Каломий Теология

Kalomiy Teologiya va Umumiy Sajda

Томонидан Bobby Jamieson

Боббй Жамисон Вашингтондаги Капитол Ҳилл Баптист Жамоатининг кичик чўпонидир. У яқиндагина чоп этилган “Исонинг Ўлими ва Ибронийлар Мактубидаги Самовий Қурбонлик” асари муаллифидир. Уни Twitter орқали мана шу - @bobby_jamieson ном билан топишингиз мумкин.
Мақолалар
10.14.2021

Biz jamoat sifatida sajda uchun yig’ilganimizda aynan nimalar qilamiz? Ushbu har haftalik yig’ilishlarda nimalar qilishimiz kerakligini qanday bilamiz?

Tabiiy ravishda, (oqlanish faqat Masih orqali kelishiga ishonadigan) masihiylar, bu savollarga javob topish uchun Muqaddas Kitobga murojaat qilishadi, lekin Muqaddas Kitobning qayeriga qarashimiz kerak? Eski Ahdda sajda, ya’ni ibodatlar va qurbonliklar, ko’pchilik bo’lib, changlar sadosi ostida kuylashlar va ko’plab boshqa narsalar haqida juda ko’p oyatlar keltirilgan. Lekin o’sha materiallarning hammasi yangi ahddagi imonlilarning yig’ilishlariga to’g’ri keladimi?

Bu savollarga javob berishi uchun bizga sajdaga oid kalomiy teologiya kerak bo’ladi.[1] Kalomiy teologiya bizga Muqaddas Kitobning keng yoyilgan syujet chizig’i ichidagi birlik va xilma-xillikni, davomiylik va uzilishlarni kuzatishga yordam beradi.

Ushbu maqolada men umumiy sajdaga doir kalomiy teologiyani qisqacha ta’riflab bermoqchiman. Buning uchun to’rt qadamni bosib o’tamiz: (1) Eski Ahdda umumiy sajda; (2) Masihda bajo bo’lishi; (3) Yangi Ahddagi umumiy sajda; (4) umumiy sajda uchun butun Muqaddas Kalomni o’qish.

  1. ESKI AHDDAGI UMUMIY SAJDA

Ibtido 3-bobda keltirilgan ilk gunoh oqibatida odamlar Xudoning huzuridan mahrum bo’lganidan beri Xudo ularni yig’ib O’ziga qaytarish ustida ishlayotgan edi.[2] Shuning uchun, Isroil xalqi Misrda qullikda azob tortganda Xudo ularni zulmdan ozod qilish uchungina emas, balki O’ziga sajda qilishlari uchun qutqaradi (Chiqish 3:1218). Xudo O’z xalqini Misrdan olib chiqdi va ularni O’z maskaniga olib keldi (Chiqish 15:1317).

O’sha maskan qayerda? Avvaliga, u chodirda edi, ushbu puxta o’ylab yasalgan chodirda ruhoniylar xalqning gunohlari va nopokliklari uchun qurbonliklar keltirishadi. Buni Chiqish 29:44–46 da o’qiymiz,

“Men Uchrashuv chodirini va qurbongohni muqaddas qilaman. Horun bilan oʻgʻillari ruhoniy boʻlib Menga xizmat qilishlari uchun ularni ham muqaddas qilaman. Men Isroil xalqi orasida istiqomat qilaman, ularning Xudosi boʻlaman. Shunda ular Egasi Xudo Men ekanligimni bilib oladilar. Axir, Men Isroil xalqi orasida istiqomat qilay deb, ularni Misr yurtidan olib chiqqanman. Men ularning Egasi Xudoman.”

Chiqishning maqsadi Xudo O’z xalqi orasida yashashi edi va U buni muqaddas joy (chodir) bu vazifa uchun tayinlangan odamlar (ruhoniylar) orqali amalga oshirdi.

Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanda, Xudo ularni O’z xalqi qilib oldi. U Isroil xalqi bilan ahd tuzish orqali ushbu yangi munosabatni tasdiqladi. Bu ahd odatda “Muso ahdi” deb ataladi. Chiqish 19-bobda, Rabbiy Isroil xalqini Misrdan ozod qilishda ular uchun nima qilganini ularga eslatadi va keyin agar xalq Xudoning ahdi shartlariga rioya qilsa, ular boshqa xalqlar orasida Uning xazinasi bo’lishiga va’da beradi (Chiqish 19:1–6).

Chiqish 24-bobda Egamiz xalq bilan ushbu ahdni tasdiqlagani yozilgan. Chiqish, Levilar, Sahroda va Ikkilamchi Qonunlar kitoblarining barcha qonun-qoidalari ham ushbu ahdning shartlarini batafsil izohlab beradi. Bu tafsilotlar xalq ahd orqali Xudo bilan hamda o’zaro qanday yashashlari kerakligini yoritib beradi.

Demak, Levilar kitobida tasvirlangan qurbonliklar va poklanish marosimlari ahdga asoslangan munosabatdagi yoriqlarni tuzatish vositalaridir. Sajda ahdning saqlanishini ta’minlaydi.

Isroil xalqi har yili Fisih, Hosil va boshqa bayramlarni nishonlash uchun Egamiz huzurida Uning chodiri oldida bir necha marta birgalikda yig’ilishlari shart edi (Levilar 23-bob). Bu bayramlardan tashqari, ruhoniylar doimiy ravishda qurbonlik keltirganlar, har bir isroillik alohida gunoh yoki nopoklik uchun maxsus qurbonlik keltirishi kerak bo’lgan paytdagina chodirga (va keyinchalik ma’badga) kelishgan.

Boshqacha qilib aytganda, Isroil xalqi uchun, umumiy sajda maxsus, yilda bir necha marotaba bo’ladingan voqea edi. Sajdani esa ular tunu-kun amal qilinishi kerak bo’lgan Xudoga maxsus bag’ishlanish deb bilishardi (Qonunlar 6:13–15). Lekin, Xudoning huzuriga kirish huquqiga maxsus tayin etilgan odamlargina ega bo’lib, ular tayin etilgan joyda belgilangan vaqtda, sajdani amalga oshira olardilar. Ya’ni sajda qilish uchun istalgan odam istalgan joyda va vaqtda Xudoning huzuriga kira olmasdi. Xudo O’z xalqi orasida maskan qilgan bo’lsa-da, chodir bilan o’ralgan bu maskan, ruhoniylar tomonidan qo’riqlanar edi.

  1. VA’DALARNING MASIHDA BAJO BO’LISHI

Muqaddas Kitobning syujet chizig’idagi burilish nuqtasi O’g’il Xudoning, ya’ni Rabbimiz Iso Masihning inson qiyofasida yerga kelishidir. Barcha va’dalar Unda bajo bo’ldi (2-Korinfliklar 1:20). Eski Ahddagi barcha obrazlar – ruhoniylik, ma’bad va shohlik institutlari, chiqish, surgun va surgundan qaytish voqealari – o’z ijobatini Masihda topdi. Shu sababdan, butun Muqaddas Kitobdagi sajda teologiyasini tushunish uchun, biz avvalo Iso Masih Muso ahdidagi sajdani qanday bajo keltirgani hamda uni qanday o’zgartirganini tushunishimiz lozim.

Avval chodir, keyinchalik esa, ma’bad Xudo O’z xalqi orasida O’z huzurini namoyon etgan joy edi; Iso buni bajo keltiradi va shuning uchun, eski-ahd tuzilmalari o’rnini egallaydi. Yuhanno bizga Kalom inson bo’lganini – tom ma’noda – oramizda chodirda maskan qilganini aytadi (Yuhanno 1:14). Iso “— Mana bu Maʼbadni buzinglar, Men uch kun ichida uni tiklayman”, deya va’da beradi (Yuhanno 2:19). Boshqacha qilib aytganda, Isoning tanasi hozir ma’bad, Xudo O’z xalqi bilan uchrashadigan, O’z huzurini namoyon etadigan va gunohlari bilan shug’ullanadigan joydir (Yuhanno 2:21–22). Mana shuning uchun ham, Iso shunday vaqtlar keladiki, haqiqiy sajda qiluvchilar Otaga endi Quddusda emas, balki ruhda va haqiqatda sajda qiladilar, deydi (Yuhanno 4:21–24).

Iso Quddusdagi yerga xos ma’badning mohiyatini amalda bajarib, uning o’rnini egallaydi. U hozir haqiqiy sajda qiluvchilar Xudoga sajda qiladigan “joy”dir.[3]

Iso, shu bilan birga, Muso ahdi va uning chodiri va ma’badi bilan bog’liq butun qurbonlik keltirish tizimini bajo keltiradi va o’rnini egallaydi. Ibroniylarga maktubida Iso “boshqa oliy ruhoniylar kabi, har kuni oldin oʻz gunohlari uchun, keyin xalqning gunohlari uchun qurbonlik keltirishi kerak emas. Chunki U bir marta Oʻzini qurbon qilib, xalqning gunohlari uchun keltiriladigan hamma qurbonliklarga chek qoʻydi”, deb aytilgan (Ibroniylar 7:27). Iso O’zini bir marta qurbon qilishi eski ahd qurbonliklari kabi, shunchaki tanani emas, balki, vijdonimizni poklaydi va bizni ichimizdan yangilaydi (Ibroniylar 9:13–14). Iso yagona qurbonligi bilan O’z xalqini komillikka erishtirgan bo’lsa, endi ho’kizlar va echkilarni qurbonlik qilishga ehtiyoj yo’q, joy ham kerak emas (Ibroniylar 10:1–4, 10, 11–18).

Iso Levilarning qurbonliklarini bajo keltiradi va ularning o’rnini egallaydi. Uning qoni bizni to abad gunohlarimizdan ozod qilgan (Ibroniylar 9:12).

Shu tarzda yana davom ettirish mumkin. Xulosa shuki, Isoning najotkorlik ishi Xudoning O’z xalqiga munosabatini keskin o’zgartirdi. Iso e’lon qilgan yangi ahd avvalqisining – Xudo Sinayda Muso orqali tuzgan ahdning – eskirganini ko’rsatadi (Ibroniylar 8:6–7, 13). Endi, Isoning qurbonligiga imon keltirish orqali, Xudoning xalqi gunohlari kechirilishiga erishdilar. Endi, Xudoning xalqi Masihga bo’lgan imoni va Ruh orqali Uning inoyatli huzurini his qiladilar. Endi, faqatgina bir necha ruhoniylar emas, Xudo xalqining bari Uning oldiga kelish imkoniyatiga ega (Ibroniylar 4:16, 10:19–22).

  1. YANGI AHDDAGI UMUMIY SAJDA

Yuqorida aytilganlarning Yangi Ahd davrida umumiy sajdaga qanday aloqasi bor? Eng avvalo Eski Ahdning sajdaga doir shartlari imonlilarning hayotiga qo’llanilishiga e’tibor qilish kerak. Rimliklarga 12:1da Pavlus shunday yozadi: “Shunday qilib, ey birodarlarim, Xudoning marhamati haqi sizlarga yolvoraman. Oʻz tanangizni tirik, muqaddas va Xudoga manzur boʻladigan qurbonlik sifatida bagʻishlang. Xudoga loyiq boʻlgan asl xizmat mana shudir.” Endi biz qurbonlik sifatida hayvonlarni emas balki o’zimizni bag’ishlaymiz. Masihiy butun hayoti davomida Xudoga o’zini qurbon qiladi.

Yoki Ibroniylar 13:15 e’tibor bering: “Shunday ekan, Iso orqali Xudoga hamdu sano nazrlarini taqdim qilaveraylik. Isoni Rabbimiz deb eʼtirof etishimiz Xudoga qurbonlikday boʻlsin.” Ulug’lash bilan Xudoga qurbonlik keltiramiz, bu qurbonlikni faqat yakshanba kunlari bir soatgina emas doimiy tarzda keltiramiz. Faqat hamdu-sanolar emas, omma oldida xushxabarni jasorat bilan tan olish, haqiqat so’zlarini gapirish, boshqalarni sevish hamda biz aytadigan har bir so’zni Masihning hukmronligi ostiga olib kelish ham Xudoni ulug’laydigan nazrlar hisoblanadi.

Demak, “sajda” bu asosan yakshanba kunlari qilinadigan ish emas. Aksincha, sajda bizning butun hayotimizni qamrab olishi kerak. Masihiy odam uchun sajda muqaddas vaqtlar va joylar bilan chegaralanmaydi, chunki biz imon orqali Xudoning ma’badi bo’lmish Masihga birlashganmiz va bizda Muqaddas Ruh yashamoqda, U har birimizni alohida hamda birgalikda Xudoning ma’badiga aylantiradi (1-Korinfliklar 3:16–17, 6:19; Efesliklar 2:22).

Unda umumiy sajda yangi ahdda nimani ifodalaydi? Kalomni o’qish va va’z qilish (1-Timo’tiy 4:14); birgalikda Zabur xonishlari, madhiyalar va ruhiy qo’shiqlarni kuylash (Efesliklar 5:18–19; Kolosaliklar 3:16); ibodat qilish (1-Timo’tiy 2:1–2, 8); cho’mdirilish va Qutlug’ Kechlikni nishonlash (Matto 28:19, 1-Korinfliklar 11:17–34); bir-birimizni sevgiga va yaxshi ishlarga chorlash (Ibroniylar 10:24–25).

Yangi ahdda umumiy sajda haqidagi eng hayratlanarli narsalardan biri bu butun tanani bunyod etishdagi doimiy diqqat-e’tibordir. Pavlus shunday yozadi: “Masihning kalomi sizda chuqur oʻrnashib, yashnayversin. Donolik bilan bir–biringizga taʼlim bering, nasihat qiling. Zaburlarni xonish qilib, madhiyalar va ruhiy qoʻshiqlar bilan, chin koʻngildan minnatdorchilik bildirib, Xudoni tarannum etinglar” (Kolosaliklar 3:16). Biz Rabbimizga kuylaganimizda bir birimizga ta’lim beramiz va nasihat qilamiz. Xudoni ulug’laganimizda biz bir-birimizni mustahkamlaymiz. Pavlus yana ham kengroq tushuntirib, imonlilar jamoatidagi hamma narsa Masih tanasini bunyod etish (imonda mustahkamlash) ni ko’zlab qilinishi kerakligini aytadi (1-Korinfliklar 14:26).

Jamoatdagi haftalik yig’ilishlarining o’ziga xosligi bu biz sajda qiladigan vaqt ekanligida emas, balki Xudoni birgalikda ulug’lash orqali bir-birimizning imonimizni mustahkamlash vaqti ekanligidir.

Masih e’lon qilgan yangi ahd sababli, bu davridagi umumiy sajda eski ahd davridagi umumiy sajdadan butunlay farq qiladi. Endi bir yilda bir nechagina marta emas, umumiy sajda har hafta amalga oshiriladi. Quddusdagi ma’baddagi yig’ilish o’rniga, imonlilar endi qayerda yashayotgan bo’lsalar o’sha joydagi mahalliy jamoatlarda yig’ilishlari mumkin. Avval Xudoning huzuri Muqaddaslar Muqaddasi deb ataladigan joy bilan chegaralangan va ruhoniylar tomonidan qo’riqlangan bo’lsa, Xudo endi O’z Ruhi orqali O’z xalqining har bir fuqarosida istiqomat qiladi va ular yig’ilishgan har qanday paytda Masih ular bilan birga bo’ladi (Matto 18:20). Murakkab jarayonli bir qator qurbonlik keltirishlarning o’rniga, endi masihiylar Kalomni tinglash, Kalomni va’z qilish, Kalomdan ibodat qilish, Kalomdan kuylash, xizmatlar orqali birodarlarda Kalomning aks etganini ko’rish uchun yig’iladilar. Bularning bari butun badan oʻsib borib va mehr–muhabbat tufayli baquvvat boʻlishi va hammamiz Masihda yetuklikka erishishimiz uchun qilinadi (Efesliklar 4:11-16).

  1. UMUMIY SAJDA UCHUN BUTUN MUQADDAS KITOBNI O’QISH

Umumiy sajdada bizga nima qilishni o’rgatishi uchun Muqaddas Yozuvga qanday qarashimiz kerak?

Firkrimcha, birinchidan, biz jamoatning doimiy yig’ilishlarida nima qilishimiz kerakligini Kalom haqiqatdan ham o’rgatishini tasdiqlashimiz muhim. Yodingizda bo’lsin, butun hayotimiz sajda bo’lsada, jamoatdagi har haftalik yig’ilishlarimiz Masihiycha hayotimizdan alohida o’rin egallaydi. Hamma masihiylar jamoat bilan yig’ilishlari lozim (Ibroniylar 10:24-25); jamoatga qatnash masihiy uchun ixtiyoriy emas. Demak, aslida, jamoat a’zolari sajda (sajdani o’z ichiga olgan har bir ishni) qilishlari shart. Shu bilan birga, Pavlus masihiylarni inson tomonidan o’ylab topilgan hech qanday qonun-qoidalar yoki sajda amallari ularning    vijdoniga yuklanishiga yo’l qo’ymaslikka chorlaydi (Kolosaliklar 2:16-23).

Taxminimcha, ushbu kalomiy tamoyillar tarixda “tartibga soluvchi” deb atalgan tamoyilga qo’shilib ketgan.[4] Ya’ni, jamoatlar o’zlarining umumiy yig’ilishlarida, faqatgina Kalomda belgilab qo’yilgan (bu aniq buyruq bo’ladimi, yoki me’yoriy misol bo’ladimi, farqi yo’q) ijobiy amallarni bajarishlari lozim. Boshqa har qanday amalni qilish masihiy “erkinlik” bilan murosaga kelishni bildiradi. Shunday qilib, jamoatlar biz birgalikda qanday sajda qilishimiz kerakligini bizga aytish uchun Muqaddas Yozuvga qarashi kerak, hamda Muqaddas Yozuv bizga qilishni aytgan narsalarnigina qilishimiz kerak.

Lekin, savol kelib chiqadi, Muqaddas Yozuv bizga aynan nima qilishimiz kerakligini aytmoqda? Yanada aniqroq qilib aytadigan bo’lsak, sajdaga doir qaysi kalomiy material me’yoriy yoki majburiy ekanligini qanday ayta olamiz? Bu savolga to’liq javob berish uchun bitta kitob yozishga to’g’ri keladi, men esa eng qisqa “eskiz”larni taqdim etaman.

Sajdaga doir kalomiy ta’limotni tushunish uchun ozroq mohirlik talab etiladi, chunki Muqaddas Kitobning hech qayerida, masalan, to’liq, tan olingan me’yoriy “xizmat tartibi” berilmagan. Lekin, Yangi Ahdda shunday amrlar borki, ular barcha jamoatlar uchun majburiydir. Efes va Kolossadagi jamoatlarning ikkalasiga ham kuylash buyurilganligi (Efesliklar 5:18–19, Kolosaliklar 3:16), va Korinfdagi jamoatda sanolar aytilgani (1-Korinfliklar 14:26), barcha jamoatlar kuylashi kerak degan xulosani beradi. Pavlus Timo’tiyga maktubida Kalomni o’qish, va’z qilish hamda jamoat o’zini-o’zi qanday boshqarishi kerakligi haqida ko’rsatmalar bergan (1-Timo’tiy 3:15, 4:14). Bu esa, Kalomni o’qish va va’z qilish amri bitta jamoat uchun emas, balki har bir jamoat uchun Xudoning irodasi ekanligini ko’rsatadi.

Boshqa tomondan, ba’zi buyruqlar, masalan “Bir–biringiz bilan oʻpishib koʻrishinglar” (Rimliklar 16:16), degan universal tamoyilni (“bir-biringizni masihiycha sevgi bilan qutlang”) madaniy jihatdan unchalik universal bo’lmagan shaklda ifodalangan.

Bundan tashqari, Pavlusning Korinfliklarga haftaning birinchi kunida pul ajratib qo’yishlarini aytishiga o’xshash ba’zi matn ma’nosidan kelib chiqadigan buyruqlar kengroq kuchga ega. Matnga qaraydigan bo’lsak bu buyruq Quddusdagi azizlarga maxsus qurbonlik qilish uchun yozilgan edi, lekin barcha jamoatlar o’z ustozlarini moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlashlari buyurilgan (Galatiyaliklar 6:6), demak, umumiy sajdada qurbonlikning ham alohida o’z o’rni bor.

Shu yergacha biz sajdani Yangi Ahd bo’yicha ko’rib chiqdik. Eski Ahd-chi? Eski Ahdda sajda haqida juda ko’p buyruqlar bor axir:

Unga hamdu sano ayting burgʻu chalib, Unga hamdu sano ayting arfa, lira chalib.

Doira chalib, raqs ila Unga hamdu sano ayting, Torli asbob, nay chalib, Unga madhiyalar ayting.

Jarangdor zillar chalib, Unga hamdu sano ayting, Ohangdor zillarni qattiq chalib, Unga madhiyalar ayting. (Zabur 150:3–5)

Bu nimani anglatadi? Jamoatimiz xizmatlari Kalomga mos bo’lishi uchun aynan burg’u, arfa, lira, doir, raqs, torli asbob, jarangdor zillarni o’z ichiga olishi kerakmi? Menimcha, yo’q, bunday emas.

Shuni unutmangki, Zabur Sanolari Muso ahdi ostidagi sajda ifodalaridir, ba’zi Yangi Ahd yozuvchilari uni “Eski (yoki Avvalgi) Ahd” deya atashadi (Ibroniylar 8:6). Endi Yeremiyo 31-bobda va’da qilingan ahd keldi, avvalgi ahd esa eskirdi. Biz endi, Muso qonuni ostida emasmiz (Rimliklar 7:1–6; Galatiyaliklar 3:23–26). Shuning uchun, Muso davridagi sajda shakllari biz uchun majburiy emas. Ma’badda ruhoniylar xizmat qilishgan, ularning ba’zilari diniy musiqalarga ixtisoslashgan edilar (1-Solnomalar 9:33). Ular Zabur 150-Sanoda nomlari keltirilgan cholg’u asboblarni chalishganini ko’ramiz (2-Solnomalar 5:12, 13; 9:11). Zabur 150-Sano masihiy sajda uchun namuna berayotgani yo’q, aksincha, u ma’bad va Levi ruhoniylari bilan bog’liq eski ahd sajdasining maxsus bir shaklini harakatga chorlayapti.

Ko’rinib turganidek bu jamoatning jamoaviy hamdu sanosida qaysi asboblar bo’lishi kerak degan savolga javob emas. Lekin, endi Eski Ahddagidek hayvon qurbon qilinishga ehtiyoj bo’lmaganidek, bu ham Eski Ahddagi hodisaga to’g’ridan-to’g’ri murojaat qilish endi muomaladan chiqqanini bildiradi. Aynan mana shu borada ko’pgina masihiy an’analar sajdaga doir kalomiy teologiyaga mos kelmaydi. Xuddiki Levi ruhoniyligi va ma’bad sajdasining ma’lum bir jihatlari Yangi Ahd davriga o’tadigandek, Eski Ahddagi hodisani tanlab qo’llamoqchi bo’lishadi.

Albatta Eski Ahd sajda qilishga oid ko’p ma’lumotlar beradi. Zabur sanolari hurmat, qo’rquv, quvonch va hayrat, minnatdorchilik va xursandchilik bilan sajda qilishni o’rgatadi. Lekin Eski Ahd Yangi Ahd jamoati sajdasining na elementlarini va na shakllarini belgilab bermaydi.

Shu nuqtai nazardan, xuddi Eski Ahd Xudoning o’sha vaqtdagi xalqi uchun konstitutsiya vazifasini bajargani kabi, Yangi Ahd Xudoning bu ahd davridagi xalqi uchun yangi konstitutsiya vazifasini bajaradi. Xudoning najot berish rejasi bitta va U bitta xalqni qutqaradi, lekin xalqning U bilan munosabati Masihning kelishi va Yangi Ahdni o’rnatishidan keyin tubdan o’zgardi.

Mana shuning uchun ham, biz kalomiy teologiyaning hamma vositalarini ishlatishimiz, ya’ni ahdlarni bir-biri bilan ulashimiz, tiplar va antitiplar o’rtasidagi aloqadorliklarni, va’da va amalga oshishlarni kuzatishimiz, davomiylik va uzilishlarni aniqlashimiz kerak, shu orqali umumiy sajda teologiyasiga erishamiz. Masihning Yangi Ahd xalqi, va’da qilingan Muqaddas Ruhning maskani sifatida, biz Xudo O’z Kalomida ifodalagan shartlarga mos ravishda Ruhda va haqiqatda sajda qilamiz.


[1] Sajda qilish bo’yicha izlanishlarimga katta yordam bergan kalomiy teologiya uchun, David Petersonning Xudo bilan Aloqada Bo’lish: Sajdaga doir Kalomiy Teologiya kitobiga qarang (David Peterson, Engaging with God: A Biblical Theology of Worship [Downers Grove: InterVarsity Press, 1992]).

[2] Muqaddas Yozuvlar hikoya syujetida Xudo O’z xalqini to’plashi mavzusi asosiy mavzu qilib olingan. Asosiy kirish sifatida quyidagi manbalarga murojat qiling: Kristofer Ash Buzilgan Dunyoni Qayta Barpo Etish: Muqaddas Kitob Hikoya Syujeti Chizig’iga Yangidan Qarash (Christopher Ash, Remaking a Broken World: A Fresh Look at the Bible Storyline [Milton Keynes, UK: Authentic, 2010]).

[3] Butun kanonlar (to’g’ri deb qabul qilingan bitiklar) bo’ylab ma’bad trayektoriyasi haqida ko’proq ma’lumot olish uchun G.K. Bieylning Ma’bad hamda Jamoatning Vazifasi: Xudoning Istiqomat Qiladigan Joyiga doir Kalomiy Teologiya kitobiga qarang (G. K. Beale, The Temple and the Church’s Mission: A Biblical Theology of the Dwelling Place of God, New Studies in Biblical Theology 17 [Downers Grove, IL: InterVarsity Press, 2004]).

[4] Tartibga soluvchi tamoyilning qisqacha himoyasi uchun Jonatan Limanning Jaz Kabi Tartibga Soluvchi (Jonathan Leeman, “Regulative Like Jazz,” ) hamda Xudoni Olqishlang: Sajdani Isloh Qilish Uchun Ko’zlangan Qarash (Give Praise to God: A Vision for Reforming Worship, ed. Philip Graham Ryken, Derek W. H. Thomas, and J. Ligon Duncan, III [Phillipsburg, NJ: Presbyterian & Reformed, 2003]) kitobining dastlabki uch bobiga qarang.


Birinchi marta 9ta Belgilar veb-sahifasida chop etilgan: www.9marks.org

Asl maqolani quyidagi havola orqali topishingiz mumkin: https://www.9marks.org/article/biblical-theology-and-corporate-worship/


Каломий Теология ва Умумий Сажда

Биз жамоат сифатида сажда учун йиғилганимизда айнан нималар қиламиз? Ушбу ҳар ҳафталик йиғилишларда нималар қилишимиз кераклигини қандай биламиз?

Табиий равишда, (оқланиш фақат Масиҳ орқали келишига ишонадиган) масиҳийлар, бу саволларга жавоб топиш учун Муқаддас Китобга мурожаат қилишади, лекин Муқаддас Китобнинг қаерига қарашимиз керак? Эски Аҳдда сажда, яъни ибодатлар ва қурбонликлар, кўпчилик бўлиб, чанглар садоси остида куйлашлар ва кўплаб бошқа нарсалар ҳақида жуда кўп оятлар келтирилган. Лекин ўша материалларнинг ҳаммаси янги аҳддаги имонлиларнинг йиғилишларига тўғри келадими?

Бу саволларга жавоб бериши учун бизга саждага оид каломий теология керак бўлади.[1] Каломий теология бизга Муқаддас Китобнинг кенг ёйилган сюжет чизиғи ичидаги бирлик ва хилма-хилликни, давомийлик ва узилишларни кузатишга ёрдам беради.

Ушбу мақолада мен умумий саждага доир каломий теологияни қисқача таърифлаб бермоқчиман. Бунинг учун тўрт қадамни босиб ўтамиз: (1) Эски Аҳдда умумий сажда; (2) Масиҳда бажо бўлиши; (3) Янги Аҳддаги умумий сажда; (4) умумий сажда учун бутун Муқаддас Каломни ўқиш.

  1. ЭСКИ АҲДДАГИ УМУМИЙ САЖДА

Ибтидо 3-бобда келтирилган илк гуноҳ оқибатида одамлар Худонинг ҳузуридан маҳрум бўлганидан бери Худо уларни йиғиб Ўзига қайтариш устида ишлаётган эди.[2] Шунинг учун, Исроил халқи Мисрда қулликда азоб тортганда Худо уларни зулмдан озод қилиш учунгина эмас, балки Ўзига сажда қилишлари учун қутқаради. (Чиқиш 3:12, 18). Худо Ўз халқини Мисрдан олиб чиқди ва уларни Ўз масканига олиб келди (Чиқиш 15:13, 17).

Ўша маскан қаерда? Аввалига, у чодирда эди, ушбу пухта ўйлаб ясалган чодирда руҳонийлар халқнинг гуноҳлари ва нопокликлари учун қурбонликлар келтиришади. Буни Чиқиш 29:44–46 да ўқиймиз,

“Мен Учрашув чодирини ва қурбонгоҳни муқаддас қиламан. Ҳорун билан ўғиллари руҳоний бўлиб Менга хизмат қилишлари учун уларни ҳам муқаддас қиламан. Мен Исроил халқи орасида истиқомат қиламан, уларнинг Худоси бўламан. Шунда улар Эгаси Худо Мен эканлигимни билиб оладилар. Ахир, Мен Исроил халқи орасида истиқомат қилай деб, уларни Миср юртидан олиб чиққанман. Мен уларнинг Эгаси Худоман.”

Чиқишнинг мақсади Худо Ўз халқи орасида яшаши эди ва У буни муқаддас жой (чодир) бу вазифа учун тайинланган одамлар (руҳонийлар) орқали амалга оширди.

Исроил халқини Мисрдан олиб чиққанда, Худо уларни Ўз халқи қилиб олди. У Исроил халқи билан аҳд тузиш орқали ушбу янги муносабатни тасдиқлади. Бу аҳд одатда “Мусо аҳди” деб аталади. Чиқиш 19-бобда, Раббий Исроил халқини Мисрдан озод қилишда улар учун нима қилганини уларга эслатади ва кейин агар халқ Худонинг аҳди шартларига риоя қилса, улар бошқа халқлар орасида Унинг хазинаси бўлишига ваъда беради (Чиқиш 19:1–6).

Чиқиш 24-бобда Эгамиз халқ билан ушбу аҳдни тасдиқлагани ёзилган. Чиқиш, Левилар, Саҳрода ва Иккиламчи Қонунлар китобларининг барча қонун-қоидалари ҳам ушбу аҳднинг шартларини батафсил изоҳлаб беради. Бу тафсилотлар халқ аҳд орқали Худо билан ҳамда ўзаро қандай яшашлари кераклигини ёритиб беради.

Демак, Левилар китобида тасвирланган қурбонликлар ва покланиш маросимлари аҳдга асосланган муносабатдаги ёриқларни тузатиш воситаларидир. Сажда аҳднинг сақланишини таъминлайди.

Исроил халқи ҳар йили Фисиҳ, Ҳосил ва бошқа байрамларни нишонлаш учун Эгамиз ҳузурида Унинг чодири олдида бир неча марта биргаликда йиғилишлари шарт эди (Левилар 23-боб). Бу байрамлардан ташқари, руҳонийлар доимий равишда қурбонлик келтирганлар, ҳар бир исроиллик алоҳида гуноҳ ёки нопоклик учун махсус қурбонлик келтириши керак бўлган пайтдагина чодирга (ва кейинчалик маъбадга) келишган.

Бошқача қилиб айтганда, Исроил халқи учун, умумий сажда махсус, йилда бир неча маротаба бўладинган воқеа эди. Саждани эса улар туну-кун амал қилиниши керак бўлган Худога махсус бағишланиш деб билишарди (Қонунлар 6:13–15). Лекин, Худонинг ҳузурига кириш ҳуқуқига махсус тайин этилган одамларгина эга бўлиб, улар тайин этилган жойда белгиланган вақтда, саждани амалга ошира олардилар. Яъни сажда қилиш учун исталган одам исталган жойда ва вақтда Худонинг ҳузурига кира олмасди. Худо Ўз халқи орасида маскан қилган бўлса-да, чодир билан ўралган бу маскан, руҳонийлар томонидан қўриқланар эди.

  1. ВАъДАЛАРНИНГ МАСИҲДА БАЖО БЎЛИШИ

Муқаддас Китобнинг сюжет чизиғидаги бурилиш нуқтаси Ўғил Худонинг, яъни Раббимиз Исо Масиҳнинг инсон қиёфасида ерга келишидир. Барча ваъдалар Унда бажо бўлди (2 Коринфликлар 1:20). Эски Аҳддаги барча образлар – руҳонийлик, маъбад ва шоҳлик институтлари, чиқиш, сургун ва сургундан қайтиш воқеалари – ўз ижобатини Масиҳда топди. Шу сабабдан, бутун Муқаддас Китобдаги сажда теологиясини тушуниш учун, биз аввало Исо Масиҳ Мусо аҳдидаги саждани қандай бажо келтиргани ҳамда уни қандай ўзгартирганини тушунишимиз лозим.

Аввал чодир, кейинчалик эса, маъбад Худо Ўз халқи орасида Ўз ҳузурини намоён этган жой эди; Исо буни бажо келтиради ва шунинг учун, эски-аҳд тузилмалари ўрнини эгаллайди. Юҳанно бизга Калом инсон бўлганини – том маънода – орамизда чодирда маскан қилганини айтади (Юҳанно 1:14). Исо “— Мана бу Маъбадни бузинглар, Мен уч кун ичида уни тиклайман”, дея ваъда беради (Юҳанно 2:19). Бошқача қилиб айтганда, Исонинг танаси ҳозир маъбад, Худо Ўз халқи билан учрашадиган, Ўз ҳузурини намоён этадиган ва гуноҳлари билан шуғулланадиган жойдир (Юҳанно 2:21–22). Мана шунинг учун ҳам, Исо шундай вақтлар келадики, ҳақиқий сажда қилувчилар Отага энди Қуддусда эмас, балки руҳда ва ҳақиқатда сажда қиладилар, дейди (Юҳанно 4:21–24).

Исо Қуддусдаги ерга хос маъбаднинг моҳиятини амалда бажариб, унинг ўрнини эгаллайди. У ҳозир ҳақиқий сажда қилувчилар Худога сажда қиладиган “жой”дир.[3]

Исо, шу билан бирга, Мусо аҳди ва унинг чодири ва маъбади билан боғлиқ бутун қурбонлик келтириш тизимини бажо келтиради ва ўрнини эгаллайди. Ибронийларга мактубида Исо “бошқа олий руҳонийлар каби, ҳар куни олдин ўз гуноҳлари учун, кейин халқнинг гуноҳлари учун қурбонлик келтириши керак эмас. Чунки У бир марта Ўзини қурбон қилиб, халқнинг гуноҳлари учун келтириладиган ҳамма қурбонликларга чек қўйди”, деб айтилган (Ибронийлар 7:27). Исо Ўзини бир марта қурбон қилиши эски аҳд қурбонликлари каби, шунчаки танани эмас, балки, виждонимизни поклайди ва бизни ичимиздан янгилайди (Ибронийлар 9:13–14). Исо ягона қурбонлиги билан Ўз халқини комилликка эриштирган бўлса, энди ҳўкизлар ва эчкиларни қурбонлик қилишга эҳтиёж йўқ, жой ҳам керак эмас (Ибронийлар 10:1–4, 10, 11–18).

Исо Левиларнинг қурбонликларини бажо келтиради ва уларнинг ўрнини эгаллайди. Унинг қони бизни то абад гуноҳларимиздан озод қилган (Ибронийлар 9:12).

Шу тарзда яна давом эттириш мумкин. Хулоса шуки, Исонинг нажоткорлик иши Худонинг Ўз халқига муносабатини кескин ўзгартирди. Исо эълон қилган янги аҳд аввалқисининг – Худо Синайда Мусо орқали тузган аҳднинг – эскирганини кўрсатади (Ибронийлар 8:6–7, 13). Энди, Исонинг қурбонлигига имон келтириш орқали, Худонинг халқи гуноҳлари кечирилишига эришдилар. Энди, Худонинг халқи Масиҳга бўлган имони ва Руҳ орқали Унинг иноятли ҳузурини ҳис қиладилар. Энди, фақатгина бир неча руҳонийлар эмас, Худо халқининг бари Унинг олдига келиш имкониятига эга (Ибронийлар 4:16, 10:19–22).

  1. ЯНГИ АҲДДАГИ УМУМИЙ САЖДА

Юқорида айтилганларнинг Янги Аҳд даврида умумий саждага қандай алоқаси бор? Энг аввало Эски Аҳднинг саждага доир шартлари имонлиларнинг ҳаётига қўлланилишига эътибор қилиш керак. Римликларга 12:1да Павлус шундай ёзади: “Шундай қилиб, эй биродарларим, Худонинг марҳамати ҳақи сизларга ёлвораман. Ўз танангизни тирик, муқаддас ва Худога манзур бўладиган қурбонлик сифатида бағишланг. Худога лойиқ бўлган асл хизмат мана шудир.” Энди биз қурбонлик сифатида ҳайвонларни эмас балки ўзимизни бағишлаймиз. Масиҳий бутун ҳаёти давомида Худога ўзини қурбон қилади.

Ёки Ибронийлар 13:15 эътибор беринг: “Шундай экан, Исо орқали Худога ҳамду сано назрларини тақдим қилаверайлик. Исони Раббимиз деб эʼтироф этишимиз Худога қурбонликдай бўлсин.” Улуғлаш билан Худога қурбонлик келтирамиз, бу қурбонликни фақат якшанба кунлари бир соатгина эмас доимий тарзда келтирамиз. Фақат ҳамду-санолар эмас, омма олдида хушхабарни жасорат билан тан олиш, ҳақиқат сўзларини гапириш, бошқаларни севиш ҳамда биз айтадиган ҳар бир сўзни Масиҳнинг ҳукмронлиги остига олиб келиш ҳам Худони улуғлайдиган назрлар ҳисобланади.

Демак, “сажда” бу асосан якшанба кунлари қилинадиган иш эмас. Аксинча, сажда бизнинг бутун ҳаётимизни қамраб олиши керак. Масиҳий одам учун сажда муқаддас вақтлар ва жойлар билан чегараланмайди, чунки биз имон орқали Худонинг маъбади бўлмиш Масиҳга бирлашганмиз ва бизда Муқаддас Руҳ яшамоқда, У ҳар биримизни алоҳида ҳамда биргаликда Худонинг маъбадига айлантиради (1 Коринфликлар 3:16–17, 6:19; Эфесликлар 2:22).

Унда умумий сажда янги аҳдда нимани ифодалайди? Каломни ўқиш ва ваъз қилиш (1 Тимўтий 4:14); биргаликда Забур хонишлари, мадҳиялар ва руҳий қўшиқларни куйлаш (Эфесликлар 5:18–19; Колосаликлар 3:16); ибодат қилиш (1 Тимўтий 2:1–2, 8); чўмдирилиш ва Қутлуғ Кечликни нишонлаш (Матто 28:19, 1 Коринфликлар 11:17–34); бир-биримизни севгига ва яхши ишларга чорлаш (Ибронийлар 10:24–25).

Янги аҳдда умумий сажда ҳақидаги энг ҳайратланарли нарсалардан бири бу бутун танани бунёд этишдаги доимий диққат-эътибордир. Павлус шундай ёзади:“Масиҳнинг каломи сизда чуқур ўрнашиб, яшнайверсин. Донолик билан бир–бирингизга таълим беринг, насиҳат қилинг. Забурларни хониш қилиб, мадҳиялар ва руҳий қўшиқлар билан, чин кўнгилдан миннатдорчилик билдириб, Худони тараннум этинглар” (Колосаликлар 3:16). Биз Раббимизга куйлаганимизда бир биримизга таълим берамиз ва насиҳат қиламиз. Худони улуғлаганимизда биз бир-биримизни мустаҳкамлаймиз. Павлус яна ҳам кенгроқ тушунтириб, имонлилар жамоатидаги ҳамма нарса Масиҳ танасини бунёд этиш (имонда мустаҳкамлаш) ни кўзлаб қилиниши кераклигини айтади (1 Коринфликлар 14:26).

Жамоатдаги ҳафталик йиғилишларининг ўзига хослиги бу биз сажда қиладиган вақт эканлигида эмас, балки Худони биргаликда улуғлаш орқали бир-биримизнинг имонимизни мустаҳкамлаш вақти эканлигидир.

Масиҳ эълон қилган янги аҳд сабабли, бу давридаги умумий сажда эски аҳд давридаги умумий саждадан бутунлай фарқ қилади. Энди бир йилда бир нечагина марта эмас, умумий сажда ҳар ҳафта амалга оширилади. Қуддусдаги маъбаддаги йиғилиш ўрнига, имонлилар энди қаерда яшаётган бўлсалар ўша жойдаги маҳаллий жамоатларда йиғилишлари мумкин. Аввал Худонинг ҳузури Муқаддаслар Муқаддаси деб аталадиган жой билан чегараланган ва руҳонийлар томонидан қўриқланган бўлса, Худо энди Ўз Руҳи орқали Ўз халқининг ҳар бир фуқаросида истиқомат қилади ва улар йиғилишган ҳар қандай пайтда Масиҳ улар билан бирга бўлади (Матто 18:20). Мураккаб жараёнли бир қатор қурбонлик келтиришларнинг ўрнига, энди масиҳийлар Каломни тинглаш, Каломни ваъз қилиш, Каломдан ибодат қилиш, Каломдан куйлаш, хизматлар орқали биродарларда Каломнинг акс этганини кўриш учун йиғиладилар. Буларнинг бари бутун бадан ўсиб бориб ва меҳр–муҳаббат туфайли бақувват бўлиши ва ҳаммамиз Масиҳда етукликка эришишимиз учун қилинади (Эфесликлар 4:11-16).

  1. УМУМИЙ САЖДА УЧУН БУТУН МУҚАДДАС КИТОБНИ ЎҚИШ

Умумий саждада бизга нима қилишни ўргатиши учун Муқаддас Ёзувга қандай қарашимиз керак?

Фиркримча, биринчидан, биз жамоатнинг доимий йиғилишларида нима қилишимиз кераклигини Калом ҳақиқатдан ҳам ўргатишини тасдиқлашимиз муҳим. Ёдингизда бўлсин, бутун ҳаётимиз сажда бўлсада, жамоатдаги ҳар ҳафталик йиғилишларимиз Масиҳийча ҳаётимиздан алоҳида ўрин эгаллайди. Ҳамма масиҳийлар жамоат билан йиғилишлари лозим (Ибронийлар 10:24-25); жамоатга қатнаш масиҳий учун ихтиёрий эмас. Демак, аслида, жамоат аъзолари сажда (саждани ўз ичига олган ҳар бир ишни) қилишлари шарт. Шу билан бирга, Павлус масиҳийларни инсон томонидан ўйлаб топилган ҳеч қандай қонун-қоидалар ёки сажда амаллари уларнинг виждонига юкланишига йўл қўймасликка чорлайди (Колосаликлар 2:16-23).

Тахминимча, ушбу каломий тамойиллар тарихда “тартибга солувчи” деб аталган тамойилга қўшилиб кетган.[4] Яъни, жамоатлар ўзларининг умумий йиғилишларида, фақатгина Каломда белгилаб қўйилган (бу аниқ буйруқ бўладими, ёки меъёрий мисол бўладими, фарқи йўқ) ижобий амалларни бажаришлари лозим. Бошқа ҳар қандай амални қилиш масиҳий “эркинлик” билан муросага келишни билдиради. Шундай қилиб, жамоатлар биз биргаликда қандай сажда қилишимиз кераклигини бизга айтиш учун Муқаддас Ёзувга қараши керак, ҳамда Муқаддас Ёзув бизга қилишни айтган нарсаларнигина қилишимиз керак.

Лекин, савол келиб чиқади, Муқаддас Ёзув бизга айнан нима қилишимиз кераклигини айтмоқда? Янада аниқроқ қилиб айтадиган бўлсак, саждага доир қайси каломий материал меъёрий ёки мажбурий эканлигини қандай айта оламиз? Бу саволга тўлиқ жавоб бериш учун битта китоб ёзишга тўғри келади, мен эса энг қисқа “эскиз”ларни тақдим этаман.

Саждага доир каломий таълимотни тушуниш учун озроқ моҳирлик талаб этилади, чунки Муқаддас Китобнинг ҳеч қаерида, масалан, тўлиқ, тан олинган меъёрий “хизмат тартиби” берилмаган. Лекин, Янги Аҳдда шундай амрлар борки, улар барча жамоатлар учун мажбурийдир. Эфес ва Колоссадаги жамоатларнинг иккаласига ҳам куйлаш буюрилганлиги (Эфесликлар 5:18–19, Колосаликлар 3:16), ва Коринфдаги жамоатда санолар айтилгани (1 Коринфликлар 14:26), барча жамоатлар куйлаши керак деган хулосани беради. Павлус Тимўтийга мактубида Каломни ўқиш, ваъз қилиш ҳамда жамоат ўзини-ўзи қандай бошқариши кераклиги ҳақида кўрсатмалар берган (1 Тимўтий 3:15, 4:14). Бу эса, Каломни ўқиш ва ваъз қилиш амри битта жамоат учун эмас, балки ҳар бир жамоат учун Худонинг иродаси эканлигини кўрсатади.

Бошқа томондан, баъзи буйруқлар, масалан “Бир–бирингиз билан ўпишиб кўришинглар” (Римликлар 16:16), деган универсал тамойилни (“бир-бирингизни масиҳийча севги билан қутланг”) маданий жиҳатдан унчалик универсал бўлмаган шаклда ифодаланган.

Бундан ташқари, Павлуснинг Коринфликларга ҳафтанинг биринчи кунида пул ажратиб қўйишларини айтишига ўхшаш баъзи матн маъносидан келиб чиқадиган буйруқлар кенгроқ кучга эга. Матнга қарайдиган бўлсак бу буйруқ Қуддусдаги азизларга махсус қурбонлик қилиш учун ёзилган эди, лекин барча жамоатлар ўз устозларини моддий жиҳатдан қўллаб-қувватлашлари буюрилган (Галатияликлар 6:6), демак, умумий саждада қурбонликнинг ҳам алоҳида ўз ўрни бор.

Шу ергача биз саждани Янги Аҳд бўйича кўриб чиқдик. Эски Аҳд-чи? Эски Аҳдда сажда ҳақида жуда кўп буйруқлар бор ахир:

Унга ҳамду сано айтинг бурғу чалиб, Унга ҳамду сано айтинг арфа, лира чалиб.

Доира чалиб, рақс ила Унга ҳамду сано айтинг, Торли асбоб, най чалиб, Унга мадҳиялар айтинг.

Жарангдор зиллар чалиб, Унга ҳамду сано айтинг, Оҳангдор зилларни қаттиқ чалиб, Унга мадҳиялар айтинг. (Забур 150:3–5)

Бу нимани англатади? Жамоатимиз хизматлари Каломга мос бўлиши учун айнан бурғу, арфа, лира, доир, рақс, торли асбоб, жарангдор зилларни ўз ичига олиши керакми? Менимча, йўқ, бундай эмас.

Шуни унутмангки, Забур Санолари Мусо аҳди остидаги сажда ифодаларидир, баъзи Янги Аҳд ёзувчилари уни “Эски (ёки Аввалги) Аҳд” дея аташади (Ибронийлар 8:6). Энди Еремиё 31 бобда ваъда қилинган аҳд келди, аввалги аҳд эса эскирди. Биз энди, Мусо қонуни остида эмасмиз (Римликлар 7:1–6; Галатияликлар 3:23–26). Шунинг учун, Мусо давридаги сажда шакллари биз учун мажбурий эмас. Маъбадда руҳонийлар хизмат қилишган, уларнинг баъзилари диний мусиқаларга ихтисослашган эдилар (1 Солномалар 9:33). Улар Забур 150 Санода номлари келтирилган чолғу асбобларни чалишганини кўрамиз (2 Солномалар 5:12, 13; 9:11). Забур 150 Сано масиҳий сажда учун намуна бераётгани йўқ, аксинча, у маъбад ва Леви руҳонийлари билан боғлиқ эски аҳд саждасининг махсус бир шаклини ҳаракатга чорлаяпти.

Кўриниб турганидек бу жамоатнинг жамоавий ҳамду саносида қайси асбоблар бўлиши керак деган саволга жавоб эмас. Лекин, энди Эски Аҳддагидек ҳайвон қурбон қилинишга эҳтиёж бўлмаганидек, бу ҳам Эски Аҳддаги ҳодисага тўғридан-тўғри мурожаат қилиш энди муомаладан чиққанини билдиради. Айнан мана шу борада кўпгина масиҳий анъаналар саждага доир каломий теологияга мос келмайди. Худдики Леви руҳонийлиги ва маъбад саждасининг маълум бир жиҳатлари Янги Аҳд даврига ўтадигандек, Эски Аҳддаги ҳодисани танлаб қўлламоқчи бўлишади.

Албатта Эски Аҳд сажда қилишга оид кўп маълумотлар беради. Забур санолари ҳурмат, қўрқув, қувонч ва ҳайрат, миннатдорчилик ва хурсандчилик билан сажда қилишни ўргатади. Лекин Эски Аҳд Янги Аҳд жамоати саждасининг на элементларини ва на шаклларини белгилаб бермайди.

Шу нуқтаи назардан, худди Эски Аҳд Худонинг ўша вақтдаги халқи учун конституция вазифасини бажаргани каби, Янги Аҳд Худонинг бу аҳд давридаги халқи учун янги конституция вазифасини бажаради. Худонинг нажот бериш режаси битта ва У битта халқни қутқаради, лекин халқнинг У билан муносабати Масиҳнинг келиши ва Янги Аҳдни ўрнатишидан кейин тубдан ўзгарди.

Мана шунинг учун ҳам, биз каломий теологиянинг ҳамма воситаларини ишлатишимиз, яъни аҳдларни бир-бири билан улашимиз, типлар ва антитиплар ўртасидаги алоқадорликларни, ваъда ва амалга ошишларни кузатишимиз, давомийлик ва узилишларни аниқлашимиз керак, шу орқали умумий сажда теологиясига эришамиз. Масиҳнинг Янги Аҳд халқи, ваъда қилинган Муқаддас Руҳнинг маскани сифатида, биз Худо Ўз Каломида ифодалаган шартларга мос равишда Руҳда ва ҳақиқатда сажда қиламиз.


[1] Сажда қилиш бўйича изланишларимга катта ёрдам берган каломий теология учун, Давид Петерсоннинг Худо билан Алоқада Бўлиш: Саждага доир Каломий Теология китобига қаранг (David Peterson, Engaging with God: A Biblical Theology of Worship [Downers Grove: InterVarsity Press, 1992]).

[2] Муқаддас Ёзувлар ҳикоя сюжетида Худо Ўз халқини тўплаши мавзуси асосий мавзу қилиб олинган. Асосий кириш сифатида қуйидаги манбаларга мурожат қилинг: Кристофер Аш Бузилган Дунёни Қайта Барпо Этиш: Муқаддас Китоб Ҳикоя Сюжети Чизиғига Янгидан Қараш (Christopher Ash, Remaking a Broken World: A Fresh Look at the Bible Storyline [Milton Keynes, UK: Authentic, 2010]).

[3] Бутун канонлар (тўғри деб қабул қилинган битиклар) бўйлаб маъбад траекторияси ҳақида кўпроқ маълумот олиш учун Г.К. Биейлнинг Маъбад ҳамда Жамоатнинг Вазифаси: Худонинг Истиқомат Қиладиган Жойига доир Каломий Теология китобига қаранг (G. K. Beale, The Temple and the Church’s Mission: A Biblical Theology of the Dwelling Place of God, New Studies in Biblical Theology 17 [Downers Grove, IL: InterVarsity Press, 2004]).

[4] Тартибга солувчи тамойилнинг қисқача ҳимояси учун Жонатан Лиманнинг Жаз Каби Тартибга Солувчи (Jonathan Leeman, “Regulative Like Jazz,” ) ҳамда Худони Олқишланг: Саждани Ислоҳ Қилиш Учун Кўзланган Қараш (Give Praise to God: A Vision for Reforming Worship, ed. Philip Graham Ryken, Derek W. H. Thomas, and J. Ligon Duncan, III [Phillipsburg, NJ: Presbyterian & Reformed, 2003]) китобининг дастлабки уч бобига қаранг.


Биринчи марта 9та Белгилар веб-саҳифасида чоп этилган: www.9marks.org

Асл мақолани қуйидаги ҳавола орқали топишингиз мумкин: https://www.9marks.org/article/biblical-theology-and-corporate-worship/