Экспозицион Ваъз

Muqaddas Ruh, ibodat va va’z aytish

Томонидан Devid Helm

David Helm is one of the pastors of Holy Trinity Church in Chicago and Chairman of the Charles Simeon Trust.
Мақолалар
06.17.2016

Bugungi kunda jamoatning eng katta muhtojligi bu Muqaddas Ruhning doimiy ishlashiga bo‘lgan muhtojlikdir. Bunga kundan kunga amin bo‘lmoqdaman. Bu aminlik, hech bo‘lmaganda men uchun, shunchaki jamoatning Muqaddas Ruh tushishi va bizni jonlantirishi yoki kuch berishiga bo‘lgan muhtojlik haqida emas. Balki, bu aminlik Iso Masihning hukmronligini boshqalarga ham, bizlarga ham ochib berishi uchun Unga (Muqaddas Ruhga) bo‘lgan muhtojligimizga taalluqlidir.

Agar, menga o‘xshab, bu aminlik yuragingiz va ongingizda yangilangan quvvat va kuch bilan yuzaga chiqayotgan bo‘lsa, ehtimol, quyidagi savollarni so‘rash o‘rinlidir: “Bizda bunday aminlik rostdan ham borligini qanday qilib bilib olish mumkin?” Ya’ni “Nimalar biz imonlilar hamda imonsizlarga faqatgina Muqaddas Ruh Masihning hukmronligini namoyon eta olishiga chindan ishonishimizni ko‘rsata oladi?”

IBODAT QILISHGA O‘ZINI BAG‘ISHLASH

Oxirgi paytlarda bu kabi savollar ustida ko‘p fikr yuritdim va o‘ylaymanki bunda kamida ikki belgini kuzatish mumkin.

Birinchidan, bunday aminlik ibodat qilishga o‘zini bag‘ishlashni tasdiqlaydi, ibodatgo‘y inson “shunday aniqlik bilan yashaydi”. Aslida, faqatgina Xudoga doimiy tarzda ibodat qiladigan insonlar mana shu aniqlikka ega bo‘ladilar, deb o‘ylayman. Zero, ular o‘zlarining ibodatlarida, yolg‘iz Xudo Muqaddas Ruhning xizmati orqali yangidan quvvatlashni amalga oshirishga qodir ekanligiga ishonchni namoyon etishadi. Agar biz ibodat qilmaydigan odamlar bo‘lsak, bu orqali biz bu ishni hali ham o‘zimiz amalga oshira olamiz, deb o‘ylashimizni bildiradi.

Shunday qilib, adashmayotgan bo‘lsam, agar ibodat bizning aminligimizning dalili bo‘lsa, unda Xudo bugungi kunda Injil xushxabari ishini amalga oshirishni qattiq xohlaydigan insonlar – Ibodat qiladigan insonlar bo‘ladilar.

Shu narsa qiziqki, Luqo Xushxabarining hal qiluvchi nuqtalarida biz bunday bog‘liqlikni kuzatishimiz mumkin. Quyida kimningdir qilgan ibodatidan keyin odamlar Isoni Rabbiy deb tan olgan to‘rt holat keltirilgan:

  • Butrus Isoni Masih deb tan olishidan oldin, Iso yolg‘iz ibodat qiladi. (9:18–20)
  • Butrus, Yuhanno va Yoqub toqqa ibodat qilish uchun borishadi va o‘shanda nafaqat Isoning kimligini ayon qilish, shu bilan birga, bu bilimga ega bo‘lgan Uning izdoshlari nima qilishlari lozimligini ma’lum qilish uchun osmondan Xudoning ovozi eshitiladi. (9:28–36)
  • Cho‘mdirilayotgan paytda Iso ibodat qilib turganda osmon ochilib ketadi va Muqaddas Ruh tushib keladi va osmondagi ovoz Iso Xudoning O‘g‘li ekanligini tasdiqlaydi. (3:21–22)
  • Ulug‘ yoshdagi solih odamlar – Shimo‘n va Hanna doimiy ibodatlari paytida Muqaddas Ruh orqali Iso kimligini bilib olishadi.

Bu to‘rt epizod muhimdir.  Ishonamanki, ular bizga ma’lum bir maqsad bilan berilgan. Ular bizga odamlar Masihning oldiga kelganda va Unga ergashganda, ular buni Muqaddas Ruhning davomli ishi orqali bajarishlarini va bu ish ibodat orqali amalga oshirilishini o‘rgatadi.

Biz Muqaddas Ruhga muhtoj ekanligimizga chin dildan amin bo‘lganimizda, biz o‘zimizni ibodat qilishga bag‘ishlaymiz.

KALOMIY EKSPOZITSIYAGA O‘ZINI BAG‘ISHLASH

Ikkinchidan, Muqaddas Ruhning doimiy xizmatiga muhtoj ekanligimizga amin bo‘lish faqatgina ibodat qilishga olib kelmaydi. Kalomiy ekspozitsiyaga o‘zini bag‘ishlash ham yuzaga keladi.

Jamoat o‘zining katta muhtojligini anglaganda, jamoat a’zolari ham va’zxonlar kabi Xudo Kalomining sodda va ishonchli ekspozitsiyasiga chanqoq bo‘lishadi. Boshqacha qilib aytganda, o‘zini ibodatga bag‘ishlagan odam, buning zarurligi tufayli o‘zini kalomiy matnga ham bag‘shlaydi.

MUQADDAS RUH VA VA’Z AYTISH BIRGA ISHLAYDI

Hozir ko‘pchilik o‘quvchilarga bizning Muqaddas Ruh va va’z aytish o‘rtasidagi bog‘liqliklar unchalik tushunarli emasligini bilaman. Axir, ko‘pchilik insonlar biz Muqaddas Ruhga bag‘ishlanish yoki Xudoning Kalomiga bag‘ishlanishdan birini tanlashimiz kerak deb, xato o‘ylashadi.

Bu kabi afsonalar odamlarni yo “Muqaddas Ruh boshqaradigan jamoat”ga, yoki “Kalomga asoslangan jamoat”ga qatnashini, yoki ikkalasiga ham qatnasha olmasligiga ishontirmoqchi bo‘ladi. Bunday zamonaviy tushuncha bizlarga singib ketgan. Lekin mahallamizdagi mavqeyimiz yoki allaqachon imonga kelganlar orasidagi mavqeyimizdan birini tanlashimiz kerak, degan tushuncha noto‘g‘ridir.

Ochig‘ini aytganda, bunday tushunchalardan to‘yganman. Ruh va Kalom birgalikda bo‘lishi xuddi g‘alati tuyuladigandek, ularni bir-biridan ajratuvchi chiziqlar qo‘yadigan odamlardan charchaganman. Dixotomiya haqiqatga ziddir va uni chetga surib qo‘yishning vaqti yetib keldi.

Buning o‘rniga men ta’kidlayotgan narsa shuki, jamoat Muqaddas Ruhning yangilanuvchi va davomiy xizmatiga muhtojligini tan oladigan inson, o‘zini nafaqat ibodatga, shu bilan birga, kalomiy ekspozitsiyaga ham bag‘shlaydigan insondir. Chunki Muqaddas Ruhning xizmati har doim Kalomning xizmati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan.

KALOMDAGI MISOLGA NAZAR SOLISH

Ko‘pgina matnlar tanlanishi mumkin bo‘lgan bo‘lsada, faqatgina bitta matn buning mohiyatini ochib berishga yetarlidir. Ibroniylarga 3-bobga, xususan, quyidagi so‘zlar bilan boshlanadigan 7-oyatga qarang: “Shunday ekan, Muqaddas Ruhning aytgan gaplarini yodingizda tuting . . .”

Bu so‘zlarda ikkita ajablanarli voqelikni ko‘rish mumkin. Birinchisi, yozuvchi Zabur 95-Sanoni iqtibos keltirganda, uning muallifi Muqaddas Ruh ekanligiga ishora qiladi. Bu juda hayratlanarli va biz bunga e’tibor berishimiz kerak. U “Muqaddas Kitob aytganidek”, “Sanochining aytgan gaplari” yoki  “Muqaddas Yozuvlar aytganidek”, deb yozmaydi. Aksincha, u “Muqaddas Ruhning aytgan gaplari” deb yozadi.

Buning ahamiyati muhimdir. Agar siz Muqaddas Ruhning ovozini tinglamoqchi bo‘lsangiz, u kalomiy matnlarga chambarchas bog‘liq ekanligini ko‘rasiz. Ya’ni, Muqaddas Ruh Muqaddas Kitobda ancha vaqt oldin yozilgan so‘zlarning muallifidir. Adashmasam quyidagi so‘zlarni Jon Payper aytgan: “Agar Xudo senga bugun gapirishini xohlasang, xonangga bor, eshikni yop va Muqaddas Kitobni baland ovoz chiqarib o‘qigin.” Unga qo‘shilaman. Xudoning Kalomi bu Muqaddas Ruhning ovozidir. Shuning uchun, jamoatni Muqaddas Ruhning doimiy, yangilanib boruvchi ishiga qattiq muhtoj ekanligiga amin ekanligimiz, tegishli tarzda, kalomiy ekspozitsiyaga bag‘ishlanish bilan barobar ekanligini anglatadi.

Ibroniylarga 3:7dagi ikkinchi hayratlanarli narsa, undagi fe’lning hozirgi zamonda ishlatilishidir (ammo boshqa tarjimalardan farqli ravishda, o‘zbek tilidagi tarjimada bu fe’l o‘tgan zamonda berilgan – “aytgan”). “Muqaddas Ruh aytadiki. . .” Buning ahamiyati e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Aslida, umuman boshqa davrda yashagan qadimiy odamlarga berilgan Zabur 95-Sano ancha keyingi avlodga Xudoning tirik So‘zi ekanligi aytilgan va bu bugungi kunda bizga ham tog‘ri keladi. Ibroniylarga 3:7 oyat Muqaddas Ruhning hozirgi kundagi ishi va Xudoning aytilgan So‘zi o‘rtasidagi doimiy va faol bog’liqligini tasdiqlaydi.

XULOSA

Xullas, Muqaddas Ruhning doimiy va yangilaydigan ishiga amin bo‘lish zarurdir. Biz o‘zimizni ibodatga va va’z aytishga bag‘ishlaganimizda bu aminlik suyak va iliklarimizgacha singib borayotganini anglaymiz..

Oxirgi kunlarda, bu aminlik yuragim va ongimni yangi kuch va jo‘shqinlik bilan to‘ldirmoqda. Ibodat va va’z hayotimda borgan sari amaliy hosillar keltirayotganini ko‘rayotganim uchun buni to‘g‘ri deb bilaman. Albatta, men buni sizga ham tilayman.

Devid Helm

Муқаддас Руҳ, ибодат ва ваъз айтиш

Бугунги кунда жамоатнинг энг катта муҳтожлиги бу Муқаддас Руҳнинг доимий ишлашига бўлган муҳтожликдир. Бунга кундан кунга амин бўлмоқдаман. Бу аминлик, ҳеч бўлмаганда мен учун, шунчаки жамоатнинг Муқаддас Руҳ тушиши ва бизни жонлантириши ёки куч беришига бўлган муҳтожлик ҳақида эмас. Балки, бу аминлик Исо Масиҳнинг ҳукмронлигини бошқаларга ҳам, бизларга ҳам очиб бериши учун Унга (Муқаддас Руҳга) бўлган муҳтожлигимизга тааллуқлидир.

Агар, менга ўхшаб, бу аминлик юрагингиз ва онгингизда янгиланган қувват ва куч билан юзага чиқаётган бўлса, эҳтимол, қуйидаги саволларни сўраш ўринлидир: “Бизда бундай аминлик ростдан ҳам борлигини қандай қилиб билиб олиш мумкин?” Яъни “Нималар биз имонлилар ҳамда имонсизларга фақатгина Муқаддас Руҳ Масиҳнинг ҳукмронлигини намоён эта олишига чиндан ишонишимизни кўрсата олади?”

ИБОДАТ ҚИЛИШГА ЎЗИНИ БАҒИШЛАШ

Охирги пайтларда бу каби саволлар устида кўп фикр юритдим ва ўйлайманки бунда камида икки белгини кузатиш мумкин.

Биринчидан, бундай аминлик ибодат қилишга ўзини бағишлашни тасдиқлайди, ибодатгўй инсон “шундай аниқлик билан яшайди”. Аслида, фақатгина Худога доимий тарзда ибодат қиладиган инсонлар мана шу аниқликка эга бўладилар, деб ўйлайман. Зеро, улар ўзларининг ибодатларида, ёлғиз Худо Муқаддас Руҳнинг хизмати орқали янгидан қувватлашни амалга оширишга қодир эканлигига ишончни намоён этишади. Агар биз ибодат қилмайдиган одамлар бўлсак, бу орқали биз бу ишни ҳали ҳам ўзимиз амалга ошира оламиз, деб ўйлашимизни билдиради.

Шундай қилиб, адашмаётган бўлсам, агар ибодат бизнинг аминлигимизнинг далили бўлса, унда Худо бугунги кунда Инжил хушхабари ишини амалга оширишни қаттиқ хоҳлайдиган инсонлар – Ибодат қиладиган инсонлар бўладилар.

Шу нарса қизиқки, Луқо Хушхабарининг ҳал қилувчи нуқталарида биз бундай боғлиқликни кузатишимиз мумкин. Қуйида кимнингдир қилган ибодатидан кейин одамлар Исони Раббий деб тан олган тўрт ҳолат келтирилган:

  • Бутрус Исони Масиҳ деб тан олишидан олдин, Исо ёлғиз ибодат қилади. (9:18–20)
  • Бутрус, Юҳанно ва Ёқуб тоққа ибодат қилиш учун боришади ва ўшанда нафақат Исонинг кимлигини аён қилиш, шу билан бирга, бу билимга эга бўлган Унинг издошлари нима қилишлари лозимлигини маълум қилиш учун осмондан Худонинг овози эшитилади. (9:28–36)
  • Чўмдирилаётган пайтда Исо ибодат қилиб турганда осмон очилиб кетади ва Муқаддас Руҳ тушиб келади ва осмондаги овоз Исо Худонинг Ўғли эканлигини тасдиқлайди. (3:21–22)
  • Улуғ ёшдаги солиҳ одамлар – Шимўн ва Ҳанна доимий ибодатлари пайтида Муқаддас Руҳ орқали Исо кимлигини билиб олишади.

Бу тўрт эпизод муҳимдир. Ишонаманки, улар бизга маълум бир мақсад билан берилган. Улар бизга одамлар Масиҳнинг олдига келганда ва Унга эргашганда, улар буни Муқаддас Руҳнинг давомли иши орқали бажаришларини ва бу иш ибодат орқали амалга оширилишини ўргатади.

Биз Муқаддас Руҳга муҳтож эканлигимизга чин дилдан амин бўлганимизда, биз ўзимизни ибодат қилишга бағишлаймиз.

КАЛОМИЙ ЭКСПОЗИЦИЯГА ЎЗИНИ БАҒИШЛАШ

Иккинчидан, Муқаддас Руҳнинг доимий хизматига муҳтож эканлигимизга амин бўлиш фақатгина ибодат қилишга олиб келмайди. Каломий экспозицияга ўзини бағишлаш ҳам юзага келади.

Жамоат ўзининг катта муҳтожлигини англаганда, жамоат аъзолари ҳам ваъзхонлар каби Худо Каломининг содда ва ишончли экспозициясига чанқоқ бўлишади. Бошқача қилиб айтганда, ўзини ибодатга бағишлаган одам,бунинг зарурлиги туфайли ўзини каломий матнга ҳам бағшлайди.

 МУҚАДДАС РУҲ ВА ВАъЗ АЙТИШ БИРГА ИШЛАЙДИ

Ҳозир кўпчилик ўқувчиларга бизнинг Муқаддас Руҳ ва ваъз айтиш ўртасидаги боғлиқликлар унчалик тушунарли эмаслигини биламан. Ахир, кўпчилик инсонлар биз Муқаддас Руҳга бағишланиш ёки Худонинг Каломига бағишланишдан бирини танлашимиз керак деб, хато ўйлашади.

Бу каби афсоналар одамларни ё “Муқаддас Руҳ бошқарадиган жамоат”га, ёки “Каломга асосланган жамоат”га қатнашини, ёки иккаласига ҳам қатнаша олмаслигига ишонтирмоқчи бўлади. Бундай замонавий тушунча бизларга сингиб кетган. Лекин маҳалламиздаги мавқейимиз ёки аллақачон имонга келганлар орасидаги мавқейимиздан бирини танлашимиз керак, деган тушунча нотўғридир.

Очиғини айтганда, бундай тушунчалардан тўйганман. Руҳ ва Калом биргаликда бўлиши худди ғалати туюладигандек, уларни бир-биридан ажратувчи чизиқлар қўядиган одамлардан чарчаганман. Дихотомия ҳақиқатга зиддир ва уни четга суриб қўйишнинг вақти етиб келди.

Бунинг ўрнига мен таъкидлаётган нарса шуки, жамоат Муқаддас Руҳнинг янгиланувчи ва давомий хизматига муҳтожлигини тан оладиган инсон, ўзини нафақат ибодатга, шу билан бирга, каломий экспозицияга ҳам бағишлайдиган инсондир. Чунки Муқаддас Руҳнинг хизмати ҳар доим Каломнинг хизмати билан чамбарчас боғлиқ бўлиб келган.

КАЛОМДАГИ МИСОЛГА НАЗАР СОЛИШ

Кўпгина матнлар танланиши мумкин бўлган бўлсада, фақатгина битта матн бунинг моҳиятини очиб беришга етарлидир. Ибронийларга 3-бобга, хусусан, қуйидаги сўзлар билан бошланадиган 7-оятга қаранг: “Шундай экан, Муқаддас Руҳнинг айтган гапларини ёдингизда тутинг …”

Бу сўзларда иккита ажабланарли воқеликни кўриш мумкин. Биринчиси, ёзувчи Забур 95-Санони иқтибос келтирганда, унинг муаллифи Муқаддас Руҳ эканлигига ишора қилади. Бу жуда ҳайратланарли ва биз бунга эътибор беришимиз керак. У “Муқаддас Китоб айтганидек” , “Саночининг айтган гаплари” ёки “Муқаддас Ёзувлар айтганидек”, деб ёзмайди. Аксинча, у “Муқаддас Руҳнинг айтган гаплари” деб ёзади.

Бунинг аҳамияти муҳимдир. Агар сиз Муқаддас Руҳнинг овозини тингламоқчи бўлсангиз, у каломий матнларга чамбарчас боғлиқ эканлигини кўрасиз. Яъни, Муқаддас Руҳ Муқаддас Китобда анча вақт олдин ёзилган сўзларнинг муаллифидир. Адашмасам қуйидаги сўзларни Жон Пайпер айтган: “Агар Худо сенга бугун гапиришини хоҳласанг, хонангга бор, эшикни ёп ва Муқаддас Китобни баланд овоз чиқариб ўқигин.” Унга қўшиламан. Худонинг Каломи бу Муқаддас Руҳнинг овозидир. Шунинг учун, жамоатни Муқаддас Руҳнинг доимий, янгиланиб борувчи ишига қаттиқ муҳтож эканлигига амин эканлигимиз, тегишли тарзда, каломий экспозицияга бағишланиш билан баробар эканлигини англатади.

Ибронийларга 3:7даги иккинчи ҳайратланарли нарса, ундаги феълнинг ҳозирги замонда ишлатилишидир (аммо бошқа таржималардан фарқли равишда, ўзбек тилидаги таржимада бу феъл ўтган замонда берилган – “айтган”). “Муқаддас Руҳ айтадики. . .” Бунинг аҳамияти эътибордан четда қолмаслиги керак. Аслида, умуман бошқа даврда яшаган қадимий одамларга берилган Забур 95-Сано анча кейинги авлодга Худонинг тирик Сўзи эканлиги айтилган ва бу бугунги кунда бизга ҳам тўғри келади. Ибронийларга 3:7 оят Муқаддас Руҳнинг ҳозирги кундаги иши ва Худонинг айтилган Сўзи ўртасидаги доимий ва фаол боғлиқлигини тасдиқлайди.

 ХУЛОСА

Хуллас, Муқаддас Руҳнинг доимий ва янгилайдиган ишига амин бўлиш зарурдир. Биз ўзимизни ибодатга ва ваъз айтишга бағишлаганимизда бу аминлик суяк ва иликларимизгача сингиб бораётганини англаймиз.

Охирги кунларда, бу аминлик юрагим ва онгимни янги куч ва жўшқинлик билан тўлдирмоқда. Ибодат ва ваъз ҳаётимда борган сари амалий ҳосиллар келтираётганини кўраётганим учун буни тўғри деб биламан. Албатта, мен буни сизга ҳам тилайман.

Девид Ҳелм