу инжил хушхабаридир. Баъзи одамлар Исо Масиҳ ҳақидаги хуш хабарни ҳали билишмайди. Ҳатто улардан баъзилари ўтириб, ваъзингизни бир муддат тинглаб, кейин чалғиган ёки ухлаб қолган, баъзан хаёл сураётган ёки умуман эътибор бермаётган бўлишлари ҳам мумкин. Улар Инжил хушхабари ҳақидаги маълумотга эга бўлишлари лозим. Уларга бу айтилиши керак.
Бошқалар эҳтимол ҳақиқатни эшитган, тушунган ва ҳатто уни қабул қилган бўлиши мумкин, лекин сиз ўз ваъзингизда гапираётган худди шу масалалар юзасидан улар шубҳа-гумон билан курашаётганларини ҳозир англаб олмоқдалар. Бундай одамлар Масиҳ ҳақидаги яхши хабар ҳақиқатига ишонтирилишлари лозим.
Шу билан бирга одамлар эшитган ва тушунган, лекин ўз гуноҳларидан тавба қилишга шошилмаётган бўлишлари ҳам мумкин. Улар ҳатто инжил хушхабари ҳақидаги ҳақиқатни қабул қилган, лекин ўз гуноҳларидан воз кечишни ва Масиҳга ишонишни хоҳламаётган бўлишлари ҳам мумкин. Бундай тингловчилар учун парчадан сиз чиқариб беришингиз мумкин бўлган энг кучли қўллаш – бу уларни ўз гуноҳларидан нафратланишга ва Масиҳ томон қочишга чорлашдир. Барча ваъзларимизда биз маълумот бериш, ишонтириш ва даъват этиш орқали хушхабарни қўллашга интилишимиз керак.
Биз ваъзхонлар ваъзларимизда Худонинг Каломини қўллашда дуч келадиган битта умумий масала – бу маълум бир айтилган соҳада муаммоларга дуч келаётган, лекин уларнинг аниқ бир муаммолари бўйича гапирмаётганингиз туфайли, сиз ваъзларингизда Муқаддас Китобдаги матнни ҳаётга мошлаштириб бермаяпсиз, деб ўйлайдиган алоҳида шахслардир. Улар ҳақмилар? Унчалик эмас. Сиз ўз ваъзларингизда ҳар бир соҳа бўйича, тез-тез ва янада батафсилроқ гапиришни бошлаганингизда ваъзларингиз яхшиланиб бориши мумкин бўлсада, эшитишга, гуноҳидан вос кечиш учун даъват этилишга муҳтож одамларга ваъз қилишингиз, ҳатто сизга гапираётган инсон бундай муҳтожлик ҳақида хабар топмаган бўлса ҳам, нотўғри иш эмас.
Охирги бир фикр. Ҳикматлар 23:12 да қуйидагича айтилган: “Юрагингни насиҳатга, қулоқларингни эса идрок сўзларига оч.” Ўзбекча таржималарда, “оч” сўзи деярли (гомилетика бизга ўргатгани каби) ваъзхонларнинг ёки (систематика бизга тўғри ўргатгани каби) ҳатто Муқаддас Руҳнинг иши ҳақида эмас, балки Каломни тинглаётган шахснинг иши ҳақидадир. Биз эшитган каломга юракларимизни мослаштиришга ва ўзимизни ўша ишга бағишлашга даъват этилганмиз.
Мана шу, эҳтимол, келаси якшанба куни барча Худо халқи фойдаси учун қила олишимиз мумкин бўлган ягона энг муҳим қўлланиш (Худо Каломининг ҳаётга мослаштирилиши) дир.
Марк Девер