Жамоатдаги Интизом

“Bunday qilmang!!” Nima uchun jamoatda intizomiy choralarni qo‘llamasligingiz kerak

Томонидан ​Mark Dever | Марк Девер

​Mark Dever Vashington (Kolumbiya okrugi) dagi Kapitol Hill Baptist Jamoatining katta cho‘poni va 9ta Belgi (9Marks) prezidentidir. Uni Twitterda @MarkDever nomi ostida topishingiz mumkin. | ​Марк Девер Вашингтон (Колумбия округи) даги Капитол Ҳилл Баптист Жамоатининг катта чўпони ва 9та Белги (9Маркс) президентидир. Уни Тwиттерда @МаркДевер номи остида топишингиз мумкин.
Мақолалар
02.25.2010

“Bunday qilmang.” Сho‘ponlar Muqaddas Kitobda jamoatdagi intizomiy chorani o‘zlari uchun endigina kashf etganda, ularga aytadigan birinchi gapim shu. “Bunday qilmang, hech bo‘lmaganda, hozir”, – deyman. Men nega bunday maslahat beraman?

Keling bu masalani o‘zi uchun kashf etish jarayoni qanday sodir bo‘lishi haqida fikr yuritamiz. Cho‘ponlar jamoatdagi intizomiy chora haqida birinchi marta eshitganda, ular buni odatda bema’ni fikr deb o‘ylashadi. Ularga bu mehrsiz, xushxabarchilikka qarshi, g‘alati, birovni boshqaradigan, qonunparast va hukm qiluvchi intizomiy choralar bo‘lib tuyuladi. Bu shubhasiz ish bermaydigan bo‘lib ko‘rinadi. Ular hatto bu qonunga qarshi emasmi, deb ham o‘ylab qolishadi.

ULAR MUQADDAS KITOBLARINI OCHISHADI

Keyin, o‘zlari yolg‘iz qolganda, Muqaddas Kitoblariga qayta qaraydilar. Ular 2-Salonikaliklarga 3:6 yoki Galatiyaliklarga 6:1 yoki intizomiy chora bo‘yicha mumtoz matn – 1-Korinfliklarga 5-bob kabi parchalarga duch keladilar. Ular jamoadan chetlatishning Eski Ahddagi kelib chiqish tarixiga e’tibor qaratishadi va ular Xudo har doim O‘z xalqi O‘zining muqaddasligini namoyon etuvchi yerdagi surati bo‘lishini ko‘zlaganini eslashadi (Qonun. 17:7; Lev. 19:2; Ishayo 52:11; 1-Butrus 1:16).

Keyin, Isoning ta’limotiga qarashadi va Iso birovni hukm qilishni yomonlagan xuddi o‘sha bobda (Matto 7:1ga qarang) U O‘z shogirdlari soxta payg‘ambarlardan va Uning So‘ziga itoat etmasdan turib, Unga ergashaman deb aytadiganlardan ehtiyot bo‘lishlarini aytadi (Matto 7:15-20; 21-23). Va nihoyat, Matto 18-bob maydonga chiqadi, bu yerda Iso O‘z ergashuvchilariga ma’lum bir holatlarda tavba qilmagan gunohkorlar bilan aloqani uzishga ko‘rsatmalar beradi (Matto 18:17). Unday bo‘lsa, ehtimol, jamoatlar intizom choralarni qo‘llashi kerakdir?

Oxir oqibatda, bu yaxshi, normal, yaxshi moslashgan, oldingiday mashur bo‘lgan cho‘ponlarni o‘z qobig‘idan tashqariga chiqargan narsa – bu ularning ba’zi jamoatlar, rostdan ham, jamoatdagi intizom choralarini qo‘llayotganliklarini payqashidir.

Hozir bu cho‘ponlar nima qilishini bilmasdan boshi qotgan. Ular itoatkor bo‘lishlari kerakligini anglashadi. Ular muqaddas, sevuvchi, yakdil jamoatni, Xudoning yagonaligi, muqaddasligi va sevuvchi ekanligini namoyon etuvchi jamoat haqidagi kalomiy namuna tomonidan majburlangandek  his qilishadi. Ular intizomiy choralarni qo‘llash jamoatlariga va uning dunyo oldidagi guvohligiga zarar yetkazishi haqidagi fikrlari noto‘g‘ri ekanligini anglashadi.

Odatda, bu nuqtada g‘amgin yuz bir qarorga keladi. “Agar bu qilishim kerak bo‘lgan oxirgi narsa bo‘lsa ham, men bu jamoatni (intizomiy chora masalasida) Kalomga mos bo‘lish sari yetaklayman.” Va rostdan ham, ko‘pincha, bu cho‘pon qilishga muyassar bo‘lgan oxirgi narsa bo‘ladi.

OCHIQ, MUSAFFO OSMONDA GUMBURLAGAN MOMAQALDIROQ KABI

Hech narsada aybi yo‘q, Muqaddas Kitobga ishonuvchi jamoatning tinch, osoyishta, to‘g‘ri niyatli hayotiga jamoatdagi intizomiy chora deb atalmish momaqaldiroq gumburlaydi. Bu va’z paytida bo‘lishi mumkin. Bu cho‘pon va diakon o‘rtasidagi suhbatda bo‘lishi mumkin. Bu a’zolarning yig‘ilishida taqdim etilgan jamoatdan chetlatish haqidagi shoshilinch tayyorlangan taklifda ham bo‘lishi mumkin. Lekin, baribir chaqmoq qayergadir borib uriladi va odatda, unga anchagina jiddiylik va Muqaddas Kitobdagi oyatlarga iqtiboslarning katta oqimi hamrohlik qiladi.

Keyin, haqiqiy choralar ko‘rish boshlanadi.

Keyin esa, munosabatlar bildiriladi: tushunmovchilik va xafachiliklar yuzaga keladi. Qarshi ayblovlar qo‘yiladi. Gunohga hujum qilinadi hamda himoya qilinadi. Hammani yangi nomlar bilan atashadi. G‘azablar to‘lib toshadi! Mahalliy jamoat simfoniyasi bahslar va o‘zaro ayblovlar kakofoniyasi (uyg‘unlashmagan, yoqimsiz tovushlar yig‘indisi) ga aylanadi. Odamlar “Bu qachon to‘xtaydi?!” va “Siz o‘zingizni begunohman deb o‘ylaysizmi?”, – deya baqirishadi.

JAMOATDAGI INTIZOMIY CHORA: BUNDAY QILMANG! HECH BO‘LMAGANDA, HOZIR

Unda cho‘pon nima qilishi kerak? Mening maslahatim – “O‘zingizni darrov bunday vaziyatga solmang. Jamoatdagi tuzatuvchi intizomiy chora Kalomiy ekanligini payqaganingizda, uni amalda qollashni ma’lum bir muddat boshlamay turing.” (Jamoatdagi intizomiy chora tuzatuvchi va bunyod etuvchi bo‘ladi. Bunyod etuvchi intizomiy chora jamoatning masihiylarga ta’lim berish yoki ularni shakllantirish ishini bildiradi.)

Ehtimol, siz “Mark, sen bizlarga Muqaddas Kitobga itoat etmaslikni o‘rgatyapsanmi?!”, dersiz.

Albatta, yo‘q. Men sizga Iso O‘z shogirdlariga qilishni ko‘rsatma bergan ishlarni qilishingizga yordam berishga harakat qilayapman, xolos (Luqo 14:25-33ga qarang): boshlashdan oldin buning bahosini hisoblab chiqing. Jamoatingiz bu kalomiy ta’limotni yetarlicha tushunishi va qabul qilishiga ishonch hosil qiling. Sizning maqsadingiz keyin portlab ketadigan tezkor joriy qilish amali emas, balki jamoatni Xudoning Kalomi tomonidan isloh qilinishdir. Ular to‘g‘ri yo‘nalishda ketishlarini xohlaysiz. Bu esa, sabr-toqat bilan cho‘ponlik (g‘amxo‘rlik) qilishni talab etadi.

JAMOATINGIZNI INTIZOM CHORALARINI QO‘LLASH SARI YETAKLASH

Birinchidan, kamtarlikni qo‘llab quvvatlang. Odamlarga, ehtimol, ular o‘zlarining ruhiy holatlariga noto‘g‘ri baho berayotganlarini ko‘rishga ko‘maklashing. 1-Korinfliklarga 5-bobdagi odam misolini hamda Pavlusning Korinfdagi masihiylarga aytgan nasihatlariga (2-Korinfliklarga 13:5) e’tibor qarating. Pavlus bizni imonda turibmizmi yoki yo‘qmi – buni tekshirishga chaqirmoqda. Jamoat a’zolaringiz buni amalga oshirishga bir-birlariga yordam berishlari kerakligini tan olishadimi?

Ikkinchidan, jamoatingiz jamoat a’zoligi haqida kalomiy tushunchaga ega ekanligiga ishonch hosil qiling. Odamlar jamoat a’zoligini tushunmaganliklari uchun jamoatdagi intizomni tushunmaydilar. A’zolik bu jamoat ichidagi munosabatdir. U shaxsning harakati bilan yaratilmaydi, davom ettirilmaydi va tugatilmaydi; shaxs jamoatning roziligisiz, bir tomonlama o‘zi jamoatga qo‘shila olmaydi. Shunga o‘xshab, shaxs jamoatning ochiq yoki bilvosita tasdig‘isiz a’zolikda bo‘la olmadi yoki undan chiqib keta olmaydi (o‘limidan tashqari). Men yetkazmoqchi bo‘layotgan asosiy fikrim – kimlar jamoatning a’zosi ekanligini jamoatning o‘zi hal qiladi. A’zolar tavba qilinmagan gunohda bo‘lganda, a’zolikdan, shunchaki, keta olishmaydi. (Ushbu masala yuzasidan to‘liqroq ma’lumot uchun Jonatan Limanning “Imtiyozli Iste’fo—Qamoqdan Qutulib Chiqish Bepul Kartasimi” (“The Preemptive Resignation—A Get Out of Jail Free Card?”) nomli maqolasiga murojaat qiling.)

A’zolikka nisbatan bunday qarash esa, avval to‘g‘ri taqdim qilinishi kerak. Muqaddas Kitobda jamoat a’zoligi haqida nima deyilganini yaxshilab tushunib oling. A’zolar so‘raganda javob bera olish uchun bu mavzuga doir muhim jihatlar va parchalar bilan tanishib chiqing. Va’zlaringizda jamoat va dunyo o‘rtasidagi farqni o‘rgatish va bu farq jamoatning maqsadi va vazifasi uchun qanchalik muhim ekanini ko‘rsatishga imkoniyat qidiring. Xudoning O‘z jamoati haqidagi maqsadiga doir kalomiy qarashga ega bo‘lishi uchun jamoatingizga yordam bering. Bunda, jamoatda intizom choralari kerakligi yaqqol ko‘rinib tursin. Jamoat a’zolari a’zolik va intizomiy choralarni yaxshi tushungan bo‘lishi kerak, chunki aynan ular buni amalga oshirishlari kerak bo‘ladi.

Uchinchidan, Xudo sizga xizmat namunasi bo‘la olishingizga yordam berishi uchun ibodat qiling. Jamoatingizdagi boshqa imonlilar sizning omma oldidagi ta’limotingiz va oilalar yoki yakka shaxslar bilan ishlashingiz orqali sizdan o‘rnak olishsin. Jamoatingizda “ustoz-shogirdlik madaniyati” va hisobdorlikni yaratish yo‘lida mehnat qiling. Bunday madaniyatda masihiylar boshqalarga Masihga ergashishga yordam berish – bu o‘zlarining Masihga ergashishlari yo‘lida qilinadigan asosiy ishlardan biri ekanligini tushunadilar (xushxabar orqali ham, boshqa masihiylarga ustozlik qilish orqali ham). Ularga o‘z jamoatlaridagi a’zolarga nisbatan bo‘lgan maxsus javobgarliklarini tushunishlariga yordam bering. Ularga masihiycha hayot bu shaxsiy, lekin xususiy emasligini o‘rgating.

To‘rtinchidan, jamoatingizning yozma nizomini va jamoat ahdini tayyorlang. Ba’zi umumiy yuridik maslahatlar olish to‘g‘ri bo‘ladi. A’zolikka nomzodlar uchun jamoat a’zoligi va intizomi haqida batafsil tushuntirib beradigan kurslar tashkil etishni boshlang.

Beshinchisi va oxirgisi, voizlik minbaringizdan turib masihiy bo‘lish nimani bildirishi haqida ta’lim berishdan to‘xtamang. Doimiy tarzda xushxabar va imonga kelish nima ekanligini tushuntiring. Jamoat tavba qiladigan gunohkorlardan iborat bo‘lishi haqida batafsil ta’lim bering. Ular faqat Masihga imon keltiradigan va hayotlari bilan bu o‘z imonlarini namoyon etadigan insonlardir. Xizmatingizning markazi xushxabar bo‘lishi uchun ibodat qiling. Xudoning yordami bilan sekin-asta, lekin barqarorlik bilan jamoatingizni o‘zgarish sari yetaklashga qaror qiling. Jamoatingiz birovdan uning ruhiy hayoti haqida so‘rashi g‘alati tuyuladigan jamoat bo‘lish o‘rniga, kimdir sizning hayotingiz haqida so‘ramasligi g‘alati bo‘lib tuyuladigan jamoat bo‘lish uchun ibodat qiling.

QUYIDAGI HOLLARDA SIZ TAYYOR EKANLIGINGIZNI BILASIZ:

Quyidagi hollarda jamoatinigiz intizomiy choralarni qo‘llashga tayyor ekanligini bilasiz:

  • Yetakchilaringiz buni tushunishadi, bunga qo‘shilishadi va uning muhim deb bilishadi (bir qancha oqsoqollar/presviterlardan iborat yetuk yetakchilik Kalomga eng mos yetakchilikdir va munozara va muhokamalar orqali jamoatni boshqarish uchun juda foydalidir);
  • Jamoatingiz bunday intizomiy choralar kalomga mos kelishini tushunishda yakdil bo‘lishadi;
  • A’zolik doimiy tarzda sizning va’zlaringizni eshitadigan odamlardan iborat bo‘ladi (ba’zi kichik istisnolardan tashqari);
  • Intizomiy choraning birinchi marta qo‘llanilishi barcha a’zolar uchun yetarlicha tushunarli bo‘ladi va ular jamoatdan chetlatilish – bu to‘g‘ri amal, deb bilishadi (misol uchun, jamoatga qatnamayotganligi uchun jamoatdan chetlatishga qaraganda, tavba qilinmagan zino uchun jamoatdan chetlatish a’zolar tomonidan ko‘proq ma’qullanish ehtimoli katta.)

Shunday qilib, cho‘pon do‘stim, ehtimol, bir paytlar jamoatda intizomiy choralar ko‘rish g‘oyasi g‘alati deb o‘ylagan bo‘lishingizga qaramasdan, jamoatingiz uni sevgiga asoslangan, jozibali, bu dunyodan o‘zgacha, Masihga sharaf keltiradigan, inoyatga to‘la itoatkorlik va mehr-shafqat amali sifatida ko‘rishiga yetaklashingiz uchun Xudo sizga yordam berishi va bu jamoatni bunyod etib Xudoga ulug‘vorlik keltirishi uchun ibodat qilaman.

Lekin, shuni unutmangki, jamoatdagi intizomiy chora Kalomiy ekanligiga amin bo‘lganingizdan keyin qo‘yiladigan birinchi qadamingiz allaqachon o‘z faoliyatini yuritayotgan jamoatda intizomiy chorani qo‘llashni darrov boshlamaslikdir. Siz bir kun kelib, jamoat bunga tayyor bo‘lgandan keyin, buni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lasiz.

Mark Dever

“Бундай қилманг!!” Нима учун жамоатда интизомий чораларни қўлламаслигингиз керак

“Бундай қилманг.” Чўпонлар Муқаддас Китобда жамоатдаги интизомий чорани ўзлари учун эндигина кашф этганда, уларга айтадиган биринчи гапим шу. “Бундай қилманг, ҳеч бўлмаганда, ҳозир”, – дейман. Мен нега бундай маслаҳат бераман?

Келинг бу масалани ўзи учун кашф этиш жараёни қандай содир бўлиши ҳақида фикр юритамиз. Чўпонлар жамоатдаги интизомий чора ҳақида биринчи марта эшитганда, улар буни одатда бемаъни фикр деб ўйлашади. Уларга бу меҳрсиз, хушхабарчиликка қарши, ғалати, бировни бошқарадиган, қонунпараст ва ҳукм қилувчи интизомий чоралар бўлиб туюлади. Бу шубҳасиз иш бермайдиган бўлиб кўринади. Улар ҳатто бу қонунга қарши эмасми, деб ҳам ўйлаб қолишади.

УЛАР МУҚАДДАС КИТОБЛАРИНИ ОЧИШАДИ

Кейин, ўзлари ёлғиз қолганда, Муқаддас Китобларига қайта қарайдилар. Улар 2 Салоникаликларга 3:6 ёки Галатияликларга 6:1 ёки интизомий чора бўйича мумтоз матн – 1 Коринфликларга 5-боб каби парчаларга дуч келадилар. Улар жамоадан четлатишнинг Эски Аҳддаги келиб чиқиш тарихига эътибор қаратишади ва улар Худо ҳар доим Ўз халқи Ўзининг муқаддаслигини намоён этувчи ердаги сурати бўлишини кўзлаганини эслашади (Қонун. 17:7; Лев. 19:2; Ишаё 52:11; 1 Бутрус 1:16).

Кейин, Исонинг таълимотига қарашади ва Исо бировни ҳукм қилишни ёмонлаган худди ўша бобда (Матто 7:1га қаранг) У Ўз шогирдлари сохта пайғамбарлардан ва Унинг Сўзига итоат этмасдан туриб, Унга эргашаман деб айтадиганлардан эҳтиёт бўлишларини айтади (Матто 7:15-20; 21-23). Ва ниҳоят, Матто 18-боб майдонга чиқади, бу ерда Исо Ўз эргашувчиларига маълум бир ҳолатларда тавба қилмаган гуноҳкорлар билан алоқани узишга кўрсатмалар беради (Матто 18:17). Ундай бўлса, эҳтимол, жамоатлар интизом чораларни қўллаши керакдир?

Охир оқибатда, бу яхши, нормал, яхши мослашган, олдингидай машур бўлган чўпонларни ўз қобиғидан ташқарига чиқарган нарса – бу уларнинг баъзи жамоатлар, ростдан ҳам, жамоатдаги интизом чораларини қўллаётганликларини пайқашидир.

Ҳозир бу чўпонлар нима қилишини билмасдан боши қотган. Улар итоаткор бўлишлари кераклигини англашади. Улар муқаддас, севувчи, якдил жамоатни, Худонинг ягоналиги, муқаддаслиги ва севувчи эканлигини намоён этувчи жамоат ҳақидаги каломий намуна томонидан мажбурлангандек ҳис қилишади. Улар интизомий чораларни қўллаш жамоатларига ва унинг дунё олдидаги гувоҳлигига зарар етказиши ҳақидаги фикрлари нотўғри эканлигини англашади.

Одатда, бу нуқтада ғамгин юз бир қарорга келади. “Агар бу қилишим керак бўлган охирги нарса бўлса ҳам, мен бу жамоатни (интизомий чора масаласида) Каломга мос бўлиш сари етаклайман.” Ва ростдан ҳам, кўпинча, бу чўпон қилишга муяссар бўлган охирги нарса бўлади.

ОЧИҚ, МУСАФФО ОСМОНДА ГУМБУРЛАГАН МОМАҚАЛДИРОҚ КАБИ

Ҳеч нарсада айби йўқ, Муқаддас Китобга ишонувчи жамоатнинг тинч, осойишта, тўғри ниятли ҳаётига жамоатдаги интизомий чора деб аталмиш момақалдироқ гумбурлайди. Бу ваъз пайтида бўлиши мумкин. Бу чўпон ва диакон ўртасидаги суҳбатда бўлиши мумкин. Бу аъзоларнинг йиғилишида тақдим этилган жамоатдан четлатиш ҳақидаги шошилинч тайёрланган таклифда ҳам бўлиши мумкин. Лекин, барибир чақмоқ қаергадир бориб урилади ва одатда, унга анчагина жиддийлик ва Муқаддас Китобдаги оятларга иқтибосларнинг катта оқими ҳамроҳлик қилади.

Кейин, ҳақиқий чоралар кўриш бошланади.

Кейин эса, муносабатлар билдирилади: тушунмовчилик ва хафачиликлар юзага келади. Қарши айбловлар қўйилади. Гуноҳга ҳужум қилинади ҳамда ҳимоя қилинади. Ҳаммани янги номлар билан аташади. Ғазаблар тўлиб тошади! Маҳаллий жамоат симфонияси баҳслар ва ўзаро айбловлар какофонияси (уйғунлашмаган, ёқимсиз товушлар йиғиндиси) га айланади. Одамлар “Бу қачон тўхтайди?!” ва “Сиз ўзингизни бегуноҳман деб ўйлайсизми?”, – дея бақиришади.

ЖАМОАТДАГИ ИНТИЗОМИЙ ЧОРА: БУНДАЙ ҚИЛМАНГ! ҲEЧ БЎЛМАГАНДА, ҲОЗИР 

Унда чўпон нима қилиши керак? Менинг маслаҳатим – “Ўзингизни дарров бундай вазиятга солманг. Жамоатдаги тузатувчи интизомий чора Каломий эканлигини пайқаганингизда, уни амалда қоллашни маълум бир муддат бошламай туринг.” (Жамоатдаги интизомий чора тузатувчи ва бунёд этувчи бўлади. Бунёд этувчи интизомий чора жамоатнинг масиҳийларга таълим бериш ёки уларни шакллантириш ишини билдиради.)

Эҳтимол, сиз “Марк, сен бизларга Муқаддас Китобга итоат этмасликни ўргатяпсанми?!”, дерсиз.

Албатта, йўқ. Мен сизга Исо Ўз шогирдларига қилишни кўрсатма берган ишларни қилишингизга ёрдам беришга ҳаракат қилаяпман, холос (Луқо 14:25-33га қаранг): бошлашдан олдин бунинг баҳосини ҳисоблаб чиқинг. Жамоатингиз бу каломий таълимотни етарлича тушуниши ва қабул қилишига ишонч ҳосил қилинг. Сизнинг мақсадингиз кейин портлаб кетадиган тезкор жорий қилиш амали эмас, балки жамоатни Худонинг Каломи томонидан ислоҳ қилинишдир. Улар тўғри йўналишда кетишларини хоҳлайсиз. Бу эса, сабр-тоқат билан чўпонлик (ғамхўрлик) қилишни талаб этади.

ЖАМОАТИНГИЗНИ ИНТИЗОМ ЧОРАЛАРИНИ ҚЎЛЛАШ САРИ ЕТАКЛАШ

Биринчидан, камтарликни қўллаб қувватланг. Одамларга, эҳтимол, улар ўзларининг руҳий ҳолатларига нотўғри баҳо бераётганларини кўришга кўмаклашинг. 1 Коринфликларга 5-бобдаги одам мисолини ҳамда Павлуснинг Коринфдаги масиҳийларга айтган насиҳатларига (2 Коринфликларга 13:5) эътибор қаратинг. Павлус бизни имонда турибмизми ёки йўқми – буни текширишга чақирмоқда. Жамоат аъзоларингиз буни амалга оширишга бир-бирларига ёрдам беришлари кераклигини тан олишадими?

Иккинчидан, жамоатингиз жамоат аъзолиги ҳақида каломий тушунчага эга эканлигига ишонч ҳосил қилинг. Одамлар жамоат аъзолигини тушунмаганликлари учун жамоатдаги интизомни тушунмайдилар. Аъзолик бу жамоат ичидаги муносабатдир. У шахснинг ҳаракати билан яратилмайди, давом эттирилмайди ва тугатилмайди; шахс жамоатнинг розилигисиз, бир томонлама ўзи жамоатга қўшила олмайди. Шунга ўхшаб, шахс жамоатнинг очиқ ёки билвосита тасдиғисиз аъзоликда бўла олмади ёки ундан чиқиб кета олмайди (ўлимидан ташқари). Мен етказмоқчи бўлаётган асосий фикрим – кимлар жамоатнинг аъзоси эканлигини жамоатнинг ўзи ҳал қилади. Аъзолар тавба қилинмаган гуноҳда бўлганда, аъзоликдан, шунчаки, кета олишмайди. (Ушбу масала юзасидан тўлиқроқ маълумот учун Жонатан Лиманнинг “Имтиёзли Истеъфо—Қамоқдан Қутулиб Чиқиш Бепул Картасими” (“The Preemptive Resignation—A Get Out of Jail Free Card?”) номли мақоласига мурожаат қилинг.)

Аъзоликка нисбатан бундай қараш эса, аввал тўғри тақдим қилиниши керак. Муқаддас Китобда жамоат аъзолиги ҳақида нима дейилганини яхшилаб тушуниб олинг. Аъзолар сўраганда жавоб бера олиш учун бу мавзуга доир муҳим жиҳатлар ва парчалар билан танишиб чиқинг. Ваъзларингизда жамоат ва дунё ўртасидаги фарқни ўргатиш ва бу фарқ жамоатнинг мақсади ва вазифаси учун қанчалик муҳим эканини кўрсатишга имконият қидиринг. Худонинг Ўз жамоати ҳақидаги мақсадига доир каломий қарашга эга бўлиши учун жамоатингизга ёрдам беринг. Бунда, жамоатда интизом чоралари кераклиги яққол кўриниб турсин. Жамоат аъзолари аъзолик ва интизомий чораларни яхши тушунган бўлиши керак, чунки айнан улар буни амалга оширишлари керак бўлади.

Учинчидан, Худо сизга хизмат намунаси бўла олишингизга ёрдам бериши учун ибодат қилинг. Жамоатингиздаги бошқа имонлилар сизнинг омма олдидаги таълимотингиз ва оилалар ёки якка шахслар билан ишлашингиз орқали сиздан ўрнак олишсин. Жамоатингизда “устоз-шогирдлик маданияти” ва ҳисобдорликни яратиш йўлида меҳнат қилинг. Бундай маданиятда масиҳийлар бошқаларга Масиҳга эргашишга ёрдам бериш – бу ўзларининг Масиҳга эргашишлари йўлида қилинадиган асосий ишлардан бири эканлигини тушунадилар (хушхабар орқали ҳам, бошқа масиҳийларга устозлик қилиш орқали ҳам). Уларга ўз жамоатларидаги аъзоларга нисбатан бўлган махсус жавобгарликларини тушунишларига ёрдам беринг. Уларга масиҳийча ҳаёт бу шахсий, лекин хусусий эмаслигини ўргатинг.

Тўртинчидан, жамоатингизнинг ёзма низомини ва жамоат аҳдини тайёрланг. Баъзи умумий юридик маслаҳатлар олиш тўғри бўлади. Аъзоликка номзодлар учун жамоат аъзолиги ва интизоми ҳақида батафсил тушунтириб берадиган курслар ташкил этишни бошланг.

Бешинчиси ва охиргиси, воизлик минбарингиздан туриб масиҳий бўлиш нимани билдириши ҳақида таълим беришдан тўхтаманг. Доимий тарзда хушхабар ва имонга келиш нима эканлигини тушунтиринг. Жамоат тавба қиладиган гуноҳкорлардан иборат бўлиши ҳақида батафсил таълим беринг. Улар фақат Масиҳга имон келтирадиган ва ҳаётлари билан бу ўз имонларини намоён этадиган инсонлардир. Хизматингизнинг маркази хушхабар бўлиши учун ибодат қилинг. Худонинг ёрдами билан секин-аста, лекин барқарорлик билан жамоатингизни ўзгариш сари етаклашга қарор қилинг. Жамоатингиз бировдан унинг руҳий ҳаёти ҳақида сўраши ғалати туюладиган жамоат бўлиш ўрнига, кимдир сизнинг ҳаётингиз ҳақида сўрамаслиги ғалати бўлиб туюладиган жамоат бўлиш учун ибодат қилинг.

ҚУЙИДАГИ ҲОЛЛАРДА СИЗ ТАЙЁР ЭКАНЛИГИНГИЗНИ БИЛАСИЗ:

Қуйидаги ҳолларда жамоатинигиз интизомий чораларни қўллашга тайёр эканлигини биласиз:

  • Етакчиларингиз буни тушунишади, бунга қўшилишади ва унинг муҳим деб билишади (бир қанча оқсоқоллар/пресвитерлардан иборат етук етакчилик Каломга энг мос етакчиликдир ва мунозара ва муҳокамалар орқали жамоатни бошқариш учун жуда фойдалидир);
  • Жамоатингиз бундай интизомий чоралар каломга мос келишини тушунишда якдил бўлишади;
  • Аъзолик доимий тарзда сизнинг ваъзларингизни эшитадиган одамлардан иборат бўлади (баъзи кичик истиснолардан ташқари);
  • Интизомий чоранинг биринчи марта қўлланилиши барча аъзолар учун етарлича тушунарли бўлади ва улар жамоатдан четлатилиш – бу тўғри амал, деб билишади (мисол учун, жамоатга қатнамаётганлиги учун жамоатдан четлатишга қараганда, тавба қилинмаган зино учун жамоатдан четлатиш аъзолар томонидан кўпроқ маъқулланиш эҳтимоли катта.)

Шундай қилиб, чўпон дўстим, эҳтимол, бир пайтлар жамоатда интизомий чоралар кўриш ғояси ғалати деб ўйлаган бўлишингизга қарамасдан, жамоатингиз уни севгига асосланган, жозибали, бу дунёдан ўзгача, Масиҳга шараф келтирадиган, иноятга тўла итоаткорлик ва меҳр-шафқат амали сифатида кўришига етаклашингиз учун Худо сизга ёрдам бериши ва бу жамоатни бунёд этиб Худога улуғворлик келтириши учун ибодат қиламан.

Лекин, шуни унутмангки, жамоатдаги интизомий чора Каломий эканлигига амин бўлганингиздан кейин қўйиладиган биринчи қадамингиз аллақачон ўз фаолиятини юритаётган жамоатда интизомий чорани қўллашни дарров бошламасликдир. Сиз бир кун келиб, жамоат бунга тайёр бўлгандан кейин, буни амалга ошириш имконига эга бўласиз.

Марк Девер