Экспозицион Ваъз

Kalomiy Teologiya va Xushxabarning va’z qilinishi

Томонидан Yeramie Rinne

Jeramie Rinne is an author and the senior pastor of Evangelical Community Church of Abu Dhabi in the UAE.
Мақолалар
08.20.2014

Ekspozitsion (izohli) va’z doimiy tarzda xushxabarga yo‘naltirilgan bo‘la oladimi?

Va’zxonlar ba’zan Muqaddas Kitobning qismlarini ekspozitsiya (izoh) qilishdan bosh tortishadi, chunki ular bu yondashuv yetuk masihiylarga teologiyani o‘rgatishga juda qo‘l keladi, lekin hali imonga kelmaganlarga xushxabarni tushuntirish uchun ularga yordam berishga to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘ylashadi.

Va’zxonlar Eski Ahddagi kitobni va’z qilishni o‘ylaganlarida bu xavotir yanada ortadi. Ibrohimning hayoti yoki Haggey kitobi bo‘yicha tayyorlangan va’zlar to‘plami qanday qilib har yakshanba xushxabarni aniq va’z qilinishiga olib kelishi mumkin? Shunchaki va’zning oxirida xushxabarga oid gaplarni qo‘shib qo‘yamizmi? “Bugun bu yerda hali imonga kelmagan do‘stlarimiz uchun men bu va’zni Ibrohimning sunnat qilinishi va bu orqali sizlarga qanday qilib abadiy hayot sovg‘asini tekin qabul qilish mumkinligini aytib berish bilan yakunlamoqchiman” kabi tavbaga chiqishga ishora qilish orqalimi?

Har hafta xushxabarni, hatto Eski Ahddagi kitoblar orqali ham, to‘g‘ri e’lon qilishning tabiiyroq boshqa bir yo‘li bor. Bu kalomiy teologiyani ishlatish orqali amalga oshiriladi.

KATTA HIKOYA

Kalomiy teologiya nima? Biz uni Muqaddas Kitobning umumiy hikoya syujetini o‘rganish deya ta’riflashimiz mumkin. Muqaddas Kitobning 66 ta kitobi birgalikda Xudo Iso Masihning o‘limi va tirilishi orqali xalqini qutqarishi va O‘z ulug‘vorligi uchun shohlik barpo etish maqsadi haqidagi yagona hikoyani so‘zlaydi. Eski Ahd sahnani tayyorlaydi va bizni Iso tomon boshlaydi. Xushxabarlar Uni va Uning ishini ochib beradi. Yangi Ahdning qolgan qismi Isoning o‘limi va tirilishining oqibatlarini, Xudo O‘z maqsadini to‘liq amalga oshirishigacha bo‘lgan barcha yo‘lni yoritib beradi. Umumiy syujetni qanchalik yaxshi tushunib olsak, bizning va’z qilayotgan matnimiz xushxabarga qanday aloqador ekanligini shuncha ko‘proq ko‘ra olamiz.

Muqaddas Kitobdagi parchani kalomiy teologiyadan xabardor bo‘lib va’z qilish “futbol maydonidagi sezgirlik”ka ega bo‘lishga o‘xshaydi. Yaxshi futbol o‘yinchilari diqqatni shunchaki to‘pni darvozaga kiritishga qaratmaydi. Ular jamoadoshlari va himoyachilarning joylashuvi hamda o‘yinning borish tarzini yaxshi bilishadi. Shunga o‘xshab, yaxshi ekspozitsiya shunchaki oyatlarga sharhlar berib ketishni anglatmaydi. Unda ham maydon sezgirligi, matndan oldin va keyin nima kelayotgani va ularning hammasi qanday qilib Xudo katta hikoyasining umumiy rivojiga bog‘langanligiga doir sezgirlik mavjud.

KALOMIY TEOLOGIYA AMALDA

Keling, biz ma’lum bir parchamizni Muqaddas Kitobning asosiy hikoyasi, ya’ni xushxabar hikoyisiga bog‘lash uchun ishlatishimiz mumkin bo‘lgan bir necha kalomiy teologiya strategiyalariga qarab chiqamiz. Bu strategiyalarga bizni matnimizdan xushxabarga olib boradigan ehtimoliy yo‘laklar sifatida, xuddi smartfoningizdagi sizni turgan joyingizdan manzilgacha olib boradigan ehtimoliy yo‘llar tavsiya qiladigan xarita ilovasi sifatida qarashingiz mumkin.

1. Va’da va Ijobat

Biz eng sodda va xushxabarga to‘g‘ri olib boradigan yo‘ldan boshlaymiz. Va’da va ijobatda siz o‘rganayotgan matn Xushxabarning ba’zi jihatlarida aniq tarzda amalga oshgan biron bir bashorat yoki va’dani o‘z ichiga oladi.  Va’da va ijobat kalomiy teologiyaning eng pastda osilib turgan mevasidir: ko‘rish va uzib olish oson.

Demak, agar Mixoning Baytlahmdan kelib chiqadigan hukmdor haqidagi bashoratini va’z qilayotgan bo‘lsangiz (Mixo 5:2), siz jamoatga qanday qilib buning ijobati Isoning tug‘ilishida amalga oshganini ko‘rish uchun Matto 2:6ni ochishni taklif etishingiz mumkin. Yoki, agar siz Ibrohimning hayoti bo‘yicha ekspozitsion va’z qilmoqchi bo‘lsangiz, siz qaysidir joyida Xudo Ibrohimning zurriyotini yoki “urug‘i”ni barakalashi haqidagi va’dalarini (Ibt. 12:7; 13:15; 17:8; 24:7) Iso Masihda ijobat bo‘lishi bilan (Gal. 3:16) bog‘lashingiz lozim.

Va’da va ijobat xushxabarga yetib borish uchun bizga aniq yo‘llarni ko‘rsatishi bilan bir qatorda, u bizga Yangi Ahd mualliflari qay tarzda Eski Ahdni xushxabarga bog‘liq ravishda talqin qilishlarini ko‘rsatadi. Muqaddas Kitobni havoriylarning talqini orqali o‘qishni qancha ko‘p o‘rgansak, boshqa matnlardan xushxabarga shuncha oson yetib bora olamiz, hatto ularning ijobati Isoda yaqqol amalga oshmagan bo‘lsa ham.

2. Tipologiya

Tipologiya va’da va ijobatga o‘xshaydi, lekin unda Iso Masihda ijobat bo‘lgan og‘zaki (verbal) bashoratlar o‘rniga, biz Isoning va Xushxabarning soyasi sifatida voqealar, institutlar yoki shaxslarni ko‘ramiz. Tipologiyani qandaydir noverbal bashorat deb atash mumkin.

Misol uchun, Quddusdagi ma’badni olaylik. U Eski Ahdda Xudoning O‘z xalqi orasidagi xaloskorona va boshqaradigan huzuri sifatida markaziy rol o‘ynagan. Lekin, aslida u Isoga yo‘naltiriladi. Iso ma’badda turib, “Mana bu Ma’badni buzinglar, Men uch kun ichida uni tiklayman” deb, olomonni hayratda qoldiradi (Yuhanno 2:19). Ular U tom ma’noda binoni nazarda tutdi, deb o‘ylashadi, lekin “Iso Ma’bad deb O‘z badanini nazarda tutgan edi” (21-oyat). Ma’badga o‘xshab, Iso xalos qilish va boshqarish uchun Xudoning O‘z xalqi orasidagi Uning jismoniy huzuridir. Mana shuning uchun ham, havoriylar jamoatni, ya’ni Masihda bir bo‘lganlarni bir necha marotaba Muqaddas Ruhning ma’badi deb atashgan (masalan: 1-Kor. 3:16-17; Efes. 2:19-22; 1-But. 2:5).

Shuni inobatga olgan holda, tasavvur qiling, siz Quddusdagi Xudoning ma’badiga borish quvonchi tasvirlangan Zabur 121-Sano bo‘yicha va’z qilyapsiz: “‘Egamizning uyiga boraylik’, deb menga aytganlarga shod bo‘ldim’” (1-oyat). Siz ma’bad tipologiyasini odamlarga, hatto hali imonga kelmaganlarga Isoning oldiga imon bilan kelishning naqadar buyuk quvonchini ko‘rishga yordam berish uchun ishlatishingiz mumkin.

Yangi Ahd Isoning va Uning ishining bunday “tip”lariga juda boy. Havoriylar Isoni oxirgi Odam Ato, haqiqiy Fisih Qo‘zisi, yangi Muso, bir marta keltirilgan abadiy xaloskorlik qurbonligi, buyuk oliy ruhoniy, Dovud avlodidan Moylangan Shoh (Masih), haqiqiy Isroil deya atashgan. Ushbu yo‘laklar Muqaddas Kitobning ko‘p joylarida sizni ishonchli tarzda Isoga va Uning najotkorlik ishiga olib boradi.

3. Mavzular

Men “mavzular” so‘zini kalomiy syujetda takroriy motivlar yoki obrazlarni tasvirlashda ishlataman, ular tipologiyaga o‘xshab to‘g‘ridan-to‘g‘ri Isoga yo‘naltirilmagan. Shunga qaramay, bu kabi mavzular yoki motivlar xushxabarga ajralmas bog‘liqdir va ular bizga kalomiy hikoyaning yoritib berilishida o‘rganayotgan matnimizni joylashtirishga yordam bera oladi.

Mumtoz kalomiy mavzu bu yaratilish mavzusidir. Muqaddas Kitob “Xudo azalda osmon bilan yerni yaratdi”, degan so‘zlar bilan boshlanadi. Xudo tartibsizlikdan tartibni vujudga keltirdi; Odam Ato va Momo Havoni O‘z suratida yaratdi va ularga O‘z ulug‘vorligi uchun yer yuzidagi barcha mavjudotlar ustidan hukmronlik qilishni, butun yer yuzini to‘ldirishni buyurdi. Afsuski, Odam Ato va Momo Havo o‘z vazifalarini bajarishmadi va Xudoga qarshi bosh ko‘tarishdi.

Lekin, Xudoda O‘zi yaratganlarni qutqarish rejasi bor edi. Butun Eski Ahd bo‘ylab yaratilishning  takroriy “qayta ishga tushishlar”, Xudo mehr-shafqatini ko‘rsatib O‘z xalqi bilan yangi munosabatlarni boshlash voqealarini ko‘rishimiz mumkin. Bu yaratilish qayta ishga tushishlari to‘fondan keyingi Nuh va uning oilasi; Isroilning Misrdan chiqib va’da qilingan yerga kirishi; Sulaymonning jannatmakon shohligining o‘rnatilishi va hatto isroilliklarning Bobil surgunligidan qaytishini ham o‘z ichiga oladi. Shunga qaramay, bu qayta ishga tushishlarning har biri muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Insoniyat isyon qiladi. Odam Ato o‘z vazifasini yana va yana uddalay olmaydi. Odam Ato naslining birontasi qachondir buning uddasidan chiqa olarmikan?

Ha. Oxirgi Odam, Iso Masih; U Xudoning irodasini mukammallik bilan bajardi. Isoning tirilishi va O‘z xalqini qutqarishi haqiqiy yangi yaratilishni ishga tushirdi va u bugungi kunda o‘sishni davom etmoqda. Iso O‘zining qutqarilgan odamlarini yer kurrasini itoat ettirish va uni Injil xushxabari orqali Xudoning o‘g‘il va qizlari bilan to‘ldirish uchun yubordi.  Bir kun kelib oldingisidan yanada buyukroq va yanada ulug‘vorroq yangi osmon va yangi yerda bu ish o‘z kulminatsiyasiga erishadi.

Yaratilish motivini kuzata olish qanday qilib tabiiy tarzda ko‘pgina matnlardan yaratilishning asosiy voqeasi – Isoning o‘limi va tirilishiga yetib boradigan yo‘lga asos bo‘lishini ko‘ra olasizmi?

Bundan tashqari kalomiy syujetni o‘zaro bog‘laydigan ko‘pgina boshqa tematik iplar ham bor masalan, ahdlar, Chiqish, Rabbimiz kuni va Xudo Shohligi kabi.

4. Axloq haqida ta’lim berish

Lekin, agar siz Hikmatlar kitobi yoki O‘nta Amr bo‘yicha va’z qilmoqchi bo‘lganingizda-chi? Levilar kitobidan ekspozitsion xushxabar va’z qilishga qaror qilganingizda-chi? Bunday turdagi parchalar qutqarilmagan odamlar Iso ular masihiy bo‘la olishlari uchun nima “qilgan”ini ko‘rsatishdan ko‘ra ulg‘aygan masihiylar uchun “uni qil”, “buni qilma” qabilidagi ta’limotlarga ko‘proq mos keladi.

Yana bir marta kalomiy teologiya qonundan Injil xushabari tomon olib boradigan yo‘lni ko‘rsatadi. Biz maxsus bir axloqiy amrlarni kamida uch usulda Muqaddas Kitobning syujet oqimi ichida o‘qishimiz mumkin. Birinchisi, Muqaddas Kitobdagi qonunlar va axloqiy ko‘rsatmalar bizga gunohlarimizni va qutqaruvchiga muhtoj ekanligimizni ko‘rsatish orqali bizni Iso tomon boshlaydi. Ko‘p marta aytilgani kabi, Xudoning amrlari oyna singari bizga axloqan chorasiz ekanligimizni ko‘rsatadi. Biz Isroilning doimiy tarzda axloqiy yiqilish tarixini o‘qiganimizda, biz butun insoniyatning tarixini, shu jumladan, o‘zimizning tariximizni ko‘ramiz. «Zotan qonunga amal qilsa–da, hech kim Xudoning oldida oqlana olmaydi, chunki qonun insonga o‘z gunohkorligini yanada aniqroq ko‘rsatadi» (Rim. 3:20).

Ikkinchidan, Muqaddas Kitobdagi axloqiy amrlar bizni ularga mukammal rioya qilgan shaxs sifatida Isoga yo‘naltiradi. U Xudo qonunini buzish uchun emas, balki uni har tomonlama amalga oshirish uchun kelgan (Matt. 5:17). Xudoning boshqa hamma bolalari (Odam Ato, Isroil, Isroilning shohlari) gunoh qilishgan; faqatgina Iso Otani mamnun qilgan.  Shu tarzda Muqaddas Kitobdagi axloqiy amrlar oxir-oqibatda Isoning O‘z xarakterini ochib beradi.

Uchinchidan, Isoning tirilishi va Uning Ruhi kuchiga tayangan holda, biz hozir itoatkor o‘g‘il va qizlar sifatida Xudoning qonunlariga rioya qila olamiz. Iso bizni gunohning kuchidan ozod qildi: “Biz, bashariy tabiatning emas, balki Ruhning yetakchiligida yashayotganlar qonun talab qilgan solihlikka erishishimiz uchun Xudo shunday qildi» (Rim. 8:4).

Shunday qilib, tasavvur qiling siz Hikmatlar 11:17: «Rahmdil o‘z joniga manfaat keltiradi, bag‘ritosh esa o‘ziga zarar yetkazadi» bo‘yicha va’z qilyapsiz. Kalomiy teologiya hoshiyalariga rioya qilgan holda, siz shunchaki qanday qilib ko‘proq rahmdil bo‘lish haqida gapirish uchun yarim soat vaqtingizni sarflamaysiz. Siz, shu bilan birga, biz odatda qanday rahmdil emasligimiz va ko‘zga tashlanmaydigan yo‘llarda bag‘ritoshligimizni namoyon etishimiz haqida gapirasiz. Siz odamlarga Iso qanday qilib rahmdillikning gavdalanishi ekanligini, ayniqsa, O‘z hayotini gunohkorlar uchun qurbon qilish orqali buni ko‘rsatganligini aytasiz.  Va nihoyat, siz Isoning rahmdillika to‘la inoyatini o‘zimizga bog‘lab, U Muqaddas Ruh orqali o‘zgarishimiz uchun yoqilg‘i rolini bajarishini tushuntirasiz.

5. Boshqotirmani yechish

Kalomiy teologiyaning oqimini his qilishni boshlaganimizda, biz xushxabar odatda Eski Ahddagi boshqotirmalarni qanday qilib yechishini ham ko‘ramiz. Yahudiya surgunga olib ketilganida va Quddusda shoh qolmagan paytda Xudo Dovudga bergan va’dalarini qanday amalga oshiradi? Agar ma’baddagi qurbonliklar gunohlarni yuvganda, nega Xudo Isroilni hukm qiladi? Eski Ahdda solihlar ustiga Xudoning barakalari va fosiqlar ustiga Uning hukmi yog‘ilishi haqida tez-tez gapiriladi. Shunday bo‘lsa, nega biz buning aksini ko‘ramiz?

Biz bu borada ko‘p gapirishimiz mumkin, lekin hozircha shu narsani aytish kifoya: siz kalomiy boshqotirmaga duch kelganingizda, Isoning xushxabari qanday qilib bu tugunni yecha olishiga e’tibor qarating. Buyuk romanga o‘xshab, Eski Ahd syujet tugunlarini vujudga keltiradi va asosiy qahramon, ya’ni Iso ularni yechadi.

“SIZ YETIB KELDINGIZ”

Biz bunday turdagi xushxabar ekspozitsiyasini amalga oshirish uchun kalomiy teologiyadan foydalanganimizda imonsizlar ko‘z oldida qiziq narsa sodir bo‘ladi. Ular har hafta nafaqat o‘z gunohlarini ko‘rishadi, shu bilan birga, Iso bilan tanishishadi, tavba va imon keltirishga da’vat etilishadi. Shu bilan birga, ular o‘zlarini Xudo ishining tarixiy oqimi ichida ko‘rishni boshlashadi. Xushxabar ularga “qo‘l kelsagina” qabul qiladigan yoki qabul qilmaydigan shunchaki bir metafora yoki g‘oya emas. Aksincha, Iso haqidagi hikoya ildizi tarixda bo‘lgan va bugungi kunda ham davom etayotgan va abadiyatni to‘ldirayotgan tarixiy bir kuchdir. Muqaddas Kitobdagi dunyoda tarixni boshqargan Xudo ularning ham dunyosida tarixni boshqarmoqda, chunki bu bitta tarix va bitta hikoyadir.

Yeramie Rinne

Каломий Теология ва Хушхабарнинг ваъз қилиниши

Экспозитсион (изоҳли) ваъз доимий тарзда хушхабарга йўналтирилган бўла оладими?

Ваъзхонлар баъзан Муқаддас Китобнинг қисмларини экспозиция (изоҳ) қилишдан бош тортишади, чунки улар бу ёндашув етук масиҳийларга теологияни ўргатишга жуда қўл келади, лекин ҳали имонга келмаганларга хушхабарни тушунтириш учун уларга ёрдам беришга тўғри келмайди, деб ўйлашади.

Ваъзхонлар Эски Аҳддаги китобни ваъз қилишни ўйлаганларида бу хавотир янада ортади. Иброҳимнинг ҳаёти ёки Ҳаггей китоби бўйича тайёрланган ваъзлар тўплами қандай қилиб ҳар якшанба хушхабарни аниқ ваъз қилинишига олиб келиши мумкин? Шунчаки ваъзнинг охирида хушхабарга оид гапларни қўшиб қўямизми? “Бугун бу ерда ҳали имонга келмаган дўстларимиз учун мен бу ваъзни Иброҳимнинг суннат қилиниши ва бу орқали сизларга қандай қилиб абадий ҳаёт совғасини текин қабул қилиш мумкинлигини айтиб бериш билан якунламоқчиман” каби тавбага чиқишга ишора қилиш орқалими?

Ҳар ҳафта хушхабарни, ҳатто Эски Аҳддаги китоблар орқали ҳам, тўғри эълон қилишнинг табиийроқ бошқа бир йўли бор. Бу каломий теологияни ишлатиш орқали амалга оширилади.

КАТТА ҲИКОЯ

Каломий теология нима? Биз уни Муқаддас Китобнинг умумий ҳикоя сюжетини ўрганиш дея таърифлашимиз мумкин. Муқаддас Китобнинг 66 та китоби биргаликда Худо Исо Масиҳнинг ўлими ва тирилиши орқали халқини қутқариши ва Ўз улуғворлиги учун шоҳлик барпо этиш мақсади ҳақидаги ягона ҳикояни сўзлайди. Эски Аҳд саҳнани тайёрлайди ва бизни Исо томон бошлайди. Хушхабарлар Уни ва Унинг ишини очиб беради. Янги Аҳднинг қолган қисми Исонинг ўлими ва тирилишининг оқибатларини, Худо Ўз мақсадини тўлиқ амалга оширишигача бўлган барча йўлни ёритиб беради. Умумий сюжетни қанчалик яхши тушуниб олсак, бизнинг ваъз қилаётган матнимиз хушхабарга қандай алоқадор эканлигини шунча кўпроқ кўра оламиз.

Муқаддас Китобдаги парчани каломий теологиядан хабардор бўлиб ваъз қилиш “футбол майдонидаги сезгирлик”ка эга бўлишга ўхшайди. Яхши футбол ўйинчилари диққатни шунчаки тўпни дарвозага киритишга қаратмайди. Улар жамоадошлари ва ҳимоячиларнинг жойлашуви ҳамда ўйиннинг бориш тарзини яхши билишади. Шунга ўхшаб, яхши экспозиция шунчаки оятларга шарҳлар бериб кетишни англатмайди. Унда ҳам майдон сезгирлиги, матндан олдин ва кейин нима келаётгани ва уларнинг ҳаммаси қандай қилиб Худо катта ҳикоясининг умумий ривожига боғланганлигига доир сезгирлик мавжуд.

КАЛОМИЙ ТEОЛОГИЯ АМАЛДА

Келинг, биз маълум бир парчамизни Муқаддас Китобнинг асосий ҳикояси, яъни хушхабар ҳикойисига боғлаш учун ишлатишимиз мумкин бўлган бир неча каломий теология стратегияларига қараб чиқамиз. Бу стратегияларга бизни матнимиздан хушхабарга олиб борадиган эҳтимолий йўлаклар сифатида, худди смартфонингиздаги сизни турган жойингиздан манзилгача олиб борадиган эҳтимолий йўллар тавсия қиладиган харита иловаси сифатида қарашингиз мумкин.

1. Ваъда ва Ижобат

Биз энг содда ва хушхабарга тўғри олиб борадиган йўлдан бошлаймиз. Ваъда ва ижобатда сиз ўрганаётган матн Хушхабарнинг баъзи жиҳатларида аниқ тарзда амалга ошган бирон бир башорат ёки ваъдани ўз ичига олади. Ваъда ва ижобат каломий теологиянинг энг пастда осилиб турган мевасидир: кўриш ва узиб олиш осон.

Демак, агар Михонинг Байтлаҳмдан келиб чиқадиган ҳукмдор ҳақидаги башоратини ваъз қилаётган бўлсангиз (Михо 5:2), сиз жамоатга қандай қилиб бунинг ижобати Исонинг туғилишида амалга ошганини кўриш учун Матто 2:6ни очишни таклиф этишингиз мумкин. Ёки, агар сиз Иброҳимнинг ҳаёти бўйича экспозитсион ваъз қилмоқчи бўлсангиз, сиз қайсидир жойида Худо Иброҳимнинг зурриётини ёки “уруғи”ни баракалаши ҳақидаги ваъдаларини (Ибт. 12:7; 13:15; 17:8; 24:7) Исо Масиҳда ижобат бўлиши билан (Гал. 3:16) боғлашингиз лозим.

Ваъда ва ижобат хушхабарга етиб бориш учун бизга аниқ йўлларни кўрсатиши билан бир қаторда, у бизга Янги Аҳд муаллифлари қай тарзда Эски Аҳдни хушхабарга боғлиқ равишда талқин қилишларини кўрсатади. Муқаддас Китобни ҳаворийларнинг талқини орқали ўқишни қанча кўп ўргансак, бошқа матнлардан хушхабарга шунча осон етиб бора оламиз, ҳатто уларнинг ижобати Исода яққол амалга ошмаган бўлса ҳам.

2. Типология

Типология ваъда ва ижобатга ўхшайди, лекин унда Исо Масиҳда ижобат бўлган оғзаки (вербал) башоратлар ўрнига, биз Исонинг ва Хушхабарнинг сояси сифатида воқеалар, институтлар ёки шахсларни кўрамиз. Типологияни қандайдир новербал башорат деб аташ мумкин.

Мисол учун, Қуддусдаги маъбадни олайлик. У Эски Аҳдда Худонинг Ўз халқи орасидаги халоскорона ва бошқарадиган ҳузури сифатида марказий рол ўйнаган. Лекин, аслида у Исога йўналтирилади. Исо маъбадда туриб, “Мана бу Маъбадни бузинглар, Мен уч кун ичида уни тиклайман” деб, оломонни ҳайратда қолдиради (Юҳанно 2:19). Улар У том маънода бинони назарда тутди, деб ўйлашади, лекин “Исо Маъбад деб Ўз баданини назарда тутган эди” (21-оят). Маъбадга ўхшаб, Исо халос қилиш ва бошқариш учун Худонинг Ўз халқи орасидаги Унинг жисмоний ҳузуридир. Мана шунинг учун ҳам, ҳаворийлар жамоатни, яъни Масиҳда бир бўлганларни бир неча маротаба Муқаддас Руҳнинг маъбади деб аташган (масалан: 1-Кор. 3:16-17; Эфес. 2:19-22; 1-Бут. 2:5).

Шуни инобатга олган ҳолда, тасаввур қилинг, сиз Қуддусдаги Худонинг маъбадига бориш қувончи тасвирланган Забур 121-Сано бўйича ваъз қиляпсиз: “‘Эгамизнинг уйига борайликъ, деб менга айтганларга шод бўлдимъ” (1-оят). Сиз маъбад типологиясини одамларга, ҳатто ҳали имонга келмаганларга Исонинг олдига имон билан келишнинг нақадар буюк қувончини кўришга ёрдам бериш учун ишлатишингиз мумкин.

Янги Аҳд Исонинг ва Унинг ишининг бундай “тип”ларига жуда бой. Ҳаворийлар Исони охирги Одам Ато, ҳақиқий Фисиҳ Қўзиси, янги Мусо, бир марта келтирилган абадий халоскорлик қурбонлиги, буюк олий руҳоний, Довуд авлодидан Мойланган Шоҳ (Масиҳ), ҳақиқий Исроил дея аташган. Ушбу йўлаклар Муқаддас Китобнинг кўп жойларида сизни ишончли тарзда Исога ва Унинг нажоткорлик ишига олиб боради.

3. Мавзулар

Мен “мавзулар” сўзини каломий сюжетда такрорий мотивлар ёки образларни тасвирлашда ишлатаман, улар типологияга ўхшаб тўғридан-тўғри Исога йўналтирилмаган. Шунга қарамай, бу каби мавзулар ёки мотивлар хушхабарга ажралмас боғлиқдир ва улар бизга каломий ҳикоянинг ёритиб берилишида ўрганаётган матнимизни жойлаштиришга ёрдам бера олади.

Мумтоз каломий мавзу бу яратилиш мавзусидир. Муқаддас Китоб “Худо азалда осмон билан ерни яратди”, деган сўзлар билан бошланади. Худо тартибсизликдан тартибни вужудга келтирди; Одам Ато ва Момо Ҳавони Ўз суратида яратди ва уларга Ўз улуғворлиги учун ер юзидаги барча мавжудотлар устидан ҳукмронлик қилишни, бутун ер юзини тўлдиришни буюрди. Афсуски, Одам Ато ва Момо Ҳаво ўз вазифаларини бажаришмади ва Худога қарши бош кўтаришди.

Лекин, Худода Ўзи яратганларни қутқариш режаси бор эди. Бутун Эски Аҳд бўйлаб яратилишнинг такрорий “қайта ишга тушишлар”, Худо меҳр-шафқатини кўрсатиб Ўз халқи билан янги муносабатларни бошлаш воқеаларини кўришимиз мумкин. Бу яратилиш қайта ишга тушишлари тўфондан кейинги Нуҳ ва унинг оиласи; Исроилнинг Мисрдан чиқиб ваъда қилинган ерга кириши; Сулаймоннинг жаннатмакон шоҳлигининг ўрнатилиши ва ҳатто исроилликларнинг Бобил сургунлигидан қайтишини ҳам ўз ичига олади. Шунга қарамай, бу қайта ишга тушишларнинг ҳар бири муваффақиятсизликка учрайди. Инсоният исён қилади. Одам Ато ўз вазифасини яна ва яна уддалай олмайди. Одам Ато наслининг биронтаси қачондир бунинг уддасидан чиқа олармикан?

Ҳа. Охирги Одам, Исо Масиҳ; У Худонинг иродасини мукаммаллик билан бажарди. Исонинг тирилиши ва Ўз халқини қутқариши ҳақиқий янги яратилишни ишга туширди ва у бугунги кунда ўсишни давом этмоқда. Исо Ўзининг қутқарилган одамларини ер куррасини итоат эттириш ва уни Инжил хушхабари орқали Худонинг ўғил ва қизлари билан тўлдириш учун юборди. Бир кун келиб олдингисидан янада буюкроқ ва янада улуғворроқ янги осмон ва янги ерда бу иш ўз кулминатсиясига эришади.

Яратилиш мотивини кузата олиш қандай қилиб табиий тарзда кўпгина матнлардан яратилишнинг асосий воқеаси – Исонинг ўлими ва тирилишига етиб борадиган йўлга асос бўлишини кўра оласизми?

Бундан ташқари каломий сюжетни ўзаро боғлайдиган кўпгина бошқа тематик иплар ҳам бор масалан, аҳдлар, Чиқиш, Раббимиз куни ва Худо Шоҳлиги каби.

4. Ахлоқ ҳақида таълим бериш

Лекин, агар сиз Ҳикматлар китоби ёки Ўнта Амр бўйича ваъз қилмоқчи бўлганингизда-чи? Левилар китобидан экспозитсион хушхабар ваъз қилишга қарор қилганингизда-чи? Бундай турдаги парчалар қутқарилмаган одамлар Исо улар масиҳий бўла олишлари учун нима “қилган”ини кўрсатишдан кўра улғайган масиҳийлар учун “уни қил”, “буни қилма” қабилидаги таълимотларга кўпроқ мос келади.

Яна бир марта каломий теология қонундан Инжил хушабари томон олиб борадиган йўлни кўрсатади. Биз махсус бир ахлоқий амрларни камида уч усулда Муқаддас Китобнинг сюжет оқими ичида ўқишимиз мумкин. Биринчиси, Муқаддас Китобдаги қонунлар ва ахлоқий кўрсатмалар бизга гуноҳларимизни ва қутқарувчига муҳтож эканлигимизни кўрсатиш орқали бизни Исо томон бошлайди. Кўп марта айтилгани каби, Худонинг амрлари ойна сингари бизга ахлоқан чорасиз эканлигимизни кўрсатади. Биз Исроилнинг доимий тарзда ахлоқий йиқилиш тарихини ўқиганимизда, биз бутун инсониятнинг тарихини, шу жумладан, ўзимизнинг тарихимизни кўрамиз. «Зотан қонунга амал қилса–да, ҳеч ким Худонинг олдида оқлана олмайди, чунки қонун инсонга ўз гуноҳкорлигини янада аниқроқ кўрсатади» (Рим. 3:20).

Иккинчидан, Муқаддас Китобдаги ахлоқий амрлар бизни уларга мукаммал риоя қилган шахс сифатида Исога йўналтиради. У Худо қонунини бузиш учун эмас, балки уни ҳар томонлама амалга ошириш учун келган (Матт. 5:17). Худонинг бошқа ҳамма болалари (Одам Ато, Исроил, Исроилнинг шоҳлари) гуноҳ қилишган; фақатгина Исо Отани мамнун қилган. Шу тарзда Муқаддас Китобдаги ахлоқий амрлар охир-оқибатда Исонинг Ўз характерини очиб беради.

Учинчидан, Исонинг тирилиши ва Унинг Руҳи кучига таянган ҳолда, биз ҳозир итоаткор ўғил ва қизлар сифатида Худонинг қонунларига риоя қила оламиз. Исо бизни гуноҳнинг кучидан озод қилди: “Биз, башарий табиатнинг эмас, балки Руҳнинг етакчилигида яшаётганлар қонун талаб қилган солиҳликка эришишимиз учун Худо шундай қилди» (Рим. 8:4).

Шундай қилиб, тасаввур қилинг сиз Ҳикматлар 11:17: «Раҳмдил ўз жонига манфаат келтиради, бағритош эса ўзига зарар етказади» бўйича ваъз қиляпсиз. Каломий теология ҳошияларига риоя қилган ҳолда, сиз шунчаки қандай қилиб кўпроқ раҳмдил бўлиш ҳақида гапириш учун ярим соат вақтингизни сарфламайсиз. Сиз, шу билан бирга, биз одатда қандай раҳмдил эмаслигимиз ва кўзга ташланмайдиган йўлларда бағритошлигимизни намоён этишимиз ҳақида гапирасиз. Сиз одамларга Исо қандай қилиб раҳмдилликнинг гавдаланиши эканлигини, айниқса, Ўз ҳаётини гуноҳкорлар учун қурбон қилиш орқали буни кўрсатганлигини айтасиз. Ва ниҳоят, сиз Исонинг раҳмдиллика тўла иноятини ўзимизга боғлаб, У Муқаддас Руҳ орқали ўзгаришимиз учун ёқилғи ролини бажаришини тушунтирасиз.

5. Бошқотирмани ечиш

Каломий теологиянинг оқимини ҳис қилишни бошлаганимизда, биз хушхабар одатда Эски Аҳддаги бошқотирмаларни қандай қилиб ечишини ҳам кўрамиз. Яҳудия сургунга олиб кетилганида ва Қуддусда шоҳ қолмаган пайтда Худо Довудга берган ваъдаларини қандай амалга оширади? Агар маъбаддаги қурбонликлар гуноҳларни ювганда, нега Худо Исроилни ҳукм қилади? Эски Аҳдда солиҳлар устига Худонинг баракалари ва фосиқлар устига Унинг ҳукми ёғилиши ҳақида тез-тез гапирилади. Шундай бўлса, нега биз бунинг аксини кўрамиз?

Биз бу борада кўп гапиришимиз мумкин, лекин ҳозирча шу нарсани айтиш кифоя: сиз каломий бошқотирмага дуч келганингизда, Исонинг хушхабари қандай қилиб бу тугунни еча олишига эътибор қаратинг. Буюк романга ўхшаб, Эски Аҳд сюжет тугунларини вужудга келтиради ва асосий қаҳрамон, яъни Исо уларни ечади.

“СИЗ ЕТИБ КEЛДИНГИЗ”

Биз бундай турдаги хушхабар экспозициясини амалга ошириш учун каломий теологиядан фойдаланганимизда имонсизлар кўз олдида қизиқ нарса содир бўлади. Улар ҳар ҳафта нафақат ўз гуноҳларини кўришади, шу билан бирга, Исо билан танишишади, тавба ва имон келтиришга даъват этилишади. Шу билан бирга, улар ўзларини Худо ишининг тарихий оқими ичида кўришни бошлашади. Хушхабар уларга “қўл келсагина” қабул қиладиган ёки қабул қилмайдиган шунчаки бир метафора ёки ғоя эмас. Аксинча, Исо ҳақидаги ҳикоя илдизи тарихда бўлган ва бугунги кунда ҳам давом этаётган ва абадиятни тўлдираётган тарихий бир кучдир. Муқаддас Китобдаги дунёда тарихни бошқарган Худо уларнинг ҳам дунёсида тарихни бошқармоқда, чунки бу битта тарих ва битта ҳикоядир.

Ерамиэ Ринне