Жамоат Аъзолиги

Siz Isoning Jamoatini Sevmay Turib, Isoni Seva Olmaysiz

Томонидан Jeyson Allen

Jeyson Allen Missuri shtati, Kanzas shahridagi O’rtag’arbiy Baptist Teologiya Seminariyasi prezidenti bo’lib faoliyat ko’rsatadi. Жейсон Аллен Миссури штати, Канзас шаҳридаги Ўртағарбий Баптист Теология Семинарияси президенти бўлиб фаолият кўрсатади.
Мақолалар
03.14.2022

“Jamoatni emas, balki Isoning tarafdoriman”, degan iborani eshitganmisiz?

“Jamoatni emas, balki Isoning tarafdoriman”, degan iborani birinchi marta endigina cho’pon bo’lgan paytlarimda eshitganman. Men va rafiqam jamoat bilan ochiq uchrashuvni tashkillashtirdik. Bir nechta yosh oila keldi. Jamoatga a’zolik haqida gapirgunimga qadar barchasi rejadagidek ketayotgan edi. O’tirgan erkaklardan biri a’zolik Muqaddas Kitobga xos bo’lmagan g’oya ekanligini tasdiqlay boshladi. Uning javobi meni larzaga solganiga qaramay, e’tiroziga javob berishga harakat qildim. Lekin u o’z fikrida mustahkam turardi.

Mazkur suhbat mahalliy jamoatlarni Muqaddas Kitob ta’limoti asosida himoya qilishimga sabab bo’ldi. Barcha e’tirozlarga aniq va ravshan javob bermaganim uchun bir lahza ikkilanib o’zimni noqulay his qildim.

Shunga qaramay, masihiylik mahalliy jamoat bilan chambarchas bog’liq ekanligini o’sha payt ich-ichimdan his qilganman, endi bo’lsa buni to’liq tushundim. Aslida, mahalliy jamoat Yangi Ahddagi masihiylikni namoyon qiladi. Baliq suvsiz bo’lmaganidek, mahalliy jamoatsiz masihiy bo’lmaydi.

IKKITA NOTO’G’RI TUSHUNCHA

Hozir kunda jamoatning ruhiy o’quv maskanida prezident sifatida xizmat qilib, doim ikkita nosog’lom tushunchaga duch kelaman – ularning ikkalasi ham jamoat ishini noto’g’ri baholaydi.

Birinchisi va ko’proq tarqalgani bu – ruhiy shaxsiyatparaslikdir.

Bu noto’g’ri tushuncha Masih bilan shaxsiy munosabatga haddan tashqari ko’p e’tibor qaratgani sabab jamoat ishi butunlay esdan chiqadi. Ko’plab masihiylar uchun imonga kelish Masih bilan shaxsiy munosabatni va Masihda o’sishni bildiradi. Imonli inson ruhiy ozuqani kitoblar, anjumanlar, mahalliy jamoatdan tashqaridagi xizmatlardan va Muqaddas Kitobni o’rganish guruhlar orqali oladi.

Ikkinchi noto’g’ri tushuncha – bu masihiylikka bo’lgan ortiqcha institutsional yondashuv hisoblanadi.

Bunday nosog’lom shaklni an’anaviy rim katolitsizmida ko’rish mumkin. U jamoatdan tashqarida bo’lgan hech qanday najotni tan olmaydi va najot topish uchun jamoat ta’sis etgan marosimlarni bajarish shart deb hisoblaydi.

Ammo ayrim xushxabarchi masihiylar bunday holatdan uzoqda emas. Shunga o’xshash institutsional xatolar najotni jamoat a’zosi bo’lishga, masihiylikda o’sishni esa jamoat faoliyatiga tenglashtiradi.

Bu ikkala noto’g’ri tushuncha masihiylik hayotini noto’g’ri tushuntiradi. Imonga kelish bu shaxsiy tajriba va u jamoat haqiqatiga aylanishi kerak. Yangi Ahddagi masihiylikni mahalliy jamoatsiz tasavvur qilib bo’lmaydi.

BUTUN DUNYO JAMOATI, MAHALLIY JAMOAT

Keng tarqalgan xatoliklardan biri butun dunyo jamoatiga ham mahalliy jamoatga ham tegishlidir. Butun dunyo jamoati – bu dunyo tarixida najot topganlarning barchasi hisoblanadi. Butun dunyo jamoatini odatda “ko’rinmas jamoat” deb nomlashadi, chunki  kim bu jamoatga tegishli ekanligini va u yerda necha odam borligini bilmaymiz.

Yangi Ahddagi “jamoat” so’zining deyarli barchasi mahalliy jamoatga oid. Mahalliy jamoat deganda ahdlashgan, hamda sajda va xizmat uchun doimo yig’ilib turadigan masihiylardan iborat odamlarni nazarda tutayapman.

Ko’plar jamoat a’zosi bo’lish haqida Muqaddas Kitobda hech narsa aytilmagan deb ta’kidlaydi. Biroq birinchi jamoat ma’lum bir shakldagi ro’yxatga haqiqatdan ham ega bo’lgan. Birinchi jamoatda yangi odamlar soni va suvga cho’mdirilganlar haqida aytiladi.  Jamoatda qabul qilish va chetlatish haqida gapirilganini ko’rayapmiz. Yangi Ahdning mualliflari a’zo bo’lmaganlarga bu haqda qanday gapirishi mumkin?

YANGI AHD VA JAMOAT

Yangi Ahd kengroq tarzda jamoat haqida gapiradi. Matto Xushxabari 16-bobda Iso shunday degan: “Men O’zimning jamoatimni quraman. Hatto o’lim shohligi ham jamoatimga bas kela olmaydi” (Matto 16:18). Iso bu va’dani O’zining o’limi orqali, jamoat uchun O’z qonini to’kib amalga oshirdi (Havoriylar 20:28 ga qarang).

Havoriylar kitobi hosil bayramida Butrus aytgan va’z orqali paydo bo’lgan jamoat tarixi bilan boshlanib, mazkur kitob havoriylar va’zi, hamda Muqaddas Ruh kuchi orqali butun O’rta yer dengizi atrofi va undan olisroqdagi yerlarda kechgan harakat bilan davom etadi.

Bundan tashqari, Yangi Ahddagi maktublar jamoatlarga yoki ular haqida yozilgan. Bu maktublarda mualliflar jamoat nimaga ishonishi, nimani o’rgatishi, qanday xizmat qilishi va o’zini qanday tashkil etishi haqida gapiradi. Yangi Ahdning oxiri Vahiy kitobida havoriy Yuhanno Isoning yetti jamoatga yo’naltirilgan yetti maktubini yozib, Iso O’z kelini, ya’ni jamoatini olib ketish uchun qaytishini yozgan holda Muqaddas Kitobga nuqta qo’ygan.

Damashq yo’lida Iso O’zini jamoat bilan tenglashtirgan. Isoni Shoulga aytgan so’zlari esingizdami? “Shoul, Shoul! Nega Meni quvg’in qilayapsan?” (Havoriylar 9:4).

Oddiy qilib aytganda, Isoning jamoati bilan kim qanday munosabatda bo’lsa, bu o’sha odamning Isoni O’zi bilan o’shanday munosabatda bo’lishini namoyon qiladi.

KO’PCHILIK BO’LIB YIG’ILISHNING TA’SIRI HAM KATTAROQ BO’LADI

Mahalliy jamoatlar birga yig’ilganlarida ularning bir-biriga bo’lgan ruhiy daldasi ham kuchliroq bo’ladi. Ayniqsa, bu ko’pchilik bo’lib birga xizmat qilganda, sajda qilib guvohliklar bilan bo’lishganda ko’rinadi.

Umumiy Sajda Qilish

Yangi Ahdda mahalliy jamoat Kalomdagi ta’limotni eshitish va non sindirish uchun uylarda birga yig’ilganini ko’ramiz. Jamoat rivojlanishi oqibatida haftaning birinchi kuni – Masih tirilgan kun sajda qilish uchun muhim ahamiyat kasb etayotganini ko’rishimiz mumkin.

Aslida, Xudoning xalqi yig’ilishiga kim beparvo bo’lgan bo’lsa jiddiy ogohlantirish olgan. Ibroniylar maktubi muallifi imonlilarga nasihat qilgan: “Ba’zi odamlarga o’xshab, yig’ilishlarimizni qoldirmaylik. Aksincha, Rabbimiz Isoning keladigan kuni yaqinlashib qolganini bilib, bir–birimizni yanada ko’proq ruhlantiraylik” (Ibroniylar 10:25).

Bugun imonli odamning mazkur maslahatga quloq solib, barcha uchun ezgulik bo’ladigan sajdadagi jamoat tanasiga qo’shilishi, shuningdek boshqalarni ham shunday yo’l tutishga rag’batlantirishi oqilona bo’lar edi.

Umumiy Xizmat

Imonli bo’lganingizda, mahalliy jamoatga o’stirishingiz uchun Xudo sizga ruhiy in’omlar bergan. Quyidagi oyatlar haqida fikr yuriting:

“Masih ba’zilarni havoriy, ba’zilarni esa payg’ambar, ba’zilarni Xushxabar voizi, yana boshqalarni jamoatlarning cho’ponlariyu ustozlari qilib tayinladi, toki ular Xudoning aziz xalqini xizmat qilishga tayyorlasinlar. Shunda Masihning tanasi, ya’ni jamoat imonda mustahkam turadi. Buning natijasida hammamiz imonda yakdil, Xudoning O’g’li Masihni tanib–biladigan, Uning kamoliga erishgan yetuk odamlar bo’lamiz” (Efesliklar 4:11-13).

Ruhiy in’omlaringizni yashirmay, ulardan katta quvonch bilan jamoatdagi boshqa imonlilarni o’stirish yo’lida foydalanishga hamda Masih uchun yo’qolganlarni topishda faol bo’lishga sizni chaqirishimga ijozat bering.

Umumiy Guvohlik

Sperjen shunday degan: “Mukammal jamoat topgunga qadar jamoatga qo’shilmaganimda, unda umuman qo’shilmagan bo’lar edim; bordiyu, shunday jamoat topgan taqdirimda ham unga qo’shilib a’zo bo’lganimdan keyin, u o’sha zahoti u mukammal jamoat bo’lmay qolar edi. Shunga qaramay, mukammal bo’lmasa ham u biz uchun yerdagi eng qadrli joy bo’lib qoladi.”

Mukammal jamoat yo’qligini tushunish juda muhim. Chunki har bir mahalliy jamoat gunohkorlardan – qutqarilgan gunohkorlardan iborat. Shuning uchun jamoatdan-jamoatga sakrab yuradigan masihiy bo’lmang. Ruhiy o’quv maskanidagi o’qtuvchim Dr. Chip aytganidek: “O’sib borayotgan masihiyga ta’lim berish oson.”

Xudo farzandlaridagi in’omdan noyob tarzda, O’z maqsadini jamoat orqali amalga oshirish uchun foydalanadi. Siz ham bu ishda o’zingizga tegishli qismni bajarayotganingizga ishonch hosil qiling. Oxir-oqibat, yolg’iz bo’lgan masihiy Masihning yaxshi guvohi bo’la olmaydi. Axir, Iso sizni jamiyatdagi hayot – mahalliy jamoatda boshqa masihiylar bilan xushxabar ahdi asosida yashaydigan masihiylik hayoti uchun qutqarib oldi.

 

Birinchi marta 9ta Belgilar veb-sahifasida chop etilgan: www.9marks.org

Asl maqolani quyidagi havola orqali topishingiz mumkin: https://www.9marks.org/article/you-cant-love-jesus-without-loving-his-church/


Сиз Исонинг Жамоатини Севмай Туриб, Исони Сева Олмайсиз

“Жамоатни эмас, балки Исонинг тарафдориман”, деган иборани эшитганмисиз?

“Жамоатни эмас, балки Исонинг тарафдориман”, деган иборани биринчи марта эндигина чўпон бўлган пайтларимда эшитганман. Мен ва рафиқам жамоат билан очиқ учрашувни ташкиллаштирдик. Бир нечта ёш оила келди. Жамоатга аъзолик ҳақида гапиргунимга қадар барчаси режадагидек кетаётган эди. Ўтирган эркаклардан бири аъзолик Муқаддас Китобга хос бўлмаган ғоя эканлигини тасдиқлай бошлади. Унинг жавоби мени ларзага солганига қарамай, эътирозига жавоб беришга ҳаракат қилдим. Лекин у ўз фикрида мустаҳкам турарди.

Мазкур суҳбат маҳаллий жамоатларни Муқаддас Китоб таълимоти асосида ҳимоя қилишимга сабаб бўлди. Барча эътирозларга аниқ ва равшан жавоб бермаганим учун бир лаҳза иккиланиб ўзимни ноқулай ҳис қилдим.

Шунга қарамай, масиҳийлик маҳаллий жамоат билан чамбарчас боғлиқ эканлигини ўша пайт ич-ичимдан ҳис қилганман, энди бўлса буни тўлиқ тушундим. Аслида, маҳаллий жамоат Янги Аҳддаги масиҳийликни намоён қилади. Балиқ сувсиз бўлмаганидек, маҳаллий жамоатсиз масиҳий бўлмайди.

ИККИТА НОТЎҒРИ ТУШУНЧА

Ҳозир кунда жамоатнинг руҳий ўқув масканида президент сифатида хизмат қилиб, доим иккита носоғлом тушунчага дуч келаман – уларнинг иккаласи ҳам жамоат ишини нотўғри баҳолайди.

Биринчиси ва кўпроқ тарқалгани бу – руҳий шахсиятпарасликдир.

Бу нотўғри тушунча Масиҳ билан шахсий муносабатга ҳаддан ташқари кўп эътибор қаратгани сабаб жамоат иши бутунлай эсдан чиқади. Кўплаб масиҳийлар учун имонга келиш Масиҳ билан шахсий муносабатни ва Масиҳда ўсишни билдиради. Имонли инсон руҳий озуқани китоблар, анжуманлар, маҳаллий жамоатдан ташқаридаги хизматлардан ва Муқаддас Китобни ўрганиш гуруҳлар орқали олади.

Иккинчи нотўғри тушунча – бу масиҳийликка бўлган ортиқча институтционал ёндашув ҳисобланади.

Бундай носоғлом шаклни анъанавий рим католицизмида кўриш мумкин. У жамоатдан ташқарида бўлган ҳеч қандай нажотни тан олмайди ва нажот топиш учун жамоат таъсис этган маросимларни бажариш шарт деб ҳисоблайди.

Аммо айрим хушхабарчи масиҳийлар бундай ҳолатдан узоқда эмас. Шунга ўхшаш институтционал хатолар нажотни жамоат аъзоси бўлишга, масиҳийликда ўсишни эса жамоат фаолиятига тенглаштиради.

Бу иккала нотўғри тушунча масиҳийлик ҳаётини нотўғри тушунтиради. Имонга келиш бу шахсий тажриба ва у жамоат ҳақиқатига айланиши керак. Янги Аҳддаги масиҳийликни маҳаллий жамоатсиз тасаввур қилиб бўлмайди.

БУТУН ДУНЁ ЖАМОАТИ, МАҲАЛЛИЙ ЖАМОАТ

 Кенг тарқалган хатоликлардан бири бутун дунё жамоатига ҳам маҳаллий жамоатга ҳам тегишлидир. Бутун дунё жамоати – бу дунё тарихида нажот топганларнинг барчаси ҳисобланади. Бутун дунё жамоатини одатда “кўринмас жамоат” деб номлашади, чунки  ким бу жамоатга тегишли эканлигини ва у ерда неча одам борлигини билмаймиз.

Янги Аҳддаги “жамоат” сўзининг деярли барчаси маҳаллий жамоатга оид. Маҳаллий жамоат деганда аҳдлашган, ҳамда сажда ва хизмат учун доимо йиғилиб турадиган масиҳийлардан иборат одамларни назарда тутаяпман.

Кўплар жамоат аъзоси бўлиш ҳақида Муқаддас Китобда ҳеч нарса айтилмаган деб таъкидлайди. Бироқ биринчи жамоат маълум бир шаклдаги рўйхатга ҳақиқатдан ҳам эга бўлган. Биринчи жамоатда янги одамлар сони ва сувга чўмдирилганлар ҳақида айтилади. Жамоатда қабул қилиш ва четлатиш ҳақида гапирилганини кўраяпмиз. Янги Аҳднинг муаллифлари аъзо бўлмаганларга бу ҳақда қандай гапириши мумкин?

ЯНГИ АҲД ВА ЖАМОАТ

Янги Аҳд кенгроқ тарзда жамоат ҳақида гапиради. Матто Хушхабари 16 бобда Исо шундай деган: “Мен Ўзимнинг жамоатимни қураман. Ҳатто ўлим шоҳлиги ҳам жамоатимга бас кела олмайди” (Матто 16:18). Исо бу ваъдани Ўзининг ўлими орқали, жамоат учун Ўз қонини тўкиб амалга оширди (Ҳаворийлар 20:28 га қаранг).

Ҳаворийлар китоби ҳосил байрамида Бутрус айтган ваъз орқали пайдо бўлган жамоат тарихи билан бошланиб, мазкур китоб ҳаворийлар ваъзи, ҳамда Муқаддас Руҳ кучи орқали бутун Ўрта ер денгизи атрофи ва ундан олисроқдаги ерларда кечган ҳаракат билан давом этади.

Бундан ташқари, Янги Аҳддаги мактублар жамоатларга ёки улар ҳақида ёзилган. Бу мактубларда муаллифлар жамоат нимага ишониши, нимани ўргатиши, қандай хизмат қилиши ва ўзини қандай ташкил этиши ҳақида гапиради. Янги Аҳднинг охири Ваҳий китобида ҳаворий Юҳанно Исонинг етти жамоатга йўналтирилган етти мактубини ёзиб, Исо Ўз келини, яъни жамоатини олиб кетиш учун қайтишини ёзган ҳолда Муқаддас Китобга нуқта қўйган.

Дамашқ йўлида Исо Ўзини жамоат билан тенглаштирган. Исони Шоулга айтган сўзлари эсингиздами? “Шоул, Шоул! Нега Мени қувғин қилаяпсан?” (Ҳаворийлар 9:4).

Оддий қилиб айтганда, Исонинг жамоати билан ким қандай муносабатда бўлса, бу ўша одамнинг Исони Ўзи билан ўшандай муносабатда бўлишини намоён қилади.

КЎПЧИЛИК БЎЛИБ ЙИҒИЛИШНИНГ ТАЪСИРИ ҲАМ КАТТАРОҚ БЎЛАДИ

Маҳаллий жамоатлар бирга йиғилганларида уларнинг бир-бирига бўлган руҳий далдаси ҳам кучлироқ бўлади. Айниқса, бу кўпчилик бўлиб бирга хизмат қилганда, сажда қилиб гувоҳликлар билан бўлишганда кўринади.

Умумий Сажда Қилиш

Янги Аҳдда маҳаллий жамоат Каломдаги таълимотни эшитиш ва нон синдириш учун уйларда бирга йиғилганини кўрамиз. Жамоат ривожланиши оқибатида ҳафтанинг биринчи куни – Масиҳ тирилган кун сажда қилиш учун муҳим аҳамият касб этаётганини кўришимиз мумкин.

Аслида, Худонинг халқи йиғилишига ким бепарво бўлган бўлса жиддий огоҳлантириш олган. Ибронийлар мактуби муаллифи имонлиларга насиҳат қилган: “Баъзи одамларга ўхшаб, йиғилишларимизни қолдирмайлик. Аксинча, Раббимиз Исонинг келадиган куни яқинлашиб қолганини билиб, бир–биримизни янада кўпроқ руҳлантирайлик” (Ибронийлар 10:25).

Бугун имонли одамнинг мазкур маслаҳатга қулоқ солиб, барча учун эзгулик бўладиган саждадаги жамоат танасига қўшилиши, шунингдек бошқаларни ҳам шундай йўл тутишга рағбатлантириши оқилона бўлар эди.

Умумий Хизмат

Имонли бўлганингизда, маҳаллий жамоатга ўстиришингиз учун Худо сизга руҳий инъомлар берган. Қуйидаги оятлар ҳақида фикр юритинг:

“Масиҳ баъзиларни ҳаворий, баъзиларни эса пайғамбар, баъзиларни Хушхабар воизи, яна бошқаларни жамоатларнинг чўпонларию устозлари қилиб тайинлади, токи улар Худонинг азиз халқини хизмат қилишга тайёрласинлар. Шунда Масиҳнинг танаси, яъни жамоат имонда мустаҳкам туради. Бунинг натижасида ҳаммамиз имонда якдил, Худонинг Ўғли Масиҳни таниб–биладиган, Унинг камолига эришган етук одамлар бўламиз” (Эфесликлар 4:11-13).

Руҳий инъомларингизни яширмай, улардан катта қувонч билан жамоатдаги бошқа имонлиларни ўстириш йўлида фойдаланишга ҳамда Масиҳ учун йўқолганларни топишда фаол бўлишга сизни чақиришимга ижозат беринг.

Умумий Гувоҳлик

Спержен шундай деган: “Мукаммал жамоат топгунга қадар жамоатга қўшилмаганимда, унда умуман қўшилмаган бўлар эдим; бордию, шундай жамоат топган тақдиримда ҳам унга қўшилиб аъзо бўлганимдан кейин, у ўша заҳоти у мукаммал жамоат бўлмай қолар эди. Шунга қарамай, мукаммал бўлмаса ҳам у биз учун ердаги энг қадрли жой бўлиб қолади.”

Мукаммал жамоат йўқлигини тушуниш жуда муҳим. Чунки ҳар бир маҳаллий жамоат гуноҳкорлардан – қутқарилган гуноҳкорлардан иборат. Шунинг учун жамоатдан-жамоатга сакраб юрадиган масиҳий бўлманг. Руҳий ўқув масканидаги ўқтувчим Др. Чип айтганидек: “Ўсиб бораётган масиҳийга таълим бериш осон.”

Худо фарзандларидаги инъомдан ноёб тарзда, Ўз мақсадини жамоат орқали амалга ошириш учун фойдаланади. Сиз ҳам бу ишда ўзингизга тегишли қисмни бажараётганингизга ишонч ҳосил қилинг. Охир-оқибат, ёлғиз бўлган масиҳий Масиҳнинг яхши гувоҳи бўла олмайди. Ахир, Исо сизни жамиятдаги ҳаёт – маҳаллий жамоатда бошқа масиҳийлар билан хушхабар аҳди асосида яшайдиган масиҳийлик ҳаёти учун қутқариб олди.

 

Биринчи марта 9та Белгилар веб-саҳифасида чоп этилган: www.9marks.org

Асл мақолани қуйидаги ҳавола орқали топишингиз мумкин: https://www.9marks.org/article/youcantlovejesuswithoutlovinghischurch/