Хушхабарчилик

Qo‘shni jamoatda uyg‘onish bo‘lishi uchun ibodat qiling

Томонидан Andy Jonson

Andy Johnson is an associate pastor at Capitol Hill Baptist Church in Washington, DC.
Мақолалар
05.08.2012

Tasavvur qiling, siz bir necha yillar davomida shahringizda uyg‘onish bo‘lishi uchun chin dildan ibodat qilib kelayotganingizda, bir kuni, to‘satdan, Xudo sizning ibodatlaringizga javob berdi.

Butun shahringiz bo‘ylab, har kuni odamlar Xudo Kalomidan xushxabar haqida eshitish uchun jamoatga oqib borishni boshladi. Shahar ko‘chalarda, ish joylarida, sinfxonalarda va uylarda, oldinlari jur’atsiz bo‘lgan jamoat a’zolari hozir jasorat bilan xushxabarni e’lon qilishmoqda va tezda buning hosillarini ko‘rishmoqda. Odamlarning hayoti o‘zgargan, nikohlar saqlanib qolingan va eng muhimi, Xudoning dushmanlari birin-ketin o‘zlarining isyonkorlik qurollarini yerga tashlab, Uning ulug‘vor va mehr-shafqatga to‘la O‘g‘Iida panoh topishmoqda.

Bularning hammasi sizning shahringizda, shundoq ko‘z oldingizda, qo‘shni mavzedagi tanish jamoatda sodir bo‘layotgan bo‘lsa-chi?

Bu savolga qanday javob berishimiz kerakligini, menimcha, hammamiz bilamiz, lekin maqtov va quvonch so‘zlari, ehtimol, tomog‘imizning tagidagi o‘kich bilan birga chiqadi.

Oldin bunday holat bo‘lgan. 1839-yilda Robert Murrey Makcheyn uzoq muddatli elchilik safariga ketganida uning o‘rniga kelgan mehmon voiz xizmati paytida jamoatda katta uyg‘onish bo‘lganini bilib qoladi. Xudoning Ruhi bizning xizmatimizni emas, boshqalarining xizmatini shunday marhamatlaganda, biz nimani sevishimiz haqidagi ba’zi juda muhim narsalar yaqqol ma’lum bo‘ladi.

“BIRINCHI BO‘LISHNI SEVADIGAN DIOTREF”

Hasad va quvonch o‘rtasidagi bunday kurash yangi narsa emas, albatta. Havoriy Yuhanno bu masala haqida o‘zining uchinchi maktubida yozadi (3-Yuhanno). U yerda, beshinchi oyatdan o‘n birinchi oyatgacha, u bizga ikki odamni tanishtiradi: biri – Gay, ikkinchisi – Diotref.

Gay boshqa jamoatlardan yuborilgan Masihning sadoqatli elchilarini qabul qilishni va qo‘llab-quvvatlashni yoqtiradi, chunki u Isoni sevadi (5-8-oyatlar).

Diotref esa, bunday emas. Diotref boshqa jamoatdan yuborilgan bunday xizmatchilarni qabul qilishni rad etadi, buning bir sababi bor: Yuhanno bizga Diotref “birinchi bo‘lishni sevadi” (o‘zbekcha Muqaddas Kitobda “o‘zini katta tutayotgan” deya tarjima qilingan, 9-oyat) deb, ochiq-oshkora aytyapti. U xushxabarchilik ishini o‘zidan boshqa odam tomonidan qilinishini ko‘rishni xohlamaydi. U raqobatga toqat qila olmaydi. Diotrefning bunday hatti-harakatlari va munosabatlarini Yuhanno “yomonlik” deya atamoqda (11-oyat).

Yomonlik – bu kuchli so‘z. Ochig‘ini aytganda Diotref haqida meni xavotirga soladigan eng katta narsa – unga bunday nomning berilishiga undagi doktrinal e’tiqodning mustahkamligi yetishmasligi sababchi deb aytilmagan. Bu yerda hech qanday noto‘g‘ri ta’limot yoki Masih haqidagi noto‘g‘ri qarashlar haqida gap ketmagan. Bizga ma’lum narsa shuki, Diotrefning teologiyasi qog‘ozda juda yaxshi ko‘rinardi. Lekin, undagi raqobatchilik ruhi uning xushxabarga nisbatan sevgisi, aslida, o‘z guruhi, o‘z xizmatiga nisbatan sevgisi – va bu oxir-oqibatda, o‘ziga nisbatan sevgi ekanligini namoyon etadi.

MA’NO SIRTDA TURIBDI

Shunday qilib, bu maqolaning mohiyati sirtida turibdi: Diotrefdek bo‘lmang! Buning o‘rniga, yaxshi narsaga, injil xushxabarini ko‘kka ko‘taradigan, Gayning raqobatchilikdan holi ruhiga taqlid qilinglar.

Lekin, bu nima uchun bunchalik muhim? Chunki nafaqat sizning yuragingiz, shu bilan birga, injil xushxabari qadr-qimmatining o‘zi ham dunyoning ko‘z o‘ngida xavf ostiga qo‘yiladi.

Axir tushuning, Xudo sizning jamoatingizda xushxabarni gullab yashnatib marhamatlayotgani uchun Uni qanday ulug‘lashingiz haqida kun bo‘yi gapirishingiz mumkin – qaysidir darajada, shunday qilishingiz ham kerak. Shunga qaramay, bunda har doim manfaatparastlik hidi qolgan bo‘ladi; axir, bu sizning jamoatingiz.

Lekin, agar siz boshqa bir jamoatda yoki boshqa bir mamlakatda yoki hatto shahringizning qo‘shni mavzesidagi jamoatda Xushxabarning mevalari yorqin namoyon bo‘layotgani uchun chin dildan Xudoni ulug‘laysizmi? Isoning ishi boshqa bir odamning xizmati tufayli katta natijalarga erishilayotganini ko‘rib bir xil quvonchni namoyon etasizmi? Agar bunga shunday munosabatda bo‘lsangiz, bu siz shunchaki, o‘z guruhingiz, xizmatingiz, jamoatingiznigina emas, Isoni va Uning xushxabari hamda Uning ulug‘lanishini sevishingizni ko‘rsatadi.

Mana shuning uchun ham yuraklarimizda va jamoatimiz a’zolari yuraklarida Gaynikiga o‘xshash munosabatni shakllantirishimiz shunchalik muhim. Bizning xizmatimiz va yutug‘imiz tufayli amalga oshmagan bo‘lsa-da, xushxabarning muvaffaqiyatli yoyilayotganini ko‘rib quvonish orqali biz Isoga va Uning ulug‘lanishiga nisbatan bo‘lgan sevgimizni juda yorqin namoyon eta olamiz.

GAYNIKIGA O‘XSHASH RUHGA EGA BO‘LISH

Jamoatingizda va o‘z yuragingizda bunday ruhni/munosabatni qanday shakllantirishingiz mumkin? Quyida bir necha usullar keltirilgan.

1. Ibodat qiling va O‘qing

Birinchidan, ibodat qiling va o‘qing. 3-Yuhanno kabi parchalar haqida fikr yuritishdan boshlang, bu parchada xushxabarning muvaffaqiyatli yoyilishi tufayli “manfaatparastlikdan holi quvonch” deb atashimiz mumkin bo‘lgan betakror ulug‘vorlik tasvirlangan. Xudo sizda qayerda bo‘lmasin, kim tomonidan amalga oshirilgan bo‘lmasin, xushxabarning rivojini qo‘llab-quvvatlashni sevadigan yurakni shakllantirishi uchun ibodat qiling. Nima uchun? Chunki siz Isoning ulug‘lanishini ko‘rishni yoqtirasiz.

2. Boshqalarga Namuna Bo‘ling va O‘rgating

Ikkinchidan, boshqalarga namuna bo‘ling va o‘rgating. Yakshanba kunlaridagi umumiy yig‘ilishlarda, minbarda turib, nomma-nom, ommaviy tarzda boshqa sadoqatli jamoatlar uchun doimiy tarzda ibodat qilish orqali bu qanday bo‘lishini jamoatingizga ko‘rsating. Xudo bir xil xushxabarni va’z qilayotgan jamoatlarning xizmatlariga rivoj berayotgani uchun Uni oshkora olqishlang, hatto bu yoningizdagi mavzeda joylashgan jamoatda sodir bo‘layotgan bo‘lsa ham. Shu bilan birga, dunyoning boshqa joylaridagi masihiylar va xushxabarchilik ishlari uchun ibodat qiling. Bu orqali odamlaringizga Xudoning Shohligi sizning mahalliy jamoatingizdan ancha kattaroq ekanligini o‘rgating.

3. Qo‘llab-quvvatlang va Nishonlang

Uchinchidan, qo‘llab-quvvatlang va nishonlang. Sadoqatli Gayga o‘xshab oxirigacha boring va o‘z jamoatingizning muhtojliklari uchun ishlatishingiz mumkin bo‘lgan pullarni olib, boshqalarga bering. Uni boshqa jamoatlarni marhamatlash uchun va Uning nomi uchun boshqa joylarga yuborilgan ishonchli xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun bering (3-Yuhanno 7). Sizning jamoatingiz tashqi xushxabarchilik ishini marhamatlash va qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z mablag‘ini yuborganda bu xuddi mikrofonda, “Biz Isoni va Uning ulug‘lanishini sevamiz, faqatgina o‘z guruhimiz va o‘z xizmatimizni emas” – deb e’lon qilishga o‘xshaydi.

O‘z jamoatingiz haqida g‘amxo‘rliq qilish uchun ham pulning bir qismini saqlab qo‘yishingiz kerak, albatta. Buni tushunaman. Lekin rostdan ham Xudo sizga bergan pulning hammasiga muhtojmisiz? Rostdanmi? O‘z jamoatingiz boshqa jamoatga moddiy yordam berishi xushxabarning ozod etuvchi kuchining ajoyib guvohligi bo‘lmaydimi? Bu jamoatingiz Xudoning inoyati orqali xudbinlik, manfaatparastlik zanjiridan ozod bo‘lganini e’lon qiladi. Haqiqiy jamoatlar pul, a’zolar yoki sharaf uchun bir-birlari bilan raqobatda bo‘lmaydilar. Axir, barcha pullar, barcha odamlar va barcha ulug‘vorlik Xudoga tegishlidir.

BOSHQA JAMOATLARNING MUVAFFAQIYATI UCHUN XUDONI CHIN DILDAN ULUG‘LAYLIK

Xudoning butun dunyo uchun rejasi bor va U bu dunyoda O‘z ishini, albatta, amalga oshiradi. U o‘z farzandlarini qutqaradi, ularni imonda mustahkam saqlaydi va ularni muqaddaslik sari o‘stiradi.

Ba’zan, U buni bizlar orqali amalga oshirishi mumkin. Ba’zan esa, qo‘shni mavzedagi jamoat orqali ham amalga oshirishi mumkin. Masihning ulug‘vorligi uchun sevgida shunday o‘saylikki, har ikkala holatda ham “Xudoga hamdu-sanolar bo‘lsin” deya chin dildan ayta olaylik.

Andy Jonson

Қўшни жамоатда уйғониш бўлиши учун ибодат қилинг

Тасаввур қилинг, сиз бир неча йиллар давомида шаҳрингизда уйғониш бўлиши учун чин дилдан ибодат қилиб келаётганингизда, бир куни, тўсатдан, Худо сизнинг ибодатларингизга жавоб берди.

Бутун шаҳрингиз бўйлаб, ҳар куни одамлар Худо Каломидан хушхабар ҳақида эшитиш учун жамоатга оқиб боришни бошлади. Шаҳар кўчаларда, иш жойларида, синфхоналарда ва уйларда, олдинлари журъатсиз бўлган жамоат аъзолари ҳозир жасорат билан хушхабарни эълон қилишмоқда ва тезда бунинг ҳосилларини кўришмоқда. Одамларнинг ҳаёти ўзгарган, никоҳлар сақланиб қолинган ва энг муҳими, Худонинг душманлари бирин-кетин ўзларининг исёнкорлик қуролларини ерга ташлаб, Унинг улуғвор ва меҳр-шафқатга тўла Ўғлида паноҳ топишмоқда.

Буларнинг ҳаммаси сизнинг шаҳрингизда, шундоқ кўз олдингизда, қўшни мавзедаги таниш жамоатда содир бўлаётган бўлса-чи?

Бу саволга қандай жавоб беришимиз кераклигини, менимча, ҳаммамиз биламиз, лекин мақтов ва қувонч сўзлари, эҳтимол, томоғимизнинг тагидаги ўкич билан бирга чиқади.

Олдин бундай ҳолат бўлган. 1839-йилда Роберт Муррей Макчейн узоқ муддатли элчилик сафарига кетганида унинг ўрнига келган меҳмон воиз хизмати пайтида жамоатда катта уйғониш бўлганини билиб қолади. Худонинг Руҳи бизнинг хизматимизни эмас, бошқаларининг хизматини шундай марҳаматлаганда, биз нимани севишимиз ҳақидаги баъзи жуда муҳим нарсалар яққол маълум бўлади.

БИРИНЧИ БЎЛИШНИ СEВАДИГАН ДИОТРEФ

Ҳасад ва қувонч ўртасидаги бундай кураш янги нарса эмас, албатта. Ҳаворий Юҳанно бу масала ҳақида ўзининг учинчи мактубида ёзади (3 Юҳанно). У ерда, бешинчи оятдан ўн биринчи оятгача, у бизга икки одамни таништиради: бири – Гай, иккинчиси – Диотреф.

Гай бошқа жамоатлардан юборилган Масиҳнинг садоқатли элчиларини қабул қилишни ва қўллаб-қувватлашни ёқтиради, чунки у Исони севади (5-8-оятлар).
Диотреф эса, бундай эмас. Диотреф бошқа жамоатдан юборилган бундай хизматчиларни қабул қилишни рад этади, бунинг бир сабаби бор: Юҳанно бизга Диотреф “биринчи бўлишни севади” (ўзбекча Муқаддас Китобда “ўзини катта тутаётган” дея таржима қилинган, 9-оят) деб, очиқ-ошкора айтяпти. У хушхабарчилик ишини ўзидан бошқа одам томонидан қилинишини кўришни хоҳламайди. У рақобатга тоқат қила олмайди. Диотрефнинг бундай ҳатти-ҳаракатлари ва муносабатларини Юҳанно “ёмонлик” дея атамоқда (11-оят).

Ёмонлик – бу кучли сўз. Очиғини айтганда Диотреф ҳақида мени хавотирга соладиган энг катта нарса – унга бундай номнинг берилишига ундаги доктринал эътиқоднинг мустаҳкамлиги етишмаслиги сабабчи деб айтилмаган. Бу ерда ҳеч қандай нотўғри таълимот ёки Масиҳ ҳақидаги нотўғри қарашлар ҳақида гап кетмаган. Бизга маълум нарса шуки, Диотрефнинг теологияси қоғозда жуда яхши кўринарди. Лекин, ундаги рақобатчилик руҳи унинг хушхабарга нисбатан севгиси, аслида, ўз гуруҳи, ўз хизматига нисбатан севгиси – ва бу охир-оқибатда, ўзига нисбатан севги эканлигини намоён этади.

МАЪНО СИРТДА ТУРИБДИ 

Шундай қилиб, бу мақоланинг моҳияти сиртида турибди: Диотрефдек бўлманг! Бунинг ўрнига, яхши нарсага, инжил хушхабарини кўкка кўтарадиган, Гайнинг рақобатчиликдан ҳоли руҳига тақлид қилинглар.

Лекин, бу нима учун бунчалик муҳим? Чунки нафақат сизнинг юрагингиз, шу билан бирга, инжил хушхабари қадр-қимматининг ўзи ҳам дунёнинг кўз ўнгида хавф остига қўйилади.

Ахир тушунинг, Худо сизнинг жамоатингизда хушхабарни гуллаб яшнатиб марҳаматлаётгани учун Уни қандай улуғлашингиз ҳақида кун бўйи гапиришингиз мумкин – қайсидир даражада, шундай қилишингиз ҳам керак. Шунга қарамай, бунда ҳар доим манфаатпарастлик ҳиди қолган бўлади; ахир, бу сизнинг жамоатингиз.

Лекин, агар сиз бошқа бир жамоатда ёки бошқа бир мамлакатда ёки ҳатто шаҳрингизнинг қўшни мавзесидаги жамоатда Хушхабарнинг мевалари ёрқин намоён бўлаётгани учун чин дилдан Худони улуғлайсизми? Исонинг иши бошқа бир одамнинг хизмати туфайли катта натижаларга эришилаётганини кўриб бир хил қувончни намоён этасизми? Агар бунга шундай муносабатда бўлсангиз, бу сиз шунчаки, ўз гуруҳингиз, хизматингиз, жамоатингизнигина эмас, Исони ва Унинг хушхабари ҳамда Унинг улуғланишини севишингизни кўрсатади.

Мана шунинг учун ҳам юракларимизда ва жамоатимиз аъзолари юракларида Гайникига ўхшаш муносабатни шакллантиришимиз шунчалик муҳим. Бизнинг хизматимиз ва ютуғимиз туфайли амалга ошмаган бўлса-да, хушхабарнинг муваффақиятли ёйилаётганини кўриб қувониш орқали биз Исога ва Унинг улуғланишига нисбатан бўлган севгимизни жуда ёрқин намоён эта оламиз.

ГАЙНИКИГА ЎХШАШ РУҲГА ЭГА БЎЛИШ

Жамоатингизда ва ўз юрагингизда бундай руҳни/муносабатни қандай шакллантиришингиз мумкин? Қуйида бир неча усуллар келтирилган.

1. Ибодат қилинг ва Ўқинг

Биринчидан, ибодат қилинг ва ўқинг. 3 Юҳанно каби парчалар ҳақида фикр юритишдан бошланг, бу парчада хушхабарнинг муваффақиятли ёйилиши туфайли “манфаатпарастликдан ҳоли қувонч” деб аташимиз мумкин бўлган бетакрор улуғворлик тасвирланган. Худо сизда қаерда бўлмасин, ким томонидан амалга оширилган бўлмасин, хушхабарнинг ривожини қўллаб-қувватлашни севадиган юракни шакллантириши учун ибодат қилинг. Нима учун? Чунки сиз Исонинг улуғланишини кўришни ёқтирасиз.

2. Бошқаларга Намуна Бўлинг ва Ўргатинг

Иккинчидан, бошқаларга намуна бўлинг ва ўргатинг. Якшанба кунларидаги умумий йиғилишларда, минбарда туриб, номма-ном, оммавий тарзда бошқа садоқатли жамоатлар учун доимий тарзда ибодат қилиш орқали бу қандай бўлишини жамоатингизга кўрсатинг. Худо бир хил хушхабарни ваъз қилаётган жамоатларнинг хизматларига ривож бераётгани учун Уни ошкора олқишланг, ҳатто бу ёнингиздаги мавзеда жойлашган жамоатда содир бўлаётган бўлса ҳам. Шу билан бирга, дунёнинг бошқа жойларидаги масиҳийлар ва хушхабарчилик ишлари учун ибодат қилинг. Бу орқали одамларингизга Худонинг Шоҳлиги сизнинг маҳаллий жамоатингиздан анча каттароқ эканлигини ўргатинг.

3. Қўллаб-қувватланг ва Нишонланг

Учинчидан, қўллаб-қувватланг ва нишонланг. Садоқатли Гайга ўхшаб охиригача боринг ва ўз жамоатингизнинг муҳтожликлари учун ишлатишингиз мумкин бўлган пулларни олиб, бошқаларга беринг. Уни бошқа жамоатларни марҳаматлаш учун ва Унинг номи учун бошқа жойларга юборилган ишончли хизматчиларни қўллаб-қувватлаш учун беринг (3 Юҳанно 7). Сизнинг жамоатингиз ташқи хушхабарчилик ишини марҳаматлаш ва қўллаб-қувватлаш учун ўз маблағини юборганда бу худди микрофонда, “Биз Исони ва Унинг улуғланишини севамиз, фақатгина ўз гуруҳимиз ва ўз хизматимизни эмас” – деб эълон қилишга ўхшайди.

Ўз жамоатингиз ҳақида ғамхўрлиқ қилиш учун ҳам пулнинг бир қисмини сақлаб қўйишингиз керак, албатта. Буни тушунаман. Лекин ростдан ҳам Худо сизга берган пулнинг ҳаммасига муҳтожмисиз? Ростданми? Ўз жамоатингиз бошқа жамоатга моддий ёрдам бериши хушхабарнинг озод этувчи кучининг ажойиб гувоҳлиги бўлмайдими? Бу жамоатингиз Худонинг инояти орқали худбинлик, манфаатпарастлик занжиридан озод бўлганини эълон қилади. Ҳақиқий жамоатлар пул, аъзолар ёки шараф учун бир-бирлари билан рақобатда бўлмайдилар. Ахир, барча пуллар, барча одамлар ва барча улуғворлик Худога тегишлидир.

БОШҚА ЖАМОАТЛАРНИНГ МУВАФФАҚИЯТИ УЧУН ХУДОНИ ЧИН ДИЛДАН УЛУҒЛАЙЛИК 

Худонинг бутун дунё учун режаси бор ва У бу дунёда Ўз ишини, албатта, амалга оширади. У ўз фарзандларини қутқаради, уларни имонда мустаҳкам сақлайди ва уларни муқаддаслик сари ўстиради.

Баъзан, У буни бизлар орқали амалга ошириши мумкин. Баъзан эса, қўшни мавзедаги жамоат орқали ҳам амалга ошириши мумкин. Масиҳнинг улуғворлиги учун севгида шундай ўсайликки, ҳар иккала ҳолатда ҳам “Худога ҳамду-санолар бўлсин” дея чин дилдан айта олайлик.

Андй Жонсон