Экспозицион Ваъз

Ekspozitsion bo‘lmagan va’zlarga 12 ta misol

Мақолалар
06.08.2015

Mark Dever ekspozitsion va’zni “Muqaddas Kitobdagi ma’lum bir parchaning asosiy g‘oyasini olib va’zning asosiy g‘oyasiga aylantiradigan va’z”, deya to‘g‘ri tasvirlaydi.

Shunga qaramay, ekspozitsional bo‘lishi niyat qilingan, lekin bunday deb atalib bo‘lmaydigan va’zlarni eshitganman (va o‘zim ham va’z qilganman!). Quyida o‘n ikkita shunday tuzoqlar keltirilgan: ulardan beshtasida parchadagi asosiy g‘oya va’zning asosiy g‘oyasiga aylantirilmaydi va shuning uchun matndan noto‘g‘ri foydalaniladi, yana beshtasi matn va aniq bir jamoat bilan bog‘liqlikka ega emas va ikkitasida va’z bu, oxir oqibatda, Xudoning ishi ekanligini anglashmaydi.

Bu kuzatishlardan hech biri to’g‘ridan-to‘g‘ri men bilan bog‘liq emas. Ulardan ko‘pini 90-yillarda Kembridjdagi jamoatda o‘rganganman. Qolganlarini yo‘l-yo‘lakay yiqqanman. Bir necha yil oldin shunga o‘xshash maqola yozganman, navbatdagi ushbu maqolamda odamlarning bergan maslahatlarini ham qo‘shimcha sifatida kiritganman.

MATNNI KO‘RA OLMAGANLAR

1) “Asosga Ega Bo‘lmagan Va’z”: Matn Noto‘g‘ri Tushunilgan

Bunda va’zxon, ehtimol, to‘g‘ri narsalar haqida gapiradi, lekin ular matnning to‘g‘ri talqin qilinishiga asoslanmagan. U matnning yoki ma’nosiga, yoki kontekstiga yaxshilab e’tibor bermagan (masalan, Dovud va Go‘liyot haqidagi va’zda “sizning Go‘liyotingiz kim va siz unga qarshi tayyorlashingiz kerak bo‘lgan beshta silliq toshlar nimalar?”, deya kontekstdan yulib olish kabi).

Agar va’zxon va’zlarni tayyorlayotganda o‘zini Xudo Kalomidagi haqiqatni chuqur o‘rganishga bag‘ishlamasa, bu va’zlar Xudoning emas, o‘zining g‘oyalariga to‘la va’zlar bo‘ladi.

2)  “Tramplin-Va’z”: Matnning Asosiy G‘oyasi E’tiborga Olinmaydi

Bu va’zxon matnning asosiy g‘oyasiga emas, qandaydir ikkinchi darajali narsaga asosiy e’tiborni qaratgan va’zga juda o‘xshaydi. Yuhanno 2-bobda tasvirlangan Kana shahridagi to‘y haqida tayyorlangan bir va’zni tasavvur qiling, unda asosiy e’tibor masihiylar alkogol mahsulotini iste’mol qilishlari oddiy hol ekanligiga qaratilmoqda va parchaning asosiy g‘oyasi bo‘lmish Isoning suvni sharobga aylantirish mo‘jizasi orqali Masihda Yangi Ahd ulug‘vorligining namoyon bo‘lishi haqida hech nima deyilmayapti. Mana shu tramplin-va’zdir.

Kitobdagi parchalarni bir boshdan birin-ketin va’z qilishning eng katta afzalliklaridan biri bu va’zxon odatda gapirmasdan qoldirib ketadigan mavzular haqida gapirishga va keragidan ortiq urg‘u berishga moyil bo‘lgan mavzulariga to‘g‘ri baho berishga majbur bo‘ladi. “Asossiz” yoki “tramplin” va’zlar aytuvchi va’zxon o‘zi xohlamagan holda bu ikki afzalliklardan o‘zini mosuvo qiladi va Xudo gapirishni xohlagan masalalar chetda qolib ketadi.

3) “Doktrinal Va’z”: Matnning Xilma-xilligi Inobatga Olinmaydi

Xudo ataylab bizga “ko‘p marta va turli tarzda” gapirgan (Ibr 1:1). Juda ko‘p va’zxonlar parchaning adabiy janrini inobatga olishmaydi va she’riyat, bashorat, hikoya, maktublar ko‘rinishidagi matnlarni bir xil va’z qilishadi. Oxir-oqibatda aytilgan ta’kidlar seriyasi o‘zgarishsiz qoladi. Barcha va’zlar ta’kidlangan haqiqatlarni yetkazsada, ular shu bilan kifoyalanib qolmasliklari kerak. Parchalarning adabiy konteksti, masalan, Qo‘shiqlar kitobidan tayyorlangan va’z Efesliklarga 5-bobdan tayyorlangan va’zdan farqlanishini anglatishi kerak. Parchaning asosiy g‘oyasi, ehtimol, o‘xshash bo‘lishi mumkin, lekin ular turli tarzda yetkazib berilgan. Va’z qilayotganda Muqaddas Kitobdagi matnlarning xilma-xilligi “tekislab” tashlanmasligi kerak, aksincha, uning adabiy janrini inobatga olib, undan kelib chiqqan holda yetkazib berish kerak. Hikoya janri bizga boshqa odamning ichki kechinmalarini tushunishga va his qilishga, she’riyat bizning hissiy munosabatimizni oshirishga, bashorat hamda vahiy esa, Xudoga nisbatan ehtiromli qo‘rquvda bo‘lishimizga  yordam berishi kerak.

4) “‘Mening‘ Va’zim”: Kalomiy Matn Deyarli Tilga Olinmaydi

Ekzegetik va’zning aksi bo‘lgan bunday va’zda va’zxon ekzegetik tahlilni umuman amalga oshirmaydi. Rabbimiz matnda O‘zi nazarda tutgan ma’noni joylashtirsada, bu borada va’zxonning o‘z qarashi bo‘ladi. Bunday va’z tugagandan keyin tinglovchilar “qanday ajoyib va’z” deyishlari mumkin, lekin “Kalomdagi qanday ajoyib parcha” deyishmaydi.

Keling, jamoatdagi tinglovchilarimizni faqatgina bizning ovozimizni emas, Xudoning ovozini eshitishga chorlaylik. Buning uchun, “aytayotganlarimga diqqat bilan quloq soling” deb emas, balki “Xudo beshinchi oyatda nima deyotganiga diqqat qiling” deb, ularning e’tiborini tez-tez matnga qaratishimiz kerak

5) “Masihsiz va’z”: Najotkor Ishtirok Etmagan Va’z

Iso farziylarni quyidagicha tanqid qiladi: «Sizlar Muqaddas Bitiklarni tekshirasizlar, chunki ular orqali abadiy hayotga ega bo‘lamiz deb o‘ylaysizlar. Ammo o‘sha Yozuvlar Men to‘g‘rimda guvohlik beradi–ku! Sizlar esa hayotga ega bo‘lish uchun oldimga kelishni istamaysizlar» (Yuhanno 5:39-40). Isoning oldiga hayotga ega bo‘lish uchun kelgan bizlar butun jamoatni Muqaddas Kitobdagi parchani o‘rganishga olib kelib, lekin u Masih haqida nima deyishini ko‘rsatmasligimiz, Eski Ahddagi matnlarni axloqiy va’zlarga aylantirishimiz  va hatto Xushxabarning o‘zidan Masihsiz, injil xushxabarisiz va’zlar aytishimiz – qanday achinarli hol. Getsimaniya bog‘idagi hikoyaga asoslanib tayyorlangan, qanday qilib hayotimizdagi qiyinchiliklardan o‘tishimiz mumkinligi haqidagi darslardan iborat va’z qanday dahshatli ekanligini bir tasavvur qilib ko‘ring.

Agar Xudoning Kalomi bir katta g‘ildirak bo‘lsa, uning markazi Masihdir va g‘ildirakning o‘qi xushxabardir. Biz kegay (spits) bo‘ylab g‘ildirakning markaziga yetib bormagunimizcha va parcha Masih haqida nima deyishini va u qanday qilib injil xushxabariga bog‘lanishini ko‘rsatmagunimizcha, Muqaddas Kitobdagi hech qaysi parcha to‘g‘ri va’z qilinmagan hisoblanadi.

JAMOATNI  KO‘RA OLMAGANLAR

6) “Ekzegetik Va’z”: Hayotga Moslashtirilmagan Matn

“Asossiz va’z” matnni umuman ko‘rolmasa, “ekzegetik va’z” jamoatni umuman ko‘rolmaydi. Ba’zi ekspozitsional deya atalgan va’zlar zerikarli va hayot bilan aloqasi yo‘q deya rad etiladi. Buning o‘rniga kimdir ekzegetik sharhlarni o‘qishi mumkin. Aytilgan hamma narsa matn bo‘yicha to‘g‘ri, lekin bu va’z emas, shunchaki  ma’ruzadir. Biz Pavlusning yunoncha  fe’llarning zamonlarini ishlatishi haqida ko‘p narsa o‘rganishimiz mumkin, lekin Xudoning xarakteri va inson yuragining tabiati haqida juda kam narsa bilib olamiz. Jamoatdagi  tinglovchilarning boshlarini qotirish, ularning hayotiga o‘zgartirish olib kelmaydi. Haqiqiy ekspozitsion va’z albatta birinchi navbatda miyaga ma’lumot beradi, lekin shu bilan birga u yurakni yumshatadi va xohish-irodani yo‘naltiradi.

Doimiy tarzda aytilgan ekzegetik va’zlar odamlarni faqat tematik va’zlar real hayotga aloqasi bor, deb o‘ylashlariga majbur qiladi. Shu bilan birga, bunday va’zlar Kalomni to‘g‘ri o‘rganib ham o‘zgarishsiz qolish mumkinligini ko‘rsatadi.

7) “Noo‘rin Aytilgan Va’z”: Matn Boshqa Jamoatga To‘g‘ri Keladi

Ko‘p va’zlar boshqalarga tekkizib gapirish orqali jamoatdagi mag‘rurlikni oshirishga ko‘maklashadi yoki parchaning mazmuni faqatgina imonsizlarga to‘g‘ri keladi, xuddiki Kalomda jamoatning o‘ziga aytiladigan hech bir gap yo‘qdek. Ba’zan esa, jamoat unchalik duch kelmaydigan muammolar haqida ko‘p gapiriladi.

Shu sababdan, jamoat o‘zbilarmon bo‘lib qoladi va Isoning masalidagi farziylarga o‘xshab, boshqalarga o‘xshamaganliklari uchun Xudoga shukrlar aytishadi. Va’zni tinglab odamlar o‘zlarining tavba qilishlari yoki imon keltirishlari haqida o‘ylashmaydi, aksincha, “Ex essiz, Hoshimovlar oilasi bu va’zni eshitmayotganligi chakki bo‘ldi”, yoki “mahalliy baptistlar jamoati bu va’zni tinglashlari kerak!” deb o‘ylashadi.

Bunday va’zlar jamoatda “o‘zining ko‘zida solihlik”ni rivojlantiradi xudojo‘ylikni emas.

8) “Shaxsiy Va’z”: Matn Faqatgina Va’zxonga Tegishli

Parcha qanday qilib va’zxonning o‘ziga qo‘llashi mumkinligi haqida o‘ylash va keyin xuddiki butun jamoat va’zxonniki kabi bir xil holatda bo‘lgandek, uni butun jamoatga va’z qilish va’zxon uchun juda oson. Muqqaddas Kitobdagi parcha qanday qilib qirq yoshli, xotini va oltita farzandi bor, G‘arbiy Londondagi  kichik bir jamoatda cho‘pon bo‘lib xizmat qiladigan oq tanli inglizga qo‘llanishi mumkinligini ko‘rish, albatta men uchun juda oson. Bu sokin vaqtlarim uchun juda yaxshi, lekin jamoatimga to‘g‘ri kelmaydi.

Qanday qilib bu parcha o‘smirlarga yoki yolg‘iz onalarga qo‘llaniladi? Qirq yoshli erga tegishni xohlaydigan ayolga yoki immigrantga-chi? Ishsizlarga, ateist yoki musulmonlarga-chi? Jamoatga bir butun sifatida yoki avtobus haydovchisi, firma ishchisi, talaba, yoki uyda o‘tiradigan onagachi?

Shaxsiy va’z jamoatni Muqaddas Kitob faqatgina “professional” masihiylargagina to‘g‘ri keladi va ular qila oladigan eng yaxshi narsa bu o‘zlarini jamoatdagi yoki masihiy tashkilotdagi ish-xizmatga bag‘ishlanishdir, deb o‘ylashlariga olib borishi mumkin. Bu jamoat o‘z cho‘ponini ilohiylashtirishga sabab bo‘lishi va o‘z masihiy hayotlarini u orqali yashashlariga olib kelishi mumkin. U jamoatga qanday qilib Kalom ular hayotining har bir jabhasiga tegishli ekanligini va o‘zlaridan farqli insonlarning hayotiga u qanday gapirishini ko‘rishga imkon bermaydi.

9) “Ikkiyuzlamachi Va’zi”: Matn Va’zxondan Tashqari Barchaga Tegishli

Bu “shaxsiy va’z”ga teskari bo‘lgan xatodir. Bu yerda va’zxon Kalomni o‘rgatuvchi sifatida ko‘rinadi, lekin Kalom bo‘yicha yashash nimani anglatishini hayoti bilan ko‘rsatolmaydi.

Va’zxon “biz” emas, “sen” deyishi kerak bo‘lgan holatlar bor. Lekin har doim “sen deydigan va hech qachon “biz” demaydigan va’zxon, shunchaki, quyi pog‘onadagi bir cho‘pon ekanligi va u ham Buyuk Cho‘ponning himoyasi ostidaligi, Uning ovozini eshtishi, Uni bilishi, Unga ergashishi, abadiy hayot va panoh uchun Unga ishonishi kerak bo‘lgan yetakchi qo‘y ekanligini unutgan bo‘ladi.

Bu tarzda va’z qiladigan va’zxon jamoatga noto‘g‘ri  ta’sir ko‘rsatadi: u Isoga haqiqiy ergashuvchi emas, chetdan turib kuzatuvchi sifatida yashaydi va jamoat ham o‘z cho‘poni orqali kuzatuvchi sifatida yashaydi. Bunday va’zxon shogirdlik faqatgina xizmat qilishdan iborat deb o‘ylaydi, Xudo kalomi orqali Masihga shaxsan ergashish deb emas.  Xuddi boshqalarni Kalom ostiga qo‘yadigan, o‘zi esa, chetda qarab turadigan odamga o‘xshab.

10) “Noo‘rin Va’z”: Parchaning Mohiyati Hozirgi Jamoatga To‘g‘ri Kelmaydi

Ba’zan asl matn va hozirgi jamoat o‘rtasidagi germeneftik oraliq noto‘g‘ri tushunilishi mumkin va bunda asl kontekst noto‘g‘ri ravishda hozirgi kontekstga to’g‘ridan-to’g‘ri qo‘llaniladi. Misol uchun, agar va’zxon sajda haqida to’g‘ri teologik tasavvurga ega bo‘lmasa, Eski Ahddagi ma’bad haqidagi parchalar Yangi Ahdda jamoat binosi uchun noto‘g‘ri ravishda qo‘llaniladi, aslida esa bu parchalar Masihda va Uning xalqida ijobat bo‘lgan. Farovonlik xushxabari va’zxonlari Eski Ahddagi Isroil xalqining sadoqatli ajdodlariga berilgan moddiy barakalar haqidagi va’dalarni olib Yangi Ahddagi Xudoning xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lllashadi.

RABBIMIZNI  KO‘RA OLMAGANLAR

Va’zxonlik darslarida odatda va’z aytishning ikki yo‘nalishi haqida gapirishadi: matn va jamoat. Lekin, masihiy va’zxon bu ikkala mavzuning ham orqasida Rabbimiz turishini, ya’ni matnga ilhom bergan ham, jamoatda ishlaydigan ham U ekanligini unutmasligi kerak.

11)  “Jonsiz (ishtiyoqsiz) Va’z”: Matnning Mohiyati Shunchaki Aytiladi, Va’z Qilinmaydi

Matnni butunlay tushunadigan va uning mohiyatini jamoatga o‘rinli va juda asosli yo‘llar bilan taqdim etadigan, lekin va’zni xuddi telefon spravochnigi (ma’lumotnomasi)ni o‘qib bergandek aytadigan va’zxon ham bo‘lishi mumkin. Buni tushunish qiyin, axir va’zxon Xudoning Kalomini yetkazmoqda va Xudoning O‘zi O‘z xalqi bilan gaplashmoqda. Va’zxon Xudoning O‘zi O‘z Kalomi orqali O‘z xalqiga murojaat qilayotganini, o‘sha Kalomni O‘z Ruhi orqali ularga ochib ularga dalda, tanbeh berayotganini, ta’lim berayotganini, nimagadir undayotganini va ularni o‘zgartirayotganini tushunmaganda, unda odatda kuchli ishtioyoq ham, hurmat ham, tantanavorlik ham, yaqqol quvonch ham, qayg‘u ko‘z yoshlari hissi ham bo‘lmaydi – faqatgina so‘zlar bo‘ladi.

12)  “Kuchsiz Va’z”: Parchaning Mohiyati Ibodat Qilmasdan Va’z Qilinadi

Bunda matnni o‘rganish va va’zni tayyorlashga shu darajada ko‘p vaqt ajratiladiki, matnni to‘g‘ri tushunish yoki uni to‘g‘ri qo‘llay olish uchun ibodat qilishga deyarli vaqt qolmaydi.

Qattiq ishlab, kam ibodat qiladigan va’zxon o‘ziga ko‘proq, Rabbimizga esa kamroq ishonadi. Ehtimol, bu Kalomni ekspozitsion va’z qiluvchi uchun katta vasvasadir. Jamoat qancha ko‘p ta’lim olgan bo‘lsa, vasvasa ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Ekzegetika mashaqqatining natijasini ko‘rish oson, lekin, va’zxon qilgan ibodatlarining va’zga ta’sirini faqatgina Rabbimiz biladi va bu hamma narsa ma’lum bo‘ladigan kunda ochiq namoyon bo‘ladi. Rabbimizning va abadiyatning nuqtai nazari va’zxon uchun muhimroq bo‘lishi lozim. Aslida, faqatgina u matn va jamoatning gorizontlari haqida jon kuydirishi kerak, chunki Rabbimizning va abadiyatning gorizontlari ko‘zga ko‘rinmaydi, lekin juda katta ahamiyatga egadir.

XULOSA

Ekspozitsion va’z aytish jamoat sog‘lom bo‘lishi uchun juda muhim, chunki bu Xudoning butun niyati Uning butun jamoatga qo‘llanilishiga imkon beradi. Rabbimiz va’zxonlarni shunday qurollantirsinki, toki ular orqali O‘zining ovozi eshitilsin va unga itoat etilsin.

Tahrirchi izohi: Bu maqola Maykning bir necha yil oldin yozgan maqolasining qayta ishlangan va kengaytirilgan ko‘rinishidir.

Mayk Gilbart-Smit

Экспозицион бўлмаган ваъзларга 12 та мисол

Марк Девер экспозицион ваъзни “Муқаддас Китобдаги маълум бир парчанинг асосий ғоясини олиб ваъзнинг асосий ғоясига айлантирадиган ваъз”, дея тўғри тасвирлайди.

Шунга қарамай, экспозиционал бўлиши ният қилинган, лекин бундай деб аталиб бўлмайдиган ваъзларни эшитганман (ва ўзим ҳам ваъз қилганман!). Қуйида ўн иккита шундай тузоқлар келтирилган: улардан бештасида парчадаги асосий ғоя ваъзнинг асосий ғоясига айлантирилмайди ва шунинг учун матндан нотўғри фойдаланилади, яна бештаси матн ва аниқ бир жамоат билан боғлиқликка эга эмас ва иккитасида ваъз бу, охир оқибатда, Худонинг иши эканлигини англашмайди.

Бу кузатишлардан ҳеч бири тўғридан-тўғри мен билан боғлиқ эмас. Улардан кўпини 90-йилларда Кембридждаги жамоатда ўрганганман. Қолганларини йўл-йўлакай йиққанман. Бир неча йил олдин шунга ўхшаш мақола ёзганман, навбатдаги ушбу мақоламда одамларнинг берган маслаҳатларини ҳам қўшимча сифатида киритганман.

МАТННИ КЎРА ОЛМАГАНЛАР

1) “Асосга Эга Бўлмаган Ваъз”: Матн Нотўғри Тушунилган

Бунда ваъзхон, эҳтимол, тўғри нарсалар ҳақида гапиради, лекин улар матннинг тўғри талқин қилинишига асосланмаган. У матннинг ёки маъносига, ёки контекстига яхшилаб эътибор бермаган (масалан, Довуд ва Гўлиёт ҳақидаги ваъзда “сизнинг Гўлиётингиз ким ва сиз унга қарши тайёрлашингиз керак бўлган бешта силлиқ тошлар нималар?”, дея контекстдан юлиб олиш каби).

Агар ваъзхон ваъзларни тайёрлаётганда ўзини Худо Каломидаги ҳақиқатни чуқур ўрганишга бағишламаса, бу ваъзлар Худонинг эмас, ўзининг ғояларига тўла ваъзлар бўлади.

 2) “Трамплин-Ваъз”: Матннинг Асосий Ғояси Эътиборга Олинмайди

Бу ваъзхон матннинг асосий ғоясига эмас, қандайдир иккинчи даражали нарсага асосий эътиборни қаратган ваъзга жуда ўхшайди. Юҳанно 2-бобда тасвирланган Кана шаҳридаги тўй ҳақида тайёрланган бир ваъзни тасаввур қилинг, унда асосий эътибор масиҳийлар алкогол маҳсулотини истеъмол қилишлари оддий ҳол эканлигига қаратилмоқда ва парчанинг асосий ғояси бўлмиш Исонинг сувни шаробга айлантириш мўжизаси орқали Масиҳда Янги Аҳд улуғворлигининг намоён бўлиши ҳақида ҳеч нима дейилмаяпти. Мана шу трамплин-ваъздир.

Китобдаги парчаларни бир бошдан бирин-кетин ваъз қилишнинг энг катта афзалликларидан бири бу ваъзхон одатда гапирмасдан қолдириб кетадиган мавзулар ҳақида гапиришга ва керагидан ортиқ урғу беришга мойил бўлган мавзуларига тўғри баҳо беришга мажбур бўлади. “Асоссиз” ёки “трамплин” ваъзлар айтувчи ваъзхон ўзи хоҳламаган ҳолда бу икки афзалликлардан ўзини мосуво қилади ва Худо гапиришни хоҳлаган масалалар четда қолиб кетади.

3) “Доктринал Ваъз”: Матннинг Хилма-хиллиги Инобатга Олинмайди

Худо атайлаб бизга “кўп марта ва турли тарзда” гапирган (Ибр 1:1). Жуда кўп ваъзхонлар парчанинг адабий жанрини инобатга олишмайди ва шеърият, башорат, ҳикоя, мактублар кўринишидаги матнларни бир хил ваъз қилишади. Охир-оқибатда айтилган таъкидлар серийаси ўзгаришсиз қолади. Барча ваъзлар таъкидланган ҳақиқатларни етказсада, улар шу билан кифояланиб қолмасликлари керак.

Парчаларнинг адабий контексти, масалан, Қўшиқлар китобидан тайёрланган ваъз Эфесликларга 5-бобдан тайёрланган ваъздан фарқланишини англатиши керак. Парчанинг асосий ғояси, эҳтимол, ўхшаш бўлиши мумкин, лекин улар турли тарзда етказиб берилган. Ваъз қилаётганда Муқаддас Китобдаги матнларнинг хилма-хиллиги “текислаб” ташланмаслиги керак, аксинча, унинг адабий жанрини инобатга олиб, ундан келиб чиққан ҳолда етказиб бериш керак. Ҳикоя жанри бизга бошқа одамнинг ички кечинмаларини тушунишга ва ҳис қилишга, шеърият бизнинг ҳиссий муносабатимизни оширишга, башорат ҳамда ваҳий эса, Худога нисбатан эҳтиромли қўрқувда бўлишимизга ёрдам бериши керак.

 4) “‘Менинг Ваъзим”: Каломий Матн Деярли Тилга Олинмайди

Экзегетик ваъзнинг акси бўлган бундай ваъзда ваъзхон экзегетик таҳлилни умуман амалга оширмайди. Раббимиз матнда Ўзи назарда тутган маънони жойлаштирсада, бу борада ваъзхоннинг ўз қараши бўлади. Бундай ваъз тугагандан кейин тингловчилар “қандай ажойиб ваъз” дейишлари мумкин, лекин “Каломдаги қандай ажойиб парча” дейишмайди.

Келинг, жамоатдаги тингловчиларимизни фақатгина бизнинг овозимизни эмас, Худонинг овозини эшитишга чорлайлик. Бунинг учун, “айтаётганларимга диққат билан қулоқ солинг” деб эмас, балки “Худо бешинчи оятда нима деётганига диққат қилинг” деб, уларнинг эътиборини тез-тез матнга қаратишимиз керак.

 5) “Масиҳсиз Ваъз”: Нажоткор Иштирок Этмаган Ваъз

Исо фарзийларни қуйидагича танқид қилади: «Сизлар Муқаддас Битикларни текширасизлар, чунки улар орқали абадий ҳаётга эга бўламиз деб ўйлайсизлар. Аммо ўша Ёзувлар Мен тўғримда гувоҳлик беради–ку! Сизлар эса ҳаётга эга бўлиш учун олдимга келишни истамайсизлар» (Юҳанно 5:39-40). Исонинг олдига ҳаётга эга бўлиш учун келган бизлар бутун жамоатни Муқаддас Китобдаги парчани ўрганишга олиб келиб, лекин у Масиҳ ҳақида нима дейишини кўрсатмаслигимиз, Эски Аҳддаги матнларни ахлоқий ваъзларга айлантиришимиз ва ҳатто Хушхабарнинг ўзидан Масиҳсиз, инжил хушхабарисиз ваъзлар айтишимиз – қандай ачинарли ҳол. Гетсимания боғидаги ҳикояга асосланиб тайёрланган, қандай қилиб ҳаётимиздаги қийинчиликлардан ўтишимиз мумкинлиги ҳақидаги дарслардан иборат ваъз қандай даҳшатли эканлигини бир тасаввур қилиб кўринг.

Агар Худонинг Каломи бир катта ғилдирак бўлса, унинг маркази Масиҳдир ва ғилдиракнинг ўқи хушхабардир. Биз кегай (спитс) бўйлаб ғилдиракнинг марказига етиб бормагунимизча ва парча Масиҳ ҳақида нима дейишини ва у қандай қилиб инжил хушхабарига боғланишини кўрсатмагунимизча, Муқаддас Китобдаги ҳеч қайси парча тўғри ваъз қилинмаган ҳисобланади.

 ЖАМОАТНИ КЎРА ОЛМАГАНЛАР

 6) “Экзегетик Ваъз”: Ҳаётга Мослаштирилмаган Матн

“Асоссиз ваъз” матнни умуман кўролмаса, “экзегетик ваъз” жамоатни умуман кўролмайди. Баъзи экспозиционал дея аталган ваъзлар зерикарли ва ҳаёт билан алоқаси йўқ дея рад этилади. Бунинг ўрнига кимдир экзегетик шарҳларни ўқиши мумкин. Айтилган ҳамма нарса матн бўйича тўғри, лекин бу ваъз эмас, шунчаки маърузадир. Биз Павлуснинг юнонча феълларнинг замонларини ишлатиши ҳақида кўп нарса ўрганишимиз мумкин, лекин Худонинг характери ва инсон юрагининг табиати ҳақида жуда кам нарса билиб оламиз. Жамоатдаги тингловчиларнинг бошларини қотириш, уларнинг ҳаётига ўзгартириш олиб келмайди. Ҳақиқий экспозицион ваъз албатта биринчи навбатда мияга маълумот беради, лекин шу билан бирга у юракни юмшатади ва хоҳиш-иродани йўналтиради.

Доимий тарзда айтилган экзегетик ваъзлар одамларни фақат тематик ваъзлар реал ҳаётга алоқаси бор, деб ўйлашларига мажбур қилади. Шу билан бирга, бундай ваъзлар Каломни тўғри ўрганиб ҳам ўзгаришсиз қолиш мумкинлигини кўрсатади.

 7) “Ноўрин Айтилган Ваъз”: Матн Бошқа Жамоатга Тўғри Келади

Кўп ваъзлар бошқаларга теккизиб гапириш орқали жамоатдаги мағрурликни оширишга кўмаклашади ёки парчанинг мазмуни фақатгина имонсизларга тўғри келади, худдики Каломда жамоатнинг ўзига айтиладиган ҳеч бир гап йўқдек. Баъзан эса, жамоат унчалик дуч келмайдиган муаммолар ҳақида кўп гапирилади.

Шу сабабдан, жамоат ўзбилармон бўлиб қолади ва Исонинг масалидаги фарзийларга ўхшаб, бошқаларга ўхшамаганликлари учун Худога шукрлар айтишади. Ваъзни тинглаб одамлар ўзларининг тавба қилишлари ёки имон келтиришлари ҳақида ўйлашмайди, аксинча, “Эх эссиз, Ҳошимовлар оиласи бу ваъзни эшитмаётганлиги чакки бўлди”, ёки “маҳаллий баптистлар жамоати бу ваъзни тинглашлари керак!” деб ўйлашади.

Бундай ваъзлар жамоатда “ўзининг кўзида солиҳлик”ни ривожлантиради художўйликни эмас.

 8) “Шахсий Ваъз”: Матн Фақатгина Ваъзхонга Тегишли

Парча қандай қилиб ваъзхоннинг ўзига қўллаши мумкинлиги ҳақида ўйлаш ва кейин худдики бутун жамоат ваъзхонники каби бир хил ҳолатда бўлгандек, уни бутун жамоатга ваъз қилиш ваъзхон учун жуда осон. Муққаддас Китобдаги парча қандай қилиб қирқ ёшли, хотини ва олтита фарзанди бор, Ғарбий Лондондаги кичик бир жамоатда чўпон бўлиб хизмат қиладиган оқ танли инглизга қўлланиши мумкинлигини кўриш, албатта мен учун жуда осон. Бу сокин вақтларим учун жуда яхши, лекин жамоатимга тўғри келмайди.

Қандай қилиб бу парча ўсмирларга ёки ёлғиз оналарга қўлланилади? Қирқ ёшли эрга тегишни хоҳлайдиган аёлга ёки иммигрантга-чи? Ишсизларга, атеист ёки мусулмонларга-чи? Жамоатга бир бутун сифатида ёки автобус ҳайдовчиси, фирма ишчиси, талаба, ёки уйда ўтирадиган онагачи?

Шахсий ваъз жамоатни Муқаддас Китоб фақатгина “профессионал” масиҳийларгагина тўғри келади ва улар қила оладиган энг яхши нарса бу ўзларини жамоатдаги ёки масиҳий ташкилотдаги иш-хизматга бағишланишдир, деб ўйлашларига олиб бориши мумкин. Бу жамоат ўз чўпонини илоҳийлаштиришга сабаб бўлиши ва ўз масиҳий ҳаётларини у орқали яшашларига олиб келиши мумкин. У жамоатга қандай қилиб Калом улар ҳаётининг ҳар бир жабҳасига тегишли эканлигини ва ўзларидан фарқли инсонларнинг ҳаётига у қандай гапиришини кўришга имкон бермайди.

 9) “Иккиюзламачи Ваъзи”: Матн Ваъзхондан Ташқари Барчага Тегишли

Бу “шахсий ваъз”га тескари бўлган хатодир. Бу ерда ваъзхон Каломни ўргатувчи сифатида кўринади, лекин Калом бўйича яшаш нимани англатишини ҳаёти билан кўрсатолмайди.

Ваъзхон “биз” эмас, “сен” дейиши керак бўлган ҳолатлар бор. Лекин ҳар доим “сен” дейдиган ва ҳеч қачон “биз” демайдиган ваъзхон, шунчаки, қуйи поғонадаги бир чўпон эканлиги ва у ҳам Буюк Чўпоннинг ҳимояси остидалиги, Унинг овозини эштиши, Уни билиши, Унга эргашиши, абадий ҳаёт ва паноҳ учун Унга ишониши керак бўлган етакчи қўй эканлигини унутган бўлади.

Бу тарзда ваъз қиладиган ваъзхон жамоатга нотўғри таъсир кўрсатади: у Исога ҳақиқий эргашувчи эмас, четдан туриб кузатувчи сифатида яшайди ва жамоат ҳам ўз чўпони орқали кузатувчи сифатида яшайди. Бундай ваъзхон шогирдлик фақатгина хизмат қилишдан иборат деб ўйлайди, Худо каломи орқали Масиҳга шахсан эргашиш деб эмас. Худди бошқаларни Калом остига қўядиган, ўзи эса, четда қараб турадиган одамга ўхшаб.

 10) “Ноўрин Ваъз”: Парчанинг Моҳияти Ҳозирги Жамоатга Тўғри Келмайди

Баъзан асл матн ва ҳозирги жамоат ўртасидаги герменефтик оралиқ нотўғри тушунилиши мумкин ва бунда асл контекст нотўғри равишда ҳозирги контекстга тўғридан-тўғри қўлланилади. Мисол учун, агар ваъзхон сажда ҳақида тўғри теологик тасаввурга эга бўлмаса, Эски Аҳддаги маъбад ҳақидаги парчалар Янги Аҳдда жамоат биноси учун нотўғри равишда қўлланилади, аслида эса бу парчалар Масиҳда ва Унинг халқида ижобат бўлган. Фаровонлик хушхабари ваъзхонлари Эски Аҳддаги Исроил халқининг садоқатли аждодларига берилган моддий баракалар ҳақидаги ваъдаларни олиб Янги Аҳддаги Худонинг халқига тўғридан-тўғри қўлллашади.

 РАББИМИЗНИ КЎРА ОЛМАГАНЛАР

Ваъзхонлик дарсларида одатда ваъз айтишнинг икки йўналиши ҳақида гапиришади: матн ва жамоат. Лекин, масиҳий ваъзхон бу иккала мавзунинг ҳам орқасида Раббимиз туришини, яъни матнга илҳом берган ҳам, жамоатда ишлайдиган ҳам У эканлигини унутмаслиги керак.

 11) “Жонсиз (иштиёқсиз) Ваъз”: Матннинг Моҳияти Шунчаки Айтилади, Ваъз Қилинмайди

Матнни бутунлай тушунадиган ва унинг моҳиятини жамоатга ўринли ва жуда асосли йўллар билан тақдим этадиган, лекин ваъзни худди телефон справочниги (маълумотномаси)ни ўқиб бергандек айтадиган ваъзхон ҳам бўлиши мумкин. Буни тушуниш қийин, ахир ваъзхон Худонинг Каломини етказмоқда ва Худонинг Ўзи Ўз халқи билан гаплашмоқда. Ваъзхон Худонинг Ўзи Ўз Каломи орқали Ўз халқига мурожаат қилаётганини, ўша Каломни Ўз Руҳи орқали уларга очиб уларга далда, танбеҳ бераётганини, таълим бераётганини, нимагадир ундаётганини ва уларни ўзгартираётганини тушунмаганда, унда одатда кучли иштиоёқ ҳам, ҳурмат ҳам, тантанаворлик ҳам, яққол қувонч ҳам, қайғу кўз ёшлари ҳисси ҳам бўлмайди – фақатгина сўзлар бўлади.

 12) “Кучсиз Ваъз”: Парчанинг Моҳияти Ибодат Қилмасдан Ваъз Қилинади

Бунда матнни ўрганиш ва ваъзни тайёрлашга шу даражада кўп вақт ажратиладики, матнни тўғри тушуниш ёки уни тўғри қўллай олиш учун ибодат қилишга деярли вақт қолмайди.

Қаттиқ ишлаб, кам ибодат қиладиган ваъзхон ўзига кўпроқ, Раббимизга эса камроқ ишонади. Эҳтимол, бу Каломни экспозицион ваъз қилувчи учун катта васвасадир. Жамоат қанча кўп таълим олган бўлса, васваса ҳам шунча кўп бўлади. Экзегетика машаққатининг натижасини кўриш осон, лекин, ваъзхон қилган ибодатларининг ваъзга таъсирини фақатгина Раббимиз билади ва бу ҳамма нарса маълум бўладиган кунда очиқ намоён бўлади. Раббимизнинг ва абадиятнинг нуқтаи назари ваъзхон учун муҳимроқ бўлиши лозим. Аслида, фақатгина у матн ва жамоатнинг горизонтлари ҳақида жон куйдириши керак, чунки Раббимизнинг ва абадиятнинг горизонтлари кўзга кўринмайди, лекин жуда катта аҳамиятга эгадир.

 ХУЛОСА

Экспозицион ваъз айтиш жамоат соғлом бўлиши учун жуда муҳим, чунки бу Худонинг бутун нияти Унинг бутун жамоатга қўлланилишига имкон беради. Раббимиз ваъзхонларни шундай қуроллантирсинки, токи улар орқали Ўзининг овози эшитилсин ва унга итоат этилсин.

Таҳрирчи изоҳи: Бу мақола Майкнинг бир неча йил олдин ёзган мақоласининг қайта ишланган ва кенгайтирилган кўринишидир.

 

Майк Гилбарт-Смит