Каломий Теология

Bugungi kunda ko‘pgina va’zlarda uchraydigan muammolar – va Kalomiy Teologiya buning chorasi sifatida

Томонидан Thomas R. Schreiner

Thomas R. Schreiner is a Professor of New Testament Interpretation at The Southern Baptist Theological Seminary in Louisville, Kentucky, and the Pastor of Preaching at Clifton Baptist Church. You can find him on Twitter at @DrTomSchreiner.
Мақолалар
01.03.2010
  • Tashhiz—Bugungi kunda ko‘pgina va’zlarda uchraydigan muammolar (1 Qism)
  • Izlanish—Kalomiy Teologiya nima (2 Qism)
  • Yo‘nalish—Va’z qilishda qanday qilib Kalomiy Teologiyani amalga oshirish (3 Qism)

Tashhiz—Bugungi kunda ko‘pgina va’zlarda uchraydigan muammolar (1 Qism)

Men a’zo bo‘lgan jamoatlar assosatsiyasi ichida Muqaddas Yozuvning benuqsonligi bo‘yicha kurashda g‘alaba qozongan bo‘lishi mumkin. Lekin, hali biz ham, shunga o‘xshash kurashlarda g‘alaba qozongan boshqa injil denominatsiyalari yoki jamoatlar ham, o‘zlarimizni bunchalik erta tabriklamasligimiz kerak.  Konservativ jamoatlar Muqaddas yozuvlarning benuqsonligini qabul qilishlari mumkin, lekin amalda hali ham Xudo Kalomining yetarli ekanligini rad etishadi.  Biz Muqaddas Kitobni Xudoning benuqson Kalomi deb aytishimiz mumkin, lekin hali ham biz uni minbarlardan turib e’lon qilmaymiz.

Bugungi kunda ko‘pgina Injil jamoatlarida Xudoning so‘zi uchun amalda “ocharchilik” yuz bermoqda. Va’z seriyalarining nomlari Giligan Oroli, Bonanza, va Mery Tayler Mur kabi teledasturlar nomlariga o‘xshab ketadi. Va’zlarda ko‘pincha muvaffaqiyatli er-xotinlik munosabatlariga qadamlar, yoki bizning madaniyatda bolalarni qanday voyaga yetkazishga doir mavzularga urg‘u beriladi. Oila masalalari haqidagi va’zlar, albatta, to‘g‘ri va kerak, lekin odatda ikki muammo yuzaga keladi.  Birinchisi, Muqaddas Kitobda bu mavzular haqida nima deyilgani odatda e’tibordan chetda qoladi. Er-xotinlik munosabatlari haqidagi va’zlarning bir nechtasida, Pavlus erlar va xotinlarning o‘rinlari haqida aytgan gaplarini aniq va qat’iyat bilan tushuntirib berishadi (Efes 5:22-33)?  Yoki biz Muqaddas Kitobdagi so‘zlarni aytishdan uyalamizmi?

Ikkinchisi, va ehtimol jiddiyrog‘i, bunday va’zlar deyarli har doim gorizontal miqyosida va’z qilinadi. Bular haftalab jamoatning asosiy mavzusiga aylanadi lekin Xudoning Kalomi singib ketgan va hayotning barcha jabhalari uchun asosni ta’minlaydigan teologik qarash jim-jitlikda qolib ketadi. Bizning va’zxonlarimiz Mehribon Abby (gazetalarda shu nom bilan har xil oilaviy maslahatlar beradigan obraz) kabi haftama-hafta qanday qilib baxtli hayot kechirish haqida maslahat beradigan nasihatgo‘y odamlarga aylanib borishmoqda.

Ko‘pgina jamoatlar nima sodir bo‘layotganini anglamaydilar chunki, bunday va’zlar maqtaydigan axloqiy hayot, qisman bo‘lsa ham kalomga mos keladi. Unda imonlilarning ham, imonsizlarning ham sezsa bo‘ladigan ehtiyojlariga tegishli gaplar gapiriladi.

Cho‘ponlar o‘z va’zlarini hikoyalar va misollar bilan to‘ldirishlari kerak, deb ishonishadi, toki latifalar ham ma’lum qilingan axloqiy g‘oyani to‘ldirsin. Har bir yaxshi va’zxon misollardan foydalanadi. Lekin, va’zlar hikoyalar bilan shu qadar to‘lib toshgan bo‘lishi mumkinki, ular har qanday teologiyadan mahrum bo‘lib qoladi.

Men Injilchilardan, “xushxabar jamoatlari teologiya bo‘yicha yaxshi ishlashyapti, chunki jamoatdagilar biz ularga o‘rgatayotgan narsalar haqida shikoyat qilayotganlari yo‘q,”- deb aytganlarini tez-tez eshitib turaman. Bunday izoh odamni qo‘rqitib yuboradi. Biz cho‘ponlar sifatida “Xudoning murod – maqsadini bayon qilish” javobgarligiga egamiz (Havoriylar 20:27). Biz o‘z da’vatimizni amalga oshirmoqdamizmi yoki yo‘qmi, buni aniqlash uchun jamoatdagi so‘rovnomalarga suyanolmaymiz. Biz Muqadddas Kitob nimani talab qilishiga suyanishimiz kerak. Jamoatdagilar biz cho‘pon sifatida qaysi majburiyatimizni bajarmayotganimizdan xabar topmasliklari uchun, Xudo so‘zi jiddiy o‘rgatilmaslik holatlari ham sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Pavlus bizlarni ogohlantirganidek “sizlarning orangizga yirtqich bo‘rilar keladi, ular suruvga shafqat qilmaydi” (Havoriylar 20:29). Yana shunday deyiladi, «Chunki shunday vaqt keladiki, odamlar sog‘lom ta’limotga toqat qilmaydigan bo‘ladilar, ular atrofiga o‘zlariga mos, quloqlariga yoqimli so‘zlar aytadigan muallimlar to‘playdilar. Ular haqiqatdan yuz o‘girib, afsonalarga berilib ketadilar» (2 Tim 4:3-4). Agar biz jamoatdagilar nimani xohlashiga qarab, o‘z va’zlarimizga baho beradigan bo‘lsak, biz noto‘g‘ri (soxta) ta’limot (bid’at) uchun zamin hozirlayotgan bo‘lamiz. Men jamoatdagilarimiz bid’atchi demoqchi emasman. Aytmoqchimanki, ko‘pchilikning fikri emas, faqatgina Xudoning Kalomi bizning ishonchli ekanligimizni isbotlovchi vosita bo‘lishi lozim. Cho‘ponlar, odamlarni ular eshitishni xohlaydigan narsalar bilan mamnun etishga emas, balki, suruvni Xudo Kalomi bilan oziqlantirishga da’vat etilganlar.

Odatda jamoatlarimiz va’z aytadigan ba’zilarimiz tomonidan zaif tayyorlanadilar. Biz jamoatimizni axloqiy va’zning qattiq parhezi bilan oziqlantirganimizda, nima sodir bo‘lishini bir o‘ylab ko‘ring. Natijada ular mehribon, kechirimli, sevuvchi, yaxshi er va xotin bo‘lishni o‘rganishlari mumkin (bularning hammasi yaxshi, albatta!).  Ularning yuraklari yumshashi va hatto o‘zgarishlari ham mumkin. Lekin, teologik asos e’tibordan chetda qoldirilganligi sababli, noto‘g‘ri “ta’limot bo‘risi” yanada yaqinroq kelib yashirinadi. Qanday qilib deysizmi? Cho‘ponning o‘zi bid’atchi (yeretik) bo‘lgani uchun emas. U to‘liq ortodoksal (e’tiqodi mustahkam) bo‘lishi va o‘z teologiyasiga sodiq bo‘lishi mumkin. Lekin, o‘zining barcha va’zlarida o‘z teologiyasiga asoslanar ekan, shu tariqa u o‘z odamlariga Muqaddas Kitobning syujet chizig‘i va teologiyasini va’z qilishni e’tibordan chetda qoldiradi.

Keyingi avlodda, yoki undan ham keyingisida, jamoat o‘zlari bilmagan holda, ko‘proq liberal cho‘ponlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu yangi cho‘pon ham odamlar yaxshi, mehribon va sevuvchi bo‘lish kerakligini va’z qiladi. U yaxshi nikohlar va faol munosabatlar muhimligiga ham urg‘u beradi. Jamoat o‘rindiqlarida o‘tirgan odamlar, uning teologiyasi undan oldingi konservativ cho‘ponning teologiyasiga o‘xshab ketishi sababli, undagi farqni hatto sezishmaydi ham. Qaysidir jihatdan, bu konservativ cho‘ponning o‘z teologiyasini hech qachon e’lon qilmaganligi yoki va’z qilmaganligi tufaylidir. Konservativ cho‘pon Muqaddas Kitobning nuqsonsizligiga ishonadi, lekin uning yetarlicha ekanligiga ishonmaydi, chunki, u jamoatiga faqatgina Muqaddas Kitob o‘rgatgan barcha narsalarni e’lon qilmaydi.

Biz Kalomiy teologiyani e’tibordan chetda qoldirishimiz doimiy tarzda yuzaga kelib turadi.  Oxirgi o‘n yilda yuz bergan, notiq odamlarni oldinga chiqishga chaqirgan ikki holat (birinchisi katta stadionda bir notiq tomonidan – notiqning ismini eslolmayman) xayolimga keldi. Stadiondagi va’z injil xushxabari haqida bo‘lishiga niyat qilingan edi, lekin men ochiqchasiga aytishim mumkinki, xushxabar umuman e’lon qilinmagan edi. Masihning xochga mixlanishi va tirilishi haqida yoki, nima uchun xochga mixlanib tirilishi haqida hech nima deyilmagan edi. Nima uchun yaxshi amallar emas, imon tufayli qutqarilishi haqida hech nima deyilmagan edi. Minglab odamlar oldinga chiqishdi va shubhasiz ular tegishli ravishda imonga kelishdi, deb belgilashdi. Lekin, men boshimni qashib, aslida nima sodir bo‘layotganiga hayratlanayotgan edim. Men hech bo‘lmaganda ba’zilar rostdan ham imonga kelgan bo‘lsin deb ibodat qildim. Va ehtimol ular xushxabarni oldin boshqa vaziyatlarda tinglab uning mohiyatini bilib oliganliklariga umid qildim. Xuddi shunday holat men tashrif buyurgan bir jamoat yig‘ilishida ham sodir bo‘lgan edi.  Va’zxon “oldinga chiqish” va “najotga erishish”ga keng chorlovni amalga oshirgan edi, lekin u xushxabarni to‘liq tushuntirib berolmagandi.

Bunday va’z aytishlar jamoatimizni imonga kelmagan odamlar bilan to‘ldirishi mumkin, lekin ular ikki barobar qiyin holatda bo‘lishadi: ular cho‘ponlar tomonidan imonga kelganliklari va o‘z najotlarini hech qachon yo‘qotmasliklariga ishontiriladilar, afsuski ular hali ham adashgan odamlardir. Keyin esa, o‘sha kundan boshlab, xuddi shu odamlar har hafta ushbu postmodern davrdagi bizning “yaxshi odam bo‘l” xushxabari orqali ruhlantirilishadi.

Izlanish—Kalomiy Teologiya nima? (2 Qism)

1- Qismda tasvirlangan yuzaki va’z aytishning muammolariga yechim rostdan ham juda oddiy: cho‘ponlar o‘z va’zlarida qanday qilib kalomiy teologiyani ishlatishni o‘rganishlari lozim. Buni qanday amalga oshirishni o‘rganish – kalomiy teologiya o‘zi nima?, degan savol bilan boshlashni talab etadi.

Kalomiy va Tizimli Teologiya

Kalomiy teologiya, tizimli teologiyadan farqli ravishda, kalomiy syujet chizig‘iga diqqatni qaratadi. Tizimli teologiya, kalomiy teologiyadan ma’lumot olsada, muayyan bir vaqtga aloqador emas.  Don Karson ta’kidlaydiki,

kalomiy teologiya tizimli teologiyaga qaraganda matnga yaqinroq turadi, har bir matn to‘plamining farqli jihatini inobatga olib haqiqiy sezuvchanlikka erishishni ko‘zlaydi, va o‘z kategoriyalaridan foydalanib, har xil matn to‘plamlarini o‘zaro bog‘lashga intiladi. Shuning uchun, ideal holatda, kalomiy teologiya mas’ul ekzegeza (sharh, talqin) va mas’ul tizimli teologiya orasida ko‘prik fan sifatida turadi (bulardan har biri ikkalasiga ta’sir etishi muqarrar bo‘lsa ham). [1]

Qisqa qilib aytganda, kalomiy teologiya ongli ravishda o‘zini ko‘proq o‘rganilayotgan matn yoki matnlar to‘plamidagi xabar bilan chegaralaydi. U kalom yozuvchilarining tarixiy kontekstida qaysi mavzular markaziy, deb savol beradi, va bunday mavzularning mantiqiy izchilligini anglashga urinadi. Kalomiy teologiya Muqaddas Kitobning syujet chizig‘iga – Xudoning xaloskorona tarixdagi rejasini ochib berishga diqqatini qaratadi. Bu biz har bir matnni uning butun Muqaddas Kitob syujet chizig‘iga aloqadorligi kontekstda talqin qilishimiz va keyin va’z qilishimiz lozimligini anglatadi.  Buni 3 qismda atroflicha ko‘rib chiqamiz.

Boshqa tomondan, tizimli teologiya bugungi kunning savollari va falsafiy masalalarini o‘zida aks etgan savollarni matn oldiga qo‘yadi. Tizimli teologiya vakillari – yaxshi natijaga – Muqaddas Kitobda ochiq aytilmagan (yashirin ma’noli) mavzularni tadqiq qilishlari ham mumkin, lekin Muqaddas Kitobdagi matnga doimiy e’tiborni qabul qilishmaydi. Hozircha, shu narsa ma’lum bo‘ldiki, nomiga arziydigan har qanday tizimli teologiya kalomiy teologiya ustiga quriladi.

Kalomiy teologiyaning farqlanuvchi aksenti (urg‘usi), Brayen Rosner izohlaganidek, “Muqaddas Kitobdagi matnga izlanish rejasini tuzishga ruxsat beradi.” [2] Kevin Vanhuzer kalomiy teologiyaning maxsus rolini quyidagicha yaqqol ifodalaydi: “Kalomiy teologiya” Xudoning Kalomi turli xil adabiy va tarixiy sharoitdagi, insoniy so‘zlar orqali matn jihatdan o‘zaro bog‘laydigan qarashni qabul qiladigan va Muqaddas Kitobni talqin qilish yondashuvining nomi hisoblanadi.” [3] Yoki, “Ko‘proq ijobiy jihatdan aytadigan bo‘lsak, kalomiy teologiya  matnlarning o‘z manfaatlari mosligini ta’minlaydi.” [4]

Karson kalomiy teologiya hissasini yaxshi ifodalaydi:

Lekin, ideal holatda, kalomiy teologiya (o‘z nomi bilan aytib turibdi va hatto Kalomning har xil matnlaridan induktiv tarzda ishlashi ham ma’lum) Muqaddas Kitobdagi matnlarning o‘z kategoriyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilgan holda, birgalikda barcha matnlarning bir butunligini ochib berishga va ifodalashga intiladi. Bundan kelib chiqqan holda, bu – kanonik kalomiy teologiya, «butun-Kalom” kalomiy teologiyasidir. [5]

Kalomiy teologiya o‘zini Ibtido teologiyasi, Tavrot, Matto, Rimliklarga hatto Pavlusning barcha maktublari teologiyasi bilan chegaralashi mumkin. Kalomiy teologiya butun Muqaddas Kitob kanonini o‘z ichiga olishi mumkin, bunda Muqaddas Yozuvlar syujet chizig‘ida bir butun bo‘lib birlashadi. Ko‘pincha ekspozitsion va’zxonlar Levilar, Matto yoki Vahiy bilan  chegaralanishadi va ular najot tarixi syujet chizig‘ining qaysi joyida yashaganliklarini inobatga olishmaydi. Ular Muqaddas Kitobning bir qismini boshqa qismlaridan ajratib qo‘yishadi va shuning uchun, Xudoning butun rejasini e’lon qilish o‘rniga, butundan  kesib olingan tarzda va’z qilishadi. Gerhard Hasel biz kalomiy teologiyani “kalomiy matnlar guvohlik beradigan haqiqatning barcha jihatlarini to‘g‘ri amalga oshirishga intiladigan” tarzda amalga oshirishimiz kerak, deb to‘g‘ri ta’kidlaydi. [6] Teologiyani amalga oshirish shunchaki seminariya professorlari uchun vazifa emas; balki har bir Kalom va’zxonining mas’uliyatidir!

Biz yana tizimli va kalomiy teologiya o‘rtasidagi farqlar haqida fikr yuritamiz, bu haqda Karson quyidagi so‘zlarni aytadi. [7] Tizimli teologiya tarixiy teologiyaning hissasini inobatga oladi va shuning uchun, Avgustin, Lyuter, Akunas, Kalvin, Edvards va Muqaddas Kitobning ta’limotini shakllantirishda ko‘plab boshqa odamlarning asarlaridan ma’lumotlar oladi. Tizimli teologiya Xudoning so‘zini tog‘ridan-to‘g‘ri bizning madaniy sharoitimiz va bugungi kunimizga qarata gapirishga urinadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, unda, har bir yaxshi va’zxon o‘z zamondoshlariga chuqur va kuchli so‘zlarni gapirish uchun tizimli teologiyada mustahkam ildiz otishi kerak.

Kalomiy teologiya ko‘proq induktiv va birlamchi negizdir. Karson kalomiy teologiya “tafakkur qilinadigan fan”, tizimli teologiya esa “kulminatsiyaga olib boradigan fan”, deb to‘g‘ri aytadi.   U holda, aytishimiz mumkinki, kalomiy teologiya oraliqdagi, kalomning tarixiy va adabiy o‘rganilishi hamda dogmatik teologiya o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi.

Kalomiy teologiya, matnning tarixiy kontekstidan kelib chiqib ishlaydi. Bu kalomiy teologiya sof netral va obyektiv tadbir degani emas. Biz o‘shanda nima anglatilganini hozir nimani anglatishini aniq ajrata olish g‘oyasi, Krister Stendahl aytganidek, xomxayoldir. Skobi kalomiy teologiya haqida quyidagicha fikr bildiradi:

Uning Masihiylik imon sadoqatiga asoslangan taxminlari Muqaddas Kitob ilohiy vahiy haqida xabar berishini; Xudoning Muqaddas Yozuvlardagi So‘zi masihiylik imon va hayot meyorlarini belgilab berishini; Eski va Yangi Ahddagi barcha har xil materiallar qandaydir tarzda butun Muqaddas Kitob yagona Xudoning reja va maqsadiga aloqadorligiga ishonchni o‘z ichiga oladi. Bunday Kalomiy Teologiya Muqaddas Kitob “nimani nazarda tutgani va nimani nazarda tutishi” orasida o‘rin egallaydi. [8]

Keyin yana, kalomiy teologiya faqatgina Yangi Ahd, yoki faqatgina Eski Ahd bilan chegaralanmaydi, balki har ikkala Ahdni ham birgalikda Xudoning Kalomi deb biladi. Aslida, kalomiy teologiya Muqaddas Yozuvlarning kanoni o‘z meyorida ishlashi tushunchasidan kelib chiqadi va shuning uchun, har ikkala Ahd ham Muqaddas Kitob teologiyasini ochib berishi kerak.

ESKI VA YANGI AHDNI MUVOZANATLASH

Kalomiy teologiyani amalga oshirishda Eski va Yangi Ahd o‘rtasida ajoyib dialektika (munozara) mavjud. Yangi Ahd Eski Ahdda boshlangan najot tarixining kulminatsiyasini namoyon etadi va shuning uchun, kalomiy teologiya ta’rifan hikoya teologiyasidir. U Xudoning tarixdagi najotkorona ishlari hikoyasini o‘z ichiga oladi. Xudo nima qilganini tarixan ochilishi xaloskorlik tarixi yoki najot tarixi sifatida tasvirlanishi mumkin.

Muqaddas Yozuvlarni va’da va uning amalga oshishi jihatidan qarab chiqish ham samaralidir: Eski Ahdda va’da qilingan narsa, Yangi Ahdda amalga oshadi. Biz Eski Ahddagi ochiqlikning tarixiy o‘ziga xosligini o‘chirilib ketishidan ehtiyot bo‘lishimiz kerak, toki yuzaga kelgan tarixiy kontekstni yo‘qotib yubormaylik. Boshqa tomondan, biz ochiqlikning Eski Ahddan to Yangi Ahdgacha izchillik bilan rivojlanib borishini tan olishimiz lozim. Ochiqlikning bunday rivoji Eski Ahdning tayyorlovchilik tabiatini va Yangi Ahdda keladigan aniqlovchi so‘zni tan oladi. Eski Ahdning tayyorlovchilik tabiatga egaligi uning o‘ta muhim rolini bekor qilib yubormaydi, chunki biz Eski Ahdning mohiyatini anglab olganimizdagina Yangi Ahdni tushunishimiz mumkin va aksincha, Yangi Ahdni anglab olmasdan turib, Eski Ahdni tushuna olmaymiz.

Ba’zilar tipologiyani (ilmiy asosda tasniflash) ishlatishga ikkilanishadi, lekin bu yo‘l kalomiy teologiya uchun fundamental (asosiy tamoyil) hisoblanadi, zero u Kalom yozuvchilarining o‘zlari tomonidan ishlatilgan kategoriyadir. Tipologiya nima? Tipologiya – bu Eski Ahddagi voqealar, shaxslar va institutlar hamda ularning Yangi Ahdda Masihda amalga oshishi o‘rtasidagi Xudo tomonidan rejalashtirilgan uyg‘unlikdir, [9] Xuddi Matto Xushxabarida Mariyam, Yusuf va Isoning Misrdan qaytishi – Isroil xalqining Misrni tark etish tilida tasvirlaganiga o‘xshash (Matto 2:15; Chiqish 4:22, 23; Xo‘sheya 11:1). Faqatgina Yangi Ahd mualliflari bu “Xudo tomonidan rejalashtirilgan uyg‘unliklar”ni kuzatishmaydi. Balki, Eski Ahd mualliflari ham buni amalga oshirishadi. Masalan, Ishayo va Ho‘sheya birinchi chiqishdan keyin unga o‘xshash yangi chiqish haqida bashorat qilishgan. Xuddi shu tarzda, Eski Ahdda yangi Dovudni, hatto birinchi Dovuddan ham buyukroq bo‘lishini kutishadi. Biz Eski Ahdning o‘zida tipologiyadagi o‘sishni ko‘ramiz, ya’ni bir tipning amalga oshishi har doim o‘sha tipning o‘zidan buyukroq bo‘ladi. Iso nafaqat yangi Dovud, u shu bilan birga, buyukroq Dovud hamdir.

Tipologiya tarixdagi ilohiy na’muna va maqsadni tan oladi. Xudo Muqaddas Yozuvlarning asl muallifidir – hikoya esa ilohiy drammadir. Xudo boshidanoq uning yakunini biladi, toki bizlar o‘quvchi sifatida Eski Ahddagi oxirgi ijobatlarga ishoralarni ko‘ra olaylik.

  1. D. A. Carson, “Systematic and Biblical Theology,” in New Dictionary of Biblical Theology (eds. T. Desmond Alexander and Brian S. Rosner; Downers Grove: InterVarsity, 2000), 94. Charles H. H. Scobie tomonidan Kalomiy Teologiyaga yana bir ta’rif berilgan: “Kalomiy Teologiya Eski va Yangi Ahdning kanonik kitoblardagi Xudoning ochiqliklarini tushunish uchun tartibli o‘rganish sifatida ta’riflanishi mumkin” (“The Challenge of Biblical Theology,” Tyndale Bulletin 42 [1991]: 36).
  2. Brian S. Rosner, “Biblical Theology,” in New Dictionary of Biblical Theology, 5.
  3. Kevin J. Vanhoozer, “Exegesis and Hermeneutics,” in New Dictionary of Biblical Theology, 56.
  4. Ibid., 56.
  5. Carson, “Systematic and Biblical Theology,” 100.
  6. Gerhard Hasel, “Biblical Theology: Then, Now, and Tomorrow,” Horizons of Biblical Theology 4 (1982): 66.
  7. Chuqurroq muhokama uchun quyidagi manbaga qarang: Carson, “Systematic and Biblical Theology,” 101-02.
  8. Scobie, “The Challenge of Biblical Theology,” 50-51.
  9. Tipologiyaning to’liqroq ta’rifi uchun quyidagi manbaga qarang: David L. Baker, Two Testaments, One Bible (IVP, 1976), chapter 7.

Yo‘nalish—Va’z qilishda qanday qilib Kalomiy teologiyani amalga oshirish (3 Qism)

Muqaddas Yozuvlarni va’z qilayotganda, biz o‘rganayotgan kitob najot tarixi vaqt chizig‘ining qayeriga to‘g‘ri kelishini anglab olishimiz juda muhim. O‘ta soddalashtirib yuborish xavfini o‘zida saqlagan holda, va’z qilishda yaxshi kalomiy teologiyani amalga oshirish ikki asosiy qadamdan iborat: orqaga nazar solish va butunlikka nazar solish.

ORQAGA NAZAR SOLISH—ANTESEDENT (VOQEA, HODISA) TEOLOGIYA

Volter Kaiser biz muqaddas yozuvlarni va’z qilayotganimizda har bitta kitobning antesedent teologiyasi bilan hisoblashishimiz kerakligini eslatadi. [1]

Misol uchun, Chiqish kitobi bo‘yicha va’z qilayotganimizda biz undan oldingi kontekstdan ajralgan holda o‘qiydigan bo‘lsak, Chiqishdagi xabarni to‘g‘ri talqin qilishimiz ehtimoli juda pasayadi. Chiqishdan oldingi xabar Ibtido kitobida berilgan. Biz Ibtidoda Xudo barcha narsaning Yaratuvchisi ekanligini va odamlar Egamizning hokimiyatini butun dunyoga yoyishlari maqsadida Xudo ularni O‘z suratida yaratganligini o‘rganamiz. Shunga qaramay Odam Ato va Momo Havo Xudoga ishonishda va ilohiy amrga bo‘ysunishda muvaffaqiyatsizlikka uchradilar. Mavjudot qulaydi, natijada olamga o‘lim va azob-uqubatlar kirib keladi. Ammo Egamiz yakuniy g‘alaba ayol zoti orqali amalga oshishiga va’da beradi (Ibt 3:15). Ayol zoti va ilon zoti o‘rtasida shiddatli to‘qnashuv sodir bo‘ladi. Lekin birinchisi ustunlikka ega bo‘ladi. Ibtidoning qolgan qismida ayol zoti va ilon zoti o‘rtasidagi kurashni ko‘ramiz va ilon zoti anchagina kuchli ekanligini o‘rganamiz: Qobil Hobilni o‘ldiradi; fosiqlar solihlarni mag‘lubiyatga uchratadi; faqatgina Nuh va oilasi tirik qolmagunga qadar, odamlar Bobil minorasini qurib o‘zlariga nom qoldirishga til biriktirishadi. Shunga qaramay, Egamiz butun dunyo ustidan hukmronligicha qoladi. U Qobilni jazolaydi. U Nuh va uning oilasidan boshqa hamma odamlarni to‘fonda halok qiladi. Bobil minorasi oldidagi odamlarning rejalarini barbod etadi.

Egamiz Ibrohim, Is’hoq va Yoqub bilan Ahd tuzadi va va’da qilingan g‘alaba (Ibt 3:15) ularning zurriyoti orqali kelishiga qasam ichadi. Egamiz ularga zurriyot, yer va umumiy baraka beradi. Ibtido zurriyotga doir va’daga alohida e’tibor qaratadi. Boshqacha qilib aytganda, Ibrohim, Is’hoq va Yoqub va’da qilingan yerga ham ega bo‘lishmaydi, o‘z davrlarida butun duynoga baraka ham keltirishmaydi. Lekin, Ibtido Egamiz Yoqubga bergan o‘n ikki farzandni sanab o‘tish bilan yakunlanadi.

Shunday qilib, Ibtidoning bu “antesedent teologiya”si qay yo‘sinda Chiqish kitobini o‘qishda muhim? Bu keyingi voqealarning negizidir, chunki Chiqish Isroil xalqining nihoyatda ko‘payishi bilan boshlanganda; biz shu zahoti Ibtidoda keltirilgan Ibrohimga berilgan son-sanoqsiz avlodga ega bo‘lish va’dasi amalga oshayotganligini fahmlaymiz. Faqatgina bu emas, Ibtidodan 3 bob orqaga qaytib fikr yuritsak, Fir’avn ilon zoti ekanligini; Isroil xalqi esa, ayol zotini bildirishini anglaymiz. Fir’avn barcha o‘g‘il chaqaloqlarni o‘dirishga urinishi ilon urug‘i rejalarini namoyon etadi, zero Ibtidoda bashorat qilingan zotlar orasidagi kurash hali davom etadi.

Chiqish orqali Tavrotning qolgan kitoblari sari harakatlanar ekanmiz, Isroil xalqining Misrdan ozod etilishi va ular Kan’on yurtini zabt etishlari haqidagi va’da ham Egamizning Ibrohim bilan qilgan ahdining amalga oshishini ifodalashini ko‘rishimiz mumkin. Endi yer haqidagi va’daning amalga oshishi boshlanadi. Bundan tashqari, Isroil hozir yangi yerdagi yangi Odam Atoga o‘xshash tarzda harakatlanadi. Odam Atoga o‘xshab, ular Egamiz bergan yerda imon va itoatkorlikda yashashlari lozim.

Agar biz Chiqish kitobini Ibtidoning antesedent xabari orqali ma’lumotga ega bo‘lmagan holda o‘qiganimizda, biz hikoyaning ahamiyatini anglay olmagan bo‘lar edik. Biz matnni uning kontekstidan alohida o‘qigan va o‘zboshimchalik bilan o‘qish tuzog‘iga ilingan bo‘lar edik.

Antesedent teologiyaning muhimligi butun kanon bo‘ylab yaqqol namoyondir, va yana biz bir necha boshqa misollar bilan o‘zimizni mamnun qilishimiz mumkin. Misol uchun:

  • Yoshua boshchiligidagi zabt etish; Ibrohim bilan qilingan ahd nuqtai nazaridan talqin qilinishi kerak, toki Kan’on yurtining qo‘lga olinishi; Ibrohimga berilgan Kan’on yurtini egallash haqidagi va’daning amalga oshishi sifatida tushunilishi kerak.
  • Boshqa tomondan, payg‘ambarlar davrida ogohlantirilgan va bir necha kitoblarda yozib qoldirilgan har ikkala shimoliy (mill.av.722 yil) va janubiy (mill.av 586 yil) shohlikning surgun qilinishi Levilar 26 bob va Qonunlar 27-28 boblardagi ahd la’natlarining amalga oshishini bildiradi.  Agar va’zxonlar va jamoatlar Muso bilan tuzilgan ahdning antesedent teologiyasidan bexabar bo‘lishsa va o‘sha ahdda ogohlantirilgan la’natlar haqida bilishmasa, ular har ikkala, Isroil va Yahudo shohligining surgunga yuborilish mohiyatini tushunishi amri mahol bo‘lgan bo‘lar edi.
  • Yangi Dovud haqidagi va’da (matnlar) – Dovud bilan avval tuzilgan, uning sulolasi abadiy hukmronlik qilishi haqidagi ahdni bildiradi.
  • Payg‘ambarlarda tez-tez tilga olingan Egamiz Kuni Ibrohimga berilgan va’da nuqtai nazaridan talqin qilinishi kerak.

Bu Yangi Ahdga ham tegishli, albatta.

  • Agar biz Eski Ahdning hikoya (syujet) chizig‘ini bilmasak, va Xudoning ahdlari va Isroilga bergan va’dalariga bee’tibor bo‘lsak, sinoptik Xushxabarlar (Matto, Mark, Luqo)dagi Xudo shohligining ahamiyatini tushuna olishimiz amri mahol.
  • Isoning Masih (Tanlangan, Moylangan)ligi, Inson O‘g‘li va Xudo O‘g‘li ekanligi – bularning bari ildizi oldingi ochiqliklarga borib taqaladi.
  • Havoriylar Kitobi – Luqo o‘zining kirish qismida ta’kidlaganidek, Iso boshlab bergan ishlar va ta’limotlarning davomidir; shuning uchun, unda Eski Ahddan ham, Isoning xizmati, o‘limi va tirilishi haqidagi ma’lumotlardan ham foydalanilgan va ularga asoslangan.
  • Maktublar ham Iso Masih tomonidan amalga oshirilgan buyuk najotkorlik ishlariga asoslangan najot xabarini va Xudo va’dalarining amalga oshishini ta’sis etib, jamoatlarga atroflicha izohlab hamda ularga moslashtirib beradi.
  • Va nihoyat, Vahiy hikoyaning kulminatsiyasini ifoda etadi. U shunchaki oxirida hikoyani zavqli yakunlash uchun ozroq qo‘shilgan matn emas. Unda ko‘pgina Eski Ahdga ishoralar, Vahiy, Eski Ahd ochiqliklarning umumiy jihatlarini tasvirlaganini namoyon etadi. Iso Masih o‘rgatgan va bajargan barcha ishlarining yakuni sifatida turishini ko‘rmaguncha; bu kitob hech qanday ma’noga ega bo‘lmaydi ham.

Bu bilan najot tarixining hikoya chizig‘i kanonning barcha kitoblarida bir xil markaziylikka ega demoqchi emasman. Biz Sulaymon Qo‘shig‘i, Ayub, Voiz, Hikmatlar va Zabur kabi donolik kitoblari haqida o‘ylashimiz mumkin. Hatto ushbu misollarda ham, Kalom mualliflari Ibtidodan boshlab yaratilish va qulashni; hamda Isroilni Xudoning ahdlangan xalqi sifatidagi maxsus rolini fundamental haqiqatlar deb bilishgan. Zabur Isroil hikoyasiga aloqador bo‘lgani kabi, ba’zan ular bu rol haqida gapirishadi. Hozir ham kanonning turfa xilligi esimizda va adabiyotning har bir qismi bir xil vazifaga ega emasligini tan olamiz.

Bu yerda va’zxonlarga tegishli asosiy haqiqat quyidagichadir: ular shu tarzda va’z qilisinlarki, ularning va’zlari najot tarixining kattaroq kalomiy hikoyasiga birlashsin. Jamoatda o‘tirganlar Xudo hozirgacha nima qilib kelayotganini katta suratini ko‘rishlari va Muqaddas Yozuvlarning har bir qismi bu rasmga qanday hissa qo‘shishini sezishlari lozim. Bu bizni bir butunlikka qarashga yetaklaydi.

BUTUNLIKKA QARASH—KANONIK VA’Z

Va’zxonlar sifatida, biz o‘zimizni faqatgina antesedent teologiyasi bilan chegaralamasligimiz kerak. Biz shu bilan birga, butun Muqaddas Kitobni; Iso Masihning xizmati, o‘limi va tirilishi haqidagi kanonik guvohlikni, e’tiborga olishimiz kerak. Agar biz faqatgina antesedent teologiya asosida va’z qilsak, biz haqiqat Kalomini to‘g‘ri taqsimlamagan va Rabbimiz xabarini bugungi kundagi odamlarga tog‘ri yetkazmagan bo‘lamiz.

Ibtido kitobining dastlabki boblarini va’z qilganimizda, biz ayol zoti esa Iso Masih ekanligi va butun mavjudotning behudalik tomon qulashi, Iso Masihning ishi orqali bartarf etilishini ham e’lon qilishimiz kerak (Rim 8:18-25). Bizni tinglovchilar, oldingi yaratilish (ijod) oxirgi so‘z emasligini va Iso Masihda yangi ijod borligini ko‘rishlari zarur. Biz Vahiy kitobi orqali ularga boshlanishdan ko‘ra yakun yaxshiroq ekanligi va ilk yaratilishning marhamatlari yangi yaratilish (ijod)da oshib toshishini ko‘rsatishimiz lozim.

Xuddi shu tarzda, Levilardan va’z qilayotganda, Levilarni Iso Masihda bajo bo‘lgan ijoobatlar nuqtai nazaridan va’z qilmasak, va’zxonlar sifatida yana nimani gapirishimiz mumkin? Shubhasiz biz, Eski Ahd qurbonliklari Iso Masihning xochdagi o‘limi orqali bajo bo‘lganini e’lon qilishimiz kerak.

Bundan tashqari, taomlar va tozalikka doir qoidalar kanonik tarzda talqin qilinishi lozim, toki, Rabbimiz bizni taomlar va tozalik qoidalariga rioya qilishga chaqirmayotganligini anglab olaylik. Bu qoidalar bulardan ham buyukroq narsaga: muqaddaslikka va imonlilar sifatida yangi hayotda yashashga yo‘naltiradi (1 Kor 5:6-8; 1 But 1:15-16).

Bu, Yangi Ahdda aniq qilib ko‘rsatilgan, imonlilar hali ham Muso qonuni ostida ekanliklarini bildirmaydi (Gal 3:15-4:7; 2 Kor 3:7-18). Eski Ahd, najot tarixining ma’lum bir davrida amalda bo‘lishi ko‘zlangan. Hozir Masihdagi ijobat, kunday ravshan bo‘ldi va biz endi Rabbimiz Isroil xalqi bilan tuzgan ahdning ostida emasmiz. Shuning uchun, bugungi kunda Teonomistlar targ‘ib qilayotgani kabi – Isroil bitta xalq sifatida bajarishi lozim bo‘lgan qonunlar, hozirgi paytda davlatlarga namuna sifatida xizmat qilishi lozim, deb o‘ylash xatodir. Biz va’zlarimizda, Xudoning xalqi sifatidagi Isroil va Iso Masih jamoati o‘rtasidagi farqni anglashimiz kerak. Isroil – Xudoning ahd tuzgan xalqi va siyosiy birlikni o‘zida namoyon etgan Xudoning teokratik xalqi bo‘lgan. Lekin, Iso Masihning jamoati, milliy davlatlar uchun qonunlar to‘plami bo‘lgan siyosiy birlik emas. Jamoat har bir xalq, til, qabila va millatdan iborat odamlardan tashkil topgan. Eski va Yangi Ahd orasidagi bu farqni inobatga olmaslik, jamoatlarimizga vayronkor ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Agar biz Eski va Yangi Ahd orasidagi farqlarni tushunmasak, biz qiyinchiliklarga uchraymiz, misol uchun, Yoshua kitobida yerlarga egalikni e’lon qilinishi, shubhasiz, Iso Masihning jamoatiga berilgan va’da bir kun kelib bizlar Kan’on yurtini egallab olishimiz emas! Aksincha, Yangi Ahdni o‘qigan sari shuni bilib olamizki, yer haqidagi va’da tipologik tarzda tushuniladi va shu bilan birga, Yangi Ahddagi oxirgi ijobatga aylanadi.  Ibroniylar maktubida Yoshua boshchiligidagi xalqqa farog‘at berish va’dasi, Xudo xalqi uchun oxirgi farog‘at bo‘lishi ko‘zda tutilmaganligini tushuntiradi (Ibr 3:7-4:13). Pavlus Ibrohim uchun yer va’dasi faqatgina Kan’on yurti bilan chegaralanib qolmasligini, balki butun dunyoni o‘z ichiga olishi uchun umumiylashtirilganligini tushuntirib beradi (Rim 4:13). Ibroniylar maktubida biz imonlilar sifatida yerga xos shaharni emas, balki samoviy shaharni ya’ni (Ibr 11:10, 14-16; 13:14), kelajak shaharini kutishimizni anglaymiz. Yoki, Yuhanno Vahiy 21, 22 – boblarda yozganidek, biz samoviy Quddusni kutamiz. Bu yangi yaratilishdan boshqa hech narsa emas. Boshqacha qilib aytganda, agar biz Yoshuadagi matndan va’z qilsak lekin Masihdagi merosimizga va yangi yaratilishga urg‘u bermasak, unda biz kitobni ta’riflashda syujet chizig‘ini bog‘lashning, afsuski, uddasidan chiqolmagan bo‘lamiz. Biz xabarni shu darajada qisqartirib, buzib yuborishimiz mumkinki, odamlarimiz barcha Muqaddas Yozuvlar qay tarzda Masihda amalga oshishini va qay tarzda Xudoning barcha va’dalari Iso Masihda “ha” va “omin” bo‘lishini  ko‘rolmay qolishadi (2 Kor 1:20).

Agar biz kalomiy teologiyadan foydalangan holda muqaddas yozuvlarni kanonik tarzda va’z qilsak, Masihni, ham Eski Ahddan, ham Yangi Ahddan e’lon qilamiz. Albatta biz, ahdlar o‘rtasida sodda o‘xshatishlar va majburiy bog‘liqliklar yasash xavfidan saqlanishimiz kerak.  Agar biz kalomiy teologiya ishini to‘g‘ri bajarsak va havoriy yozuvchilarning o‘z germeneftikasiga rioya qilsak, bunday xatolar tuzog‘iga ilinmaymiz. Havoriy yozuvchilar, axir Eski Ahdning o‘zi Masihga yo‘naltirishi va Unda amalga oshishiga ishonishardi. Ular o‘z germeneftikalarini Iso Masihning O‘zidan o‘rganishgan, xuddi U Muqaddas Yozuvlar mohiyatini Kleopas va uning hamrohiga Emmaus yo‘lida ochib bergani kabi (Luqo 24). Bu borada ba’zilar havoriylarning germeneftikasidan ilhomlaniladi, lekin unga bugungi kunda taqlid qilinmaydi, deya da’vo qilishgan. [2] Bunday qarash nuqsonga ega, chunki u havoriylar kuzatgan Eski Ahddagi so‘zlarning ijobati, matnning asl mohiyatiga mos emasligiga ishora qiladi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda, ahdlar orasidagi chizilgan aloqalar o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan va havoriylar (Masihning O‘zi ham!) bugungi kunda Eski Ahdni talqin qilish uchun bizlarga namuna bo‘la olmaydilar, deb xulosa qilish mumkin.

Agar biz, shunga qaramay, havoriylar Eski Ahdning ilhomlangan va dono o‘quvchilari bo‘lganliklariga ishonsak, unda Eski Ahdning hammasini Iso Masihda amalga oshgan ijobatlar nuqtai nazaridan o‘qish uchun bizda namuna bor. Eski Ahdning syujet chizig‘i va tuzilishining barchasi Unga yo‘naltirilgan va Unda amalga oshadi. [3] Biz Eski Ahdda Ibrohimga berilgan va’da haqida o‘qiganimizda, u Iso Masihda amalga oshganini anglaymiz. Eski Ahd qurbonliklarining soyalari o‘z mohiyatini Masihda topishadi. Masalan:

  • Fisih, Hosil, va Chayla bayramlari bizni: Masihga Fisih qurbonligi sifatida, Muqaddas Ruh in’omiga va Isoga dunyoning Nuri sifatida qarashga o‘rgatadi.
  • Imonlilardan Shabbat kuniga rioya qilishlari talab etilmaydi, zero bu ham Eski Ahdning yana bir soyasidir (Kol 2:16-17; cf. Rim 14:5) va Sinay ahdiga tegishlidir, u imonlilar uchun amal qilmaydi (Gal 3:15-4:7; 2 Kor 3:4-18; Ibr 7:11-10:18). Shabbat farog‘atini intizorlik bilan kutish, hozir biz uchun Masihda boshlangan va oxiratdagi samoviy farog‘atda to‘liq kuchga kiradi (Ibr 3:12-4:11).
  • Ma’bad haqiqiy ma’bad sifatida Masihga yo‘naltiradi; sunnat esa o‘z ijobatini Masih xochiga borib taqaladigan va Ruhning ishi orqali himoya qilinadigan yurak sunnatida topadi.
  • Dovud Isroilning shohi va Xudoning ko‘ngliga mos odam sifatida shohlikning eng yuqori cho‘qqisini bildirmaydi; Dovud Iso Masihning ramzidir. Masih, ya’ni buyukroq Dovud, gunohsiz edi. U O‘z xizmati, o‘limi va tirilishi orqali Xudo O‘z xalqiga bergan va’dalarini harakatga keltirgan Moylangan Shohdir.

Agar biz Eski Ahdni butun kanon nuqtai nazaridan va’z qilmasak, biz o‘zimizni Eski Ahddagi axloqiy darslar bilan chegaralaymiz, yoki ko‘pincha uchraydigan halokat, biz Eski Ahddan deyarli va’z qilmaymiz. Masihiylar sifatida shuni bilamizki, Eski Ahddagi ko‘pgina holatlar bugungi kunda bizning vaziyatimizni tog‘ridan-to‘g‘ri gapirmaydi. Masalan, Xudo Isroil xalqini Misrdan ozod qilgani kabi, bizni siyosiy qaramlikdan ozod qilishga va’da bermagan. Bugungi kunda Isroil yeri siyosiy o‘zgaruvchandir, lekin Masihiylar faqatgina Isroilda yashab zavqlanishga ishonishmaydi va ular sajda ma’badga borib qurbonlik keltirishdan iborat, deb ham o‘ylashmaydi. Shunga qaramay, agar biz Eski Ahdni kanonik tarzda, kalomiy teologiya nuqtai nazaridan va’z qilmasak, uning Masihiy va’zlarda ishlatilmasligi odatiy bo‘lib qoladi.  Shunday qiladigan bo‘lsak, biz nafaqat Xudoning ajoyib xazinalaridan o‘zimizni mosuvo qilamiz, shu bilan birga, biz kalomiy ochiqliklarning chuqur va ko‘pqirrali xususiyatlarini ko‘rolmay qolamiz. Biz o‘zimizni Iso va Uning havoriylari o‘qigan Eski Ahdni o‘qimaydiganlar o‘ringa qo‘yamiz va shuning uchun, Xudoning va’dalari Iso Masihda “ha” va “omin” ekanligini ko‘rolmaymiz.

Eski Ahdni kanonik tarzda o‘qish Eski Ahdni o‘z tarixiiy va madaniy kontekstida o‘qimaslikni bildirmaydi. Har bir talqin qiluvchining birinchi vazifasi Eski Ahdni kalom muallifi tomonidan nazarda tutgan, yozilgan paytdagi ma’noni anglagan holda, Eski Ahdni borligicha o‘qishdir. Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlaganimizdek, Eski Ahdning har bir kitobi o‘zining antesedent teologiyasi nuqtai nazaridan o‘qilishi lozim, toki, Muqaddas Yozuvlarning syujet chizig‘I tushunarli bo’lsin. Biz barcha Muqaddas Yozuvlarni ham kanonik tarzda o‘qishimiz kerak, toki Eski Ahd ijobati Iso Masih orqali amalga oshgan butun hikoya nuqtai nazaridan o‘qilsin.

Qisqa qilib aytganda, biz kalomiy teologiyani amalga oshirayotganda va Xudoning Kalomini va’z qilayotganda har doim bir butunlik nuqtai nazari, ya’ni ilohiy muallifning nuqtai nazarini inobatga olishimiz lozim. Biz Muqaddas Yozuvlarni oldindan orqaga qarab ham, orqadan oldinga qarab ham o‘qishimiz kerak. Biz har doim hikoya rivojini hamda uning oxirini inobatga olishimiz darkor.

XULOSA

Bizning va’zxon sifatidagi vazifamiz Xudoning butun maqsadini e’lon qilishdir. Biz va’zxonlar sifatida kalomiy teologiyani amalga oshirmaydigan bo‘lsak, da’vatimizni bajarmagan bo‘lamiz. Biz axloqiy darslarimiz va misollarimiz uchun odamlarimizdan ko‘p maqtovlar qabul qilishimiz mumkin, agar ular butun Muqaddas Yozuvlar Masihga qanday yo‘naltirilganligini tushunmasalar va ular bizdan Muqaddas Kitobning syujet chizig‘i haqida yaxshiroq tushunchaga ega bo‘lmasalar, biz jamoatimizga to‘g‘ri xizmat qilmayotgan bo‘lamiz. Xudoning O‘zi bizga sodiq o‘qituvchilar va va’zxonlar bo‘lishga yordam bersin, toki nazoratimizdagi har bir shaxs Masihda mukammal taqdim etilsin.

  1. Walter Kaiser, Jr., Toward an Exegetical Theology: Biblical Exegesis for Preaching and Teaching (Grand Rapids: Baker, 1981), 134-40.
  2. Richard N. Longenecker, Biblical Exegesis in the Apostolic Period (2nd ed.; Grand Rapids: Eerdmans, 1999).
  3. Va’zlarimizda Masih markaziy o‘rin egallashi muhimligi uchun quyidagi mualliflar asarlariga murojaat qiling: Graeme Goldsworthy, Preaching the Whole Bible as Christian Scripture: The Application of Biblical Theology to Expository Preaching (Grand Rapids: Eerdmans, 2000); Sidney Greidanus, Preaching Christ from the Old Testament: A Contemporary Hermeneutical Method (Grand Rapids: Eerdmans, 1999); Edmund P. Clowney, Preaching Christ in All of Scripture (Wheaton: Crossway, 2003).

Thomas R. Schreiner

Бугунги кунда кўпгина ваъзларда учрайдиган муаммолар – ва Каломий Теология бунинг чораси сифатида

  • Ташҳиз—Бугунги кунда кўпгина ваъзларда учрайдиган муаммолар (1 Қисм)
  • Изланиш—Каломий Теология нима (2 Қисм)
  • Йўналиш—Ваъз қилишда қандай қилиб Каломий Теологияни амалга ошириш (3 Қисм)

Ташҳиз—Бугунги кунда кўпгина ваъзларда учрайдиган муаммолар (1 Қисм)

Мен аъзо бўлган жамоатлар ассосатсияси ичида Муқаддас Ёзувнинг бенуқсонлиги бўйича курашда ғалаба қозонган бўлиши мумкин. Лекин, ҳали биз ҳам, шунга ўхшаш курашларда ғалаба қозонган бошқа инжил деноминатсиялари ёки жамоатлар ҳам, ўзларимизни бунчалик эрта табрикламаслигимиз керак. Консерватив жамоатлар Муқаддас ёзувларнинг бенуқсонлигини қабул қилишлари мумкин, лекин амалда ҳали ҳам Худо Каломининг етарли эканлигини рад этишади. Биз Муқаддас Китобни Худонинг бенуқсон Каломи деб айтишимиз мумкин, лекин ҳали ҳам биз уни минбарлардан туриб эълон қилмаймиз.

Бугунги кунда кўпгина Инжил жамоатларида Худонинг сўзи учун амалда “очарчилик” юз бермоқда. Ваъз церийаларининг номлари Гилиган Ороли, Бонанза, ва Мерй Тайлер Мур каби теледастурлар номларига ўхшаб кетади. Ваъзларда кўпинча муваффақиятли эр-хотинлик муносабатларига қадамлар, ёки бизнинг маданиятда болаларни қандай вояга етказишга доир мавзуларга урғу берилади. Оила масалалари ҳақидаги ваъзлар, албатта, тўғри ва керак, лекин одатда икки муаммо юзага келади. Биринчиси, Муқаддас Китобда бу мавзулар ҳақида нима дейилгани одатда эътибордан четда қолади. Эр-хотинлик муносабатлари ҳақидаги ваъзларнинг бир нечтасида, Павлус эрлар ва хотинларнинг ўринлари ҳақида айтган гапларини аниқ ва қатъият билан тушунтириб беришади (Эфес 5:22-33)? Ёки биз Муқаддас Китобдаги сўзларни айтишдан уяламизми?

Иккинчиси, ва эҳтимол жиддийроғи, бундай ваъзлар деярли ҳар доим горизонтал миқёсида ваъз қилинади. Булар ҳафталаб жамоатнинг асосий мавзусига айланади лекин Худонинг Каломи сингиб кетган ва ҳаётнинг барча жабҳалари учун асосни таъминлайдиган теологик қараш жим-житликда қолиб кетади. Бизнинг ваъзхонларимиз Меҳрибон Аббй (газеталарда шу ном билан ҳар хил оилавий маслаҳатлар берадиган образ) каби ҳафтама-ҳафта қандай қилиб бахтли ҳаёт кечириш ҳақида маслаҳат берадиган насиҳатгўй одамларга айланиб боришмоқда.

Кўпгина жамоатлар нима содир бўлаётганини англамайдилар чунки, бундай ваъзлар мақтайдиган ахлоқий ҳаёт, қисман бўлса ҳам каломга мос келади. Унда имонлиларнинг ҳам, имонсизларнинг ҳам сезса бўладиган эҳтиёжларига тегишли гаплар гапирилади.

Чўпонлар ўз ваъзларини ҳикоялар ва мисоллар билан тўлдиришлари керак, деб ишонишади, токи латифалар ҳам маълум қилинган ахлоқий ғояни тўлдирсин. Ҳар бир яхши ваъзхон мисоллардан фойдаланади. Лекин, ваъзлар ҳикоялар билан шу қадар тўлиб тошган бўлиши мумкинки, улар ҳар қандай теологиядан маҳрум бўлиб қолади.

Мен Инжилчилардан, “хушхабар жамоатлари теология бўйича яхши ишлашяпти, чунки жамоатдагилар биз уларга ўргатаётган нарсалар ҳақида шикоят қилаётганлари йўқ,”- деб айтганларини тез-тез эшитиб тураман. Бундай изоҳ одамни қўрқитиб юборади. Биз чўпонлар сифатида “Худонинг мурод – мақсадини баён қилиш” жавобгарлигига эгамиз (Ҳаворийлар 20:27). Биз ўз даъватимизни амалга оширмоқдамизми ёки йўқми, буни аниқлаш учун жамоатдаги сўровномаларга суянолмаймиз. Биз Муқадддас Китоб нимани талаб қилишига суянишимиз керак. Жамоатдагилар биз чўпон сифатида қайси мажбуриятимизни бажармаётганимиздан хабар топмасликлари учун, Худо сўзи жиддий ўргатилмаслик ҳолатлари ҳам содир бўлган бўлиши мумкин.

Павлус бизларни огоҳлантирганидек “сизларнинг орангизга йиртқич бўрилар келади, улар сурувга шафқат қилмайди” (Ҳаворийлар 20:29). Яна шундай дейилади, «Чунки шундай вақт келадики, одамлар соғлом таълимотга тоқат қилмайдиган бўладилар, улар атрофига ўзларига мос, қулоқларига ёқимли сўзлар айтадиган муаллимлар тўплайдилар. Улар ҳақиқатдан юз ўгириб, афсоналарга берилиб кетадилар.» (2 Тим 4:3-4). Агар биз жамоатдагилар нимани хоҳлашига қараб, ўз ваъзларимизга баҳо берадиган бўлсак, биз нотўғри (сохта) таълимот (бидъат) учун замин ҳозирлаётган бўламиз. Мен жамоатдагиларимиз бидъатчи демоқчи эмасман. Айтмоқчиманки, кўпчиликнинг фикри эмас, фақатгина Худонинг Каломи бизнинг ишончли эканлигимизни исботловчи восита бўлиши лозим. Чўпонлар, одамларни улар эшитишни хоҳлайдиган нарсалар билан мамнун этишга эмас, балки, сурувни Худо Каломи билан озиқлантиришга даъват этилганлар.

Одатда жамоатларимиз ваъз айтадиган баъзиларимиз томонидан заиф тайёрланадилар. Биз жамоатимизни ахлоқий ваъзнинг қаттиқ парҳези билан озиқлантирганимизда, нима содир бўлишини бир ўйлаб кўринг. Натижада улар меҳрибон, кечиримли, севувчи, яхши эр ва хотин бўлишни ўрганишлари мумкин (буларнинг ҳаммаси яхши, албатта!). Уларнинг юраклари юмшаши ва ҳатто ўзгаришлари ҳам мумкин. Лекин, теологик асос эътибордан четда қолдирилганлиги сабабли, нотўғри “таълимот бўриси” янада яқинроқ келиб яширинади. Қандай қилиб дейсизми? Чўпоннинг ўзи бидъатчи (еретик) бўлгани учун эмас. У тўлиқ ортодоксал (эътиқоди мустаҳкам) бўлиши ва ўз теологиясига содиқ бўлиши мумкин. Лекин, ўзининг барча ваъзларида ўз теологиясига асосланар экан, шу тариқа у ўз одамларига Муқаддас Китобнинг сюжет чизиғи ва теологиясини ваъз қилишни эътибордан четда қолдиради.

Кейинги авлодда, ёки ундан ҳам кейингисида, жамоат ўзлари билмаган ҳолда, кўпроқ либерал чўпонларни келтириб чиқариши мумкин. Бу янги чўпон ҳам одамлар яхши, меҳрибон ва севувчи бўлиш кераклигини ваъз қилади. У яхши никоҳлар ва фаол муносабатлар муҳимлигига ҳам урғу беради. Жамоат ўриндиқларида ўтирган одамлар, унинг теологияси ундан олдинги консерватив чўпоннинг теологиясига ўхшаб кетиши сабабли, ундаги фарқни ҳатто сезишмайди ҳам. Қайсидир жиҳатдан, бу консерватив чўпоннинг ўз теологиясини ҳеч қачон эълон қилмаганлиги ёки ваъз қилмаганлиги туфайлидир. Консерватив чўпон Муқаддас Китобнинг нуқсонсизлигига ишонади, лекин унинг етарлича эканлигига ишонмайди, чунки, у жамоатига фақатгина Муқаддас Китоб ўргатган барча нарсаларни эълон қилмайди.

Биз Каломий теологияни эътибордан четда қолдиришимиз доимий тарзда юзага келиб туради. Охирги ўн йилда юз берган, нотиқ одамларни олдинга чиқишга чақирган икки ҳолат (биринчиси катта стадионда бир нотиқ томонидан – нотиқнинг исмини эслолмайман) хаёлимга келди. Стадиондаги ваъз инжил хушхабари ҳақида бўлишига ният қилинган эди, лекин мен очиқчасига айтишим мумкинки, хушхабар умуман эълон қилинмаган эди. Масиҳнинг хочга михланиши ва тирилиши ҳақида ёки, нима учун хочга михланиб тирилиши ҳақида ҳеч нима дейилмаган эди. Нима учун яхши амаллар эмас, имон туфайли қутқарилиши ҳақида ҳеч нима дейилмаган эди. Минглаб одамлар олдинга чиқишди ва шубҳасиз улар тегишли равишда имонга келишди, деб белгилашди. Лекин, мен бошимни қашиб, аслида нима содир бўлаётганига ҳайратланаётган эдим. Мен ҳеч бўлмаганда баъзилар ростдан ҳам имонга келган бўлсин деб ибодат қилдим. Ва эҳтимол улар хушхабарни олдин бошқа вазиятларда тинглаб унинг моҳиятини билиб олиганликларига умид қилдим. Худди шундай ҳолат мен ташриф буюрган бир жамоат йиғилишида ҳам содир бўлган эди. Ваъзхон “олдинга чиқиш” ва “нажотга эришиш”га кенг чорловни амалга оширган эди, лекин у хушхабарни тўлиқ тушунтириб беролмаганди!

Бундай ваъз айтишлар жамоатимизни имонга келмаган одамлар билан тўлдириши мумкин, лекин улар икки баробар қийин ҳолатда бўлишади: улар чўпонлар томонидан имонга келганликлари ва ўз нажотларини ҳеч қачон йўқотмасликларига ишонтириладилар, афсуски улар ҳали ҳам адашган одамлардир. Кейин эса, ўша кундан бошлаб, худди шу одамлар ҳар ҳафта ушбу постмодерн даврдаги бизнинг “яхши одам бўл” хушхабари орқали руҳлантирилишади.

Изланиш—Каломий Теология нима? (2 Қисм)

1- Қисмда тасвирланган юзаки ваъз айтишнинг муаммоларига ечим ростдан ҳам жуда оддий: чўпонлар ўз ваъзларида қандай қилиб каломий теологияни ишлатишни ўрганишлари лозим. Буни қандай амалга оширишни ўрганиш – каломий теология ўзи нима?, деган савол билан бошлашни талаб этади.

Каломий ва Тизимли Теология

Каломий теология, тизимли теологиядан фарқли равишда, каломий сюжет чизиғига диққатни қаратади. Тизимли теология, каломий теологиядан маълумот олсада, муайян бир вақтга алоқадор эмас. Дон Карсон таъкидлайдики,

каломий теология тизимли теологияга қараганда матнга яқинроқ туради, ҳар бир матн тўпламининг фарқли жиҳатини инобатга олиб ҳақиқий сезувчанликка эришишни кўзлайди, ва ўз категорияларидан фойдаланиб, ҳар хил матн тўпламларини ўзаро боғлашга интилади. Шунинг учун, идеал ҳолатда, каломий теология масъул экзегеза (шарҳ, талқин) ва масъул тизимли теология орасида кўприк фан сифатида туради (булардан ҳар бири иккаласига таъсир этиши муқаррар бўлса ҳам). [1]

Қисқа қилиб айтганда, каломий теология онгли равишда ўзини кўпроқ ўрганилаётган матн ёки матнлар тўпламидаги хабар билан чегаралайди. У калом ёзувчиларининг тарихий контекстида қайси мавзулар марказий, деб савол беради, ва бундай мавзуларнинг мантиқий изчиллигини англашга уринади. Каломий теология Муқаддас Китобнинг сюжет чизиғига – Худонинг халоскорона тарихдаги режасини очиб беришга диққатини қаратади. Бу биз ҳар бир матнни унинг бутун Муқаддас Китоб сюжет чизиғига алоқадорлиги контекстда талқин қилишимиз ва кейин ваъз қилишимиз лозимлигини англатади. Буни 3 қисмда атрофлича кўриб чиқамиз.

Бошқа томондан, тизимли теология бугунги куннинг саволлари ва фалсафий масалаларини ўзида акс этган саволларни матн олдига қўяди. Тизимли теология вакиллари – яхши натижага – Муқаддас Китобда очиқ айтилмаган (яширин маъноли) мавзуларни тадқиқ қилишлари ҳам мумкин, лекин Муқаддас Китобдаги матнга доимий эътиборни қабул қилишмайди. Ҳозирча, шу нарса маълум бўлдики, номига арзийдиган ҳар қандай тизимли теология каломий теология устига қурилади.

Каломий теологиянинг фарқланувчи акценти (урғуси), Браен Роснер изоҳлаганидек, “Муқаддас Китобдаги матнга изланиш режасини тузишга рухсат беради.” [2] Кевин Ванҳузер каломий теологиянинг махсус ролини қуйидагича яққол ифодалайди: “Каломий теология” Худонинг Каломи турли хил адабий ва тарихий шароитдаги, инсоний сўзлар орқали матн жиҳатдан ўзаро боғлайдиган қарашни қабул қиладиган ва Муқаддас Китобни талқин қилиш ёндашувининг номи ҳисобланади.” [3] Ёки, “Кўпроқ ижобий жиҳатдан айтадиган бўлсак, каломий теология матнларнинг ўз манфаатлари мослигини таъминлайди.” [4]

Карсон каломий теология ҳиссасини яхши ифодалайди:

Лекин, идеал ҳолатда, каломий теология (ўз номи билан айтиб турибди ва ҳатто Каломнинг ҳар хил матнларидан индуктив тарзда ишлаши ҳам маълум) Муқаддас Китобдаги матнларнинг ўз категорияларига тўғридан-тўғри мурожаат қилган ҳолда, биргаликда барча матнларнинг бир бутунлигини очиб беришга ва ифодалашга интилади. Бундан келиб чиққан ҳолда, бу – каноник каломий теология, «бутун-Калом” каломий теологиясидир. [5]

Каломий теология ўзини Ибтидо теологияси, Таврот, Матто, Римликларга ҳатто Павлуснинг барча мактублари теологияси билан чегаралаши мумкин. Каломий теология бутун Муқаддас Китоб канонини ўз ичига олиши мумкин, бунда Муқаддас Ёзувлар сюжет чизиғида бир бутун бўлиб бирлашади. Кўпинча экспозицион ваъзхонлар Левилар, Матто ёки Ваҳий билан чегараланишади ва улар нажот тарихи сюжет чизиғининг қайси жойида яшаганликларини инобатга олишмайди. Улар Муқаддас Китобнинг бир қисмини бошқа қисмларидан ажратиб қўйишади ва шунинг учун, Худонинг бутун режасини эълон қилиш ўрнига, бутундан кесиб олинган тарзда ваъз қилишади. Герҳард Ҳасел биз каломий теологияни “каломий матнлар гувоҳлик берадиган ҳақиқатнинг барча жиҳатларини тўғри амалга оширишга интиладиган” тарзда амалга оширишимиз керак, деб тўғри таъкидлайди. [6] Теологияни амалга ошириш шунчаки семинария профессорлари учун вазифа эмас; балки ҳар бир Калом ваъзхонининг масъулиятидир!

Биз яна тизимли ва каломий теология ўртасидаги фарқлар ҳақида фикр юритамиз, бу ҳақда Карсон қуйидаги сўзларни айтади. [7] Тизимли теология тарихий теологиянинг ҳиссасини инобатга олади ва шунинг учун, Августин, Лютер, Акунас, Калвин, Эдвардс ва Муқаддас Китобнинг таълимотини шакллантиришда кўплаб бошқа одамларнинг асарларидан маълумотлар олади. Тизимли теология Худонинг сўзини тоғридан-тўғри бизнинг маданий шароитимиз ва бугунги кунимизга қарата гапиришга уринади. Ўз-ўзидан маълумки, унда, ҳар бир яхши ваъзхон ўз замондошларига чуқур ва кучли сўзларни гапириш учун тизимли теологияда мустаҳкам илдиз отиши керак.
Каломий теология кўпроқ индуктив ва бирламчи негиздир. Карсон каломий теология “тафаккур қилинадиган фан”, тизимли теология эса “кулминатсияга олиб борадиган фан”, деб тўғри айтади. У ҳолда, айтишимиз мумкинки, каломий теология оралиқдаги, каломнинг тарихий ва адабий ўрганилиши ҳамда догматик теология ўртасидаги кўприк вазифасини бажаради.

Каломий теология, матннинг тарихий контекстидан келиб чиқиб ишлайди. Бу каломий теология соф нетрал ва обектив тадбир дегани эмас. Биз ўшанда нима англатилганини ҳозир нимани англатишини аниқ ажрата олиш ғояси, Кристер Стендаҳл айтганидек, хомхаёлдир. Скоби каломий теология ҳақида қуйидагича фикр билдиради:

Унинг Масиҳийлик имон садоқатига асосланган тахминлари Муқаддас Китоб илоҳий ваҳий ҳақида хабар беришини; Худонинг Муқаддас Ёзувлардаги Сўзи масиҳийлик имон ва ҳаёт меёрларини белгилаб беришини; Эски ва Янги Аҳддаги барча ҳар хил материаллар қандайдир тарзда бутун Муқаддас Китоб ягона Худонинг режа ва мақсадига алоқадорлигига ишончни ўз ичига олади. Бундай Каломий Теология Муқаддас Китоб “нимани назарда тутгани ва нимани назарда тутиши” орасида ўрин эгаллайди. [8]

Кейин яна, каломий теология фақатгина Янги Аҳд, ёки фақатгина Эски Аҳд билан чегараланмайди, балки ҳар иккала Аҳдни ҳам биргаликда Худонинг Каломи деб билади. Аслида, каломий теология Муқаддас Ёзувларнинг канони ўз меёрида ишлаши тушунчасидан келиб чиқади ва шунинг учун, ҳар иккала Аҳд ҳам Муқаддас Китоб теологиясини очиб бериши керак.

ЭСКИ ВА ЯНГИ АҲДНИ МУВОЗАНАТЛАШ

Каломий теологияни амалга оширишда Эски ва Янги Аҳд ўртасида ажойиб диалектика (мунозара) мавжуд. Янги Аҳд Эски Аҳдда бошланган нажот тарихининг кулминатсиясини намоён этади ва шунинг учун, каломий теология таърифан ҳикоя теологиясидир. У Худонинг тарихдаги нажоткорона ишлари ҳикоясини ўз ичига олади. Худо нима қилганини тарихан очилиши халоскорлик тарихи ёки нажот тарихи сифатида тасвирланиши мумкин.

Муқаддас Ёзувларни ваъда ва унинг амалга ошиши жиҳатидан қараб чиқиш ҳам самаралидир: Эски Аҳдда ваъда қилинган нарса, Янги Аҳдда амалга ошади. Биз Эски Аҳддаги очиқликнинг тарихий ўзига хослигини ўчирилиб кетишидан эҳтиёт бўлишимиз керак, токи юзага келган тарихий контекстни йўқотиб юбормайлик. Бошқа томондан, биз очиқликнинг Эски Аҳддан то Янги Аҳдгача изчиллик билан ривожланиб боришини тан олишимиз лозим. Очиқликнинг бундай ривожи Эски Аҳднинг тайёрловчилик табиатини ва Янги Аҳдда келадиган аниқловчи сўзни тан олади. Эски Аҳднинг тайёрловчилик табиатга эгалиги унинг ўта муҳим ролини бекор қилиб юбормайди, чунки биз Эски Аҳднинг моҳиятини англаб олганимиздагина Янги Аҳдни тушунишимиз мумкин ва аксинча, Янги Аҳдни англаб олмасдан туриб, Эски Аҳдни тушуна олмаймиз.

Баъзилар типологияни (илмий асосда таснифлаш) ишлатишга иккиланишади, лекин бу йўл каломий теология учун фундаментал (асосий тамойил) ҳисобланади, зеро у Калом ёзувчиларининг ўзлари томонидан ишлатилган категориядир. Типология нима? Типология – бу Эски Аҳддаги воқеалар, шахслар ва институтлар ҳамда уларнинг Янги Аҳдда Масиҳда амалга ошиши ўртасидаги Худо томонидан режалаштирилган уйғунликдир, [9] Худди Матто Хушхабарида Мариям, Юсуф ва Исонинг Мисрдан қайтиши – Исроил халқининг Мисрни тарк этиш тилида тасвирлаганига ўхшаш (Матто 2:15; Чиқиш 4:22, 23; Хўшея 11:1). Фақатгина Янги Аҳд муаллифлари бу “Худо томонидан режалаштирилган уйғунликлар”ни кузатишмайди. Балки, Эски Аҳд муаллифлари ҳам буни амалга оширишади. Масалан, Ишаё ва Ҳўшея биринчи чиқишдан кейин унга ўхшаш янги чиқиш ҳақида башорат қилишган. Худди шу тарзда, Эски Аҳдда янги Довудни, ҳатто биринчи Довуддан ҳам буюкроқ бўлишини кутишади. Биз Эски Аҳднинг ўзида типологиядаги ўсишни кўрамиз, яъни бир типнинг амалга ошиши ҳар доим ўша типнинг ўзидан буюкроқ бўлади. Исо нафақат янги Довуд, у шу билан бирга, буюкроқ Довуд ҳамдир.

Типология тарихдаги илоҳий наъмуна ва мақсадни тан олади. Худо Муқаддас Ёзувларнинг асл муаллифидир – ҳикоя эса илоҳий драммадир. Худо бошиданоқ унинг якунини билади, токи бизлар ўқувчи сифатида Эски Аҳддаги охирги ижобатларга ишораларни кўра олайлик.

 

  1. D. A. Carson, “Systematic and Biblical Theology,” in New Dictionary of Biblical Theology (eds. T. Desmond Alexander and Brian S. Rosner; Downers Grove: InterVarsity, 2000), 94. Чарлиз Ҳ. Ҳ. Скоби томонидан Каломий Теологияга яна бир таъриф берилган: “Каломий Теология Эски ва Янги Аҳднинг каноник китоблардаги Худонинг очиқликларини тушуниш учун тартибли ўрганиш сифатида таърифланиши мумкин” (“The Challenge of Biblical Theology,” Tyndale Bulletin 42 [1991]: 36).
  2. Brian S. Rosner, “Biblical Theology,” in New Dictionary of Biblical Theology, 5.
  3. Kevin J. Vanhoozer, “Exegesis and Hermeneutics,” in New Dictionary of Biblical Theology, 56.
  4. Ibid., 56.
  5. Carson, “Systematic and Biblical Theology,” 100.
  6. Gerhard Hasel, “Biblical Theology: Then, Now, and Tomorrow,” Horizons of Biblical Theology 4 (1982): 66.
  7. Чуқурроқ муҳокама учун қуйидаги манбага қаранг: Carson, “Systematic and Biblical Theology,” 101-02.
  8. Scobie, “The Challenge of Biblical Theology,” 50-51.
  9. Типологиянинг тўлиқроқ таърифи учун қуйидаги манбага қаранг: David L. Baker, Two Testaments, One Bible (IVP, 1976), chapter 7.

Йўналиш—Ваъз қилишда қандай қилиб Каломий теологияни амалга ошириш (3 Қисм)

Муқаддас Ёзувларни ваъз қилаётганда, биз ўрганаётган китоб нажот тарихи вақт чизиғининг қаерига тўғри келишини англаб олишимиз жуда муҳим. Ўта соддалаштириб юбориш хавфини ўзида сақлаган ҳолда, ваъз қилишда яхши каломий теологияни амалга ошириш икки асосий қадамдан иборат: орқага назар солиш ва бутунликка назар солиш.

ОРҚАГА НАЗАР СОЛИШ—АНТEСEДEНТ (ВОҚEА, ҲОДИСА) ТEОЛОГИЯ

Волтер Каисер биз муқаддас ёзувларни ваъз қилаётганимизда ҳар битта китобнинг антеседент теологияси билан ҳисоблашишимиз кераклигини эслатади. [1]

Мисол учун, Чиқиш китоби бўйича ваъз қилаётганимизда биз ундан олдинги контекстдан ажралган ҳолда ўқийдиган бўлсак, Чиқишдаги хабарни тўғри талқин қилишимиз эҳтимоли жуда пасаяди. Чиқишдан олдинги хабар Ибтидо китобида берилган. Биз Ибтидода Худо барча нарсанинг Яратувчиси эканлигини ва одамлар Эгамизнинг ҳокимиятини бутун дунёга ёйишлари мақсадида Худо уларни Ўз суратида яратганлигини ўрганамиз. Шунга қарамай Одам Ато ва Момо Ҳаво Худога ишонишда ва илоҳий амрга бўйсунишда муваффақиятсизликка учрадилар. Мавжудот қулайди, натижада оламга ўлим ва азоб-уқубатлар кириб келади. Аммо Эгамиз якуний ғалаба аёл зоти орқали амалга ошишига ваъда беради (Ибт 3:15). Аёл зоти ва илон зоти ўртасида шиддатли тўқнашув содир бўлади. Лекин биринчиси устунликка эга бўлади. Ибтидонинг қолган қисмида аёл зоти ва илон зоти ўртасидаги курашни кўрамиз ва илон зоти анчагина кучли эканлигини ўрганамиз: Қобил Ҳобилни ўлдиради; фосиқлар солиҳларни мағлубиятга учратади; фақатгина Нуҳ ва оиласи тирик қолмагунга қадар, одамлар Бобил минорасини қуриб ўзларига ном қолдиришга тил бириктиришади. Шунга қарамай, Эгамиз бутун дунё устидан ҳукмронлигича қолади. У Қобилни жазолайди. У Нуҳ ва унинг оиласидан бошқа ҳамма одамларни тўфонда ҳалок қилади. Бобил минораси олдидаги одамларнинг режаларини барбод этади.

Эгамиз Иброҳим, Исъҳоқ ва Ёқуб билан Аҳд тузади ва ваъда қилинган ғалаба (Ибт 3:15) уларнинг зурриёти орқали келишига қасам ичади. Эгамиз уларга зурриёт, ер ва умумий барака беради. Ибтидо зурриётга доир ваъдага алоҳида эътибор қаратади. Бошқача қилиб айтганда, Иброҳим, Исъҳоқ ва Ёқуб ваъда қилинган ерга ҳам эга бўлишмайди, ўз даврларида бутун дунёга барака ҳам келтиришмайди. Лекин, Ибтидо Эгамиз Ёқубга берган ўн икки фарзандни санаб ўтиш билан якунланади.

Шундай қилиб, Ибтидонинг бу “антеседент теология”си қай йўсинда Чиқиш китобини ўқишда муҳим? Бу кейинги воқеаларнинг негизидир, чунки Чиқиш Исроил халқининг ниҳоятда кўпайиши билан бошланганда; биз шу заҳоти Ибтидода келтирилган Иброҳимга берилган сон-саноқсиз авлодга эга бўлиш ваъдаси амалга ошаётганлигини фаҳмлаймиз. Фақатгина бу эмас, Ибтидодан 3 боб орқага қайтиб фикр юритсак, Фиръавн илон зоти эканлигини; Исроил халқи эса, аёл зотини билдиришини англаймиз. Фиръавн барча ўғил чақалоқларни ўлдиришга уриниши илон уруғи режаларини намоён этади, зеро Ибтидода башорат қилинган зотлар орасидаги кураш ҳали давом этади.

Чиқиш орқали Тавротнинг қолган китоблари сари ҳаракатланар эканмиз, Исроил халқининг Мисрдан озод этилиши ва улар Канъон юртини забт этишлари ҳақидаги ваъда ҳам Эгамизнинг Иброҳим билан қилган аҳдининг амалга ошишини ифодалашини кўришимиз мумкин. Энди ер ҳақидаги ваъданинг амалга ошиши бошланади. Бундан ташқари, Исроил ҳозир янги ердаги янги Одам Атога ўхшаш тарзда ҳаракатланади. Одам Атога ўхшаб, улар Эгамиз берган ерда имон ва итоаткорликда яшашлари лозим.

Агар биз Чиқиш китобини Ибтидонинг антеседент хабари орқали маълумотга эга бўлмаган ҳолда ўқиганимизда, биз ҳикоянинг аҳамиятини англай олмаган бўлар эдик. Биз матнни унинг контекстидан алоҳида ўқиган ва ўзбошимчалик билан ўқиш тузоғига илинган бўлар эдик.

Антеседент теологиянинг муҳимлиги бутун канон бўйлаб яққол намоёндир, ва яна биз бир неча бошқа мисоллар билан ўзимизни мамнун қилишимиз мумкин. Мисол учун:

  • Ёшуа бошчилигидаги забт этиш; Иброҳим билан қилинган аҳд нуқтаи назаридан талқин қилиниши керак, токи Канъон юртининг қўлга олиниши; Иброҳимга берилган Канъон юртини эгаллаш ҳақидаги ваъданинг амалга ошиши сифатида тушунилиши керак.
  • Бошқа томондан, пайғамбарлар даврида огоҳлантирилган ва бир неча китобларда ёзиб қолдирилган ҳар иккала шимолий (милл.ав.722 йил) ва жанубий (милл.ав 586 йил) шоҳликнинг сургун қилиниши Левилар 26 боб ва Қонунлар 27-28 боблардаги аҳд лаънатларининг амалга ошишини билдиради. Агар ваъзхонлар ва жамоатлар Мусо билан тузилган аҳднинг антеседент теологиясидан бехабар бўлишса ва ўша аҳдда огоҳлантирилган лаънатлар ҳақида билишмаса, улар ҳар иккала, Исроил ва Яҳудо шоҳлигининг сургунга юборилиш моҳиятини тушуниши амри маҳол бўлган бўлар эди.
  • Янги Довуд ҳақидаги ваъда (матнлар) – Довуд билан аввал тузилган, унинг сулоласи абадий ҳукмронлик қилиши ҳақидаги аҳдни билдиради.
  • Пайғамбарларда тез-тез тилга олинган Эгамиз Куни Иброҳимга берилган ваъда нуқтаи назаридан талқин қилиниши керак.

Бу Янги Аҳдга ҳам тегишли, албатта.

  • Агар биз Эски Аҳднинг ҳикоя (сюжет) чизиғини билмасак, ва Худонинг аҳдлари ва Исроилга берган ваъдаларига беэътибор бўлсак, синоптик Хушхабарлар (Матто, Марк, Луқо)даги Худо шоҳлигининг аҳамиятини тушуна олишимиз амри маҳол.
  • Исонинг Масиҳ (Танланган, Мойланган)лиги, Инсон Ўғли ва Худо Ўғли эканлиги – буларнинг бари илдизи олдинги очиқликларга бориб тақалади.
  • Ҳаворийлар Китоби – Луқо ўзининг кириш қисмида таъкидлаганидек, Исо бошлаб берган ишлар ва таълимотларнинг давомидир; шунинг учун, унда Эски Аҳддан ҳам, Исонинг хизмати, ўлими ва тирилиши ҳақидаги маълумотлардан ҳам фойдаланилган ва уларга асосланган.
  • Мактублар ҳам Исо Масиҳ томонидан амалга оширилган буюк нажоткорлик ишларига асосланган нажот хабарини ва Худо ваъдаларининг амалга ошишини таъсис этиб, жамоатларга атрофлича изоҳлаб ҳамда уларга мослаштириб беради.
  • Ва ниҳоят, Ваҳий ҳикоянинг кулминатсиясини ифода этади. У шунчаки охирида ҳикояни завқли якунлаш учун озроқ қўшилган матн эмас. Унда кўпгина Эски Аҳдга ишоралар, Ваҳий, Эски Аҳд очиқликларнинг умумий жиҳатларини тасвирлаганини намоён этади. Исо Масиҳ ўргатган ва бажарган барча ишларининг якуни сифатида туришини кўрмагунча; бу китоб ҳеч қандай маънога эга бўлмайди ҳам.

Бу билан нажот тарихининг ҳикоя чизиғи каноннинг барча китобларида бир хил марказийликка эга демоқчи эмасман. Биз Сулаймон Қўшиғи, Аюб, Воиз, Ҳикматлар ва Забур каби донолик китоблари ҳақида ўйлашимиз мумкин. Ҳатто ушбу мисолларда ҳам, Калом муаллифлари Ибтидодан бошлаб яратилиш ва қулашни; ҳамда Исроилни Худонинг аҳдланган халқи сифатидаги махсус ролини фундаментал ҳақиқатлар деб билишган. Забур Исроил ҳикоясига алоқадор бўлгани каби, баъзан улар бу рол ҳақида гапиришади. Ҳозир ҳам каноннинг турфа хиллиги эсимизда ва адабиётнинг ҳар бир қисми бир хил вазифага эга эмаслигини тан оламиз.

Бу ерда ваъзхонларга тегишли асосий ҳақиқат қуйидагичадир: улар шу тарзда ваъз қилисинларки, уларнинг ваъзлари нажот тарихининг каттароқ каломий ҳикоясига бирлашсин. Жамоатда ўтирганлар Худо ҳозиргача нима қилиб келаётганини катта суратини кўришлари ва Муқаддас Ёзувларнинг ҳар бир қисми бу расмга қандай ҳисса қўшишини сезишлари лозим. Бу бизни бир бутунликка қарашга етаклайди.

БУТУНЛИККА ҚАРАШ—КАНОНИК ВАЪЗ

Ваъзхонлар сифатида, биз ўзимизни фақатгина антеседент теологияси билан чегараламаслигимиз керак. Биз шу билан бирга, бутун Муқаддас Китобни; Исо Масиҳнинг хизмати, ўлими ва тирилиши ҳақидаги каноник гувоҳликни, эътиборга олишимиз керак. Агар биз фақатгина антеседент теология асосида ваъз қилсак, биз ҳақиқат Каломини тўғри тақсимламаган ва Раббимиз хабарини бугунги кундаги одамларга тўғри етказмаган бўламиз.

Ибтидо китобининг дастлабки бобларини ваъз қилганимизда, биз аёл зоти эса Исо Масиҳ эканлиги ва бутун мавжудотнинг беҳудалик томон қулаши, Исо Масиҳнинг иши орқали бартарф этилишини ҳам эълон қилишимиз керак (Рим 8:18-25). Бизни тингловчилар, олдинги яратилиш (ижод) охирги сўз эмаслигини ва Исо Масиҳда янги ижод борлигини кўришлари зарур. Биз Ваҳий китоби орқали уларга бошланишдан кўра якун яхшироқ эканлиги ва илк яратилишнинг марҳаматлари янги яратилиш (ижод)да ошиб тошишини кўрсатишимиз лозим.

Худди шу тарзда, Левилардан ваъз қилаётганда, Левиларни Исо Масиҳда бажо бўлган ижообатлар нуқтаи назаридан ваъз қилмасак, ваъзхонлар сифатида яна нимани гапиришимиз мумкин? Шубҳасиз биз, Эски Аҳд қурбонликлари Исо Масиҳнинг хочдаги ўлими орқали бажо бўлганини эълон қилишимиз керак.

Бундан ташқари, таомлар ва тозаликка доир қоидалар каноник тарзда талқин қилиниши лозим, токи, Раббимиз бизни таомлар ва тозалик қоидаларига риоя қилишга чақирмаётганлигини англаб олайлик. Бу қоидалар булардан ҳам буюкроқ нарсага: муқаддасликка ва имонлилар сифатида янги ҳаётда яшашга йўналтиради (1 Кор 5:6-8; 1 Бут 1:15-16).

Бу, Янги Аҳдда аниқ қилиб кўрсатилган, имонлилар ҳали ҳам Мусо қонуни остида эканликларини билдирмайди (Гал 3:15-4:7; 2 Кор 3:7-18). Эски Аҳд, нажот тарихининг маълум бир даврида амалда бўлиши кўзланган. Ҳозир Масиҳдаги ижобат, кундай равшан бўлди ва биз энди Раббимиз Исроил халқи билан тузган аҳднинг остида эмасмиз. Шунинг учун, бугунги кунда Теономистлар тарғиб қилаётгани каби – Исроил битта халқ сифатида бажариши лозим бўлган қонунлар, ҳозирги пайтда давлатларга намуна сифатида хизмат қилиши лозим, деб ўйлаш хатодир. Биз ваъзларимизда, Худонинг халқи сифатидаги Исроил ва Исо Масиҳ жамоати ўртасидаги фарқни англашимиз керак. Исроил – Худонинг аҳд тузган халқи ва сиёсий бирликни ўзида намоён этган Худонинг теократик халқи бўлган. Лекин, Исо Масиҳнинг жамоати, миллий давлатлар учун қонунлар тўплами бўлган сиёсий бирлик эмас. Жамоат ҳар бир халқ, тил, қабила ва миллатдан иборат одамлардан ташкил топган. Эски ва Янги Аҳд орасидаги бу фарқни инобатга олмаслик, жамоатларимизга вайронкор таъсир кўрсатиши мумкин.

Агар биз Эски ва Янги Аҳд орасидаги фарқларни тушунмасак, биз қийинчиликларга учраймиз, мисол учун, Ёшуа китобида ерларга эгаликни эълон қилиниши, шубҳасиз, Исо Масиҳнинг жамоатига берилган ваъда бир кун келиб бизлар Канъон юртини эгаллаб олишимиз эмас! Аксинча, Янги Аҳдни ўқиган сари шуни билиб оламизки, ер ҳақидаги ваъда типологик тарзда тушунилади ва шу билан бирга, Янги Аҳддаги охирги ижобатга айланади. Ибронийлар мактубида Ёшуа бошчилигидаги халққа фароғат бериш ваъдаси, Худо халқи учун охирги фароғат бўлиши кўзда тутилмаганлигини тушунтиради (Ибр 3:7-4:13). Павлус Иброҳим учун ер ваъдаси фақатгина Канъон юрти билан чегараланиб қолмаслигини, балки бутун дунёни ўз ичига олиши учун умумийлаштирилганлигини тушунтириб беради (Рим 4:13). Ибронийлар мактубида биз имонлилар сифатида ерга хос шаҳарни эмас, балки самовий шаҳарни яъни (Ибр 11:10, 14-16; 13:14), келажак шаҳарини кутишимизни англаймиз. Ёки, Юҳанно Ваҳий 21, 22 – бобларда ёзганидек, биз самовий Қуддусни кутамиз. Бу янги яратилишдан бошқа ҳеч нарса эмас. Бошқача қилиб айтганда, агар биз Ёшуадаги матндан ваъз қилсак лекин Масиҳдаги меросимизга ва янги яратилишга урғу бермасак, унда биз китобни таърифлашда сюжет чизиғини боғлашнинг, афсуски, уддасидан чиқолмаган бўламиз. Биз хабарни шу даражада қисқартириб, бузиб юборишимиз мумкинки, одамларимиз барча Муқаддас Ёзувлар қай тарзда Масиҳда амалга ошишини ва қай тарзда Худонинг барча ваъдалари Исо Масиҳда “ҳа” ва “омин” бўлишини кўролмай қолишади (2 Кор 1:20).

Агар биз каломий теологиядан фойдаланган ҳолда муқаддас ёзувларни каноник тарзда ваъз қилсак, Масиҳни, ҳам Эски Аҳддан, ҳам Янги Аҳддан эълон қиламиз. Албатта биз, аҳдлар ўртасида содда ўхшатишлар ва мажбурий боғлиқликлар ясаш хавфидан сақланишимиз керак. Агар биз каломий теология ишини тўғри бажарсак ва ҳаворий ёзувчиларнинг ўз герменефтикасига риоя қилсак, бундай хатолар тузоғига илинмаймиз. Ҳаворий ёзувчилар, ахир Эски Аҳднинг ўзи Масиҳга йўналтириши ва Унда амалга ошишига ишонишарди. Улар ўз герменефтикаларини Исо Масиҳнинг Ўзидан ўрганишган, худди У Муқаддас Ёзувлар моҳиятини Клеопас ва унинг ҳамроҳига Эммаус йўлида очиб бергани каби (Луқо 24). Бу борада баъзилар ҳаворийларнинг герменефтикасидан илҳомланилади, лекин унга бугунги кунда тақлид қилинмайди, дея даъво қилишган. [2] Бундай қараш нуқсонга эга, чунки у ҳаворийлар кузатган Эски Аҳддаги сўзларнинг ижобати, матннинг асл моҳиятига мос эмаслигига ишора қилади. Агар шундай бўлган тақдирда, аҳдлар орасидаги чизилган алоқалар ўзбошимчалик билан амалга оширилган ва ҳаворийлар (Масиҳнинг Ўзи ҳам!) бугунги кунда Эски Аҳдни талқин қилиш учун бизларга намуна бўла олмайдилар, деб хулоса қилиш мумкин.

Агар биз, шунга қарамай, ҳаворийлар Эски Аҳднинг илҳомланган ва доно ўқувчилари бўлганликларига ишонсак, унда Эски Аҳднинг ҳаммасини Исо Масиҳда амалга ошган ижобатлар нуқтаи назаридан ўқиш учун бизда намуна бор. Эски Аҳднинг сюжет чизиғи ва тузилишининг барчаси Унга йўналтирилган ва Унда амалга ошади. [3] Биз Эски Аҳдда Иброҳимга берилган ваъда ҳақида ўқиганимизда, у Исо Масиҳда амалга ошганини англаймиз. Эски Аҳд қурбонликларининг соялари ўз моҳиятини Масиҳда топишади. Масалан:

  • Фисиҳ, Ҳосил, ва Чайла байрамлари бизни: Масиҳга Фисиҳ қурбонлиги сифатида, Муқаддас Руҳ инъомига ва Исога дунёнинг Нури сифатида қарашга ўргатади.
  • Имонлилардан Шаббат кунига риоя қилишлари талаб этилмайди, зеро бу ҳам Эски Аҳднинг яна бир соясидир (Кол 2:16-17; cф. Рим 14:5) ва Синай аҳдига тегишлидир, у имонлилар учун амал қилмайди (Гал 3:15-4:7; 2 Кор 3:4-18; Ибр 7:11-10:18). Шаббат фароғатини интизорлик билан кутиш, ҳозир биз учун Масиҳда бошланган ва охиратдаги самовий фароғатда тўлиқ кучга киради (Ибр 3:12-4:11).
  • Маъбад ҳақиқий маъбад сифатида Масиҳга йўналтиради; суннат эса ўз ижобатини Масиҳ хочига бориб тақаладиган ва Руҳнинг иши орқали ҳимоя қилинадиган юрак суннатида топади.
  • Довуд Исроилнинг шоҳи ва Худонинг кўнглига мос одам сифатида шоҳликнинг энг юқори чўққисини билдирмайди; Довуд Исо Масиҳнинг рамзидир. Масиҳ, яъни буюкроқ Довуд, гуноҳсиз эди. У Ўз хизмати, ўлими ва тирилиши орқали Худо Ўз халқига берган ваъдаларини ҳаракатга келтирган Мойланган Шоҳдир.

Агар биз Эски Аҳдни бутун канон нуқтаи назаридан ваъз қилмасак, биз ўзимизни Эски Аҳддаги ахлоқий дарслар билан чегаралаймиз, ёки кўпинча учрайдиган ҳалокат, биз Эски Аҳддан деярли ваъз қилмаймиз. Масиҳийлар сифатида шуни биламизки, Эски Аҳддаги кўпгина ҳолатлар бугунги кунда бизнинг вазиятимизни тўғридан-тўғри гапирмайди. Масалан, Худо Исроил халқини Мисрдан озод қилгани каби, бизни сиёсий қарамликдан озод қилишга ваъда бермаган. Бугунги кунда Исроил ери сиёсий ўзгарувчандир, лекин Масиҳийлар фақатгина Исроилда яшаб завқланишга ишонишмайди ва улар сажда маъбадга бориб қурбонлик келтиришдан иборат, деб ҳам ўйлашмайди. Шунга қарамай, агар биз Эски Аҳдни каноник тарзда, каломий теология нуқтаи назаридан ваъз қилмасак, унинг Масиҳий ваъзларда ишлатилмаслиги одатий бўлиб қолади. Шундай қиладиган бўлсак, биз нафақат Худонинг ажойиб хазиналаридан ўзимизни мосуво қиламиз, шу билан бирга, биз каломий очиқликларнинг чуқур ва кўпқиррали хусусиятларини кўролмай қоламиз. Биз ўзимизни Исо ва Унинг ҳаворийлари ўқиган Эски Аҳдни ўқимайдиганлар ўринга қўямиз ва шунинг учун, Худонинг ваъдалари Исо Масиҳда “ҳа” ва “омин” эканлигини кўролмаймиз.

Эски Аҳдни каноник тарзда ўқиш Эски Аҳдни ўз тарихиий ва маданий контекстида ўқимасликни билдирмайди. Ҳар бир талқин қилувчининг биринчи вазифаси Эски Аҳдни калом муаллифи томонидан назарда тутган, ёзилган пайтдаги маънони англаган ҳолда, Эски Аҳдни борлигича ўқишдир. Бундан ташқари, юқорида таъкидлаганимиздек, Эски Аҳднинг ҳар бир китоби ўзининг антеседент теологияси нуқтаи назаридан ўқилиши лозим, токи, Муқаддас Ёзувларнинг сюжет чизиғи тушунарли бўлсин. Биз барча Муқаддас Ёзувларни ҳам каноник тарзда ўқишимиз керак, токи Эски Аҳд ижобати Исо Масиҳ орқали амалга ошган бутун ҳикоя нуқтаи назаридан ўқилсин.

Қисқа қилиб айтганда, биз каломий теологияни амалга ошираётганда ва Худонинг Каломини ваъз қилаётганда ҳар доим бир бутунлик нуқтаи назари, яъни илоҳий муаллифнинг нуқтаи назарини инобатга олишимиз лозим. Биз Муқаддас Ёзувларни олдиндан орқага қараб ҳам, орқадан олдинга қараб ҳам ўқишимиз керак. Биз ҳар доим ҳикоя ривожини ҳамда унинг охирини инобатга олишимиз даркор.

ХУЛОСА

Бизнинг ваъзхон сифатидаги вазифамиз Худонинг бутун мақсадини эълон қилишдир. Биз ваъзхонлар сифатида каломий теологияни амалга оширмайдиган бўлсак, даъватимизни бажармаган бўламиз. Биз ахлоқий дарсларимиз ва мисолларимиз учун одамларимиздан кўп мақтовлар қабул қилишимиз мумкин, агар улар бутун Муқаддас Ёзувлар Масиҳга қандай йўналтирилганлигини тушунмасалар ва улар биздан Муқаддас Китобнинг сюжет чизиғи ҳақида яхшироқ тушунчага эга бўлмасалар, биз жамоатимизга тўғри хизмат қилмаётган бўламиз. Худонинг Ўзи бизга содиқ ўқитувчилар ва ваъзхонлар бўлишга ёрдам берсин, токи назоратимиздаги ҳар бир шахс Масиҳда мукаммал тақдим этилсин.

  1. Walter Kaiser, Jr., Toward an Exegetical Theology: Biblical Exegesis for Preaching and Teaching (Grand Rapids: Baker, 1981), 134-40.
  2. Richard N. Longenecker, Biblical Exegesis in the Apostolic Period (2nd ed.; Grand Rapids: Eerdmans, 1999).
  3. Ваъзларимизда Масиҳ марказий ўрин эгаллаши муҳимлиги учун қуйидаги муаллифлар асарларига мурожаат қилинг:Graeme Goldsworthy, Preaching the Whole Bible as Christian Scripture: The Application of Biblical Theology to Expository Preaching (Grand Rapids: Eerdmans, 2000); Sidney Greidanus, Preaching Christ from the Old Testament: A Contemporary Hermeneutical Method (Grand Rapids: Eerdmans, 1999); Edmund P. Clowney, Preaching Christ in All of Scripture (Wheaton: Crossway, 2003).

Томас Р. Шреинер