Жамоатдаги Интизом

Jamoatni Gullab-Yashnatuvchi 6 Nafar A’zo

Мақолалар
08.10.2021

Har bir mahalliy jamoat, Xudoning qudrati bilan Iso Masih shaxsi va amali orqali tubdan o’zgargan xilma-xil insonlar guruhidan tashkil topgan. Bu xilma-xil odamlarda bir-birlariga g’amxo’rlik qilish u yoqda tursin, birga yashab faoliyat yuritish uchun hech qanday sabab yo’q – shunga qaramay, ular Rabbiy ismini ulug’lash va sharaflash uchun sevgi va birdamlikda yashashni tanlashgan.

Sog’lom mahalliy jamoatlar bizni kuzatayotgan tashqi dunyoga kuchli va ta’sirli guvohlik beradi. Bu esa, har bir jamoat a’zosi boshqalarning imonini kuchaytirish uchun o’zini bag’ishlashi kerakligini anglatadi. Keyingi maqolam jamoatning gullab yashnashiga to’sqinlik qiladigan to’rt toifa odamlar haqida bo’ladi.

Ushbu maqolada jamoatni gullab yashnatadigan olti toifadagi jamoat a’zolari muhokama qilinadi.

1. Jamoat yig’ilishlarida ishtirok etadigan a’zo.

Jamoat a’zolari bir-birlarini mustahkamlashining eng asosiy yo’li bu jamoatda ishtirok etishdir. Bu esa Masihning tanasi bo’lgan jamoatga fidoiylik ko’rsatishning yorqin misolidir. Masihdagi birodar yoki opa-singlingiz jamoat yig’ilishiga kelishini bilishning o’zi, va u bilan birga Xudoga sajda qilish insonga katta dalda beradi.

Ibroniylarga maktubining muallifi imonlilarga “Biz bir–birimizga eʼtiborli boʻlaylik, bir–birimizni mehr–muhabbatga va xayrli ishlarga chorlaylik” va “bir–birimizni yanada koʻproq ruhlantiraylik” deb aytgan. Bularni amalga oshirish uchun nima qilish kerak degan? “Yigʻilishlarimizni qoldirma”sligimiz kerak (Ibroniylar 10:24-25). Agar imonli birodar opa-singillarimiz bilan muntazam ravishda uchrashib turmasak ularning imonini mustahkamlolmaymiz. Shu sababli, yig’ilishda muntazam ravishda ishtirok etmaydiganlar ko’pincha imonda mustahkam turolmaydilar va buning oqibatida ular noliydigan, shikoyat qiladigan jamoat a’zosiga aylanib qolishlari tabiiy holdir.

Hurmatli jamoat a’zosi, jamoat yig’ilishlari siz yoki sizning qulayligingiz uchun emas. Aksincha, chin dildan, sodiqlik bilan yig’ilishlarda ishtirok etib, boshqalarning imonini mustahkamlang.

2. Ruhlantiruvchi jamoat a’zosi.

Kolosaliklarga 4-bobdagi Pavlusning Tixikus haqida aytgan so’zlariga e’tibor bering. “Sizlarga dalda berib, hol–ahvolimizni sizlarga bildirsin deb, men uni sizlarning oldingizga joʻnatyapman” (Kolosaliklar 4:8). Nega u do’stini yuboradi? Kolosaliklarni ruhlantirish uchun. Biz Pavlusdan ibrat olishimiz kerak.

Ruhlantiruvchi jamoat a’zosi boshqa jamoat a’zolarni maqtaydi, maslahat beradi, olqishlaydi, minnatdorchilik bildiradi, tasalli beradi, turtki beradi, qo’llab-quvvatlaydi va iltifot ko’rsatadi. Biz ruhlantirishga shunchaki teatrdagi tomoshabinlarning olqishiga qaraganday qaraymiz. Lekin, masihiycha ruhlantirish bundanda ko’proq bo’lib, bu sizni ishga kirishishga undaydigan jamoadoshingiz kabidir.

Bundan tashqari, ruhlantirish shunchaki xushomadgo’ylik emas. Ya’ni shunchaki iltifotli bo’lib odamlar eshitishni istaydigan gaplarlarni aytish emas. Aksincha, haqiqiy ruhlantirish sof va samimiydir. Bu yaxshi xizmat qiladiganlarni maqtash va shuningdek, Rabbimiz bilan yurishda qiynalayotganlarga turtki berishdir. Bunday jamoat a’zolari Masih jamoatiga katta marhamatdir. Shundaylardan biri bo’lishga intiling.

3. G’iybat qilmasdan haqiqatni ochiq aytuvchi jamoat a’zosi.

Jamoatlar gunohkor insonlarga to’la, ya’ni jamoat a’zolari bir-birilariga qarshi gunoh qilishadi. Bu esa jamoatning birlashishiga halal beradi va bu jamoat a’zolaridan bir-birlariga sevgi va muloyimlik bilan haqiqatni ochiq aytishni talab etadi.

Haqiqatni ochiq aytuvchi jamoat a’zosi g’iybatchi va tuhmatchi jamoat a’zosining aksidir. Ular gunohda yashayotgan odamlarga haqiqatni ochiq aytish va ularni tiklash uchun Muqaddas Yozuvlarning topshirig’iga bo’ysunadilar (Matto 18:15–18, Galatiyaliklar 6:1-2). Haqiqatni ochiq aytishga ularni shunchaki birovning gunohi ranjitgani emas, balki bu gunoh Rabbimizni ranjitgani undaydi – ayniqsa hal qilinmagan va yomonlashib, o’sib borayotgan gunoh (1-Korinfliklar 5). Haqiqatni ochiq aytuvchi jamoat a’zosi Xudoni va boshqa imonlilarni sevgani uchun haqiqatni ularga ochiq aytadi.

4. Ibodatgo’y jamoat a’zosi.

Men Shomuilning Dovudga aytgan so’zlaridan doim hayratlanaman: “Egamizga sizlar uchun ibodat qilaman. Aks holda, Unga qarshi gunoh qilgan bo’laman. Bundan Xudo saqlasin!” (1-Shohlar 12:23).

Bir-birimiz uchun ibodat qilishga burchlimiz. O’zini ibodatga bag’ishlagan jamoat a’zosi eng yaxshi a’zo hisoblanadi. Ular Xudoga suyanishni bilganlari uchun ibodatga yuqori baho berishadi. Odatda, ibodatgo’y jamoat a’zolari odamlar bilan kamroq va Xudo bilan odamlar haqida ko’proq gaplashishni o’rganadilar. Ular jamoatning nomi chiqmagan qahramonlari hisoblanishadi. Agar ibodat jamoatni harakatlantiradigan bo’lsa, unda ibodatgo’y jamoat a’zosi jamoatning sog’lom o’sishi uchun juda muhimdir.

5. Xizmat qiladigan jamoat a’zosi.

Jamoatda ishtirok etish muhim, lekin uning a’zolari yig’ilishga borish bilan cheklanib qolmasliklari kerak. Ular xizmat qilishlari kerak. Ular «Xudoning xalqiga xizmat” qilishlari kerak (Efesliklar 4:12). Ular o’z qobiliyatlarini Xudoga va boshqa jamoat a’zolarga xizmat qilish uchun ishlatadilar, shu jarayonda jamoatni mustahkamlaydilar.

Jamoada yolg’iz emasligingizni bilish katta dalda beradi. Siz bilan birga kurashayotgan va sizni ruhlantiradigan jamoadoshlaringiz borligini bilish esa sizga katta tasalli beradi. Xizmat qilish qo’lidan keladigan, ammo jamoatda xizmat qilmaydiganlar undagi boshqa a’zolarni tushkunlikka tushirishga moyil bo’lishadi.

6. Sabr-toqatli jamoat a’zosi.

Sabr-toqatli bo’lish imonlilar hamda butun jamoat uchun hayotiy ahamiyatga ega. Axir, masihiycha hayot yaqin masofaga tez yugurish emas, balki marafondir. Rabbimiz bilan yurish bu jarayon, biz imonda birdaniga sezilarli darajada o’sib ketolmaymiz.

Bularning barchasi biz bir-birimizning zaifliklarimizga va kamchiliklarimizga chidashni o’rganishimiz kerakligini anglatadi. Biz beg’araz kechirishni va bir-birimizga sabr-toqat bilan yondashishni o’rganishimiz kerak. Sabr-toqatli jamoat a’zosi boshqalarning xatolariga muruvvat bilan toqat qiladi. Ular hech qanday jamoat mukammal bo’lmasligini tushunganlari uchun xursandchilik bilan sabr qiladilar. Sabr-toqatli a’zolari bor jamoat – bu bir-biriga haqiqatni ochiq ayta oladigan, bir-biriga dalda beradigan, gunohlarini tan oladigan va bir-birini kechira oladigan a’zolari bor bo’lgan maskandir.

Xulosa

Qadrli jamoat a’zosi, ushbu fazilatlarni o’z hayotingizda tadbiq qiling va boshqalarni ham shunga undang. O’zingiz va boshqalar uchun ibodat qiling. Jamoatda ishtirok etib ruhlantiradigan, ibodatgo’y va xizmat qiladigan a’zo sifatida jamoatning mustahkam bo’lishi uchun ibodat qiling. Bu esa Masih jamoatini gullab yashnatadi.

Maqola muallifi Chopo Mvanza

Chopo Mvanza – Zambiyaning Kitve shahridagi Riversayd Imon Baptist Jamoati (Faith Baptist Church) cho’poni.


Birinchi marta 9ta Belgilar veb-sahifasida chop etilgan: www.9marks.org 

Asl maqolani quyidagi havola orqali topishingiz mumkin: https://www.9marks.org/article/6-kinds-of-church-members-that-build-up-the-church/

 

Жамоатни Гуллаб-Яшнатувчи 6 Нафар Аъзо

Ҳар бир маҳаллий жамоат, Худонинг қудрати билан Исо Масиҳ шахси ва амали орқали тубдан ўзгарган хилма-хил инсонлар гуруҳидан ташкил топган. Бу хилма-хил одамларда бир-бирларига ғамхўрлик қилиш у ёқда турсин, бирга яшаб фаолият юритиш учун ҳеч қандай сабаб йўқ – шунга қарамай, улар Раббий исмини улуғлаш ва шарафлаш учун севги ва бирдамликда яшашни танлашган.

Соғлом маҳаллий жамоатлар бизни кузатаётган ташқи дунёга кучли ва таъсирли гувоҳлик беради. Бу эса, ҳар бир жамоат аъзоси бошқаларнинг имонини кучайтириш учун ўзини бағишлаши кераклигини англатади. Кейинги мақолам жамоатнинг гуллаб яшнашига тўсқинлик қиладиган тўрт тоифа одамлар ҳақида бўлади.

Ушбу мақолада жамоатни гуллаб яшнатадиган олти тоифадаги жамоат аъзолари муҳокама қилинади.

1. Жамоат йиғилишларида иштирок этадиган аъзо.

Жамоат аъзолари бир-бирларини мустаҳкамлашининг энг асосий йўли бу жамоатда иштирок этишдир. Бу эса Масиҳнинг танаси бўлган жамоатга фидоийлик кўрсатишнинг ёрқин мисолидир. Масиҳдаги биродар ёки опа-синглингиз жамоат йиғилишига келишини билишнинг ўзи, ва у билан бирга Худога сажда қилиш инсонга катта далда беради.

Ибронийларга мактубининг муаллифи имонлиларга “Биз бир–биримизга эътиборли бўлайлик, бир–биримизни меҳр–муҳаббатга ва хайрли ишларга чорлайлик” ва “бир–биримизни янада кўпроқ руҳлантирайлик” деб айтган. Буларни амалга ошириш учун нима қилиш керак деган? “Йиғилишларимизни қолдирма”слигимиз керак (Ибронийлар 10:24-25). Агар имонли биродар опа-сингилларимиз билан мунтазам равишда учрашиб турмасак уларнинг имонини мустаҳкамлолмаймиз. Шу сабабли, йиғилишда мунтазам равишда иштирок этмайдиганлар кўпинча имонда мустаҳкам туролмайдилар ва бунинг оқибатида улар нолийдиган, шикоят қиладиган жамоат аъзосига айланиб қолишлари табиий ҳолдир.

Ҳурматли жамоат аъзоси, жамоат йиғилишлари сиз ёки сизнинг қулайлигингиз учун эмас. Аксинча, чин дилдан, содиқлик билан йиғилишларда иштирок этиб, бошқаларнинг имонини мустаҳкамланг.

2. Руҳлантирувчи жамоат аъзоси.

Колосаликларга 4-бобдаги Павлуснинг Тихикус ҳақида айтган сўзларига эътибор беринг. “Сизларга далда бериб, ҳол–аҳволимизни сизларга билдирсин деб, мен уни сизларнинг олдингизга жўнатяпман” (Колосаликлар 4:8). Нега у дўстини юборади? Колосаликларни руҳлантириш учун. Биз Павлусдан ибрат олишимиз керак.

Руҳлантирувчи жамоат аъзоси бошқа жамоат аъзоларни мақтайди, маслаҳат беради, олқишлайди, миннатдорчилик билдиради, тасалли беради, туртки беради, қўллаб-қувватлайди ва илтифот кўрсатади. Биз руҳлантиришга шунчаки театрдаги томошабинларнинг олқишига қарагандай қараймиз. Лекин, масиҳийча руҳлантириш бунданда кўпроқ бўлиб, бу сизни ишга киришишга ундайдиган жамоадошингиз кабидир.

Бундан ташқари, руҳлантириш шунчаки хушомадгўйлик эмас. Яъни шунчаки илтифотли бўлиб одамлар эшитишни истайдиган гапларларни айтиш эмас. Аксинча, ҳақиқий руҳлантириш соф ва самимийдир. Бу яхши хизмат қиладиганларни мақташ ва шунингдек, Раббимиз билан юришда қийналаётганларга туртки беришдир. Бундай жамоат аъзолари Масиҳ жамоатига катта марҳаматдир. Шундайлардан бири бўлишга интилинг.

3. Ғийбат қилмасдан ҳақиқатни очиқ айтувчи жамоат аъзоси.

Жамоатлар гуноҳкор инсонларга тўла, яъни жамоат аъзолари бир-бириларига қарши гуноҳ қилишади. Бу эса жамоатнинг бирлашишига ҳалал беради ва бу жамоат аъзоларидан бир-бирларига севги ва мулойимлик билан ҳақиқатни очиқ айтишни талаб этади.

Ҳақиқатни очиқ айтувчи жамоат аъзоси ғийбатчи ва туҳматчи жамоат аъзосининг аксидир. Улар гуноҳда яшаётган одамларга ҳақиқатни очиқ айтиш ва уларни тиклаш учун Муқаддас Ёзувларнинг топшириғига бўйсунадилар (Матто 18:15–18, Галатияликлар 6:1-2). Ҳақиқатни очиқ айтишга уларни шунчаки бировнинг гуноҳи ранжитгани эмас, балки бу гуноҳ Раббимизни ранжитгани ундайди – айниқса ҳал қилинмаган ва ёмонлашиб, ўсиб бораётган гуноҳ (1 Коринфликлар 5). Ҳақиқатни очиқ айтувчи жамоат аъзоси Худони ва бошқа имонлиларни севгани учун ҳақиқатни уларга очиқ айтади.

4. Ибодатгўй жамоат аъзоси.

Мен Шомуилнинг Довудга айтган сўзларидан доим ҳайратланаман: “Эгамизга сизлар учун ибодат қиламан. Акс ҳолда, Унга қарши гуноҳ қилган бўламан. Бундан Худо сақласин!” (1 Шоҳлар 12:23).

Бир-биримиз учун ибодат қилишга бурчлимиз. Ўзини ибодатга бағишлаган жамоат аъзоси энг яхши аъзо ҳисобланади. Улар Худога суянишни билганлари учун ибодатга юқори баҳо беришади. Одатда, ибодатгўй жамоат аъзолари одамлар билан камроқ ва Худо билан одамлар ҳақида кўпроқ гаплашишни ўрганадилар. Улар жамоатнинг номи чиқмаган қаҳрамонлари ҳисобланишади. Агар ибодат жамоатни ҳаракатлантирадиган бўлса, унда ибодатгўй жамоат аъзоси жамоатнинг соғлом ўсиши учун жуда муҳимдир.

5. Хизмат қиладиган жамоат аъзоси.

Жамоатда иштирок этиш муҳим, лекин унинг аъзолари йиғилишга бориш билан чекланиб қолмасликлари керак. Улар хизмат қилишлари керак. Улар «Худонинг халқига хизмат” қилишлари керак (Эфесликлар 4:12). Улар ўз қобилиятларини Худога ва бошқа жамоат аъзоларга хизмат қилиш учун ишлатадилар, шу жараёнда жамоатни мустаҳкамлайдилар.

Жамоада ёлғиз эмаслигингизни билиш катта далда беради. Сиз билан бирга курашаётган ва сизни руҳлантирадиган жамоадошларингиз борлигини билиш эса сизга катта тасалли беради. Хизмат қилиш қўлидан келадиган, аммо жамоатда хизмат қилмайдиганлар ундаги бошқа аъзоларни тушкунликка туширишга мойил бўлишади.

6. Сабр-тоқатли жамоат аъзоси.

Сабр-тоқатли бўлиш имонлилар ҳамда бутун жамоат учун ҳаётий аҳамиятга эга. Ахир, масиҳийча ҳаёт яқин масофага тез югуриш эмас, балки марафондир. Раббимиз билан юриш бу жараён, биз имонда бирданига сезиларли даражада ўсиб кетолмаймиз.

Буларнинг барчаси биз бир-биримизнинг заифликларимизга ва камчиликларимизга чидашни ўрганишимиз кераклигини англатади. Биз беғараз кечиришни ва бир-биримизга сабр-тоқат билан ёндашишни ўрганишимиз керак. Сабр-тоқатли жамоат аъзоси бошқаларнинг хатоларига мурувват билан тоқат қилади. Улар ҳеч қандай жамоат мукаммал бўлмаслигини тушунганлари учун хурсандчилик билан сабр қиладилар. Сабр-тоқатли аъзолари бор жамоат – бу бир-бирига ҳақиқатни очиқ айта оладиган, бир-бирига далда берадиган, гуноҳларини тан оладиган ва бир-бирини кечира оладиган аъзолари бор бўлган маскандир.

Хулоса

Қадрли жамоат аъзоси, ушбу фазилатларни ўз ҳаётингизда тадбиқ қилинг ва бошқаларни ҳам шунга унданг. Ўзингиз ва бошқалар учун ибодат қилинг. Жамоатда иштирок этиб руҳлантирадиган, ибодатгўй ва хизмат қиладиган аъзо сифатида жамоатнинг мустаҳкам бўлиши учун ибодат қилинг. Бу эса Масиҳ жамоатини гуллаб яшнатади.

Мақола муаллифи Чопо Мванза

Чопо Мванза – Замбиянинг Китве шаҳридаги Риверсайд Имон Баптист Жамоати (Faith Baptist Church) чўпони.


Биринчи марта 9та Белгилар веб-саҳифасида чоп этилган: www.9marks.org 

Асл мақолани қуйидаги ҳавола орқали топишингиз мумкин: https://www.9marks.org/article/6-kindsofchurchmembersthatbuildupthechurch/